VRACH, HAMSHIRA VA BEMOR UCHLIGI


“Vrach, hamshira va bemor” uchligi chuqur mulohaza yuritishni taqozo etadigan murakkab  uchlikdir. Amaliy tibbiyotni ushbu uchliksiz tasavvur etib bo'lmaydi. Vrach ham, hamshira ham bemorni davolashda bevosita ishtirok etadi. Hamshira vrachning eng yaqin yordamchisidir. Biroq, u vrach ko'rsatmalarini ko'r-ko'rona bajaruvchi tibbiy xodim ham emas. hamshira – vrach ko'rsatmalarini har tomonlama tahlil qila oladigan, murakkab vaziyatlarda o'zi qaror qabul qiladigan, bemorga tibbiy-psixologik yordam ko'rsatib parvarish qila oladigan mustaqil fikrga ega malakali xodim.   
Hamshira nafaqat klinik fanlar, balki psixologiya asoslarini ham bilishi zarur. Ko'p yillik tajriba shuni ko'rsatadiki, hamshira faol ishtirok etgan davolash-profilaktika muolajalari   deyarli har doim samarali bo'lgan. Tibbiy muolajalar bilan birgalikda, psixologik uslublar o'z o'rnida va faol qo'llanilgan paytlarda bemorning sog`ayishi va avvalgi ish faoliyatini tiklashi yanada samarali bo'lgan.  
Jahon sog`liqni saqlash tashkiloti Evropa kengashida hamshiraning asosiy vazifalari quyidagicha belgilangan. 
  1. O'z burchiga sadoqatli bo'lish, hamkasblarini hurmat qilish, bemorlarga xayrihox va hamxo'r bo'lish.
  2. O'z vazifasini puxta bilish, malakasini har doim oshirib borish, hamkasblari bilan tajriba almashib turish, o'z mahoratini boshqalarga ham o'rgatish.
  3. Vrach va kichik hamshiralar bilan do'stona munosabatlarni saqlash, subordinatsiya tamoyillariga amal qilish.
  4. Orasta, ozoda va toza yurishi, yumshoq so'zlashi, muloyim va qat'iyatli bo'lishi, bemorning yaqinlari bilan do'stona munosabatda bo'lishi.
  5. Davolash-profilaktika va reabilitatsiya muolajalarini yaxshi bilishi, zamonaviy tibbiyot yangiliklaridan voqif bo'lishi.
  6. Vrach ko'rsatmalarini to'g`ri va o'z vaqtida bajarishi, psixologik parvarish usullarini yaxshi bilishi va mohirona qo'llay olishi.
    1. Yaxshi tashkilotchi bo'lishi, ilmiy-amaliy anjumanlarda qatnashib turishi, o'z tajribasiga oid ilmiy-ommabop maqolalar chop qildirib turishi.
  7. Hamshira bemorning qanday tashxis bilan davolanayotganligi, qanday tekshiruvlar o'tkazilganligi, ularning xulosalari, kasallikning kechishi va taxminiy prognozidan voqif bo'lishi kerak. Tungi navbatchilikda turadigan hamshira ham bemorlarning ahvolidan to'la xabardor bo'lishi, navbatchilikda qilinadigan muolajalarni kechiktirmay qilishi va bajarilgan ishlar haqida ertalabki yig`ilishlarda bayon qilishi kerak. Bemor bilan suhbatlashganda unga qarab turib gaplashish, hamma bemor bilan bir xil yaxshi munosabatda bo'lish, ularga orqa o'girib turmaslik lozim. Hamshiraning oq xalati dazmollangan, tugmalari taqilgan, boshga oq qalpoq kiyilgan, sochlari qalpoq ichiga kirgazilgan bo'lishi lozim. Hamshira o'z hoxishi bilan bemorni u joydan bu joyga o'tkazmaydi, bunday ishlarni vrach yoki bo'lim mudiri ko'rsatmasiga binoan amalga oshiradi. Hamshira o'z vazifalarini a'lo darajada bajarsa, shifokorning ishi ham engillashadi, bemor ham tezroq   sog`ayadi.
