Anafilaktik shok


Anafilaktik shok turli allergenlarning organizmga parenteral yo‘l bilan tushganida rivojlanadigan o‘ta og‘ir reaktiv holat bo‘lib, xush, yurak-qon tomir va nafas olish faoliyatining keskin buzilishi bilan namoyon bo‘ladi.


Anafilaktik shok, ko‘pincha, turli antibiotiklarni (shu jumladan, sifatsiz va muddati o‘tgan dori vositalarini) parenteral yo‘l bilan yuborganda ro‘y beradi. Turli emlashlar, zaharli hashoratlar va ilon chaqqanda ham anafilaktik shok rivojlanadi.


Klinikasi. Anafilaktik shok ko‘krak sohasining siqib kelishi va nafas bo‘g‘ilishi bilan boshlanadi. Parallel tarzda yoki biroz kech tanaga toshmalar toshadi, bosh aylanadi va kuchli xolsizlik rivojlanadi. Bemorning yuzini qo‘rquv va bezovtalik egallaydi, u xirillab tez-tez nafas ola boshlaydi va qisqa-qisqa yo‘tallar paydo bo‘ladi. Uning butun tanasi qizib titroq bosadi, yuz-ko‘zlari qizarib shishib ketadi, burni bitadi va rinoreya kuzatiladi. Epigastral sohada kuchli og‘riqlar vujudga keladi. Butun tanaga toshmalar toshib, uni qichima egallaydi. Anafilaktik shok rivojlangan sayin bemorning yuzi dokadek oqarib boradi va marmar tusga kiradi. Akrotsianoz rivojlanib, oyoq-qo‘llar muzlab qoladi. AQB keskin tushib ketadi, tomir urishi (puls) deyarli sezilmaydi. Bu paytda bemor xushdan ketgan bo‘ladi. O‘tkir tserebral gipoksiya sababli epileptik xurujlar ro‘y beradi. Bunday paytlarda bemor o‘lib qolishi mumkin. Biroz engil holatlarda engil bronxospazm, sinkope va teriga o‘tib ketuvchi toshmalar toshadi. Bu holatdan bemor tez chiqib ketadi.


Tez yordam. Zudlik bilan tez yordam ko‘rsatiladi. Birinchi navbatda allergiyani yuzaga keltirgan dori to‘xtatiladi. 


Zudlik bilan quyidagi muolajalar boshlanadi:



  1. Adrenalinning 0,1 % li 0,3-0,5 ml eritmasi teri ostiga qilinadi (og‘ir holatlarda v/i ga yuboriladi).

  2. Prednizolon 60-90 mg deksametazon 4-8 mg v/i ga qilinadi.

  3. Bronxospazmni bartaraf etish uchun 2,4 % li 10 ml eufillin venadan yuboriladi. Bu maqsadda salbutamol ingalyatsiyasini ham berish mumkin. 

  4. AQB ni ko‘tarish uchun vazopressorlar (dopamin, noradrenalin) qilinadi. Dopamin bir daqiqaga 200 mkg tezlikda v/i ga yuboriladi yoki 0,2 % li 1-2 ml noradrenalin 150-200 ml 5 % li glyukoza yoki natriy xloridning izotonik eritmasiga qo‘shib venadan bir daqiqaga 20 tomchi tezlikda qilinadi. Har 10 daqiqada AQB o‘lchab turiladi.

  5. Vazopressorlarni yuborishdan oldin tsirkulyatsiya qiluvchi qon xajmini oshirish kerak. Buning uchun reomakrodeks, reosorbilakt, natriy xlor kabi eritmalar 500-1000 ml miqdorda v/i ga tomchilatib yuboriladi.  

  6. Bemorning ahvoli ijobiy tomonga o‘zgarmasa va u xushiga kelmasa, kortikosteroidlar 30-60 mg prednizolon yoki 8-12 mg deksametazon v/i ga yana qilinadi.

  7. Agar anafilaktik shok turli hashoratlar chaqqanda rivojlansa, chaqqan joyga 0,1 % li 0,3 ml adrenalin qilinadi va o‘sha joydan tepa qisib bog‘lanadi.




Ctrl
Enter
Хато топдизнигзми?
Матнни танланг ва Ctrl+Enter тугмачаларини босинг
MUHOKAMALAR
Izohlarning minimal uzunligi 50 ta belgidan iborat. sharhlar boshqariladi
Hech qanday izoh yo‘q. Siz birinchi bo‘lishingiz mumkin!
Кликните на изображение чтобы обновить код, если он неразборчив
Qiziq maqolalar
"Ibodullayev ensiklopediyasi" bo‘limi bo‘yicha