STUPOR


Stupor (lot. stupor “qotib qolish”, “dong qotish”) – tashqi ta’sirotga javob reaktsiyasining butunlay so‘nishi va mutizm bilan namoyon bo‘luvchi qotib qolish. 
    Stuporning quyidagi turlari farqlanadi: 
  • katatonik
  • depressiv
  • reaktiv
  • Katotonik stupor og‘ir ruhiy kasalliklarda rivojlanadi va bemorning turli holatlarda butunlay qotib qolishi bilan namoyon bo‘ladi. U gapirmaydi (mutizm), og‘riqni sezmaydi, hech qanday harakat qilmaydi, ko‘zlari ochiq holatda bir nuqtaga tikilib qoladi. Tik holatda qotib qolgan bemor yiqilib ham tushmaydi, xuddi haykalga o‘xshab qotib turadi. Agar vrach bemorning muskullarini bukib-yozmoqchi bo‘lsa, buning uddasidan chiqa olmaydi. Chunki bemorda yuqori darajada muskullar gipertonusi kuzatiladi. Bemor bilan hech qanday muloqotga kirishib bo‘lmaydi, u o‘zining atrofida nimalar (o‘yin-kulgi, urush-janjal) bo‘layotganini sezmay qotib turaveradi yoki oyoq-qo‘llari va gavdasi bukilgan holatda yotaveradi. 
  • Katotonik stuporda ba’zan quyidagi negativ holatlar kuzatiladi: bemorni joyiga yotqizmoqchi yoki o‘rniga o‘tqazmoqchi bo‘lsangiz, u faol qarshilik ko‘rsatadi; oldidagi ovqat solingan idishni olmoqchi bo‘lsangiz, idishga yopishadi, yoniga yaqinlashsangiz, u sizdan uzoqlashadi yoki xonadan chiqib ketmoqchi bo‘lsangiz, u siz bilan muloqotga kirishishga harakat qiladi va h.k. Shuningdek, baland ovozda berilgan savolga javob bermagan bemorning qulog‘iga shivirlab gapirilsa, javob qaytaradi. Ba’zi bemorlar tunda o‘rnidan turib yuradi, o‘zini tartibga keltiradi, hojatxonaga borib keladi, hatto ovqatlanadi ham. So‘ngra to‘shakka kelib uxlab qoladi. Ertasi kuni o‘ziga kelsa va shu qilgan ishlarini aytib bersa, eslay olmaydi.
  • Depressiv stupor og‘ir endogen depressiyada kuzatiladi va bunda ham butunlay qotib qolish kuzatiladi. Bunday bemorning yuzida  depressiya va aziyat chekkanlik holati bilinib turadi.  Bemor bilan muloqotga kirishish mumkin, biroq u faqat monoton tovushda javob qaytaradi yoki boshini qimirlatib “ha-ha”, “yo‘q-yo‘q” qabilida javob qaytaradi. Bemor yotgan joyi va ust-boshiga umuman qaramay qo‘yadi, hammayoq besaranjom bo‘lib yotadi. Depressiv stupor ba’zida psixomotor qo‘zg‘alishlarga o‘tib ketadi. Bunday paytlarda bemor o‘ziga va atrofdagilarga tan jarohati etkazishi mumkin. Shuning uchun ham stupor holatiga tushgan bemorning yoniga bolalarni yaqinlashtirmaslik va uni darhol shifoxonaga yotqizish kerak.
  • Reaktiv (psixogen) stupor – og‘ir musibatlar yoki kuchli stressdan so‘ng sog‘lom odamlarda kuzatiladigan qotib qolish. Reaktiv stupor ham yuqorida ko‘rsatilgan belgilar bilan namoyon bo‘ladi, biroq jiddiy simptomlar kuzatilmaydi. Bu stupor, odatda,  bir kun ichida o‘tib ketadi.
      Tez yordam. Har qanday stuporda bemor zudlik bilan ruhiy kasalliklar shifoxonasi yoki boshqa shifoxonalarning tez yordam bo‘limiga yotqiziladi va nazoratga olinadi. Uning yonida doimo kuzatuvchi va parvarish qiluvchi odam bo‘lishi kerak. Chunki bemor o‘ziga kelganidan so‘ng joniga qasd qilishi mumkin. 
       Katotonik stuporda dastlab 20 % li 2 ml kofein eritmasi mushak ichiga qilinadi. Oradan 3-5 daqiqa o‘tgach, barbamilning 5 % li 5 ml eritmasi mushak ichiga yoki vena ichiga juda sekinlik bilan yuboriladi. Venaga yuborish tezligi 1 daqiqaga 1 ml dan oshmasligi kerak. Bemor o‘ziga kelgach (mimik reaktsiyalar paydo bo‘ladi, bir-ikki so‘zlar gapira boshlaydi), barbamil qilish to‘xtatiladi. Chunki barbamil ko‘p qilinsa, bemor uzoq uyquga ketishi mumkin. Neyroleptiklardan 2,5 % li 2 ml aminazin yoki 0,5 % li 2 ml (10 mg) frenolon yoki 1 % li 2 ml (20 mg) majeptil mushak ichiga yuboriladi. Albatta, bu dorilar bilan nafas olish markazlari faolligini so‘ndirib qo‘ymaslik kerak. Kuchli katotonik stuporda bemor insulin bilan gipoglikemik komaga tushirilishi mumkin. Depressiv stuporda ham barbamil va kofein qilinadi. Bemor o‘ziga kelgach, melipramin 200-300 mg ichishga beriladi yoki 1,25 % li 2 ml miqdorda mushak ichiga yuboriladi.   Reaktiv (psixogen) stuporda 0,5 % li 2 ml diazepam (seduksen, relanium) mushak ichiga qilinadi. So‘ngra 10-20 mg elenium yoki 3-5 mg fenazepam bir-ikki kun mobaynida ichishga tavsiya etiladi.



Manba: ©Z. Ibodullayev. Tibbiyot psixologiyasi. Darslik., 3-nashr., T.; 2019., 494b.  
           © Ibodullayev ensiklopediyasi., 2022 y; 
             ©asab.cc


Ctrl
Enter
Хато топдизнигзми?
Матнни танланг ва Ctrl+Enter тугмачаларини босинг
MUHOKAMALAR
Izohlarning minimal uzunligi 50 ta belgidan iborat. sharhlar boshqariladi
Hech qanday izoh yo‘q. Siz birinchi bo‘lishingiz mumkin!
Кликните на изображение чтобы обновить код, если он неразборчив