NEVROZ VA UNING TURLARI
Zarifboy Ibodullaev, Toshkent tibbiyot akademiyasi
«Nevroz» atamasi 1776 yili shotlandiyalik vrach Kellen tomonidan taklif qilingan. O‘sha davrda nevrozga quyidagicha ta’rif berilgan: bu kasallikda tana harorati ko‘tarilmaydi, biron-bir a’zo zararlanmaydi, tanada lat egan joylar bo‘lmaydi, biroq bemorning asabi buzilgan bo‘ladi. Keyinchalik nevrozga turlicha ta’riflar berildi va uning bir qancha tasniflari yaratildi.
Barcha asab kasalliklari organik va funktsional turlarga ajratiladi. Nerv to‘qimalarida morfologik o‘zgarishlar bilan kechuvchi kasalliklarga organik, asab sistemasi funktsiyasi buzilishi bilan kechuvchi kasalliklarga funktsional kasalliklar deb aytiladi. Hozirgi kunda nevrozlarga asab sistemasining funktsional kasalligi sifatida qaraladi. Ba’zi olimlar bu fikrga qo‘shilishmaydi va nevrozlarda aniqlangan turli metabolik va engil organik buzilishlarni bunga misol qilib ko‘rsatishadi. Ularning fikricha, engil organik simptomlar nevrozlar uchun ham xos. Biroq, bu organik va metabolik buzilishlar nevroz sababli paydo bo‘lganmi yoki avval o‘tkazilgan kasallik yoki metabolik sindromlar asoratimi, bunga aniq javob berish ancha mushkul.
Shunday qilib, nevrozga qanday ta’rif berish mumkin? Nevroz asab sistemasining funktsional kasalligi bo‘lib, odamga ruhiy jarohat etkazuvchi tashqi va ichki omillar natijasida rivojlanadi. Demak, nevroz psixogen kasallik. Nevrozda aniq ifodalangan morfologik buzilishlar bo‘lmasa-da, uning aksariyat turlarida vegetativ belgilar kuzatiladi. Nevroz belgilari uzoq yoki qisqa vaqt davom etishidan qat’i nazar, bemorlarni samarali davolash mumkin. Biroq, bu davolash jarayoni ba’zan uzoq davom etadi.
Nevrozning 3 turi farqlanadi: nevrasteniya (tom ma’noda nevroz), isteriya, miyadan ketmaydigan fikrlar.
Nevrasteniya
Nevrasteniya (yun. neuron – nerv, astenia – zaiflik) asab zaifligi degan ma’noni anglatadi. Nevrasteniya asabning ortiqcha zo‘riqishidan kelib chiqadi. Tez asabiylashadigan odamlar nevrasteniyaga tez chalinishadi. Aqliy va jismoniy mehnatning nomutanosibligi ham nevrasteniya rivojlanishiga sababchi bo‘ladi. Doimiy hissiy zo‘riqishlar, yaqin kishisidan judo bo‘lish, oila va ishxonadagi kelishmovchiliklar, doimiy qo‘rquv va xavotir nevrasteniya rivojlanishiga turtki bo‘ladi. Nevrasteniyaning oila a’zolarida uchrashi uning rivojlanishida nasliy omillarning ahamiyatini ham ko‘rsatib beradi. Yosh bolalarda nevrasteniyaning rivojlanishiga uni o‘rab turgan muhit, ayniqsa, ota-ona orasidagi janjallar sababchi bo‘ladi. Bolalik davrida olingan ruhiy jarohatlar ham bundan mustasno emas.
Nevrasteniya nafaqat jahldor odamlar, balki o‘ta andishali odamlarda ham rivojlanadi. Andishali odam janjal chiqqanda hissiyotga zo‘r bermaslikka va o‘zini boshqarib turishga harakat qiladi, birovning ko‘nglini og‘ritib qo‘ymay deydi. Bu holatlar ham nevroz rivojlanishiga turtki bo‘ladi. Shuningdek, vitaminlar etishmovchiligi, kamqonlik, surunkali va og‘ir kasalliklar ham nevrasteniyaga olib kelishi mumkin.
