Spinal tipdagi sezgi buzilishlari
O'z navbatida segmentar va o'tkazuvchi tipdagi sezgi buzilishlariga ajratiladi. Orqa shox, oldingi kulrang bitishma, orqa ildizcha, spinal tugun va spinal nerv zararlansa, segmentar tipdagi sezgi buzilishi rivojlanadi. Yon va orqa ustunlar zararlansa, o'tkazuvchi tipdagi sezgi buzilishi paydo bo'ladi [2.5 va 2.6-rasmlarga qarang).
- Orqa shox zararlanishi. Patologik o'choq tomonda za-rarlangan segment innervatsiya qiluvchi dermatomda dissotsiyalashgan tipda sezgi buzilishi kuzatiladi: og'riq va harorat sezgilari yo'qolib, chuqur va taktil sezgilar saqlanib qoladi. Dissotsiyalashgan tipdagi sezgi buzilishi siringomieliya uchun juda xos.
- Oldingi kulrang bitishma zararlanishi. Ikkala tomonda ham simmetrik ravishda segmentar tipda og'riq va harorat sezgisi buziladi. Chunki ushbu sohada chap va o'ng tomondan keluvchi yuzaki sezgi yo'llari kesishib o'tadi. Chuqur va taktil sezgilar saqlanib qoladi. Bunga ham dissotsiyalashgan tipdagi sezgi buzilishi deyiladi.
- Orqa ildizcha zararlanishi. Ushbu ildizcha innervatsiya qiluvchi dermatomda barcha sezgi turlari segmentar tipda buziladi va kuchli radikulyar og'riqlar paydo bo'ladi. Bunga radikulyar tipdagi sezgi buzilishi deyiladi. Reflektor yoyning afferent qismi izdan chiqqanligi bois, pay yoki periostal reflekslar yo'qoladi.
- Spinal tugun zararlanishi. Barcha sezgi turlari segmentar tipda buziladi, kuydiruvchi xususiyatga ega kuchli og'riqlar yuzaga keladi va terida gerpetik toshmalar (herpes zoster) paydo bo'ladi. Demak, barcha simptomlar orqa ildizcha zararlanishiga o'xshasada, biroq undan farqi – bu gerpetik toshmalar va kuydiruvchi og'riqlar.
- Spinal nerv zararlanishi. Ushbu nerv orqa va oldingi ildizchalar qo'shilishidan hosil bo'lganligi bois, barcha sezgilarning segmentar tipda buzilishi (dermatomda) bilan birgalikda, harakat buzilishi (miotomda) ham kuzatiladi.
- 2.5-rasm. Tananing segmentar innervatsiyasi sohalari: C4 – o'mrov suyagi; Ths – ko'krak so'rg'ichi; Th6 – xanjarsimon suyak uchi; Th8 – pastki qovurg'a yoyi; Th10 – kindik; Th12 – chov burmasi
- 2.6-rasm. Sezgi buzilishlari: 1 – polinevritik tip; 2 – belbog' tipida sezgi buzilishi (Th4 – Th1f); 3 – radikulyar tip (C6 ildizcha zararlanishi); 4 – Th4 dan pastda o'tkazuvchi tipda sezgi buzilishi; 5 – C4 segment sohasida Broun-Sekar sindromi; 6 – Th10 dan pastda o'tkazuvchi tipda paraanesteziya; 7– ot dumi zararlanishi sindromi; 8 – Th7 segment sohasida Broun-Sekar sindromi; 9 – ichki kapsula zararlanishida qarama-qarshi tomonda gemianesteziya; 10 – gemigiperpatiya; 11 – miya ustuni zararlanishida alternirlashgan gemigipesteziya.
- Yon ustun zararlanishi. Qarama-qarshi tomonda yuzaki sezgi o'tkazuvchi tipda buziladi. Bunday buzilish patologik o'choqdan 2-3 segment pastdan boshlab aniqlanadi. Chunki orqa shoxdan boshlangan spinotalamik yo'l 2-3 segment yuqoridan kesishib o'tadi. Patologik o'choqdan pastda gomolateral tomonda markaziy falajlik ham rivojlanadi (markaziy piramidal yo'l zararlanishi sababli).
- Orqa ustun zararlanishi. Patologik o'choqdan pastda gomolateral tomonda chuqur sezgi o'tkazuvchi tipda buziladi va sensitiv ataksiya rivojlanadi. Goll tutami zararlansa, chuqur sezgi buzilishi tananing pastki qismi va oyoqda, Burdax tutami zararlansa, tananing ustqi qismi va qo'lda aniqlanadi. Orqa ustun zararlanishi tabes dorsalis, Fridreyx ataksiyasi va funikulyar mieloz (B12 vitamini tanqisligi) uchun o'ta xos
-
Manba: © Z. Ibodullayev. Umumiy nevrologiya. Darslik. Toshkent, 2021., 312 b.
© Ibodullayev ensiklopediyasi © asab.cc
Изоҳларнинг минимал узунлиги 50 та белгидан иборат. шарҳлар бошқарилади
Қизиқ мақолалар
"Ибодуллаев энциклопедияси" бўлими бўйича