Yangiliklar Intervyular «BOLAGA E’TIBORSIZ BO‘LMANG»

«BOLAGA E’TIBORSIZ BO‘LMANG»


Mitti mijoz

BOLANGIZ ChEKSIZ AXBOROTLAR ISKANJASIDAMI?

           Xalqimiz bolajon. Ikki kishi bir bo‘lsa, farzanddan gap ochiladi. Uning tarbiyasi, xulqi, qiliqlari haqida so‘zlaydi, shunday farzandi borligi uchun ich-ichidan g‘ururlanadi. Jigarbandlarini mol-dunyoyu hoyu havaslardan ustun qo‘yadigan xalqimiz uchun bu bir qadriyat, nodir an’ana.
Biroq bu suhbatlar orasida ayrimlarning: “Bolam jizzakiroq bo‘lib qolgan, negadir tez-tez boshi og‘riydi, ishtahasi yomon, injiq, quloqsiz…”, deya nolishi ham quloqqa chalinib turadi. Haqiqatan, so‘nggi paytlarda kompyuter, internet, telefon, elektron o‘yinlar tufayli farzandlarimiz cheksiz axborotlar iskanjasida qolib, ruhan tez toliqadigan bo‘lib qolgan. Xo‘sh, aslida ham shundaymi? Masalaga oydinlik kiritish maqsadida Toshkent tibbiyot akademiyasi asab kasalliklari kafedrasi professori, tibbiyot fanlari doktori Zarifboy IBODULLAEVGA murojaat qildik.

 Hozirgi kunda yosh bolalarda ham asab buzilish, jizzakilik, qiziqqonlik holatlari ko‘p kuzatilyapti. Bu globallashuv, texnika asrining ta’sirimi yo oilaviy muhit oqibatimi?

– Noto‘g‘ri tarbiya ham, bosh miya kasalliklari ham bolaning hulqatvorini keskin o‘zgartirib yuboradi. Chunki bu paytda miya nafaqat anatomik jihatdan shakllanadi, balki tashqi salbiy va ijobiy ma’lumotlar ham xotirada saqlanib qoladi. Oqibati esa bolaning xatti-harakatlarida, hulqatvorida aks-sado beradi. Bolalik va o‘spirinlik davri asosan taqlidga asoslanishini unutmaslik kerak. U ota-onasi, qo‘ni-qo‘shni va tengdoshlariga, ustozidan tortib, film qahramonlari-yu mashhur futbolchilarga ham taqlid qiladi. Afsuski, ularda bolaga salbiy ta’sir ko‘rsatuvchi omillar ham yo‘q emas.

Ba’zan asabiy-ruhiy buzilishlar bolaga e’tiborning pasayishidan yuzaga keladi. Masalan, oilada yangi farzand dunyoga keldi va oilaning barcha a’zolari yangi “mehmon” bilan mashg‘ul. Bu holat oiladagi boshqa (3-6 yoshli) farzandlarning injiq bo‘lib qolishiga sabab bo‘ladi. Natijada ular ota-onasi e’tiborini jalb etish uchun o‘zini kasallikka soladi, “qornim og‘riyapti”, “boshim og‘riyapti”, “bog‘chaga yoki maktabga borgim kelmayapti”, kabi bahonalar o‘ylab topadi. Bunday paytda bola haqiqatan ham kasal bo‘lmasa, uni chalg‘ituvchi usullardan foydalanish mumkin: sayrga chiqish, yoqtirgan o‘yinchoqlarini olib berish va hokazo. Lekin ortiqcha taltaytirib yubormaslik, xarxashalariga uchavermaslik lozim, ya’ni haddan ortiq e’tibor ham uning murg‘ak ruhiyatiga salbiy ta’sir ko‘rsatmasdan qolmaydi.

– Farzand komil inson bo‘lib voyaga etishi uchun tarbiyada nimalarga e’tibor berish lozim deb o‘ylaysiz?

– Zaminimizdan ne-ne allomayu daholar etishib chiqqan, bundan keyin ham etishib chiqaveradi. Ruhiy va aqliy tarbiyaga katta e’tibor qaratish lozim. Xalqimizda: “Bir bolaga etti mahalla ota-ona”, degan naql bor. Sir emas, bugun atrofimizni o‘rab turgan salbiy omillarning sanog‘i yo‘q. Engil-elpi ko‘rsatuv, axloqsiz film, klip, cho‘ntak telefonlari orqali tarqalayotgan bema’ni SMS va fotosuratlar, kompyuter o‘yinlariyu, ayrim internet materiallari… bularning ko‘pchiligida yoshlar ongini zaharlashga qaratilgan yashirin maqsadlar jo bo‘lgan. Bu jamiyatdan ham, ota-onadan ham o‘ta ziyraklikni talab qiladi! Ota-ona loqaydlik qilsa, bola yarim tungacha televizor yoki internetda bema’ni ko‘rsatuv yoki saytlarni tomosha qilish bilan mashg‘ul bo‘ladi. Komil farzandni tarbiyalash uchun uni bunday manbalardan cheklash kerak degan tushunchaga ham bormaslik lozim. G‘amxo‘r ota-onaning vazifasi uni o‘rab turgan muhitni sog‘lomlashtirish, salbiy ta’sirlarni imkon qadar kamaytirish va bolani ma’rifatli qilib tarbiyalashdan iboratdir.