    Aholi orasida sog`lom turmush tarzini targ`ib qilish,  kasalliklar profilaktikasi va bemorlar reabilitatsiyasida bevosita ishtirok etish ham hamshiraning asosiy vazifalaridan biridir. Hamshira turli toifadagi shifoxonalar va oilaviy poliklinikalarda bemorlarga tibbiy-psixologik yordam ko'rsatadi va parvarish ishlarida bevosita ishtirok etadi.
    Hamshira va vrach bir-birini o'zaro hurmat qilishi, bemorga o'ta e'tiborli bo'lishi muhimdir. Biroq, haddan tashqari yumshoq ko'ngilli bo'lish ham yaxshi emas. Bu bemorda shubha uyg`otadi va hamshiraga uning  ishonchi yo'qoladi. Hamshira bemorga qo'lidan kelgan barcha chora-tadbirlar vositasida yordam beradi, uni parvarish qiladi, bemorning oila a'zolari bilan do'stona munosabatda bo'ladi. Chunki bemorning oilasida psixologik muammolar mavjud bo'lsa, uni psixologik parvarish qilish ancha mushkuldir. 
    Psixologik parvarish tamoyillarini o'rganishga jazm qilgan hamshira psixologiyaga oid adabiyotlardan voqif bo'lishi va malakasini oshirib borishi kerak. Bemorning dardi va psixologik kechinmalarini sir tuta olish hamshiraning eng asosiy burchlaridan biridir. Bemorning ishonchini yo'qotish hamshiraning obro'-e'tiboriga putur etkazadi. 
  8. Hamshira bemorga o'tkaziladigan davolash muolajalari haqida ma'lumot berishi va uning roziligini olishi lozim. Bemor o'z navbatida unga qilinayotgan muolajalarni rad qilishga ham haqli. Bunday vaziyatlarda hamshira buning asoratlari yoki oqibatlari haqida bemorni va uning yaqinlarini ogohlantiradi. Hamshira zarur muolajalarni iloji boricha bemorga qilishga harakat qilishi kerak. Bu maqsadda u bemorning yaqinlarini ishga soladi, maqbul psixologik usullarni qo'llaydi. Hamshira dori-darmonlarning organizmga nojo'ya ta'sirlarini ham bilishi kerak. Qaysidir dorining nojo'ya ta'siri haqida bemorni ham qo'rqitmasdan ogohlantirishi lozim. Masalan, “Bu doridan so'ng ozgina boshingiz aylanishi mumkin, qizib ketish kuzatilish mumkin, biroq bu belgilar vaqtincha bo'lib, darrov o'tib ketadi” va h.k.
    Hamshira tibbiyotning qaysi yo'nalishida faoliyat ko'rsatmasin, u bemorlarga ruhiy ta'sir ko'rsatish yo'llarini puxta egallashi va ushbu usullarni ustamonlik bilan qo'llay olishi kerak. Hamshira o'z kasbdoshlari bilan ahil bo'lishi, ularga ko'mak berishi yoki ulardan ko'mak olib turishi, o'z burchiga mas'uliyat bilan qarashi lozim. Bemorga ruhan madad berishda uning tashqi ko'rinishi, shaxsiy sifatlari va fe'l atvori katta ahamiyat kasb etadi. 
    Hamshira bemordan hafa bo'lmasligi, chehrasi doimo ochiq bo'lishi, o'ziga bo'lgan ishonch va o'z kasbiga sodiqligi uning yuzidan va xatti-harakatlaridan sezilib turishi kerak. Chunki bemor hushchachaq, chaqqon, kamtarin va e'tiborli shifokorlarni xush ko'radilar. Shu bilan birga hamshira bemorga nisbatan o'ta talabchan va uning aytganlarini bajarayotganiga amin bo'lishi lozim. Aks holda bemor vrach ko'rsatmalarini bajarmasa ham bo'larkan, degan xayolga boradi. Hamshiradagi beparvolik va talabchanlikning yo'qligi, albatta, bemor psixologiyasida aks etadi. U ham o'z dardiga beparvo bo'lib qoladi, vrach ko'rsatmalarini yoqar-yoqmas bajaradi. Bu esa vrachlarga, qolaversa tibbiy muolajalarga bo'lgan ishonchni yo'qotadi. Eng yomoni – salomatlik uchun eng qimmatli vaqt yo'qotiladi.
