SURUNKALI ChARChASh SINDROMI
Surunkali charchash sindromi – uzoq davom etadigan umumiy charchoq holati. Charchoq bir necha oylab kuzatiladi va bemorning normal ish faoliyatiga salbiy ta’sir ko‘rsatadi. “Surunkali charchash sindromi” atamasi 1988 yili AQSh olimlari tomonidan taklif etilgan. 1988 yilgacha surunkali charchash sindromiga o‘xshash holatlar nevrasteniya, psixasteniya, isteriya, vegetativ tomir distoniyasi, psixosomatik sindrom, somatonevroz, surunkali stress asorati, o‘tkazilgan neyroinektsiyalar asorati, neyromialgik sindrom va shu kabi boshqa tashxislar bilan atalgan. Surunkali charchash sindromi har qanday yoshda uchraydi. Biroq bu sindrom 25-45 yoshda ko‘p kuzatiladi.
Etiologiyasi va patogenezi. Surunkali charchash sindromining asosiy etiologik omillaridan biri – bu o‘tkazilgan virusli infektsiyalar. Ma’lumki, har qanday virusli infektsiya dastlab immunitetni nishonga oladi. Shuning uchun ham organizmda qo‘zg‘algan barcha virusli infektsiyalarda umumiy holsizlik kuzatiladi. Surunkali charchash sindromi og‘ir somatik kasalliklardan tuzalib chiqqan bemorlarda ham rivojlanadi. Ularda o‘tkazilgan kasallik belgilari barham topsa-da, avvalgi jismoniy faollik to‘la qayta tiklanmaydi. Bu holat, ayniqsa, jismonan ojiz, depressiyadan aziyat chekadigan va immunologik statusi sust bo‘lgan shaxslarda rivojlanadi. Ular uzoq vaqt avvalgi ish faoliyatini tiklay olmay yurishadi, tez charchab qolishaveradi. Surunkali charchash sindromi o‘tkazilgan kuchli stresslardan so‘ng ham rivojlanadi.
Klinikasi. Asosiy belgisi – bu uzoq saqlanadigan charchoq holati. Charchoq jismoniy harakatlardan so‘ng kuchayadi, dam olgandan keyin ham o‘tib ketmaydi, bemorning xoli bo‘lmay yotaveradi. Albatta, bu holsizlik bemorning aqliy faoliyatiga ham ta’sir ko‘rsatadi. Bemor biror bir matnni o‘qib o‘zlashtira olmaydi, ishi ham unumsiz bo‘ladi va natijada o‘z kasbida to‘laqonli ishlay olmaydi. Ushbu holatlar uni ortiqcha asabiylashtiradi, jizzaki qilib qo‘yadi, diqqatini buzadi va normal hayot tarziga jiddiy ta’sir ko‘rsatadi. Bemor ba’zida ishyoqmas, dangasa, bahonachi, yalqov va mug‘ambir laqabini oladi. Bu holat oilaviy janjallar sababchisi bo‘lishi mumkin.
Bemorlarda bosh og‘rig‘i, bosh aylanishi, uyqu buzilishi, ishtaha yo‘qolishi, kayfiyatning tez-tez o‘zgarib turishi, parishonxotirlik kabi simptomlar ham kuzatiladi. Shuningdek, kardialgiya, abdominalgiya, tsistalgiya, mialgiya kabi psixosomatik buzilishlar ham yuzaga kelishi mumkin. Virusli infektsiyalardan so‘ng rivojlangan surunkali charchash sindromida limfatik tugunlar kattalashadi. Kasallik surunkali charchash sindromi deb atalsa-da, uning simptomlari ko‘p hollarda o‘tkir boshlanadi. Bun esa o‘z vaqtida tashxis qo‘yishni ancha qiyinlashtiradi. Bunday patologik holat uchun spetsifik simptomlar yo‘qligi va kasallik sababini aniqlash qiyinligi bemorni ham, vrachlarni ham ancha sarson qilib qo‘yadi. Uzoq tekshiruvlar, chuqur anamnestik ma’lumotlar va boshqa kasalliklarning yo‘qligiga asoslanib, vrach bemorga surunkali charchash sindromi tashxisini qo‘yadi. Doimiy stresslar kasallik kechishini og‘irlashtiradi. Bu holat uzoq davom etaversa, ketma-ket tekshiruvlar o‘tkazilaversa, bemorda apatiya va reaktiv depressiya holati vujudga kelishi mumkin. Kasallik kechishi temperament tipiga ham bog‘liq: melanxoliklarda og‘irroq kechadi va uzoq davom etadi, sangviniklar esa bu holatdan tezroq chiqishadi.
Davosi. Avvalambor bemor atrofida sog‘lom psixologik muhit yaratish lozim. Tashxis qo‘yilgach, bemorga bu og‘ir kasallik emas, balki umumiy charchoq sindromi ekanligi tushuntiriladi. Bu holat vaqtincha va bemor albatta tuzalib ketishi aytiladi. Bunday ma’lumotlar, albatta, bemorga ijobiy ta’sir ko‘rsatadi. Psixoterapiya, fizioterapevtik muolajalar, igna bilan davolash, uqalash va umumiy tonusni oshiruvchi dorilar katta yordam beradi. Spirtli ichimliklar ichish va chekish mumkin emasligi, sog‘lom turmush tarziga rioya qilish lozimligi bemorga uqtiriladi. Yilda bir marotaba dam olish sihatgohlariga borib turish tavsiya etiladi.
Prognoz. Har doim yaxshi.
Manba: ©Z. Ibodullayev. Tibbiyot psixologiyasi. Darslik., 3-nashr., T.; 2019., 494b.
© Ibodullayev ensiklopediyasi., 2022 y; ©asab.cc
Izohlarning minimal uzunligi 50 ta belgidan iborat. sharhlar boshqariladi
Qiziq maqolalar
"Ibodullayev ensiklopediyasi" bo‘limi bo‘yicha