Sezgi


Biz sezgi a’zolari orqali tevarak-atrofdagi olamdan doimo ma’lumot olib turamiz. Bu ma’lumotlar organizmga uzluksiz tushib turadi va asab tizimining maxsus tuzilmalari orqali qabul qilinadi, qayta ishlanadi va javob reaktsiyasi tayyorlanadi. Atrof-muhitdagi barcha narsa va hodisalar tegishli retseptorlarga ta’sir etib, sezgi hosil qiladi. Tashqi olamdan kishi ongigacha ma’lumotlar kirib keladigan yagona yo‘l sezgi a’zolaridir. Ularga benihoya katta miqdorda turli-tuman ma’lumotlar oqimi kelib, bosh miyaga uzatilib turadi.
        Sezgi – tashqi olam va o‘z tanamiz to‘g‘risidagi barcha ma’lumotlarni bilishning dastlabki manbai. Organizm bir me’yorda rivojlanishi uchun tashqi muhitdan hamisha axborot olib turishi kerak. Bu ma’lumotning ko‘payib yoki kamayib ketishiga organizm moslashib borishi zarur, aks holda sezgi va idrok orasida nomutanosiblik yuzaga kelib, asab tizimida funktsional buzilishlar ro‘y beradi.
       Fanda sensor izolyatsiya degan tushuncha bor. Kosmonavtlarni tashqi axborotlardan to‘la izolyatsiya qilib, ularning asab tizimi chuqur o‘rganiladi va koinotda yashashga moslashtiriladi. To‘la va qisman sensor izolyatsiya sinaluvchilarda olib borilganda, bir necha soatdan so‘ng ular ahvoli yomonlashganidan shikoyat qilib, tadqiqotni to‘xtatishni iltimos qilishgan. Bundan bir necha yil oldin AQSh da infektsiya tushish xavfini mutlaqo yo‘qotish uchun murakkab operatsiya o‘tkaziladigan xonalarga umuman oyna qo‘yilmagan va faqat eshik bo‘lgan, xolos. Bunday xonalarda uzoq vaqt davom etadigan operatsiyalar paytida jarrohlar ruhan charchab qolavergan va bu holat operatsiyaning sifatiga salbiy ta’sir ko‘rsatgan. Bundan ko‘rinib turibdiki, eng murakkab jismoniy va aqliy mehnatni talab qiluvchi sharoitlarda sezgi a’zolarimizga tashqi olamdan tushuvchi axborotlarning ta’sir doirasi o‘ta kengdir. Bu va boshqa dalillar inson organizmining tashqi dunyodan sezgilar tarzidagi taassurotlarga ega bo‘lish ehtiyoji naqadar kuchli ekanligidan dalolat beradi.
        Sezgi buzilishlari. Sezgi buzilishlari xilma-xil bo‘ladi. Sezgi analizatorlarining periferik qismidan tortib, to po‘stloqdagi markaziy qismigacha bo‘lgan har qanday sohasining zararlanishi sezgi buzilishi bilan kechadi. Teri sezuvchanligining turli xil o‘zgarishlari asab kasalliklarida juda ko‘p uchraydi. Teri sezuvchanligi (og‘riq, harorat va taktil) pasayishiga gipesteziya, kuchayishiga giperesteziya, yo‘qolishiga esa anesteziya deb aytiladi. Harorat sezgisi yo‘qolishi bilan kechuvchi kasalliklarda, masalan, siringomieliyada bemorning terisi qattiq kuysa ham og‘riqni sezmaydi. Taktil sezgi (tanani engil silaganda paydo bo‘ladigan sezgi) og‘riq va harorat sezgisiga qaraganda kamroq buziladi. Tana sezuvchanligi oshib ketsa, bemorning badaniga arzimagan narsa bilan tegilsa ham kuchli og‘riq paydo bo‘ladi. Bunga giperpatiya deyiladi. Giperpatiyada ta’sir etilgan joydan boshqa joylarda ham og‘riq kuzatiladi va biroz vaqt saqlanib turadi.
