SIL MENINGITI


Etiologiyasi va epidemiologiyasi. Sil meningiti chaqiruvchisi – mycobacterium tuberculum, ya’ni Kox tayoqchalari. Bu kasallik birlamchi o‘choqlardan Kox tayoqchalarining gematogen yo‘l orqali miya pardalariga etib kelishi sababli rivojlanadi. Birlamchi sil o‘choqlari, asosan, o‘pka va limfatik tugunlarda joylashadi. Ayniqsa, o‘pka sili bilan kasallangan bemorda meningit ko‘p rivojlanadi. Demak, sil meningiti ikkilamchi meningitlar sirasiga kiradi.   Ba’zida birlamchi o‘choqni aniqlash o‘ta mushkul.
     Sil meningiti ko‘p tarqalgan infektsion kasalliklar sirasiga kiradi. Bu esa sil infektsiyasining aholi orasida ko‘p tarqalganligi bilan bog‘liq. Sil infektsiyasi iqtisodiy mavqei qanday bo‘lishidan qat’i nazar, barcha davlatlarda keng tarqalgan. Masalan, rivojlangan davlatlarda OITS, giyohvandlik va ichkilikbozlikning ko‘p tarqalganligi, kam kaloriyali parhezga haddan ziyod berilish (semirib ketmaslik uchun) va aholi migratsiyasi – sil infektsiyasi tarqalishining asosiy sabablaridan biri. Sil meningiti bilan bolalar ko‘p kasallanishadi. Biroq kattalar orasida ham bu kasallik ko‘payib bormoqda.    Ayniqsa, sigaret chekuvchilar, alkogolizm, giyohvandlik, OITS bilan kasallanganlarda sil meningiti juda ko‘p kuzatiladi. Shuningdek, surunkali kechuvchi infektsion-allergik kasalliklar bilan og‘riydiganlarda ham sil meningiti ko‘p uchraydi.
    Patogenezi va patomorfologiyasi. Markaziy nerv sistemasiga tushgan sil infektsiyasi, asosan, bosh miyaning yumshoq pardasi va miya qorinchalarining ependimal qavatini zararlaydi. Ammo seroz tipdagi asosiy yallig‘lanish jarayoni yumshoq parda va uning qon tomirlarida kechadi. Yumshoq pardada juda ko‘p miliar tugunchalar vujudga keladi, subaraxnoidal bo‘shliqqa esa seroz-fibroz ekssudatlar yig‘iladi. Miliar tugunchalar ko‘pincha miya pardalarining bazal qismi va Silviy egatchasida joylashadi. Ayniqsa, kranial nervlar atrofida joylashgan fibrozli-ekssudativ yallig‘lanish jarayoni kranial nervlar bilan chandiqlar hosil qiladi. Miyaning yumshoq pardasida aniqlangan deyarli barcha miliar tugunchalar qon tomirlar atrofida joylashadi. Bu esa Kox tayoqchalarining miya pardalariga gematogen yo‘l bilan tarqalishini ko‘rsatadi. Bosh miyaning konveksital yuzasida miliar tugunlar kam uchraydi va ular ham qon tomirlar atrofi bo‘ylab joylashadi. Miliar tugunchalar turli hajmda, ya’ni mikroskop ostida ko‘rinadigan darajada kichik yoki bug‘doy doni darajasida katta bo‘ladi. Miliar tugunchalarning rangi ham turlicha, ya’ni ba’zilari kulrang, boshqalari sariq tusda. Yangi paydo bo‘lgan yoki parchalanmagan tugunchalar kulrang, parchalangan tugunchalar esa sariq tusda bo‘ladi. Ma’lumki, aksariyat tugunchalar kazeoz parchalanishga uchrab turadi.
      Kasallikning faol yallig‘lanish davri ko‘p miqdorda ekssudatlar hosil bo‘lishi bilan kechadi. Bosh miyaning yumshoq pardasi tiniqligini yo‘qotadi, qalinlashadi va uning turli joylarida kulrang-sariq ekssudat to‘plamlari aniqlanadi. Xuddi shunday o‘zgarishlar miya qorinchalarining ependimal qavati va xorioidal chigallarida ham kechadi. Ushbu to‘qimalarni mikroskop ostida tekshirganda hujayralarning diffuz infiltratsiyasi aniqlanadi. Infiltratsiya, asosan, limfotsitlar va makrofaglardan iborat. Qon tomirlar ham reaktiv tarzda o‘zgaradi, ularning devorlari qalinlashadi va mo‘rtlashadi. Ba’zi joylarda perdiapedik gemorragiyalar paydo bo‘ladi. Mayda tomirlarda esa obliteratsiyalar rivojlanib, ishemik o‘choqlarni yuzaga keltiradi.
