Uzunchoq miya
Topografiyasi. Uzunchoq miyada (medulla oblongata) hayot uchun o'ta muhim markazlar joylashgan. Uzunchoq miya usti kesik to'ntarilgan konus shakliga o'xshaydi. Awallari uni miya piyozchasi (bulbus cerebri) deb atashgan. Uzunchoq miya bilan orqa miya orasidagi chegara - bu piramidal kesishuv (decussatio pyramidum) yoki C1 ildizcha chiqqan joy.
Miya ustuni, shu jumladan uzunchoq miyaning ventral (oldingi) va dorsal (orqa) yuzalari farqlanadi (5.3 va 5.4-rasmIar). Uzunchoq miyaning ventral yuzasi. Uzunchoq miyaning ventral yuzasidan oldingi o'rta yoriq (fissura mediana anterior) o'tadi. Uning ikkala yon tomonida piramidalar bo'rtib turadi. Undan piramidal yo'llar o'tadi. Piramidaning orqa-yon tomonida pastki oliva (oliva inferior) joylashgan. Pastki oliva nucleus dentatus bilan bog'langan bo'lib, tana muvozanatini ta'minlashda ishtirok etadi. Piramidani olivadan oldingi lateral egatcha (sulcus lateralis anterior) ajratib turadi. Ushbu egatchadan XII nerv ildizchalari chiqadi. Olivalarning orqa tomoni bo'ylab orqa lateral egatcha (sulcus lateralis posterior) o'tadi. Undan IX, X, XI nervlar ildizchalari chiqadi.
Uzunchoq miyaning dorsal yuzasi. Uzunchoq miyaning kaudal qismida rombsimon chuqurchadan pastda oldingi o'rta egatcha (sulcus medianusposterior) o'tadi. Ushbu egatchaning ikkala yon tomonida nozik tutam do'ngligi (tuberculum nuclei gracilis), ulardan lateral tomonda ponasimon tutam do'ngligi (tuberculum nuclei cuneati) joylashgan. Bular Goll va Burdax do'ngliklari bo'lib, ularning orasidan orqa lateral egatcha (sulcus lateralis posterior) o'tgan. Ushbu do'ngliklarda chuqur sezgi yo'llarining 2-neyroni yadrolari yotadi. Shuning uchun ham bu yerda do'nglik paydo bo'lgan. Burdax do'ngligining orqa tomonidan orqa oraliq egatcha (sulcus intermedius posterior) o'tadi.Uzunchoq miyaning pastki qismida joylashgan yadrolar. Bu yerda kaudal guruhga mansub, ya'ni IX, X, XII nervlar yadrolari yotadi [5.2-rasmga qarang). XII nerv yadrosi trigonum nervi hypoglossi, X nervning dorsal yadrosi (nucleus dorsalis n. vagi], IX va X nervlar uchun umumiy hisoblangan nucleus ambiguus (harakat yadrosi) va pastki so'lak ajratuvchi yadro (nucleus salivatorius inferior) joylashgan. Shuningdek, nucleus tractus spinalis n. trigemini topografiyasi ham shu joyga to'g'ri keladi.
Uzunchoq miyaning ko'prik bilan chegara qismida joylashgan yadrolar. Bu yerda VII nervning harakat yadrosi, VIII nervning sezgi yadrolari, trapetsiyasimon tana, yuqori oliva, Deyters va Bexterev yadrolari joylashgan.
Manba: © Z. Ibodullayev. Nevrologiya. Qo`llanma. Toshkent, 2017., 404 b.
© Z. Ibodullayev. Umumiy nevrologiya. Darslik. Toshkent, 2021., 312 b.
© Ibodullayev ensiklopediyasi © asab.cc
Изоҳларнинг минимал узунлиги 50 та белгидан иборат. шарҳлар бошқарилади
Қизиқ мақолалар
"Ибодуллаев энциклопедияси" бўлими бўйича