SEHRLI QO‘LLAR


2016 yil aprel oyi o‘rtalarida buvimning ahvoli og‘irlashib, reanimatsiyaga tushib qoldilar. Biz hammamiz zudlik bilan Buxoroga etib keldik. Buvim uzoq yillar yuqori qon bosim va demensiyadan aziyat chekardi. Yo‘tal ham ko‘p bezovta qilardi. Boz ustiga yiqilib tushib, chap sonlari ham singan. Buvimning og‘riqqa chida olmay tinmay baqirishlarini ko‘rib onam, xolamlar, mening ham yuragim ezilib ketdi. Nima qilish kerak? Reanimatologlar gormonlar, og‘riq qoldiruvchi va tinchlantiruvchi dorilar, miya va yurak faoliyatiga quvvat beruvchi dorilar yozib berishgan. Biroq hech bir dori buvijonimga yordam bermayapti, ahvollari battar og‘irlashayapti. Yoshlari 75 dan oshgan buvimning “Onajon, onajon” deb og‘riqqa chida olmay yordam so‘rab baqirishlarini ko‘rib, onam: “Onajon! Nima qilay, ayting, nima qilay” deb ko‘zlari to‘la yosh bilan onalarini bag‘ridan qo‘yib yubormasdilar.   Ikkita qo‘shni hamshira venaga tusha olmay uydan chiqib ketishdi. Chunki kon tomirni topib bo‘lmasdi. 
     Shu kuniyoq otam Toshkentdan zudlik bilan Buxoroga etib keldilar. Buvim bilan bog‘liq vaziyatni so‘radilar. So‘ngra ko‘zlarini yumib, dod solib, chalqanchasiga baqirib yotgan buvijonimning oldiga o‘tirdilar. Igna sanchilaverib ko‘karib ketgan qo‘llarini siladilar. Otam bir qo‘lini buvimning peshonasiga qo‘yib, ikkinchi qo‘li bilan ularning chap qo‘lini ushladilar. Buvimni sekin gapga solib: “Assalomu alaykum ayajon”! Buvim Otamga yuzlanib so‘niq ovozda “Voy o‘g‘ilginam, keldingizmi” dedilar-u, yana ko‘zlarini og‘riq kuchidan voy-voylab boshladilar. Otam sokin ovozda so‘zlay boshladilar: “Esingizdami, men Buxoroga kelganimda xursand bo‘lib, erta sahardan turib dasturxon tuzardingiz! Ko‘chaga chiqib, tandirda yopilgan issiq non va bir kosa Buxoro qaymog‘idan olib kelardingiz. Ikkalamiz balkonda o‘tirib rosa gurunglashib, issiq nonni qaymoqqa botirib erdik...”. 
    Otamning bu gaplaridan dod-voylab yotgan buvim birdan jimib qoldilar. Otam so‘zlashda davom etdilar: “Esingizdami, siz Olmaxon Hayitovani juda sevib tinglardingiz. Uning qaysi qo‘shiqlari sizga yoqardi?” deb so‘radilar. Buvim bo‘lsa “Onam derman” degan qo‘shig‘i” deb yubordilar. Bir necha soatdan buyon og‘riqqa chida olmay dod-voylab yotgan buvijonimning tinchib qolgani, boz ustiga so‘zlay boshlaganiga oyijonim xursand bo‘lib ketdi. 
    Dadam buvim bilan Toshkentda bo‘lib o‘tgan shirin onlarni, qiziqarli voqealarni, tog‘ yonbag‘riga dam olgani chiqqanlarini buvimga eslatishda davom etdilar. Biroq biror marta ham “Hozir og‘rig‘ingiz qoladi, tinch uxlang” degan so‘zlarni ishlatmadilar. Dadam kasallik haqida umuman og‘iz ochmadilar. Buvim 10 daqiqa o‘tar-o‘tmay ravon nafas olib, tinchgina uxlab qoldilar. Oyijonim, xolamlar va men bu holatdan hayratda qoldik. Oyijonimning quvonchi cheksiz edi. Katta xolam: “Yana, nima qildingiz? Gipnoz qildingizmi?” dedi hayrat to‘la ko‘zlari bilan dadamga boqib. Dadam: “Ko‘rdinglar-ku, hech narsa qilganim yo‘q. Ayam bilan yaxshi onlarni bir esladik, xolos”, dedilar kulib. Dilbar xolam: “Kelinglar, yoshlik davrlarni biz ham bir eslaylik” deb uydan dasta-dasta rasm to‘la albomlarni olib chiqdilar. Dadam, oyim, xolamlar buvim yotgan xonada yoshlik davrlarida tushgan rasmlarni ko‘rib, kulishib, suhbatlashib o‘tirishdi. Xonadagi shovqin buvimga sira ta’sir qilmasdi. Chunki ular qotib uxlab qolgandilar. Hamma xursand! 
    “Bo‘lajak nevrolog sifatida men dadamga qarab: “Adajon, rostdan ham gipnoz ishlatmadingiz! Bor yo‘g‘i qo‘lingizni buvimning peshanasiga qo‘yib suhbatlashdingiz, xolos. Nima uchun ham og‘riqlar qoldi, ham buvim uxlab qoldilar? Haliyam uxlayaptilar” deb so‘radim. Dadam: “To‘g‘ri, bu erda gipnoz ishlatmadim. Men miyani patologik fikrlashdan fiziologik holatga o‘tkazishga harakat qildim. Miyani bir necha oylar, balkim yillardan buyon egallab olgan patologik signallardan tozaladim. Hayotda haqiqatan ham bo‘lib o‘tgan shirin onlarni qayta uyg‘otdim va ularni buvingning miyasiga qayta joyladim, o‘g‘lim. Buning natijasida miya o‘zi uchun zarur bo‘lgan tinchlantiruvchi mediatorlarni qayta sintez qila boshladi va buving shirin uyquga ketdi” dedilar kulib.    “Dadajon, baribir sizning qo‘llaringiz sehrli! Men ham sizga o‘xshagim keladi” dedim dadamni kuchib. 
                                                                                                                                                           Azizjon     Ibodullaev


Manba: © Z. Ibodullayev. Asab va ruhiyat., 4-nashr. Ilmiy-ommabop risola. T, 311 b. 
             © Ibodullayev ensiklopediyasi
                 © asab.cc


Ctrl
Enter
Хато топдизнигзми?
Матнни танланг ва Ctrl+Enter тугмачаларини босинг
MUHOKAMALAR
Izohlarning minimal uzunligi 50 ta belgidan iborat. sharhlar boshqariladi
Hech qanday izoh yo‘q. Siz birinchi bo‘lishingiz mumkin!
Кликните на изображение чтобы обновить код, если он неразборчив