Yangiliklar Ibodullayev ensiklopediyasi Subaraxnoidal qon quyilish

Subaraxnoidal qon quyilish


Araxnoidal va yumshoq pardalar orasida joylashgan bo‘shliqqa qon quyilishiga subaraxnoidal qon quyilish deb aytiladi. Subaraxnoidal qon quyilishi o‘tkir tserebrovaskulyar kasalliklarning 4-10% ini tashkil qiladi. Subaraxnoidal qon quyilish 35-55 yoshlarda ko‘p uchraydi, 60 yoshdan oshganlarda esa kam kuzatiladi.   Insult sababli ro‘y beradigan barcha o‘limlarning 8% i subaraxnoidal qon quyilishga to‘g‘ri keladi. Subaraxnoidal gemorragiyalar deyarli 80% holatlarda anevrizma yorilishi hisobiga ro‘y beradi. Qolgan holatlarda gemorragiya etiologiyasi boshqa kasalliklar hisoblanadi. Kam hollarda arteriovenoz malformatsiyalar subaraxnoidal gemorragiyaga olib keladi.
    Subaraxnoidal qon quyilishlar turli virusli infektsiyalardan so‘ng ham rivojlanadi. Virusli infektsiyalarda, asosan, perdiapedez gemorragiyalar ro‘y beradi va miya pardalarida kichik-kichik gemorragik o‘choqlar paydo bo‘ladi. Ular diffuz tarzda joylashadi yoki bir soha bilan chegaralanib qoladi.
    Etiologik nuqtai nazardan birlamchi va ikkilamchi subaraxnoidal gemorragiyalar farqlanadi. Birlamchi subaraxnoidal gemorragiyalar anevrizmalar yorilishi sababli, ikkilamchi gemorragiyalar gematologik kasalliklar, bosh miya jarohatlari va o‘smalar sababli rivojlanadi. Anevrizmalar, asosan, Villiziy aylanasini hosil qiluvchi tomirlarda joylashadi. Shuning uchun ham bosh miyaning bazal qismida gemorragiya ko‘p uchraydi.
   Subaraxnoidal gemorragiyaning o‘tkir davrida ketma-ket o‘tkazilgan neyroangiovizualizatsiya tekshiruvlari (angiografiya, MRA, dupleksli skanirlash) miya tomirlarida o‘tkir reflektor spazm kuzatilishini ko‘rsatadi. Angiospazm sababli bosh miyada ishemik infarkt o‘chog‘i yoki o‘choqlari paydo bo‘ladi. Buning natijasida subaraxnoidal gemorragiya uchun xos bo‘lmagan o‘choqli nevrologik simptomlar (gemiparez, afaziya) vujudga keladi. Angiospazm trombotsitlarning parchalanishidan hosil bo‘lgan serotonin ta’siri yoki tomirlarni innervatsiya qiluvchi nervlarning ortiqcha qo‘zg‘alishi hisobiga ro‘y beradi. Angiospazm natijasida gemiparezning paydo bo‘lishi noto‘g‘ri tashxis qo‘yishga ham sababchi bo‘ladi, ya’ni adashib «subaraxnoidal-parenximatoz gemorragiya» tashxisi qo‘yiladi.
    Subaraxnoidal qon quyilishning asosiy simptomi – boshda to‘satdan paydo bo‘lgan o‘ta kuchli og‘riqdir. Og‘riq shu qadar kuchli bo‘ladiki, bemor bu og‘riqni «boshimga qattiq zarba bilan urilgandek» deb ta’riflaydi. Og‘riq ensa-bo‘yin sohasida o‘ta kuchli, peshona sohasida esa biroz sust ifodalangan bo‘ladi. Bemor to‘satdan hushidan ketadi. Hushdan ketish bir necha daqiqadan bir necha soatgacha davom etadi. Bemor hushiga kelgandan so‘ng ham kuchli bosh og‘riq davom etaveradi.    Bemor og‘riq kuchiga chiday olmay, boshini ikki qo‘li bilan qattiq ushlab yotib oladi, og‘riq qoldiruvchi dorilarni tezroq qilishlarini so‘rab baqiradi. Yorug‘liqka chiday olmay, ko‘zlarini chirt yumadi, ortiqcha tovush yoqmaydi. Chunki har qanday yorug‘lik va tovush bosh og‘riqni kuchaytirib yuboradi. Og‘riq bilan birgalikda ketma-ket qusish ham paydo bo‘ladi va u bemorning ovqat egan-emaganligiga bog‘liq bo‘lmaydi.
    Arterial qon bosim keskin oshadi. Agar quyilgan qon gipotalamusga etib kelib, uni ta’sirlantirsa, yuqori darajaga ko‘tarilgan AQB kasallikning o‘tkir davrida pasaymasdan turadi. Tana harorati 40°S ga ko‘tariladi, ko‘z tubida mikrogemorragiyalar paydo bo‘ladi. Leykotsitlar biroz oshishi mumkin.
    Kasallikning dastlabki soatlaridayoq kuchli darajada ifodalangan psixomotor qo‘zg‘alishlar vujudga keladi. Turli darajada va davomiylikda hushdan ketish kuzatiladi. Biroq hushdan ketish har doim ham komaga o‘tavermaydi.        Subaraxnoidal qon quyilishlar uchun uzoq davom etuvchi koma xos emas. Ba’zan subaraxnoidal qon quyilish epileptik xurujlar bilan boshlanadi. Epileptik xurujlar, ko‘pincha, tarqalgan epileptik xurujlar tipida namoyon bo‘ladi.
   Kasallikning dastlabki daqiqalaridayoq meningeal simptomlar rivojlanadi.   Subaraxnoidal gemorragiyada meningeal simptomlarning deyarli barcha turlarini aniqlash mumkin. Biroq ular gemorragiya darajasiga qarab turlicha ifodalangan bo‘ladi. Gemiparez va gemianesteziyalar kuzatilmaydi. Mabodo ular kuzatilsa, miya tomirlarida reflektor spazm ro‘y bergan yoki qon miya parenximasiga o‘tgan bo‘ladi. Odatda, reflektor angiospazm sababli ro‘y bergan falajliklar yoki sezgi buzilishlari tez o‘tib ketadi. Subaraxnoidal-parenximatoz qon quyilishlarda esa falajliklar va sezgi buzilishlari uzoq saqlanadi.
    Bazilyar gemorragiyada kranial nervlar, ayniqsa, ko‘zni harakatlantiruvchi nervlar ham zararlanadi. Buning natijasida ptoz, g‘ilaylik va diplopiya paydo bo‘ladi. Kranial nervlarning zararlanishi qonning subaraxnoidal bo‘shlikdan perinevral bo‘shliqqa o‘tishi yoki nerv ildizchasining bevosita bosilishi bilan bog‘liq. Agar qon oldingi kranial chuqurchaga quyilsa, ko‘rish keskin buzilishi mumkin.
     Subaraxnoidal gemorragiyaning og‘irlik darajasi va bemorning ahvolini baholash uchun ko‘pincha Xant va Xess 1974) shkalasidan foydalaniladi (1-jadval).

