Nerv sistemasi haqida umumiy ma'lumot


Nerv sistemasi murakkab tuzilishga ega bo'lib, organizmning har bir faoliyatini boshqaradi, nazoratda ushlaydi va tashqi dunyo bilan bog'laydi. Umumlashtirib oladigan bo'lsak, nerv sistemasi quyidagi 2 vazifani bajaradi: 1) organizmni tashqi muhit bilan bog'laydi; 2) ichki a'zolar faoliyatini boshqarib turadi, ya'ni gomeostazni ta'minlaydi.
Nerv sistemasi* organizmni sezgi a'zolari orqali tashqi muhit bilan bog'laydi. Organizmning 5 ta sezgi a'zosi farq qilinadi: 1) umumiy sezgi, ya'ni og'riq, harorat va taktil sezgi orqali tashqi dunyodan ma'lumot olib turadi; 2) ko'ruv sezgisi orqali atrof-muhitni ko'radi; 3)eshituv a'zolari orqali turli xil tovushlar va insonlar nutqini eshitadi; 4) hid bilish orqali hidlarni sezadi; 5) ta'm bilish orqali ta'mlarni sezadi.
Nerv sistemasi sezgi a'zolari orqali tashqi signallarni qabul qilmay qo'ysa, organizm faoliyati izdan chiqadi yoxud butkul to'xtab qoladi. Komadan keyin rivojlangan deserebratsion va dekortikatsion rigidlik yoki apallik sindrom bunga misol bo'la oladi. Demak, sezgi a'zolari - nerv sistemasi darvozasi demakdir.
"Mutlaq eshitmaydigan yoki ko'rmaydigan bo'lib tug'il-ganlarda nerv sistemasi faoliyat ko'rsatadi-ku?", degan savol tug'iladi. Agar bola ba'zi sezgi a'zolari nuqsoni bilan tug'ilsa, ontogenetik rivojlanish davrida nerv sistemasi boshqa sezgi a'zolarini faollashtirib yuboradi. Masalan, ko'zi ko'rmaydiganda eshitish va taktil sezgilar faollashadi, eshitmaydiganda esa ko'rish ziyraklashadi. Bunday bolalar maxsus maktablarda o'qitiladi va ko'p yutuqlarga erishadi ham.
Mashxur neyrofiziolog I.P. Pavlov (1849-1936) 5 ta sezgi a'zosini birlamchi signal sistemasi deb atagan. Birlamchi signal sistemasi hayvonlarda ham mavjud. Ular ham ko'radi, eshitadi, og'riq sezadi, ta'm biladi va hid sezadi. Yashash tarzidan kelib chiqib, turli hayvonlarda sezgi a'zolari turlicha rivojlangan. Masalan, qushlarda ko'rish, baliqlarda eshitish, tipratikonda hid bilish va h.k
Hayvonda hissiyot bo'ladimi? Albatta. Masalan, kuchukni erkalatsa, u xursand bo'lib dumini likillatadi, jahlini chiqarsa tishini g'ijirlatadi. Biroq hayvonda ong bo'lmaydi. Hayvon -ongsiz jonzot. Chunki ularda ikkilamchi signal sistemasi yo'q. I.P. Pavlov nutq va u bilan bog'liq oliy ruhiy funksiyalarni ikki­lamchi signal sistemasiga kiritgan. Ikkilamchi signal sistemasi faqat insonlar uchun xos.
Ong - bu ob'ektiv borliqning inson miyasida sub'ektiv aks etishi. Inson miyasi atrofdagi barcha ob'ekt va hodisalarni idrok qilish xususiyatiga ega. Masalan, osmondagi oy – ob'ekt, uning nomi esa sub'ekt. Oldimizda turgan noutbuk – ob'ekt, uning nomi esa sub'ekt va h.k.
Nerv sistemasi markaziy nerv sistemasi (MNS) va periferik nerv sistemasiga (PNS) ajratiladi MNS ga bosh miya va orqa miya kiradi, PNS ga esa kranial va spinal nervlar hamda ularning tarmoqlari kiradi. Shuningdek, vegetativ nerv sistemasi (VNS) ham farqlanadi. VNS avtonom tarzda faoliyat ko'rsatgani uchun, uning ikkinchi nomi – avtonom nerv sis­temasi. Vegetativ nerv sistemasi o'z navbatida simpatik va parasimpatik nerv sistemalariga ajratiladi.
VNS ning vazifasi ichki a'zolar faoliyatini boshqarib turish, ya'ni gomeostazni ta'minlashdir. Nima uchun VNS MNS dan alohida ajratib o'rganiladi va unga «avtonom» deb nom berilgan? Chunki, VNS MNS tomondan boshqarilmaydi va ofzi xolis tarzda ishlaydi. Obrazli qilib aytganda, bosh miya tungi uyquga ketib orqa miya ham orom olayotganda, yurak urishdan, tomirlarda esa qon aylanishdan to'xtamaydi, nafas olaveramiz va to'qimalar kislorod bilan ta'minlanaveradi, endokrin bezlar gormonlarni ishlab chiqarib ichki a'zolarga yuboraveradi, to'qimalarda moddalar almashinuvi to'xtamaydi va h.k. Demak, MNS dan farqli o'laroq, VNS tun-u kun ishlaydi va uning uyquga ketishi o'lim demakdir. Nerv sistemasi haqida umumlashtirilgan qisqacha ma'lumot shulardan iborat. Boshqa tafsilotlar keyingi mavzularda ketma-ket bayon etiladi.
 
 
Manba: © Z. Ibodullayev. Nevrologiya. Qo`llanma. Toshkent, 2017., 404 b. 
             © Z. Ibodullayev. Umumiy nevrologiya. Darslik. Toshkent, 2021., 312 b. 
             © Ibodullayev ensiklopediyasi    © asab.cc
 
 

Ctrl
Enter
Хато топдизнигзми?
Матнни танланг ва Ctrl+Enter тугмачаларини босинг
МУҲОКАМАЛАР
Изоҳларнинг минимал узунлиги 50 та белгидан иборат. шарҳлар бошқарилади
Ҳеч қандай изоҳ йўқ. Сиз биринчи бўлишингиз мумкин!
Кликните на изображение чтобы обновить код, если он неразборчив
Қизиқ мақолалар
"Ибодуллаев энциклопедияси" бўлими бўйича