    Ba'zida uni davolayotgan vrachning bilim va mahoratiga ishonsada, uning so'zlariga ishonmaydi. Masalan, vrach har gal bemorni ko'rgani kirganida uning sog`ayib ketishi haqida so'zlaydi. Tibbiyotda “Yaxshi bo'lib ketasiz” iborasi shu qadar keng tarqalganki, oqibatda bu so'zlarga aksariyat bemorlar e'tibor qilmaydigan bo'lib qolishdi. Demak, ko'r-ko'rona “yaxshi bo'lasiz” degan so'zlar o'rniga, bemor bilan dildan suhbat qurilsa, kasallikning jiddiy tomonlari ham aytilsa, qaysi muolajalardan so'ng qanday natijalar yoki asoratlar bo'lishi mumkinligi tushuntirilsa, bemor bunday iboralarga jiddiy qaraydi, vrach haqiqatan qam uning kasalligi haqida jon kuydirayotganiga amin bo'ladi. Bunday so'zlar bemorda ma'suliyat paydo qiladi, tibbiy muolajalarga e'tiborli bo'ladi. Ba'zi bemorlar “Davolash bu shifokorlarning ishi, men esa bemorman” deb, davolash jarayonida o'ta passiv ishtirok etishadi. Boshqa bir bemorlar esa bu jarayonda faol ishtirok etishadi, ular go'yoki vrach va hamshiraning eng katta yordamchisiga aylanib qolishadi. Albatta bunday bemorlar tezroq tuzalishadi.    
    Hamshira faoliyatida shaxslararo munosabatlarga oid tamoyillar haqida to'xtalib o'tamiz. 
    “Hamshira va vrach” munosabatlari
    Hamshira vrach ko'rsatmalarini belgilangan vaqtda to'la va aniq bajaradi. Bemorning ahvolidagi  o'zgarishlar haqida vrachga ma'lumot berib turadi.  Hamshira vrach ko'rsatmalarini bemor oldida muhokama qilmaydi yoki davolash muolajalarini tanqid qilmaydi. Agar tajribali hamshira endi ishga kirishgan yosh vrach ko'rsatmalarini bajaradigan bo'lsa va uning qaysidir tavsiyasiga nisbatan gumon paydo bo'lsa, bu haqda vrachning o'zini xabardor qiladi. Har qanday vaziyatda ham vrach va hamshira yakdil fikrga ega bo'lishi kerak. Bunday fikrga kelishdan oldin vrach ham, hamshira ham “Etti o'lchab bir kes” maqoliga amal qilishlari talab etiladi. 
    “hamshira va bemor” munosabatlari
    Bemor bilan muloqot qilayotganda hamshira xushmuomala va sabrli bo'ladi. hamshira bemorning ismu-sharifini aytib, unga “Siz” deb murojat qiladi, uning oldida qattiq so'zlamaydi yoki xoxolab kulmaydi va nojo'ya harakatlar qilmaydi. Bemorga tanbeh berish aslo mumkin emas. Shifoxona qonun-qoidalariga zid ish qilib qo'ygan bemor bilan ham tushuntirish ishlari oqilona olib boriladi. Bemorning oldida unga qo'yilgan tashxis, davolash rejasi va xonadagi boshqa bemorning kasalligi muhokama qilinmaydi. Bemorga og`riqli yoki uzoqroq davom etadigan muolajalar bo'lsa, bemor ularga ruhan tayyorlanadi. hamshira bir xonada davolanib yotgan bemorlarga bir xil munosabatda bo'ladi, tanish-bilishchilikka yo'l qo'ymaydi. Shifoxona faoliyati bilan bo?li? bo'lgan tadbirlar bemor salomatligida aks etmasligi kerak. 
     
