GIPERKINEZLAR


Xoxish-irodaga bog'liq bo'lmagan holda ro'y beradigan ixtiyorsiz harakatlarga giperkinezlar deb aytiladi. Giperkinezlar quyidagi kasalliklarda uchraydi: Turett sindromi, Xantington kasalligi, nevrotik tiklar, kichik xoreya, psixogen paroksizmal giperkinezlar, miokloniyalar, gepatolentikulyar degeneratsiya, zo'raymaydigan nasliy xoreya, oramandibulyar distoniya, servikal distoniya, paroksizmal diskineziyalar, arteriovenoz malformatsiyalar, kranioserebral jarohatlar asorati, turli etiologiyali po'stlog'osti entsefalitlari, bolalik davri insultlari, torsion distoniya, neyroleptik sindrom, neyrofibromatoz, Machado-Jozef kasalligi, bazal gangliyalar kaltsifikatsiyasi, tuberoz skleroz, neyroakantotsitoz, Gallervorden-Shpatts kasalligi, tiretoksikoz, gipoparatireoz, bosh miya o'smalari, toksoplazmoz, obsessiv-kompulsiv sindrom, giperaktiv sindrom, Kroystfeld-Yakob kasalligi, bolalar serebral falajligi, neyrozaxm, neyroOITS. Shuningdek, giperkinezlar oral kontratseptivlar, litiy preparatlari, neyroleptiklar, difenin, tarkibida L-DOFA saqlovchi dorilarni qabul qilganda, porfiriya,  kollagenozlar, giponatriemiya, gipokaltsiemiya va turli zaharlanishlarda (is gazi, simob) ham rivojlanadi. UAV amaliyotida ahamiyatli bo'lgan giperkinezlarning ba'zilari bilan tanishib chiqamiz.   

Tremor – bosh va tananing turli qismlarida kuzatiladigan ritmik titroqlar. Tremor, ko'pincha, simmetrik tarzda namoyon bo'ladi va ikkala qo'lda ko'p uchraydi. Barmoqlarni yozib ikkala qo'lni oldinga cho'zganda kuzatiladigan titrashlarga postural tremor, maqsadga yo'naltirilgan harakatlarni bajarayotganda kuzatiladigan titrashlarga kinetik tremor deyiladi. Agar tremor aniq bir harakatlarni bajarayotganda (kalitni eshik teshigiga tiqayotganda, imzo chekayotganda, nina teshigidan ip o'tkazayotganda) kuchaysa, bunga terminal tremor deb aytiladi. Terminal tremor nevrologiyada keng tarqalgan yana bir nom bilan, ya'ni intension tremor deb ham ataladi. Intension tremorni barmoq-burun sinamasini tekshirib aniqlab olish mumkin.
Tremor nevrozda ko'p uchraydi va uni essentsial tremor bilan farqlay olish kerak. Chunki ikkala holatda ham ortiqcha hayojonlanish tremorni kuchaytiradi va ikkala holatda ham tremor, asosan qo'llarda kuzatiladi. ET da bemor tinchlangan holatda ham kichik amplitudali tremor kuzatilib turadi, ya'ni tremor doimiyligi bilan ajralib turadi. Nevrozlarda tremor doimiy emas, ya'ni bemor tinchlanganda, uning fikrini chalg'itganda, psixoterapiya o'tkazilsa, fizioterapevtik muolajalar va tinchlantiruvchi dorilar qo'llaganda tremor kamayadi yoki yo'qoladi. Bu muolajalar samarasi ET da juda past. Shuningdek, nevrozlarda turli darajada ifodalangan hulq-atvor buzilishlari ham kuzatiladi. Bunday buzilishlar esa ET uchun xos emas. Geneologik va xromosom analiz o'tkazish tashxisni to'la aniqlashga yordam beradi.
Tireotoksik tremor essentsial tremorga juda o'xshash. Biroq qalqonsimon bezning kattalashuvi, oftalmopatiya, kuchli vegetonevroz belgilari, qonda T3 va T4 miqdorining oshishi tireotoksik tremor uchun juda xos. Tremor toksik entsefalopatiyada ham ko'p kuzatiladi va essentsial tremordagidek dastlab monosimptom sifatida uzoq saqlanadi. Bunga surunkali alkogolizm, mis, qo'rg'oshin, simob va marganets kabi metallar bilan surunkali zaharlanishlarni misol qilib ko'rsatish mumkin.

