Retikulyar formatsiya
Retikulyar formatsiya (formatio reticularis). Morfо funksional jihatdan o'xshash bo'lgan neyronlar guruhi va ularning tolalaridan iborat to'rsimon tuzilma. Retikulyar formatsiya (RF) miya ustunining markaziy qismida joylashgan bo'lib, uning neyronlari va yadrolari uzunchoq miya, ko'prik, o'rta miya va oraliq miya bo'ylab sochilgan. Ushbu to'rsimon tuzilmaning pastki qismi orqa miyaning bo'yin segmentlarigacha tushib kelsa, ustki qismi talamusning yuqori qismigacha boradi.
RF ning bitta neyroni turli modallikka aloqador signallarni qabul qilish xususiyatiga ega. Masalan, bitta neyron o'z den-dritlari orqali og'riq, ko'ruv, eshituv va boshqa signallarini qabul qila oladi. Bunday
neyronlar nospetsifik neyronlar deb ataladi (5.7-rasm).
RF morfofunksional nuqtayi nazardan medial va lateral qismlarga ajratiladi: 1) medial qismi, asosan, yirik yadrolardan iborat; 2) lateral qismi, asosan, mayda va o'rta hajmdagi yadrolardan tashkil topgan.Yurak-qon tomir va AQB uchun mas'ul yadrolar IX va X nervlar yadrolari yonida joylashgan. Karotid sinusga va orqa miyaning simpatik tugunlariga ta'sir qilib arteriyalarda vazokonstriksiya va vazodilatatsiya chaqiruvchi yadrolar ham uzunchoq miyada joylashgan.
Retikulyar formatsiya yo'llari. RF yuqoriga ko'tariluvchi va pastga tushuvchi yo’llardan iborat. Ikki tomonlama yo'nalgan ushbu afferent va efferent yollar orqali RF katta yarimsharlar yadrolari va orqa miya segmentlari bilan bog'langan (5.8-rasm)
Retikulyar formatsiya funksiyalari. RF katta yarimsharlar po'stlog'i yordamida quyidagi murakkab funksiyalarni amalga oshiradi: 1) uyqu va tetiklikni ta'minlaydi; 2) yutinish, esnash, aksa urish, ko'zlarni yumib-ochish kabi himoya reflekslarini bevosita boshqaradi; 3) skelet muskullar tonusiga ta'sir qiladi; 4) katta yarimsharlar po'stlog'iga borayotgan impulslarni saralab o'tkazadi; 5) po'stloq neyronlarini tormozlab yoki faollashtirib turadi; 6) yurak-qon tomir, nafas olish, endokrin bezlar, boshqa a'zolar va sistemalar faoliyatini boshqaradi; 7) idrok, xotira, fikrlash, ong va hissiy reaksiyalarni "energetik ta'minoti" uchun mas'ul.
Manba: © Z. Ibodullayev. Umumiy nevrologiya. Darslik. Toshkent, 2021., 312 b
© Ibodullayev ensiklopediyasi © asab.cc
Изоҳларнинг минимал узунлиги 50 та белгидан иборат. шарҳлар бошқарилади
Қизиқ мақолалар
"Ибодуллаев энциклопедияси" бўлими бўйича