          Giperesteziya  psixologiyada  kengroq ma’no kasb etuvchi atamadir. Giperesteziya – tashqi qo‘zg‘alishlarni qabul qilishning me’yordan oshib ketishi. Bunday bemorlar yorug‘likka qaray olmaydi, arzimagan yorug‘lik ham ularning ko‘zini qamashtiradi. Boshqalar uchun oddiy bo‘lgan tovushlar bemorning qulog‘iga jaranglab kiradi, hattoki eshikning g‘ichirlashi, oqib turgan suvning jildiragan tovushi ham bemorlar uchun o‘ta yoqimsiz tuyuladi. Ularning ba’zilarida bu tovushlardan qattiq boshi og‘riydi. Birovning qo‘li to‘satdan ushbu odamning tanasiga tegib ketsa ham g‘ashiga tegadi. Hatto o‘z egnidagi kiyimlari ham tanasini ta’sirlantirib turadi. Oddiy hidlar ham o‘ta o‘tkirdek tuyuladi. Bunday buzilishlar nevrozning ba’zi turlari, isteriya va psixozlar uchun xosdir. Uzoq davom etuvchi somatik kasalliklar ham giperesteziyalarga sababchi bo‘ladi. Bolalarda  giperesteziyalar ortiqcha yig‘loqilik bilan ham kechadi.
          Psixogen gipesteziyalar giperesteziyalardan farqli o‘laroq, tashqi ta’sirotlarni qabul qilishning pasayishi bilan namoyon bo‘ladi. Atrof-muhitdagi tovushlarning jarangdorligini bemor anglamaydi, hamma narsa qorong‘i tumandagidek ko‘rinadi. Boshqa birovlarning ovozida jarangdorlik va joziba yo‘qdek tuyuladi.
          Senestopatiyada esa bemor go‘yoki badanning turli sohalaridan va ichki a’zolardan kelayotgan noxush sezgilarni his qiladi. Bu sezgilar xuddi kuydiruvchi, bosuvchi, siquvchi va achishtiruvchi xususiyatlarga ega bo‘ladi. Poliesteziyada tananing bitta joyi ta’sirlantirilsa, go‘yoki uning ko‘p joyi ta’sirlantirilgandek tuyuladi. Biror-bir tashqi ta’sirotning boshqa bir ta’sir kabi qabul qilinishiga dizesteziya deb ataladi. Masalan, bemor issiq ta’sirotni sovuqdek, sovuqni issiqdek qabul qiladi.
          Tananing yarmida sezgi yo‘qolishiga gemianesteziya, bitta oyoq yoki qo‘lda yo‘qolsa monoanesteziya deyiladi. Og‘riq sezgisi yo‘qolishiga, analgeziya, harorat sezgisi yo‘qolishiga termoanesteziya deb ataladi. Hech qanday tashqi ta’sirlarsiz tanada nina sanchgandek, uvishgandek, teri tortishgandek, badanda chumoli yurgandek kabi turli xil sezgilar paydo bo‘lishiga paresteziya deyiladi. 
          Tanada kuzatiladigan og‘riqlar teri sezuvchanligining buzilishida alohida o‘rin kasb etadi. Og‘riq tibbiyotda juda katta diagnostik ahamiyatga ega. Chunki og‘riqlar odamga tanada paydo bo‘lgan yoki qo‘zg‘algan kasallik haqida axborot beradi. Demak, u himoya vazifasini ham o‘taydi. Bu og‘riqlar periferik nervlar, nerv chigallari, orqa miyaning orqa ildizchalari, vegetativ tugunlar, ko‘ruv do‘ngligi, orqa markaziy pushta zararlanganida yoki ortiqcha ta’sirlantirilganda  paydo bo‘ladi. Ko‘rib turganimizdek, teri sezuvchanligi buzilishlari turli-tuman bo‘lib, ular asosan asab kasalliklarida ko‘p uchraydi. Mushak-bo‘g‘im sezgisi buzilishi teri sezuvchanligi buzilishiga qaraganda kamroq kuzatiladi. Bunda bemor ko‘zlari yumilgan holda bo‘g‘imlarda qilingan sust harakatlarni sezmaydi.     Murakkab sezgi buzilishlaridan biri bo‘lmish astereognoziyada bemor ko‘zi yumuq holatda qo‘liga qo‘yilgan narsalarni paypaslab aytib bera olmaydi, ko‘zi ochiq holatda esa ularni bemalol ayta oladi.

Manba: ©Z. Ibodullayev. Tibbiyot psixologiyasi. Darslik., 3-nashr., T.; 2019., 494b.  
           © Ibodullayev ensiklopediyasi., 2022 y; 
              ©asab.cc)


Ctrl
Enter
Хато топдизнигзми?
Матнни танланг ва Ctrl+Enter тугмачаларини босинг
MUHOKAMALAR
Izohlarning minimal uzunligi 50 ta belgidan iborat. sharhlar boshqariladi
Hech qanday izoh yo‘q. Siz birinchi bo‘lishingiz mumkin!
Кликните на изображение чтобы обновить код, если он неразборчив