Nevrasteniyaning klinikasi turli-tuman bo‘lib, ular ichida tez-tez asabiylashish, jahldorlik, uyqu buzilishi, bosh og‘rishi, bosh aylanishi, umumiy holsizlik, yurak urib ketishi, parishonxotirlik, aqliy va jismoniy mehnat faoliyatining pasayishi kabi simptomlar ko‘p uchraydi.
Nevrasteniyada davolash muddati va natijasi ko‘proq uning to‘g‘ri olib borilishiga bog‘liq. Davolashni boshlashdan oldin nevrasteniyaga olib keluvchi sabablar aniqlanishi va ular iloji boricha bartaraf etilishi kerak. Asosiy sabablar bartaraf qilinganda, aksariyat bemorlarda davolashni davom ettirishga hojat ham qolmaydi, ular tuzalib ketishadi. Lekin ba’zi hollarda nevrasteniyaning sababini aniqlash va uni bartaraf etish ancha mushkul.
Bemorning oilaviy ahvoli va ishlash sharoiti bilan tanishib, unga dam olib ishlash, ish soatlarini qisqartirish, ovqatlanish tartibiga rioya qilish, teatr va kinolarga borib turish tavsiya etiladi.
Nevrasteniyada bemorlarni davolash uchun juda ko‘p dori-darmonlar bo‘lib, ularni tanlashga individual yondashish kerak. Bu maqsadda turli trankvilizatorlar, sedativ dorilar va psixostimulyatorlardan foydalaniladi. Dorilarning aksariyati sedativ ta’sirga ega bo‘lganligi bois, ularni ishlab yurgan bemorlarga tavsiya qilib bo‘lmaydi. Rivojlangan davlatlarda nevrozni davolash bilan nevrologlar emas, asosan psixologlar (psixoanalitiklar) shug‘ullanishadi. Xuddi psixosomatik sindromlarni davolashda ishlatiladigan psixodinamik terapiya nevrozlarni davolashda keng qo‘llaniladi. Freyd nazariyasining yaratilishiga ham nevrozlarni davolashga urinish turtki bo‘lgan. Shuningdek, bemorlarga umumiy massaj, igna bilan davolash, ertalabki badantarbiya va sportning o‘ziga ma’qul turlari bilan shug‘ullanish ham tavsiya etiladi. Yilda bir marta sihatgohlarda dam olib turish ham o‘ta foydalidir.
Isterik nevroz (Isteriya)
Isteriya – yun. histeria – bachadon degan ma’noni anglatadi. Bu kasallik belgilari haqida qadimgi risolalarda ko‘p yozilgan va uni dastlab bachadon funktsiyasi bilan bog‘lashgan. Chunki isteriyani, asosan, ayollarda kuzatishgan. Keyinchalik isterik buzilishlar erkaklarda ham aniqlangan bo‘lsa-da, uning avvalgi nomi saqlanib qolgan. Isteriya nevrozning boshqa turlari kabi keng tarqalgan kasallik. Bu kasallik, asosan, yoshlik davrida va ko‘proq ayollarda kuzatiladi. Uning ning kelib chiqishida xulq-atvorning bolalikdan isterik tarzda shakllanishi katta ahamiyat kasb etadi.
Ortiqcha ta’sirlanish, har narsaga haddan tashqari e’tibor berish, mustaqil fikrlay olmaslik, ortiqcha ishonuvchanlik, rang-barang his-tuyg‘ularga berilish isteriya uchun juda xos belgilar. Ular ruhan va jismonan zaif kishilardir. Ko‘pchilik isterik bemorlar fe’l-atvori bolalar fe’l-atvoriga o‘xshab ketadi. Bunday bemorlar uchun atrofdagilar diqqatini o‘ziga jalb etish xos. Isterik buzilishlar faqat nevrozlarda emas, balki psixopatiyalarda ham kuzatiladi. Isterik nevroz simptomlari, aksariyat hollarda xilma-xil kasalliklar alomatlarini eslatadi. Shu bois ham isteriyani «katta mug‘ombir» deb atashadi. Ularda barcha somatik kasalliklarga xos belgilarni kuzatish mumkin, aslida esa bu somatik kasalliklar ularda aniqlanmaydi.