Xoreik giperkinezlar  – tartibsiz, yuqori chastotali, turli amplitudali va birdan kuzatiladigan ixtiyorsiz harakatlar. Ular bir xil stereotipga ega emas va har doim betartib ravishda tez paydo bo'ladi. Xoreik giperkinezlar yuz, qo'l va oyoqlarda ko'p, tanada esa kam kuzatiladi. Ular tinchlanganda kamayadi, uxlaganda yo'qoladi. Xoreik giperkinezlar, ko'pincha blefarospazm, burunni tortish, lab burchagini qimirlatib yuborish, mimik mushaklarning bir tomonda qisqarishi (yuz gemispazmi), boshning silkinib ketishi kabi belgilar bilan namoyon bo'ladi. Mimik muskullarda kuzatiladigan xoreik giperkinezlar nutq artikulyatsiyasini ham buzadi. Keyinchalik bemor yelkasini ko'tarib tashlaydigan, boshini orqaga yoki yon tomonlarga silkitib yuboradigan bo'lib qoladi. Ba'zida giperkinezlar faqat yelkani ko'tarib tashlash bilan namoyon bo'ladi yoki birato'la qo'l barmoqlaridan boshlanadi. Qo'l barmoqlaridan boshlangan xoreik giperkinezlarni darrov ilg'ab olish qiyin. Chunki bunday holatlarda “Bola qo'lini o'zi qimirlatib yuribdi” deb o'ylashadi.

Tiklar – ma'lum bir muskullarda kuzatiluvchi takrorlanib turuvchi ixtiyorsiz noritmik harakatlar. Tiklar tez chastotali bo'ladi, qisqa muddat davom etadi va shu tarzda takrorlanib turaveradi. Qaysi muskullarda joylashganiga qarab, tiklar turli-tuman ko'rinishlar, ya'ni qosh qoqish, ko'zni yumib-ochish, bujmaytirish, burunni tortib qo'yish, lab burchaklarini qimirlatish, boshning silkinib ketishi kabi ixtiyorsiz harakatlar bilan namoyon bo'ladi. Tiklar tananing boshqa qismlariga tarqalsa, yelkani siqish, qo'llarni qimirlatish, nafas olish va qorinni ichkariga tortish kabi ixtiyorsiz harakatlar ham paydo bo'ladi. 

Til va halqum muskullarida kuzatiladigan tiklar vokal harakatlar bilan namoyon bo'ladi. Vokal tiklarda bemor o'z-o'zidan ovoz chiqarib baqirib yuboradi, uning ovozi xuddi opera teatrida kuylayotgan qo'shiqchilar ovoziga o'xshab ketadi. Ba'zida bemor o'zi hohlamagan holda yonida o'tayotgan odamni so'kib yuboradi, uning qiliqlarini takrorlaydi. U odam esa “meni nega kalaka qilayapsan” deb bemor bilan urishib ketishi mumkin. Bu holat Turett sindromi uchun juda xos. Tiklar takrorlanib turuvchi yo'tallar, ovoz qirishlar, xushtak chalib yuborishlar bilan ham namoyon bo'ladi.
Tiklarning birlamchi va ikkilamchi turlari farqlanadi Birlamchi tiklar boshqa bir kasalliklarsiz alohida rivojlanadi va ularning kelib chiqishida genetik omillarga alohida urg'u beriladi. Birlamchi tiklarning yaqqol namoyondasi – bu Turett sindromi. Aksariyat birlamchi tiklarning sababi xanuzgacha aniqlanmagan. Birlamchi tiklar ham, ikkilamchi tiklar ham bolalik va o'smirlik davrida ko'p uchraydi. Tiklar ko'p hollarda giperaktiv va nevrotik sindromlar (hulq-atvor buzilishlari) bilan birgalikda namoyon bo'ladi. Bemorlarda diqqat tarqoqligi va eslab qolish qobiliyatining pasayishi ham kuzatiladi. Shu bois ularga ta'lim va tarbiya berish ancha mushkul. Ikkilamchi tiklar boshqa bir kasalliklar (ayniqsa, LOR a'zolari kasalliklari), kranioserebral jarohatlar, entsefalit, perinatal patologiya, is gazi bilan zaharlanish, serebrovaskulyar kasalliklar, gijja, neyrointoksikatsiyalar yoki turli dorilarning (antikonvulsantlar, neyroleptiklar, levodofa dorilari, psixostimulyatorlar) nojo'ya ta'sirlari sababli rivojlanadi.

