Muskullar tonusini tekshirish


Muskul tonusi deganda, uning taranglik darajasi tushuniladi. Sog'lom odamda har bir muskul muayyan taranglikka ega. Sport bilan muttasil shug'ullanuvchilarda muskullar qattiq va yaxshi rivojlangan bo'lsa, gipodinamiyada ular bo'shashgan bo'ladi.
Periferik motoneyrondan muskulga efferent impulsning to'xtovsiz oqimi uni ma'lum taranglikda ushlab turadi. Muskullar tonusini ta'minlashda katta yarimsharning premo­tor sohasi, striopallidar sistema, retikulyar formatsiya, miyacha, chuqur sezgi yo'llari va albatta, orqa miyaning oldingi shoxida joylashgan periferik motoneyronlar bevosita ishtirok etadi.Muskullar tonusini tekshirish uchun bemordan tinch o'tirish so'raladi. So'ngra vrach bo'g'imlarda passiv harakatlarni amalga oshirib muskullar tonusini o'rgana boshlaydi. Normada tekshirilayotgan muskulda muayyan taranglik seziladi. Ushbu taranglikni vrach to'g'ri baholay olishi kerak. Aks holda sog'lom odamda ham muskul tonusi oshgan yoki pasaygan deb noto'g'ri xulosa chiqarish mumkin. Bemor tekshiruvga sun'iy qarshilik ko'rsatmasligi uchun uning fikri chalg'itiladi. 
Muskul tonusi qo'1-oyoqlarning bukuvchi va yozuvchi muskullari hamda pronator va supinatorlarda tekshiriladi. Muskul tonusi pasayishiga gipotoniya, yo'qolishiga atoniya, kuchayishiga gipertonus deb aytiladi.Oldingi markaziy pushtadan boshlanuvchi markaziy pira­midal yo'l zararlansa, muskul tonusi oshadi, ya'ni unda spastik gipertonus kuzatiladi. Parkinsonizmda ham muskullar tonusi oshadi. Biroq bunga plastik gipertonus deyiladi. Spastik gipertonusda bo'g'imlarda passiv harakatlarni bajarayotgan vrach dastlab muskullarda qarshilik sezadi, keyinchalik esa bu qar­shilik yo'qolib boradi. Plastik gipertonusda esa passiv harakat­larni bajarayotgan vrach dastlab muskullar qarshiligini sezmaydi, so'ngra uning notekis tarzda oshayotganini sezadi. 
Bu holatga "tishli g'ildirak" simptomi deyiladi.Muskullar gipotoniyasi yoki atoniyasi periferik motoneyron zararlanishidan tashqari, chuqur sezgi yo'llari o'tadigan orqa spinal ildizcha va orqa ustunning Goll va Burdax tutamlari zararlansa ham kuzatiladi. Bunday paytda bo'g'imlar shalvirab qoladi. Miyacha va striar sistema yadrolari zararlanishida ham muskullar gipotoniyasi kuzatiladi, biroq muskul kuchi saqlanib qoladi va atrofiya bo'lmaydi.
 
Manba:
 © Z. Ibodullayev. Nevrologiya. Qo`llanma.  Toshkent, 2017., 404 b. 
 © Z. Ibodullayev. Umumiy nevrologiya. Darslik. Toshkent, 2021., 312 b. 
 © Ibodullayev ensiklopediyasi    © asab.cc
 
 
 
 

 

Ctrl
Enter
Хато топдизнигзми?
Матнни танланг ва Ctrl+Enter тугмачаларини босинг
МУҲОКАМАЛАР
Изоҳларнинг минимал узунлиги 50 та белгидан иборат. шарҳлар бошқарилади
Ҳеч қандай изоҳ йўқ. Сиз биринчи бўлишингиз мумкин!
Кликните на изображение чтобы обновить код, если он неразборчив
Қизиқ мақолалар
"Ибодуллаев энциклопедияси" бўлими бўйича