Isterik nevrozning turlari xilma-xil. Ularning barchasi, odatda, ruhiy jarohatdan (ayniqsa, janjal va xafagarchilikdan) so‘ng paydo bo‘ladi.
Endi isteriyaning keng tarqalgan turlari bilan tanishib chiqamiz.
Es-hushning kirdi-chiqdi bo‘lib qolishi. Birdan boshlanadigan va aksariyat hollarda tez tugallanadigan holat bo‘lib, bunda bemor atrofdagilarga befarq bo‘ladi, qaerda ekanligini fahmlay olmaydi, hozir soat nechaligini, o‘zi nima qilayotganini bilmaydi. Bu holat bir necha daqiqadan bir necha soatgacha davom etishi mumkin. Es-hushning isterik torayishida bemor atrofda sodir bo‘layotgan voqealardan qisman voqif bo‘lsa-da, bo‘lib o‘tgan hodisalarni eslab qola olmaydi.
Isterik fuga (lot. fuga qochish). Bunda bemor janjal yoki boshqa bir ruhiy jarohatdan so‘ng to‘satdan uy, ishxona yoki boshqa joydan qochib chiqib ketadi, uning xatti-harakatlari maqsadsiz bo‘ladi, vaziyatni tushunmaydi va atrofda nimalar sodir bo‘layotganini fahmlamaydi. Ammo, chetdan qaraganda, boshqa birovlarga uning yurish-turishi maqsadga muvofiqdek ko‘rinadi. Arzimagan urush-janjaldan so‘ng bunday shaxslar, hatto, boshqa shaharga ham ancha vaqtga ketib qolishadi. Keyinchalik bemor o‘zi bilan nimalar sodir bo‘lganini eslay olmaydi yoki qisman eslaydi. Ammo gipnoz holatida sodir bo‘lgan voqealarning barchasini eslatish mumkin.
Isterik shaxslarda uchrab turadigan yana bir sindrom – bu Ganzer sindromidir. U odatda, o‘tkir rivojlanadi, ruhiy jarohatdan so‘ng to‘satdan boshlanadi. Bu sindromning asosiy belgisi aql bovar qilmaydigan tuturuqsiz harakatlardir. Bunday bemorlar eng oddiy savollarga ham tuturuqsiz javob berishadi. Masalan, «Ikki karra ikki necha bo‘ladi», deb so‘ralsa, bemor oliy ma’lumotli bo‘lishiga qaramay, «Besh» deb javob beradi yoki qo‘lda nechta barmoq bor desa, xohlagan sonni aytadi. Uning belgilari dementsiyani eslatadi, biroq bu psevdodementsiyadir. Dementsiya belgilari, odatda, zo‘rayib borsa, isterik «dementsiya» belgilari bir necha kun ichida o‘tib ketadi.
Ruhiy jarohat g‘oyat kuchli bo‘lganda odatda isterik stupor rivojlanadi. Bunday paytlarda bemor tamomila harakatsiz bo‘lib qoladi, indamaydi va atrofga befarq bo‘ladi, yuzida aziyat chekkan ifoda paydo bo‘ladi. Bu holat bir necha soat yoki kun davomida o‘tib ketadi. Davolash muolajalari o‘tkazilmasa, bir necha oylab davom etadi.
Puerilizm – kattalarda kuzatiladigan bolalar xatti-harakatini eslatuvchi holat. Bolalarga xos bo‘lgan qiliqlar, boladek ingichka tovush chiqarib gapirish, ko‘zlarni katta-katta qilib ochish, kipriklarni pirpiratish, birov gapirganda, og‘zini ochib turish puerilizm uchun juda xos. Bemor shu qilig‘i bilan boshqalarning diqqatini o‘ziga jalb etadi. Ammo, bundan oldin orttirilgan ko‘nikmalari saqlangan bo‘ladi.
Isterik buzilishlarning yana bir turi – bu isterik depressiya. Bunda bemor o‘ta past kayfiyatda bo‘ladi va bu qilig‘i bilan atrofdagilar diqqatini o‘ziga jalb etishga intiladi, ularni o‘ziga rahmdil bo‘lishga chaqiradi. U naqadar og‘ir ahvolda ekanligiga boshqalarning e’tibor berishlarini xohlaydi va hokazo.