      Patologik jarayon yumshoq parda bilan chegaralanib qolmasdan, araxnoidal pardaga ham o‘tadi. Bu ikkala parda orasida paydo bo‘lgan fibrozli chandiqlar likvor yo‘llariga to‘siq bo‘lib, uning aylanishini buzadi. Yumshoq pardadagi patologik o‘zgarishlar, albatta, bosh miyaning po‘stloq sohasiga ham tarqaydi. Miliar o‘choqlar nafaqat po‘stloq, balki po‘stlog‘osti sohalari, miya ustuni, kranial nervlar atrofi va miyachada ham vujudga keladi. Miliar o‘choqlar keyinchalik birlashib, yirik o‘choqlarni hosil qiladi. Bunday yirik o‘choqlarga tuberkulema deb ataladi. Bugungi kunda tuberkulemalar juda kam uchraydi va bu holat sil kasalligini faol davolash bilan bog‘liq.
     Klinikasi. Aksariyat meningitlardan farqli o‘laroq, sil meningiti asta-sekin rivojlanadi. Klinik simptomlarning shakllanishida 2 davr farqlanadi: prodromal va meningeal simptomlar shakllanishi davri. Kasallikning prodromal davri umumiy somatik belgilar bilan boshlanadi. Bemor bosh og‘rig‘i, umumiy holsizlik va tez charchab qolishidan shikoyat qiladi. Uning ishtahasi yo‘qoladi, jizzaki bo‘lib qoladi, oza boshlaydi va ko‘p uxlayveradi. Bemor qorong‘i va shovqinsiz joyda uxlashni xush ko‘radi, sal shovqinga tez uyg‘onib ketadi. Tananing turli joylarida uvishish va og‘riqlar paydo bo‘ladi. Aksariyat hollarda ko‘p terlash kuzatiladi.
     Kasallik bolalarda ham xuddi shunga o‘xshash belgilar bilan boshlanadi. Bola “sababsiz” ko‘p yig‘laydigan va injiq bo‘lib qoladi, o‘yinchoqlar bilan qiziqmay qo‘yadi, yugurib o‘ynay olmaydi, tez charchaydi, yiqilib tushaveradi, holsiz bo‘lib terlaydi. Bola ovqatlanishdan umuman bosh tortadi, egan ovqatini qusib tashlaydi va oza boshlaydi. Uning rangi sarg‘ish yoki jigarrang tusga kiradi. Bunday bolalar og‘ir bemorni eslatadi va har doim ham ularda sil meningiti rivojlanayotganligini bilib bo‘lmaydi. Ba’zida bir martalik tutqanoq xurujlari kuzatiladi.
      Meningeal simptomlar paydo bo‘lishi kasallikning prodromal davri tugaganligidan dalolat beradi. Kasallikning prodromal davri, odatda, 2–4 hafta davom etadi. Ammo bolalarda bu davr ancha qisqarishi mumkin. Tana harorati 39°S dan oshmaydi. Meningeal simptomlar engilroq ifodalangan bo‘ladi. Asosan, ensa mushaklari rigidligi va Kernig simptomi aniqlanadi. Keksa bemorlarda meningeal simptomlar aniqlanmasligi ham mumkin.
    Patologik jarayon miya pardalarining bazal qismida ko‘proq joylashganligi bois kranial nervlar zararlanishi ko‘p uchraydi. Ko‘pincha ko‘ruv nervi va ko‘zni harakatlantiruvchi nervlar zararlanadi, bemorda anizokoriya, ambliopiya, g‘ilaylik, ptoz va diplopiya kabi simptomlar paydo bo‘ladi. Oftalmologik tekshiruvlar ko‘ruv nervi atrofiyasi va ko‘z tubi dimlanishini ko‘rsatadi. Kam hollarda yuz nervining periferik falajligi kuzatiladi. Bulbar guruh nervlari deyarli zararlanmaydi. Bemorda engil ko‘rinishda markaziy falajlik (ko‘pincha, monoparez) va tserebral tipda sezgi buzilishlari (ko‘pincha, monogipesteziya) aniqlanadi.
      Bu kasallikda Jekson tipidagi tutqanoq xurujlari ham ro‘y beradi. Biroq ular kam uchraydi. Chunki bosh miyaning konveksital yuzasida sil o‘choqlari kam kuzatiladi. Tutqanoq xurujlari kuzatilishi, asosan, miyaning po‘stloq markazlarida miliar o‘choqlarning faol paydo bo‘lish davriga to‘g‘ri keladi. Har bir xurujdan so‘ng markaziy falajlik belgilari kuchayishi mumkin. Qorinchalarning ependimal qavati ham zararlanganligi bois sil meningitida doimo IKG aniqlanadi. Biroq kuchli ifodalangan IKG sil meningiti uchun xos emas.
