Himoya reflekslari
Tashqi ta’sirotga javoban to‘la falajlangan oyoq yoki qo‘llarda yuzaga keladigan ixtiyorsiz harakatlarga himoya refleksi deyiladi. Masalan, umurtqa pog‘onasi ko‘krak sohasida sinishi natijasida orqa miya kuchli ezildi yoki uzildi. Natijada markaziy piramidal innervatsiyasiz qolgan jarohatdan pastdagi spinal segmentlarda spinal avtomatizm shakllanadi.
Himoya refleksi jarohatdan pastdagi spinal reflektor yoy saqlanib qolishi hisobiga ro‘y beradi. Bu refleksni oyoq panjasi barmoqlarini pastga keskin bukib chaqirish ham mumkin. Natijada o‘sha oyoq tos-son va tizza bo‘g‘imida bukiladi. Bunga Mari-Fua-Bexterev refleksi deyiladi (1.5-rasm).
Harakat – tirik mavjudot uchun xos bo‘lgan muskullar ishtirokida bajariladigan faoliyat. Insonda ixtiyoriy va ixtiyorsiz harakat turlari farqlanadi.