Isterik tutqanoq xuruji ham keng tarqalgan simptomlardan biridir. Isteriyada kuzatiluvchi tutqanoqlar har xil va ularning epilepsiyada kuzatiladigan haqiqiy tutqanoqlardan farq qiladigan tomoni ko‘p. Isterik tutqanoq hech qachon bemor yolg‘iz qolganda ro‘y bermaydi, chunki unga doim tomoshabinlar kerak. Xuruj tutganda, bemor birdan erga yiqilib, mushaklari tortishadi va talpina boshlaydi, lekin boshi bilan qattiq narsalarga urilmaydi. Bemor isterik xuruj paytida o‘ziga qulay joy topib, biror joyiga qattiq shikast etkazmasdan yiqiladi. Bu paytda u yoy singari egiladi. Bu holat isterik yoy deb ataladi. Bunday fe’l-atvor ko‘pgina injiq va erka bolalarga xos. Masalan, onasi yangi o‘yinchoq olib bermaganda, bola do‘konda uning oyog‘i tagiga yiqilib, qo‘l va oyoqlarini tapillataveradi, goho boshini erga urib qattiq chinqirab yig‘laydi. Agar qo‘rqib ketgan ona bolasi so‘ragan o‘yinchoqni olib bersa, bola shu zahoti tinchlanadi. Bu odat keyinchalik voyaga etgan yoshda ham namoyon bo‘lishi mumkin.
Isterik xurujda mushaklar tortishuvi (buni xalq orasida tomir tortishuvi deb atashadi) har doim ham kuzatilavermaydi va xilma-xil bo‘ladi. Ularda soxtalik va atayinlik seziladi. Masalan, bemor kishi go‘yo uni kimdir urmoqchi bo‘lgandek, yuzini qo‘li bilan berkitadi, qichqirib yuboradi, xo‘rsinib yig‘laydi va hokazo. Isterik tutqanoqda bemorning es-hushi joyida va tevarak-atrofga idroki saqlangan bo‘ladi. Masalan, xuruj tutganini birov mazax yoki kalaka qilgudek bo‘lsa, bemor darhol xurujni to‘xtatib o‘rnidan turib ketadi. Xuruj paytida bemor epilepsiyada bo‘lgani kabi tilini tishlab olmaydi va bexosdan siyib yubormaydi.
Xafaqon kasalligi xuruji yoki yurak xurujini eslatuvchi isterik tutqanoqlar ham ko‘p kuzatiladi. Yurakning tez-tez urishi, bosh aylanishi, ko‘ngil aynishi va hushni yo‘qotish bilan kechadigan vegetativ xurujlar ana shular jumlasidandir. Xuruj paytida bemor boshdan-oyoq titraydi va «hamma erim qaqshab og‘riyapti», deb noliydi. Me’da spazmi bilan kechuvchi xurujlarda qorinda kuchli og‘riq paydo bo‘ladi, bemor to‘lg‘anib yotib oladi va qayt qiladi.
Isterik nevrozda turli xil falajliklar ham ro‘y beradi. Isterik falajlar ba’zan miya insultidan so‘ngi klinik manzarani eslatadi. Bu manzara mutaxassis bo‘lmagan kishining fikrini chalg‘itishi mumkin. Isterik falajliklarda reflekslar va mushaklar tonusi o‘zgarmay qoladi, patologik reflekslar kuzatilmaydi. Tananing qoq o‘rta chizig‘i bo‘ylab falajlangan tomonda sezgi buziladi. Mushaklar atrofiyasi va mushak kuchi pasayishi kuzatilmaydi. Bordi-yu, isterik falajlik noto‘g‘ri davolansa yoki uni davolash cho‘zilib ketsa, bemorda uzoq vaqt davom etayotgan oyoq-qo‘llardagi harakatsizlik mushaklarning diffuz atrofiyasiga sababchi bo‘lishi mumkin, xolos.