    “Hamshira va bemor qarindoshlari” munosabatlari
  9.  
    Hamshira bemorning qarindoshlari bilan iliq va do'stona munosabatda bo'ladi. Bosiqlik, osoyishtalik va tinchlikni saqlash bemor salomatligi va tezroq tuzalib ketishi uchun o'ta muhimligi ularga uqtiriladi. Agar qarindoshlardan biri bemorni parvarish qilishga qoladigan bo'lsa, unga shifoxona qonun qoidalari va kasallik haqida bemor yonida gaplashish mumkin emasligi tushuntiriladi. Faqat hamshira yoki vrach tayinlagan ovqatlar olib kelinishi haqida ogohlantiriladi. Bemor va uning qarindoshlari shifoxonada ro'y berayotgan voqealardan yiroq tutiladi, ta'magirlikka yo'l qo'yilmaydi. 
     
    “Hamshira bilan hamshira” munosabatlari
     
    Hamshira hamshiraga do'st bo'lishi kerak. Ular bir-birini doimo qo'llab-quvvatlashadi, bir-biriga yordam qo'lini cho'zishadi, murakkab vaziyatlarda hamkorlikda ishlashadi. Hamkasblarga nisbatan qo'pollik va  hurmatsizlik qilishmaydi. Bir-birining kamchiliklari hurmat bilan bemor ishtirokisiz hal qilishadi. Tajribali  hamshira o'z tajribasini yosh hamshiralarga o'rgatadi, ularga ustozlik qiladi. 
     
            “Hamshira va kichik tibbiy xodimlar” munosabatlari
     
    Hamshira vrachning yordamchisi bo'lsa, kichik hamshira hamshiraning yordamchisidir. Kichik hamshira o'z majburiyatlarini to'la-to'kis biladi va bemorlarga mehribon bo'ladi. hamshira kichik hamshirani doimo qo'llab-quvvatlaydi, kichik hamshira ham hamshiraning ko'rsatmalarini o'z vaqtida bajaradi, uni hurmat qiladi. Shifoxonada psixogigiena va psixoprofilaktika talablariga javob beradigan muhitni yaratishda hamshira va kichik hamshira vrachning eng yaqin yordamchisi bo'ladi. Kichik hamshira bemorning tinchini buzadigan qolatlarni yuzaga keltirmaydi, muloyim bo'ladi, baland ovozda gapirmaydi. Bemor oldiga tashrif buyurgan odamlarni hurmat bilan kutib oladi va o'z navbatida ulardan shifoxona tartiblariga rioya qilishni talab qiladi.
  10.       Tibbiyot etikasida hamshira amal qilishi kerak bo'lgan 4 ta asosiy tamoyil quyidagilardan iborat: 1) rahmdillik; 2) o'z-o'zini boshqarish; 3) haqgo'ylik; 4) to'liq tibbiy yordam
    1. Rahmdillik tamoyilining asosiy talablari – bular bemorlarga nisbatan mehribon va jonkuyar bo'lish, ularni o'z yaqinidek ko'rish va sira ham yomonlik haqida o'ylamaslikdir. Hamshira bemor salomatligiga butun vujudi bilan yondoshadi, og`ir vaziyatlarda so'z bilan bo'lsa-da uning dardiga malham bo'ladi.
    2. O'z-o'zini boshqarish tamoyilining asosiy talablari – bular har qanday vaziyatda o'zini boshqara olish, tushkunlikka tushmaslik, og`ir vaziyatlarda dadil bo'lish va bemor haqidagi ma'lumotlarni sir saqlashdir.
    3. Haqgo'ylik tamoyilining asosiy talablari – bular to'g`ri so'z bo'lish, vrach va bemorning yaqinlariga yolg`on so'zlamaslik,   bemorga qilingan muolajalar haqida to'g`ri ma'lumot berish, mabodo xato ish qilib qilib qo'ysa, bu haqda vrachni zudik bilan ogoh qilishdir. Haqgo'ylik har qanday hamshiraning asosiy quroli bo'lmog`i kerak.
    4. To'liq tibbiy yordam ko'rsatishning asosiy tamoyili bemorga malakali va to'liq tibbiy yordam ko'rsatishdan iborat. Hamshira vrach ko'rsatmalariga to'la amal qilgan holda, uning tavsiyalarini to'la-to'kis bajaradi (kechasi va kunduzi) va hozir qilinadigan muolajani kechiktirmay o'z vaqtida amalga oshiradi. Har qanday vaziyatda ham hamshira o'z vijdoni oldida ma'naviy javobgardir. “Avvalombor zarar etkazma” shiorini esda tutish lozim. 