                                                                                                                     1-jadval. 
               Gemorragik insultda bemorning ahvolini baholash uchun
                                   Xant va Xess shkalasi, 1974

Hushi    
               Nevrologik simptomlar    
                                               Darajasi

Buzilmagan    
Yo‘q yoki engil bosh og‘riq va ensa mushaklari rigidligi
I
Buzilmagan    
Bosh og‘riq. O‘rta darajada rivojlangan ensa mushaklari rigidligi
II
Karaxtlik
O‘choqli nevrologik simptomlar bo‘lishi mumkin.
III
Sopor    
Engil yoki og‘ir gemiparez (reflektor angiospazm yoki qonning parenximaga o‘tganligi sababli), intrakranial gipertenziya belgilari.
IV
Koma    
Kuchli ifodalangan intrakranial gipertenziya
V


       Xant va Xess tasnifi yorilgan anevrizmani operativ davolashga oid masalani hal qilish uchun ham qo‘llaniladi.
         Subaraxnoidal gemorragiya tashxisini qo‘yishda lyumbal punktsiyaning o‘rni katta. LP paytida qonga bo‘yalgan likvor katta bosim bilan chiqadi. Likvorda katta miqdorda eritrotsitlar va limfotsitar pleotsitoz aniqlanadi. Oqsil miqdori ham oshadi. Zaruratga qarab LP qayta o‘tkazib turilishi mumkin. Keyingi LP da likvor rangining ochilib va undagi eritrotsitlar soni kamayib borishi yaxshi prognostik belgi hisoblanadi. Agar bir necha kun o‘tgach ham likvor rangi qizg‘ish bo‘lib qolsa va undagi eritrotsitlar soni kamaymasa, unda gemorragiya davom etayotgan bo‘ladi. Ba’zi hollarda qon quyilish bir oy ichida yana takrorlanadi.


Manba: © Z. Ibodullayev. Asab kasalliklari. 2-nashr. Darslik, Toshkent, 2021., 960 b. 
             © Z. Ibodullayev. Nevrologiya. Qo`llanma. Toshkent, 2017., 404 b. 
             © Z. Ibodullayev. Insult va koma. Qo`llanma. Toshkent, 2013., 193 b. 
             © Ibodullayev ensiklopediyasi    © asab.cc

Ctrl
Enter
Хато топдизнигзми?
Матнни танланг ва Ctrl+Enter тугмачаларини босинг
MUHOKAMALAR
Izohlarning minimal uzunligi 50 ta belgidan iborat. sharhlar boshqariladi
Hech qanday izoh yo‘q. Siz birinchi bo‘lishingiz mumkin!
Кликните на изображение чтобы обновить код, если он неразборчив