Isteriyaga chalingan bemorlarda ba’zan giperkinezlar (ixtiyorsiz harakatlar) ham kuzatiladi. Bu harakatlar hayajonlanganda kuchayadi va tinchlanganda kamayadi yoki butunlay to‘xtaydi. Giperkinezlar isterik xuruj tugagandan so‘ng ham yuz berishi mumkin. Ba’zan bemorda falajliklar giperkinezlar bilan birgalikda namoyon bo‘ladi. Isterik giperkinezlar butun gavdaning silkinishi, titroq xurujlari, bosh va oyoqlarning titrashi, ayrim mushak guruhlarining uchib turishi, qo‘llarning g‘ayritabiiy harakat qilishi bilan kechadi. Chin giperkinezlardan farqli o‘laroq, ular bemorning hissiy holati va psixoemotsional stressga ko‘p jihatdan bog‘liq. Bu simptomlar uzoq vaqt davom etishi va arzimagan kelishmovchiliklarda kuchayib ketishi mumkin.
Isterik astaziya-abaziya. Bu holat tik tura olmaslik va yura olmaslik bilan namoyon bo‘ladi. Bosh miya katta yarim sharlari peshona bo‘lagi zararlanishlarida kuzatiladigan astaziya-abaziyadan farqli o‘laroq, isteriyada kuzatiladigan bu sindromda bemorlar erga emas, balki uni ushlab turgan odam ustiga ag‘anaydi.
Ularda ham mushaklar gipotoniyasi kuzatiladi, lekin boshqa organik nevrologik simptomlar aniqlanmaydi. Murakkab holatlarda paraklinik tekshiruvlar o‘tkazish zarur.
Isterik algiyalar (ya’ni og‘riqlar) eng ko‘p tarqalgan buzilishlardan bo‘lib, deyarli barcha isterik sindromlarda turli ko‘rinishlarda namoyon bo‘ladi. Bemor tanasining turli joylari, ya’ni orqa, qorin, yurak va bosh sohalarida har doim og‘riq bo‘lib turishidan shikoyat qiladi. Og‘riq, shuningdek, bo‘g‘imlarda, qo‘l yoki oyoqda, tilda, xullas tananing barcha joyida paydo bo‘ladi. Ayni paytda, bunday og‘riqdan shikoyat qiluvchi bemor turli ixtisoslikdagi doktorlarga murojaat qilib yuradi. Ba’zan bemorlar jarrohlik operatsiyasini o‘tkazishni qattiq talab qilishadi.
Isteriyada yuqorida aytib o‘tganimizdek, turli xil sezgi buzilishlari ham kuzatiladi. Organik va funktsional sezgi buzilishlari orasidagi farqni faqat maxsus nevrologik tekshiruvlardan so‘ng aniqlab olish mumkin. Har bir nerv tanadagi muayyan sohaning sezgisi va harakati uchun javob beradi. Isterik anesteziyalarda bu qoida saqlanmaydi, ya’ni pay reflekslari patologik tarzda o‘zgarmaydi va sezgi buzilishini izohlab beradigan hech qanday organik kasallik topilmaydi.
Tarixiy adabiyotlarda tug‘maydigan ayollarda isterik homiladorlik haqida yozib qoldirilgan. Bu holatni ba’zi mutaxassislar ichaklarga ortiqcha gaz to‘planishi bilan izohlashsa, boshqa birlari qorin mushaklarining vaqtincha bo‘shashib kattalashuvi hisobiga deb tushuntirishadi. Isterik homiladorlikda qorin juda kattalashmaydi.
Klassik adabiyotlarda «sehrli shifolar» haqida turli ma’lumotlar uchratish mumkin: bemor sehrli tumorgacha emaklab borib, unga qo‘l tekkizgan zahoti birdan shifo topgan, o‘rnidan turib yurib ketgan. Isteriyada «soxta o‘lim» haqida ham ma’lumotlar bor. Bunday bemorga tabib «sehrli» qo‘lini tekkizganda yoki og‘ziga sehrli giyoh eritmasini tomizganda, u «tirilgan».
