Likvor ishlab chiqarilishi va aylanishi
Miya qorinchalaridagi ependimal hujayralarning xorioidal chigallarida ishlab chiqariladigan suyuqlikka likvor deb aytiladi. Likvorning katta qismi yon qorinchalarda, qolgan qismi III va IV qorinchalarda ishlab chiqariladi. Likvorning ikkinchi nomi - serebrospinalsuyuqlik. Bir kunda 400-450 ml likvor ishlab chiqariladi va qayta so'rilib turadi. Likvor ishlab chiqarilishi bir soniya ham to'xtamaydi. Likvorning miya qorinchalari, sisternalar va subaraxnoidal bo'shliqda saqlanadigan miqdori – 120-150 ml.
Likvor tarkibi. Sog'lom odamda likvor shaffof suvdek ti-niq va rangsiz bo'ladi. Oqsil miqdori 0,15-0,33 g/1, qand miq-dori 2,5-3,5 mmol/1, xloridlar 120-128 mmol/l, nisbiy zichligi 1003-1006, pH 7,3-7,4. Shuningdek 1 ml likvorda limfositlar soni 0-5 ta. Likvor bosimi gorizontal holatda 100-200, o'tirgan holatda 200-400 mm suv ust. ga teng.
Likvor aylanishi. Likvor yon qorinchalardan Monro teshigi orqali III qorinchaga tushadi [13.14-rasm).
U yerdan Silviy suv yo'li orqali IV qorincha ichiga o'tadi. IV qorinchadan esa Lyushko va Majandi teshiklari orqali subaraxnoidal bo'shliqning katta sisternasiga tushadi. U yerdan orqa miyaning subaraxnoidal bo'shlig'iga o'tadi va shuningdek, yuqoriga ko'tarilib bosh miyaning subarxnoidal bo'shlig'ida aylana boshlaydi. Araxnoidal pardaning paxion granulyatsiyalari orqali likvor venoz
sinuslarga sizib o'tib turadi va umumiy qon aylanish sistemasiga qo'shiladi. Likvor, shuningdek, diploik venalar, yumshoq pardaning ependimal hujayralari va kapillyarlari, kranial va spinal nervlarning perinevral bo'shliqlari orqali ham so'rilib turadi.
Likvor funksiyalari. 1] Bosh miya va orqa miyani mexanik jarohatlardan asraydi; 2) Intrakranial bosimni me'yorda ushlab turadi; 3) Bosh miya va orqa miyaning moddalar almashinuvida ishtirok etadi; 4) MNS dan moddalar almashinuvi tufayli hosil bo'lgan metabolitlarni chiqarib turadi; 5) Miya tuzilmalarida suv-elektrolit muvozanatini ta'minlashda ishtirok etadi.
Manba:
© Z. Ibodullayev. Nevrologiya. Qo`llanma. Toshkent, 2017., 404 b.
© Z. Ibodullayev. Umumiy nevrologiya. Darslik. Toshkent, 2021., 312 b.
© Ibodullayev ensiklopediyasi © asab.cc
Изоҳларнинг минимал узунлиги 50 та белгидан иборат. шарҳлар бошқарилади
Қизиқ мақолалар
"Ибодуллаев энциклопедияси" бўлими бўйича