Yangiliklar Ibodullayev ensiklopediyasi OSTEOXONDROZ QANDAY KASALLIK?

OSTEOXONDROZ QANDAY KASALLIK?


Osteoxondroz – umurtqa pog‘onasi kasalligi. Xalqimiz uni bo‘g‘imlar orasiga tuz yig‘ilishi deb ham ataydi. Biz bel-dumg‘aza va bo‘yin umurtqalari osteoxondrozi degan tashxislarni ko‘p uchratamiz.

Sabablari nima? Osteoxondroz 40 yoshdan oshganlarda ko‘p uchraydi. Odam qarigan sayin osteoxondroz bilan kasallanish ko‘payib boraveradi. Jismoniy mashqlar va sport bilan shug‘ullanmaydiganlar ham osteoxondrozga moyil bo‘lishadi.

Belgilari qanday? Osteoxondroz, ko‘pincha, og‘riqlar bilan namoyon bo‘ladi. Bel-dumg‘aza sohasi osteoxondrozida belda o‘tirganda-turganda ham og‘riq paydo bo‘laveradi, ular sanchuvchi, kuydiruvchi va achishtiruvchi xususiyatga ega. Ushbu og‘riqlar oyoqning orqa-yon yuzasi bo‘ylab tarqaladi. Ba’zi bemorlarning beli qiyshayib qoladi.

Bo‘yin umurtqalari osteoxondrozida og‘riqlar bo‘yin-ensa sohasida paydo bo‘lib, elka va qo‘llarga tarqaydi. Bemor bo‘ynini turli tomonlarga burganda, elkasi yoki qo‘llarini ko‘targanda og‘riqlar paydo bo‘ladi yoki kuchayadi. Bo‘yin umurtqalari osteoxondrozi kuchliroq namoyon bo‘lsa, bosh miya tomon yo‘nalgan qon tomirlar ezilib, bosh aylanishlar va chayqalib yurishlarni yuzaga keltirishi mumkin.

Osteoxondroz disk churrasiga olib keladimi deb so‘rashadi. Umuman olganda, disk churrasining asosiy sababchisi – bu osteoxondroz. Biroq negadir oddiy osteoxondrozni disk churrasi deb davolash holatlari ko‘p uchramoqda. Bunday tashxislardan aksariyat bemorlar xavotirga tushmoqda, ba’zilari esa operatsiya yo‘lini tanlashmoqda. Beldagi oddiy radikulit yoki osteoxondroz sababli paydo bo‘lgan og‘riqlarni darrov disk churrasi bilan bog‘lash kerak emas. MRTda aniqlangan kichik hajmdagi disk churralari ham xavfli emas. Bemor suzishga qatnasa, umurtqani chiniqtiruvchi maxsus mashqlarni bajarsa, tekis va ravon joyda yotsa, turnikda tortilib tursa, bu holatlar tez o‘tib ketadi. Og‘riq kuchsiz bo‘lsa – radikulit, kuchli bo‘lsa – disk churrasi deb hisoblash ham noto‘g‘ri. Chunki belni bukchaytirib qo‘yuvchi kuchli og‘riqlar radikulit va osteoxondrozda ham uchraydi.

Tashxis qanday qo‘yiladi? Osteoxondroz tashxisi rentgen orqali bemalol qo‘yiladi. Agar disk churrasiga gumon qilinsagina, KT yoki MRT tekshiruvi o‘tkaziladi.

Negadir rentgen tekshiruviga keluvchilar soni kamayib, KT va MRT tekshiruviga keluvchilar soni ortib bormoqda. Aslida aksi bo‘lishi kerak. Chunki disk churrasi umurtqa osteoxondroziga qaraganda juda kam uchraydi. Vaholanki, osteoxondroz KT va MRTga qaraganda rentgenda juda yaxshi aniqlanadi. Buni hamma vrachlar bilishadi. Shunday ekan, bemorlar vrach ko‘rsatmasiga quloq tutishi va qimmat tekshiruvlarga ruju qo‘ymasliklari kerak. Diagnostika markazlari ham vrachlar tavsiyasi bo‘lmasa, bemorlarni turli tekshiruvlarga olmasliklari kerak! Men “Bosh miya kasalligi bor” deb gumon qilingan 300 ta MRT xulosasini tahlil qilib chiqdim. Shulardan 63 ta MRT xulosasi haqiqatga to‘g‘ri keldi, xolos. Qolgan 237 ta holatda MRT xulosalari norma bo‘lib chiqdi.

Davolash qanday olib boriladi? Shuni unutmangki, osteoxondrozni dori-darmonlar bilan emas, balki turli xil mashqlar, fizio­terapevtik muolajalar va dam olish sihatgohlarida o‘tkaziladigan oddiy davolash tadbirlari bilan bemalol davolash mumkin.

Professor Zarifboy Ibodullaev



Ctrl
Enter
Хато топдизнигзми?
Матнни танланг ва Ctrl+Enter тугмачаларини босинг
MUHOKAMALAR
Izohlarning minimal uzunligi 50 ta belgidan iborat. sharhlar boshqariladi
Hech qanday izoh yo‘q. Siz birinchi bo‘lishingiz mumkin!
Кликните на изображение чтобы обновить код, если он неразборчив