So‘nggi davrda isterik buzilishlarning klinik alomatlari o‘zgardi va bu kishilar hayot tarzining o‘zgarganiga ham bog‘liq. Bu vaziyatni axborot hajmi va tibbiyotga oid adabiyotlar ko‘payganligi, odamlarning internetdan salomatlikka oid ma’lumotlardan foydalana boshlaganligi bilan izohlash mumkin. Bu adabiyotlar odamlarning tibbiy sohaga oid bilimlarini bir oz kengaytirdi. Buning ijobiy tomonlaridan tashqari, salbiy tomonlari ham ko‘p, ya’ni o‘ziga tashhis qo‘yish va davolash.
Aksariyat hollarda, isterik nevroz simptomlari birmuncha xilma-xil bo‘lib, uning kechishi ko‘p tarqalgan kasalliklarni eslatadi: insult, meningit, entsefalit, tarqoq skleroz, o‘sma kasalliklari va hokazo. Ba’zi hollarda, isterik bemordagi kasallik belgilari uning boshqa kishilarda kuzatgan yoki tibbiy adabiyotlarda o‘qib olgan kasalliklariga o‘xshab ketadi. Shu bois, tashxisni to‘g‘ri qo‘yish uchun turli ixtisosdagi vrachlar nafaqat isterik nevrozning klassik alomatlari, balki «zamonaviy» isterik simptomlarning klinik belgilarini ham o‘zlashtirib borishlari kerak.
Ko‘rsatib o‘tilgan xususiyatlar turli ixtisoslikdagi vrachlarga isterik buzilishlarni chin kasalliklardan ajratishda yordam beradi. Aytib o‘tilganidek, isterik nevrozning barcha alomatlari soxtadir. Bemor atrofdagilarga shunday deb yuboradi: «Menga e’tibor bermaganingizdan ana shu ahvolga tushib qoldim-ku! Men falaj bo‘lib qoldim (yoki ovozim bo‘g‘ildi, eshitmay qoldim, ko‘rmay qoldim va b.q.), sizning aybingiz bilan dardim bedavo bo‘lib qolgan», deb zorlanadi. Erka kelinning eriga va boshqalarga shu kabi so‘zlar bilan arz qilayotganini ko‘z oldingizga keltiring.
Isterik belgilarni bartaraf etishni o‘ta qisqa muddat ichida olib borish kerak. Davolash muolajalari qancha ko‘p cho‘zilsa, ijobiy natijaga erishish shuncha qiyin bo‘ladi. Bemor to‘la tuzalgandan so‘ng ham oilaviy va boshqa mojarolar sababli kasallik belgilari yana paydo bo‘lib, bemor doktor qabuliga yana kelib qolishi mumkin. Isterik bemorlar vrach va tabiblarga eng ko‘p qatnaydigan bemorlar sirasiga kiradi. Tuzalib ketgandan so‘ng ham biroz vaqt o‘tgach ularda «Vrach yo‘qligi sindromi» qo‘zg‘ab, yana o‘zi davolagan vrach qabuliga tashrif buyuradi. Bu sindrom haqida “Asab va ruhiyat” kitobida batafsil ma’lumot berilgan. Bunday hollarda bemorga qo‘llangan avvalgi davolash usulni o‘zgartirishga to‘g‘ri keladi. Agar Sizda muvaffaqiyatli davolanib, xursand bo‘lib ketgan bemorni bir-necha oydan so‘ng boshqa bir vrachning qabulida ko‘rib qolsangiz, aslo ajablanmang. Chunki isterik bemorlar vrachlarni o‘zgartirib turishni xush ko‘rishadi.
Miyadan ketmaydigan fikrlar
Nevrozning bu turi qadimdan ma’lum bo‘lib, bu kasallik psixasteniya deb ham ataladi. Psixasteniya atamasini frantsuz olimi P’er Jane taklif qilgan va miyadan ketmaydigan fikrlar bu kasallikning asosiy belgisi ekanligini ta’kidlagan. Agar tarixga bir nazar tashlaydigan bo‘lsak, nevrasteniya, isteriya va psixasteniyaning klinik belgilari to‘g‘risida Sharq olimlari (ayniqsa, Ibn Sino) risolalarida ko‘p bor eslatib o‘tilgan. Bir necha asrlardan so‘ng deyarli barcha kasalliklar singari nevroz va psixasteniyalar ham Evropa olimlari tomonidan sistemalashtirildi, ularga nom berildi va tasniflari yaratildi. Shuning uchun bo‘lsa kerak, biz Evropa olimlari tomonidan yaratilgan darsliklarda Sharq (Markaziy Osiyo, Xitoy, Eron, Iroq va h.k.) olimlarining nomlarini juda kam uchratamiz.