Bemorda yurak-qon tomir faoliyati ham o‘zgaradi. Dastlab bradikardiya kuzatiladi, keyingi bosqichlarida taxikardiya rivojlanadi. AQB ko‘pincha past bo‘ladi va kam holatlarda ko‘tarilishi mumkin.
     Bemor hushini yo‘qotmaydi. Lekin bemor juda zaiflashib qolganligi bois, O‘RI bilan tez-tez kasallanib turadi. Tana haroratining yanada ko‘tarilishiga sabab bo‘luvchi o‘tkir virusli infektsiyalar patologik jarayonni faollashtirib yuboradi. Bunday vaziyatlarda bemorning ahvoli og‘irlashib, u hushini yo‘qota boshlashi va komaga tushishi mumkin. Bu holat, odatda, kasallikning so‘nggi bosqichlarida kuzatiladi. Kasallikning so‘nggi bosqichlarida meningeal simptomlar kuchayadi, bemor juda ozib ketadi. Uning to‘shakda yotishi xuddi saraton kasalligining so‘nggi bosqichini eslatadi. Bemorning boshi orqaga qayrilgan, ko‘zlari chaqchaygan, oyoq-qo‘llari qorin tomonga bukilgan bo‘lib, to‘shakda yonboshlab yotadi.
     Tashxis. Tashxis kasallik anamnezi, klinikasi, laborator va instrumental tekshiruv natijalariga asoslanib qo‘yiladi. Kasallikning prodromal davrida tashxis qo‘yish ancha qiyin. Chunki bu davrda sil meningitiga xos belgilar kuzatilmaydi. To‘g‘ri tashxis ko‘pincha meningeal belgilar vujudga kela boshlagach qo‘yiladi. Meningeal simptomlar nimo‘tkir tarzda paydo bo‘la boshlasa va ular engil ifodalangan bo‘lsa, tana harorati 39°S dan oshmasa, bemorda sil meningiti bo‘lish ehtimoli juda yuqori. Likvorda sil halqasining paydo bo‘lishi va qand miqdorining pasayib ketishi tashxisga gumon tug‘dirmaydi.
       Tashxis qo‘yishda likvorologik tekshiruvlar ahamiyati juda katta. Likvor bosimi 300–500 mm. suv ust. ga oshadi. Likvor rangi, asosan, tiniq va kam hollarda engil darajada loyqalangan bo‘ladi. Hujayralar soni neytrofillar va limfotsitlar hisobiga ko‘payadi. Odatda, 1 mkl likvorda 400–500 hujayra aniqlanadi. Hujayralar kasallikning dastlabki kunlari neytrofillar hisobiga oshgan bo‘lsa, keyinchalik limfotsitlar hisobiga ko‘payadi. Oqsil miqdori oshib, 5–10 g/l ga etadi. Qand miqdori esa keskin kamayadi.
     Probirkaga olingan likvorning yuzasida fibrin pardaning aniqlanishi sil meningiti uchun juda xos bo‘lib, bu holat boshqa etiologiyali meningitlarda kuzatilmaydi. Fibrin pardani aniqlash uchun probirkaga olingan likvorni 10–12 soatga qorong‘i va salqin joyga qo‘yish kerak. Shu muddat o‘tgach, likvorning yuzasida fibrin tolalardan iborat yupqa parda hosil bo‘ladi. Fibrin parda qorong‘i joyda probirkaga yorug‘lik tushirganda yaqqol ko‘rinadi. Bu paytda probirkani qimirlatib yubormaslik kerak. Agar probirkani qimirlatib yuborilsa, fibrin parda parchalanib, probirka tagiga cho‘kadi.
     Qon analizi likvor analizi kabi sil kasalligiga xos ma’lumotlar bera olmaydi. Qonda eozinofiliya, limfopeniya yoki engil leykotsitoz kuzatilishi mumkin. EChT biroz oshadi.
      Davolash. Sil meningiti aniqlangan bemor zudlik bilan sil kasalliklari shifoxonasining maxsus bo‘limiga yotqiziladi. Birinchi navbatda, izoniazid, rifampitsin, parazinamid va etambutol tavsiya qilinadi. Dorilar dozasi tana vaznidan kelib chiqqan holda tanlanadi va kuniga bir mahal beriladi. Bolalarga izoniazid 1 kg tana vazniga 15–20 mg, kattalarga – 5 mg, rifampitsin bolalarga xuddi shu dozada, kattalarga – 10 mg, pirazinamid bolalarga – 30 mg, kattalarga – 15–30 mg miqdorda beriladi.
Silga qarshi beriladigan dorilar dozasini tanlashda ushbu jadvaldan foydalanish mumkin (2-jadval).