Distoniya – tana (bo'yin, bosh, qo'l va oyoqlar) shaklini o'zgartirib yuborish bilan namoyon bo'luvchi noritmik giperkinezlar. Distonik giperkinezlar xoreatetoz, atetoz, gemiballizm, bo'yinning spastik qiyshayishi, grafospazm va miokloniyalar tipida namoyon bo'ladi. Distoniyada kuzatiladigan har qanday giperkinezlar muskullar tonusining qarama-qarshi tarzda o'zgarishi bilan namoyon bo'ladi, ya'ni ba'zi muskullarda gipertonus, boshqa birlarida gipotonus aniqlanadi. Giperkinezlar yo'q paytlari muskullar tonusi normada bo'ladi. Ba'zi bemorlarda giperkinezlar ustunlik qilsa, boshqa birlarida muskullar rigidligi ustunlik qiladi. 
Torsion distoniyaning giperkinezlar bilan kechuvchi turi ko'p uchraydi. Bo'yin muskullari rigidligi bo'yinni orqaga qayirib tashlasa, spinal muskullar rigidligi bel giperlordozini yuzaga keltiradi. Qo'l va oyoqlardagi distonik spazmlar esa ularda bukiluvchi holatni yuzaga keltiradi. Ayniqsa, oyoqning distal muskullari atoniyasi sababli oyoq panjasi shakli o'zgarib qoladi. Distonik giperkinezlarda bemor tana vaziyatini o'zgartirsa yoki biron-bir harakat qilib o'rnidan turishga urinsa, hayojonlansa giperkinezlar va distonik spazmlar kuchayadi. Tinch holatda giperkinezlar kamayadi, uxlaganda esa yo'qoladi. Ba'zida bemor oyoq-qo'llari bilan maqsadga yo'naltirilgan harakatlar qilsa, giperkinezlar kamayadi. 

Davolash. Giperkinezlarni bartaraf etish avvalombor uning etiologiyasini aniqlashdan boshlanadi. Aksariyat hollarda dorilar bilan davolash talab qilinmaydi yoki organizmdagi infektsiya o'choqlarini  bartaraf etishning o'zi ham giperkinezlarni (masalan, tiklarni) barham toptiradi. 

Tremor bilan namoyon bo'luvchi giperkinezlarda asosan alfa-adrenoblokatorlar qo'llaniladi:

  1. Propranolol 10-20 mg dan kuniga 2-3 mahal ichishga buyuriladi va kundalik dozasi har 3-5 kunda 20-40 mg ga oshirib boriladi.
  2. Atenolol 50 mg dan kuniga 1-2 mahal ichishga buyuriladi va keyinchalik uning dozasi oshirib boriladi. Bir necha kunlardan so'ng atenololning bir kunlik dozasi 200 mg ga yetkazilishi mumkin.
  3. Metaprolol (egilok, betalok, metokard, korvitol) kuniga 25-50 mg dan berib boshlanadi. Uning dozasi ham sekin-asta oshirib boriladi va kuniga 200-300 mg ga yetkaziladi. 
Bu dorilar bradikardiya (yurak urishi bir daqiqaga 50 dan past bo'lsa), arterial gipotoniya (sistolik bosim 100 mm sim ust dan past) bronxial astma, AV o'tkazuvchanlikning buzilishlarida, periferik arteriyalar spazmi bilan kechuvchi kasalliklarda (Reyno sindromi) tavsiya qilinmaydi.

Infeksion etiologiyali giperkinezlarda qo'shimcha ravishda:

  1. Indometatsin 25 mg kuniga 2-3 mahal yoki vol`taren 25-50 mg dan kuniga 1-2 mahal yoki meloksikam 7,5-15 mg kuniga 1-2 mahal ichishga buyuriladi. 
  2. Zodak 1 tabl (10 mg) yoki klaritin 1 tabl (10 mg) kuniga 1 mahal ichishga tavsiya qilinadi.
  3. Tiosulfat natriy 20 ml 0,9 % li 100 ml natriy xloridning fiziologik eritmasida venadan tomchilatib yuboriladi.
  4. Askorbin kislotasi 4-6 ml v/i ga qilinadi va tarkibida C vitamini saqlovchi dorilar (askorutin va h.k.). Shuningdek, B6 vitamini 4-6 ml (200-300 mg) m/i ga har kuni qilinadi.
  5. Prednizolon tana vazniga 1–1,5 mg/kg dan tavsiya qilinadi. Bu dori giperkinezlar kuchli namoyon bo'lgan holatlarda tavsiya qilinadi. Yengil holatlarda glyukokortikosteroidlar tavsiya etishga hojat yo'q.
  6. Immunomodulin 1 ml m/i ga yoki sikloferon 2 ml v/i yoki m/i kunora yoki maxsus sxema asosida. 