Miyadan ketmaydigan fikrlar nevrozning bir turi bo‘lib, uning uchun psixastenik belgilar juda xos, ya’ni doimiy shubhalar, qo‘rquv, miyaga azob beruvchi g‘oyalar, turli harakatlar va intilishlar. Bemor bu fikrlarning barchasidan qutulishga harakat qiladi, intiladi, davo choralarini izlaydi, lekin bu urinishlar, ko‘pincha, zoe ketadi, uni miyaga o‘rnashib qolgan fikrlar qiynayveradi. Miyadan ketmaydigan fikrlarning doimiyligi, takrorlanuvchanligi va ulardan qutulishning o‘ta qiyinligi bemorni qiyin ahvolga solib qo‘yadi. Bu holatlarga bemor tanqidiy nuqtai nazar bilan qaraydi, ularning asosli emasligini, g‘alati ekanligini tushunadi, ularga bardosh berishga intiladi, lekin azob beruvchi fikrlar uning irodasi va xohishiga bog‘liq bo‘lmagan holda paydo bo‘laveradi. Bemor ularni mustaqil ravishda enga olmaydi.
Miyadan ketmaydigan fikrlarning yaqqol klinik ko‘rinishlari, bular qo‘rquv (fobiyalar) va miyaga o‘rnashgan turli g‘oyalardir (obsessiyalar). Fobiya – bu xayoldan ketmaydigan qo‘rquv. Uning quyidagi turlari farq qilinadi: kantserofobiya – rakka chalinib qolishdan qo‘rqish, kardiofobiya – tuzatib bo‘lmaydigan yurak kasalligiga chalinishdan qo‘rqish, lisofobiya – ruhiy xastalikka chalinishdan qo‘rqish, klaustrofobiya – yopiq joydan qo‘rqish (masalan, lift kabinasi, kichik xona), agarofobiya – aksincha, ochiq joylardan qo‘rqish va hokazo. Balandlik, metroda yurish, biror kasallik yuqib qolishi, iflos bo‘lish va odamlar oldida so‘zga chiqishdan qo‘rqish kabi simptomlar ham fobiyalar uchun xos.
Dastlabki qo‘rquv muayyan vaziyatlarda paydo bo‘ladi va u miyaga o‘rnashib qoladi. Masalan, bemor hamma yoqni ko‘rish uchun tomga chiqadi va pastga qaragan zahoti qo‘rqib ketadi, boshi aylanadi, go‘yo pastga qarab, qulab tushayotgandek xavfsiraydi. Buning oqibatida balandlikdan qo‘rqish miyasiga o‘rnashib qoladi va keyinchalik u boshqa vaziyatlarda ham paydo bo‘laveradi. Dastlab qo‘rquv balandlikka ko‘tarilish kerak bo‘lganda, so‘ng esa balandlikka ko‘tarilish ehtimoli paydo bo‘lganda, so‘ngra ana shu balandlikka ko‘tarilish kerak, degan xayolga borganda paydo bo‘ladi. Bemorda balandlikdan qo‘rqadigan vaziyatlar borgan sari ko‘payadi. Endilikda u liftda yurish va derazadan qarashdan qo‘rqadi, hatto balandlik uncha katta bo‘lmaganda ham cho‘chib tushadi.
Fobiyalar paydo bo‘lganda vegetativ simptomlar ham vujudga keladi, ya’ni bemorning yuzi qizaradi yoki rangi o‘chadi, og‘zi quriydi, yuragi tez-tez uradi, arterial bosim oshib ketadi, ter bosadi, ko‘z qorachiqlari kengayadi va hokazo.