  11. Hamshira reabilitatsiya jarayonida ham bevosita ishtirok etadi.  Rebilitatsiya iborasi bemorning salomatligini qayta tiklash, degan ma'noni anglatadi. Reabilitatsiya davri oylab, ba'zan yillab davom etadi. Hamshira vrach ko'rsatmasiga binoan reabilitatsiya muolajalarini o'zi amalga oshiradi. Vrach ishtiroki zarur bo'lgan joylarda undan yordam so'raydi. Reabilitatsiya jarayoni bosqichma-bosqich amalga oshiriladi va shu bilan birga bir nechta davolash-profilaktika dasturlarini parallel tarzda olib borishni taqozo etadi. Bular – fizioterapiya, psixoterapiya, davolash badantarbiyalari, mehnat bilan davolash, dori va giyo?lar bilan davolash usullaridir. Reabilitatsiya jarayonida psixologik parvarishning o'rni benixoya kattadir. Bu jarayonda hamshira o'z qobiliyatini to'la-to'kis namoyon qilishi mumkin. 
  12. Reabilitatsiya jarayoni to'laqonli olib borilsa, bemorning mehnat layoqati qayta tiklanadi va u avvalgi ish faoliyatini qayta tiklashi mumkin. Og`ir bemorlar esa (masalan, insult o'tkazganlar, operatsiya qilinganlar) o'zini-o'zi boshqarish darajasiga etadi. Reabilitatsiya muolajalari kasallikning o'tkir davri o'tgan zaxoti (ba'zida shu davrdayoq) boshlanadi. Ushbu muolajalar kasallikning 1-2-yillari samarali hisoblanadi. Oylar va yillar o'tgan sayin reabilitatsiya tadbirlari samarasi pasaya boradi. Masalan, insult o'tkazganlarda falajlangan oyoq-qo'llarda harakatning qayta tiklanishi dastlabki 1 yil ichida yaxshi kechadi. Nutq esa dastlabki 1-2 oy ichida tiklanadi. Biroq, insult o'tkazganlar doimiy psixologik parvarishga muxtojdirlar. Bunday bemorlar bilan oila hamshiralari ishlashadi. 
                Ba'zi bemorlar sog`ayib ketishsa-da, hali men to'la tuzalmadim, deb doktorma-doktor qatnab yurishadi. Bu holat nevroz va isteriyaga chalinganlar yoki kasalligidan qo'rqib qolganlar orasida ko'p uchraydi. Bunday bemorlar psixologik suhbat va uzoq davom etmaydigan psixologik parvarishdan so'ng avvalgi ish faoliyatini qayta tiklashadi.
    Xulosa qilib aytganda, hamshiralik faoliyatiga qo'yilgan bugungi kun majburiyatlari va vazifalari quyidagilardan iborat:
    1. Hamshiralar bevosita bajaradigan ishlar hajmini yanada kengaytirish; 
    2. Hamshiralikning mustaqil faoliyatini profilaktika va reabilitatsiya ishlariga kengroq tadbiq etish;
    3. Hamshiralarni boshqaruvchilik xizmati va tashkiliy ishlarga   kengroq jalb qilish;
    4. Rejali o'quv seminarlarini o'tkazish orqali hamshiraning kasbiy mahorati va nazariy bilim saviyasini har doim oshirib borish;
    5. Hamshiraning tibbiy-psixologik ilmini oshirib borish va psixologik parvarish usullarini keng tadbiq qilishga imkoniyat yaratish;
    6. Oilaviy poliklinikalar va qishloq vrachlik punktlarida hamshiraning aholi bilan mustaqil ishlashiga keng yo'l ochib berish;
    7. Skrining markazlarida ularning faoliyatidan keng foydalanish;
    8. Hamshiralik faoliyatidan psixoprofilaktika, psixogigiena va sanitariya-targ`ibot ishlarida keng foydalanish;


    1. Hamshiralik ishi bo'yicha ilmiy izlanishlar olib borish;
    2. Oila va nikoh masalalarida tibbiy-psixologik konsultant sifatida hamshira faoliyatiga keng yo'l ochib berish;
    3. “Vrach, hamshira va bemor” kontsepsiyasi bo'yicha o'quv mashg`ulotlari,  treninglar va musobaqalar o'tkazib turish.
  13.  
     
    Manba: ©Z. Ibodullayev. Tibbiyot psixologiyasi. Darslik., 3-nashr., T.; 2019., 494b.  
                 © Ibodullayev ensiklopediyasi., 2022 y; ©asab.cc
     


Ctrl
Enter
Хато топдизнигзми?
Матнни танланг ва Ctrl+Enter тугмачаларини босинг
МУҲОКАМАЛАР
Изоҳларнинг минимал узунлиги 50 та белгидан иборат. шарҳлар бошқарилади
Ҳеч қандай изоҳ йўқ. Сиз биринчи бўлишингиз мумкин!
Кликните на изображение чтобы обновить код, если он неразборчив
Қизиқ мақолалар
"Ибодуллаев энциклопедияси" бўлими бўйича