Tiklar bilan namoyon bo'luvchi holatlarda:

  1. Tioprosan 1 tabl (100 mg) dan kuniga 2-3 mahal; fenibut yoki pantogam 250 mg dan kuniga 3 mahal tavsiya etiladi.
  2. Trankvilizatorlardan fenazepam 0,5 mg yoki nozepam (tazepam, oksazepam) 10 mg kuniga 1-2 mahal buyuriladi.
  3. Amitriptilin 25-75 mg, nitrazepam (radedorm) 1 tabl (10 mg).
  4. Sedativ dorilar (valerian ekstrakti 1-2 tabl kuniga 3 mahal, vamelan 1 tabl 3 mahal, gamalate B6 1tabl 3 mahal)

Kuchli va keskin tarzda namoyon bo'layotgan giperkinezlarda:

  1. Galoperidol kuniga 0,5-2,5 mg, risperidon 0,5-2 mg, olanzapin 2,5-5 mg, ketilept 25-50 mg, tizertsin 25 mg yoki 2,5 % li 1 ml eritma.
  2. Klonazepam (rivotril, antilepsin, kloneks). Bu dori 0,25, 0,5; 1 va 2 mg li tabletkalarda ishlab chiqariladi. Klonazepam har qanday etiologiyali va har qanday turdagi giperkinezlarda o'ta samarali. Uni chaqoloqlik davridan tortib keksalik davrigacha tavsiya qilish mumkin. Giperkinezlar darajasiga qarab kuniga 1-2 mg (ba'zida 0,25-0,5 mg yetarli) tavsiya etiladi.
  3. Prosulpin (sulpirid) kuniga 200-400 mg, sertralin (zoloft) 50 mg.
  4. Karbamazepin kuniga 200-400 mg, gabapentin 300-66 mg.
  5. Ataraks 25-50 mg, afobazol 10-20 mg, alprazolam 0,5-2 mg.

Distonik tipdagi giperkinezlarda:

  1. Nakom kuniga 125-250 mg yoki madopar-125 kuniga ? tabl kuniga 2 mahal, amantadin 100-200 mg, siklodol 2-4 mg.
  2. Klonazepam 0,5-1 mg; risperidon 1-2 mg; baklofen 10 mg kuniga 2-3 mahal, diazepam 5-10 mg.
  3. Konvuleks 500-800 mg yoki topiramat 25-100 mg.
  4. Botoks yoki kseomin mutaxassis tomonidan distoniya kuchliroq namoyon bo'layotgan muskullarga qilinadi.  
Shuningdek, bo'yin-yelka sohasiga brom eritmasi yoki boshqa dorilar elektroforezi, ikkala ko'zga kaliy yodning kuchsiz eritmasi ionoforezi, bo'yin-yelka va boshga dorsanval, tinchlantiruvchi uqalashlar, igna bilan davolash, suvosti uqalashlari ham qo'shimcha davolash sifatida qo'llaniladi. Giperkinezlarning har qanday turi bilan kasallangan bemorlarni davolashda tibbiy psixolog ishtiroki zarur bo'ladi. chunki har qanday turdagi giperkinezlarda psixoterapiya o'ta samaralidir. Erikson gipnozi yordamida xatto ba'zi tikoz va nevrotik giperkinezlarni to'la bartaraf etish mumkin.

Manba: © Z. Ibodullayev. Nevrologiya. UAV uchun qo`llanma. Toshkent, 2017., 404 b. 
             © Z. Ibodullayev. Asab kasalliklari. 2-nashr., Darslik., T.: 2021., 960 b. 
             © Ibodullayev ensiklopediyasi   
             © asab.cc

Ctrl
Enter
Хато топдизнигзми?
Матнни танланг ва Ctrl+Enter тугмачаларини босинг
МУҲОКАМАЛАР
Изоҳларнинг минимал узунлиги 50 та белгидан иборат. шарҳлар бошқарилади
Ҳеч қандай изоҳ йўқ. Сиз биринчи бўлишингиз мумкин!
Кликните на изображение чтобы обновить код, если он неразборчив
Қизиқ мақолалар
"Ибодуллаев энциклопедияси" бўлими бўйича