Ichki a’zolarning og‘ir kasalligi paydo bo‘lishidan qo‘rqish, odatda, psixosomatik simptomlar bilan birga kechadi, ya’ni bemor o‘z salomatligiga haddan ziyod e’tibor qaratadi. Masalan, bemor kardiofobiyada yurak urishini eshitib turadi, tomir urishini sanaydi yoki qon bosimini o‘lchayveradi, har safar yuragi noto‘g‘ri ishlayotganidan gumonsirab, terapevtdan EKG qilish va puxta tekshiruv o‘tkazishini iltimos qiladi.
Kasallik xuruji qo‘zg‘ab qolishidan qo‘rqib bemor yo‘lda odamlar bor joydan yuradi, tibbiyot muassasalariga yaqin bo‘lgan yo‘lni tanlaydi, yo‘l-yo‘lakay dorixonaga kirib turadi, u erda yurak dorilari va tibbiy xodimlar borligini ko‘rib tinchlanadi.
Obsessiyalar – ketma-ket yog‘ilib kelaveradigan miyaga o‘rnashib olgan shubhali xayollar. Ular bemorning irodasi va xohishiga bog‘liq bo‘lmagan holda quyilib keladi. Bu xayollar bemorga og‘ir botadi, aslida yoqmaydi va ulardan vrach yordamisiz qutula olmaydi. Masalan, bemor uyidan tashqariga chiqqandan so‘ng, uning miyasiga eshikni qulfladimmi, olovni o‘chirdimmi, suvni berkitdimmi kabi xayollar kelaveradi. U uyiga qaytib kiradi, hammayoqni qayta tekshiradi, hammasi joyidaligiga ishonch hosil qilgach, tinchgina ko‘chaga chiqib ketadi. Uydan biroz uzoqlashgandan so‘ng haligi fikrlar yana yog‘ilib keladi va u yana uyiga qaytadi. Bemor siqilib ketganidan yig‘lab yuboradi, hech qayoqqa chiqmay qo‘yadi. O‘zida kechayotgan bu alomatlarga, albatta, bemor tanqidiy ko‘z bilan qaraydi va ulardan qutulishni xohlaydi, lekin buning ilojini topa olmaydi.
Ba’zan bemorda mantiq jihatdan bir-biriga zid bo‘lgan xayollar paydo bo‘ladi. Masalan, yaqinlashib kelayotgan mashina tagiga o‘zini tashlash istagi paydo bo‘ladi-yu, mashina yaqinlashganda birdan qo‘rqib ketib, orqaga tisariladi. Gohida bemorning miyasiga o‘ziga yoki boshqa birovga pichoq sanchishdek fikrlar keladi va shu ishni qilib qo‘ymay deb, pichoqqa yaqin bormaydi yoki uni berkitib qo‘yadi.
Nevroz bilan o‘z vaqtida davolangan bemorlar samarali natija bilan tuzalib ketishadi. Davolashda psixoterapiya, fizioterapiya, refleksoterapiya, tinchlantiruvchi dori vositalari va giyohlardan keng foydalaniladi. Ba’zi hollarda yaxshi natijaga erishish bir necha oy va hatto, bir qancha yillargacha cho‘zilib ketadi. Ayniqsa, ipoxondriya bilan namoyon bo‘luvchi nevroz va psixasteniyani bartaraf etish ancha mushkul hisoblanadi. Remissiya bilan kuzatiladigan xom xayollar ham bo‘ladi, ya’ni bemor bir necha oy yaxshi bo‘lib yuradi va so‘ng miyadan ketmaydigan fikrlar yana paydo bo‘ladi. Nevrasteniya va isterik nevrozdan farqli o‘laroq, miyadan ketmaydigan fikrlar surunkali kechishga moyil. Aksariyat bemorlar tuzalib ketganidan so‘ng ham xursand bo‘lish o‘rniga, yana o‘sha kasallik belgilari qachon paydo bo‘lishini kutib yashashadi.
Ushbu ma’lumot professor Z.Ibodullaevning
“Asab kasalliklari” darsligidan olingan.
Uni noqonuniy tarzda o‘zlashtirish
va turli manbalarda o‘z nomi bilan
chop etish qonun tomondan taqiqlangan.