                                                                                                                         2-jadval
                        Sil kasalligiga qarshi beriladigan asosiy dorilar

Nomi
              Bir kunlik dozasi, mg
          Kattalarga
          Bolalarga
Izoniazid
300
500
Rifampitsin
600
500
Parazinamid
2000
1500
Etambutol
            Bir kg tana vazniga 15 mg
Streptomitsin
      Kuniga 1 g dan m/i ga inektsiya qilinadi.


Izoh. Dorining kunlik dozasi to‘q qoringa bir mahal beriladi.

    Bemor silga qarshi dorilarning kamida uchtasini birato‘la iste’mol qilishi kerak. Masalan, izoniazid, rifampitsin va streptomitsinni birato‘la tavsiya qilish mumkin. Bemor bu dorilarni 2–3 oy mobaynida qabul qiladi. Keyin ulardan bittasi, odatda, streptomitsin olib tashlanadi. Chunki u eshituv nervi va buyraklarga zararli ta’sir ko‘rsatadi. Bemor qolgan 2 ta dorini, ya’ni izoniazid va rifampitsinni 6–12 oy mobaynida qabul qiladi. Bu muddat o‘tgach, ushbu dorilardan bittasini bemor doimo qabul qilib yuradi. Uni qachon to‘xtatish klinik va laborator ko‘rsatkichlarga hamda yuzaga kelgan asoratlarga qarab belgilanadi.
    Silga qarshi beriladigan dorilar vitaminlar, ayniqsa, piridoksin etishmovchiligini yuzaga keltiradi. Shuning uchun ham bemorga V6 vitamini kuniga 30–60 mg miqdorda tavsiya etiladi. Silga qarshi beriladigan dorilar polinevropatiya, entsefalopatiya, psixoz, trombositopeniya, karlik, artralgiya, gepatit, nefrit, allergiya va ba’zida tutqanoq xurujlari kabi asoratlar beradi.
       Sil meningiti IKG va miya shishi bilan namoyon bo‘lsa, kortikosteroidlar tavsiya qilinadi. Bu maqsadda kuniga 24 mg deksametazon yoki 1 kg tana vazniga 1 mg prednizolon qilinadi. Qolgan dori vositalari bemorda paydo bo‘lgan nevrologik va somatik simptomlarga qarab tanlanadi.
     Asoratlari. Bir-ikki yildan so‘ng bosh miyada tuberkulema rivojlanish xavfi bor. Bundan tashqari, silga qarshi beriladigan dorilarning nevrologik va somatik asoratlari ham bor.
      Prognoz. Davolash qancha erta boshlansa, prognoz shuncha yaxshi. Davolash kech boshlansa, dorilarni qabul qilish erta to‘xtatilsa yoki etarli miqdorda qabul qilinmasa, tuzalish cho‘zilib ketadi va aksar hollarda o‘lim bilan tugaydi.



Manba: © Z. Ibodullayev. Asab kasalliklari. 2-nashr. Darslik, Toshkent, 2021., 960 b. 
             © Z. Ibodullayev. Umumiy nevrologiya. Darslik. Toshkent, 2021., 312 b. 
             © Ibodullayev ensiklopediyasi
              © asab.cc


Ctrl
Enter
Хато топдизнигзми?
Матнни танланг ва Ctrl+Enter тугмачаларини босинг
MUHOKAMALAR
Izohlarning minimal uzunligi 50 ta belgidan iborat. sharhlar boshqariladi
Hech qanday izoh yo‘q. Siz birinchi bo‘lishingiz mumkin!
Кликните на изображение чтобы обновить код, если он неразборчив