O‘smirning miyasi keraksiz ma’lumotlarga to‘lib ketgach, o‘z-o‘zidan salbiy holatlarni keltirib chiqaradi: ruhan charchaydi, jismonan nimjon, immuniteti past, kasalliklarga moyil bo‘lib o‘sadi. Ba’zan “Bolamga tinchlantiruvchi dori yozib bering, uni hech boshqarib bo‘lmayapti” yoki “Farzandimning eslab qolish qobiliyati sust, darslarni yaxshi o‘zlashtira olmayapti. Buning davosi bormi?”, deb murojaat qiluvchi ota-onalar ham uchramoqda. Bularning bari informatsiyalar ta’siri-ku. Tabiiyki, hali 10 yoshga to‘lmagan bolaga asabni tinchlantiruvchi dori berish uning aqliy rivojlanishiga salbiy ta’sir qiladi. Bu borada eng maqbul “muolaja” ularning hayot tarzini yaxshilashdir.

Yaqinda menga bir yil oldin o‘zini osib qo‘ygan 11 yashar bolani olib kelishdi. Uni viloyatda bir yil mobaynida davolashgan. Yaxshiyam uni onasi ko‘rib qolgan va darrov bo‘ynidan arqonni echib olgan. Biroq, bolada og‘ir asorat qoladi. Bir necha soniya miyaga kislorod va qon bormay qolgan bolada eng og‘ir kasallik, ya’ni “apallik sindrom” rivojlanadi. Bu sindromda bolaning faqat ichki a’zolari ishlaydi xolos. Biroq u gapirmaydi, chaynov harakatlarini bajara olmaydi, ikkala qo‘li va oyog‘i ishlamaydi, umumlashtirib aytganda inson uchun xos bo‘lgan barcha oliy ruhiy funktsiyalar va harakat, sezgi faoliyati butunlay izdan chiqqan edi. Ota-ona bolani umid bilan Toshkentga olib kelishgan. Men ularga davolash endi befoyda ekanligini tushuntirdim. Hali 11 yoshgacha ham to‘lmagan bola aslida o‘zini osmasligi kerak, axir u hali balog‘ot yoshiga etmagan. Bu voqea nega ro‘y berdi yoki ko‘p urisharmidinglar, deb so‘radim. Ota-onasi: “Xatto barmog‘imiz bilan ham chertmasdik, o‘zimiz ham bilmaymiz nega bolamiz bu mudhish ishga qo‘l urdi, o‘zimiz ham sababini bilolmay kuyib yuribmiz”, deyishdi. Men ulardan maktabda yomon voqea bo‘lmadimi, hech kim uni qo‘rqitmadimi, deb so‘radim. Bu savolimga ham “Yo‘q” deb javob berishdi. Uyda nima bilan shug‘ullanardi, kompyuter o‘yinlariga borarmidi, DVD disklarda kinolar ko‘rarmidi, deb so‘rasam. Oyisi: “E to‘xtang, u doimo qo‘rqinchli kinolar ko‘rardi, qaerda qo‘rqinchli filmlar bo‘lsa, uni sotib olib kelib ko‘rardi, bizlarga ham so‘zlab berardi, ba’zan hayolga cho‘mib qolardi”, dedi. Men “Bolangiz nega o‘zini osgani sababi endi tushunarli” dedim. Onasi “Naxotki o‘sha kinolar ta’sir qilgan bo‘lsa, axir u bor-yo‘g‘i kinoku” dedi yig‘lamsirab. Men unga yomon filmlar va o‘yinlarning inson ruhiyatiga (xatto kattalarning) o‘ta og‘ir salbiy ta’sir ko‘rsatishini, xattoki insonning butun taqdirini izdan chiqarishi mumkinligi haqida tushuntirdim. Shuning uchun ham turli kanallar orqali berilayotgan ko‘rsatuvlarda qaysi yoshdan boshlab ko‘rish mumkinligi yoziladi, ya’ni 12+, 16+ va h.k. bu ayanchli voqea barcha ota-onalarga o‘rnak bo‘ladi, deb o‘ylayman. Bolangiz qanday disklar ko‘rayotganligini tekshirib turing. Jigarbandingizdan ajralib qolmang yoki qo‘yningizda joxil odamni tarbiyalayotgan bo‘lmang.

– Hayot tarzini qanday yo‘llar bilan sog‘lomlashtirgan afzal?

– Eng avvalo, bolani sportga qiziqtirish lozim. Bugun nafaqat shahar, balki chekka tumanlarda ham zamonaviy sport inshootlari faoliyat olib bormoqda. Sportga oshno bo‘lib o‘smagan bola ertaga shifokorga serqatnov bo‘lib qolishi ko‘p kuzatilgan. Sport – asabni tinchlantiradi, yurakni baquvvat qiladi, xotirani yaxshilaydi, hatto ishtahani ham ochadi. Tarbiyaviy ahamiyati beqiyos. Masalan, suzish, futbol, ushu yoki taekvando kabi sport turlariga qatnayotgan bolaga pand-nasihatlar qilaverish yoki asabni tinchlantiruvchi dori berishning umuman keragi yo‘q. Sportning o‘zi uni tarbiyalaydi. “Bolamga dori yozib bering”, deb kelganlarning ko‘pchiligi farzandini sport to‘garaklariga berib, xursand bo‘lib yurishganiga ko‘p guvoh bo‘laman.

Shu o‘rinda aytishni xohlardimki, xulq-atvor kasallik emas, uni salbiyligi uchun davolab bo‘lmaydi. Uni faqat yaxshi amallar orqali ijobiy holatga keltirish mumkin. Lozim bo‘lsa, psixolog bilan maslahatlashishni ham kanda qilmagan ma’qul.

Sh. ROFIEVA

suhbatlashdi



Ctrl
Enter
Хато топдизнигзми?
Матнни танланг ва Ctrl+Enter тугмачаларини босинг
MUHOKAMALAR
Izohlarning minimal uzunligi 50 ta belgidan iborat. sharhlar boshqariladi
Hech qanday izoh yo‘q. Siz birinchi bo‘lishingiz mumkin!
Кликните на изображение чтобы обновить код, если он неразборчив