Hidlov nervi


Hidlov nervi (n. olfactorius, I juft)  sezgi nervi bo'lib, 3 neyronli yo'ldan iborat: 1-neyron tanasi burun bo'shlig'i shilliq qavatida, 2-neyron hidlov so'g'onida, 3-neyron esa hidlov uch­burchagida joylashgan.
Nerv yo’li. Bipolyar tuzilishga ega 1-neyron dendritlari bu­run shilliq qavatiga tarqaladi, aksonlari hidlov ipchalarini (fila olfactoria) hosil qiladi (6.4-rasm). Hidlov ipchalari kalla suyagi ichiga g'alvirsimon suyakda joylashgan lamina cribrosa orqali kiradi va hidlov so'g'onida (bulbus olfactorius) tugaydi. Bulbus olfactorius peshona bo'lagining pastki yuzasida joylashgan.
Hidlov so'g'onida joylashgan 2-neyron aksonlari hidlov traktini (tractus olfactorius) hosil qiladi va birlamchi hidlov markazlari (trigonum olfactorium, substantia perforata anteri­or, septum pellucidum) tomon yo'naladi.
Birlamchi hidlov markazida 3-neyron yotadi, uning akson-lari qadoqsimon tananing ustki va pastki qismi bo'ylab chakka bo'lagining mediobazal yuzasida joylashgan hidlov markazi, ya'ni gyrus hyppocampi va uning atrofidagi tuzilmalarga bo­rib tugaydi. Hidlov yo'llari ikkala yarimsharda ham proeksion markazga ega. Shu bois bir tomonlama kortikal zararlanishda hid bilish buzilmaydi.Hidlov nervini tekshirish usullari
Tekshirish qoidasi. Tekshirilayotgan moddalar nomi sinaluvchidan sir tutiladi, biroq ular avvaldan tanish bo'lishi kerak. Bu maqsadda yengil hid taratuvchi moddalar (suyultirilgan valerian, kamfora, limon] qo'llaniladi. Ular chekkaroqda turadi va usti yopib qo'yiladi. Hidlov funksiyasi har bir burun teshigida alohida-alohida tekshiriladi. Tekshiruv paytida sinaluvchi ko'zlari va og'zini yumib o'tiradi, ikkinchi burun teshigini barmog'i bilan yopib turadi (6.5-rasm).
6.5-rasm. Hidlov nervini tekshirish
Zararlanish simptomlari: anosmiya – hid bilmaslik; giposmiya – hid bilishning pasayishi; giperosmiya – hid bilishning kuchayishi; hidlov gallyutsinatsiyasi – aslida yo'q bo'lgan hidlarni sezish.
Topik diagnostikasi
                                    6.5-rasm. Hidlov nervini tekshirish
  1. Bir tomonlamagiposmiya va anosmiya hidlov so'g'oni, hid­lov trakti va hidlov uchburchagi zararlanganda uchraydi.
  2. Ikki tomonlama giposmiya, anosmiya, odatda, O'RVI sababli yuzaga keladi va nevrologik jihatdan diagnostik ahamiyatga ega emas.
  3. Giperosmiya homiladorlik, kamqonlik, avitaminoz, xayz payti, shizofreniya va maniakal-depressiv psixozda kuza­tiladi. Ba'zi odamlar turli hidlarga o'ta sezgirdir va ularni ajrata olish qobiliyatiga ham ega bo'ladi. Bu esa norma.
  4. Hidlov paresteziyasi (dizosmiya) vegetativ-visseral paroksizmlar va psixosomatik buzilishlar uchun xos.
  5. Hidlov gallyutsinatsiyasi hid bilishning po'stloq markazlari (gippokamp] ta'sirlanishida kuzatiladi. Gippokamp – aksariyat hollarda epileptik xuruj generatori.
 
 
Manba: © Z. Ibodullayev. Nevrologiya. Qo`llanma. Toshkent, 2017., 404 b. 
             © Z. Ibodullayev. Umumiy nevrologiya. Darslik. Toshkent, 2021., 312 b
             © Ibodullayev ensiklopediyasi    © asab.cc
 
 

Ctrl
Enter
Хато топдизнигзми?
Матнни танланг ва Ctrl+Enter тугмачаларини босинг
МУҲОКАМАЛАР
Изоҳларнинг минимал узунлиги 50 та белгидан иборат. шарҳлар бошқарилади
Ҳеч қандай изоҳ йўқ. Сиз биринчи бўлишингиз мумкин!
Кликните на изображение чтобы обновить код, если он неразборчив
Қизиқ мақолалар
"Ибодуллаев энциклопедияси" бўлими бўйича