Yangiliklar Ibodullayev ensiklopediyasi SUITsID SABABLARI VA PROFILAKTIKASI

SUITsID SABABLARI VA PROFILAKTIKASI


O‘z joniga bilib turib qasd qilishga suitsid (lot. sui caedere o‘zini o‘ldirmoq) deb aytiladi. Suitsid barcha davlatlarda global ijtimoiy-psixologik muammoga aylangan. Ayniqsa, uning bolalar va o‘smirlar orasida ko‘p uchrayotgani jamoatchilikni qattiq xavotirga solmoqda. O‘z joniga qasd qilishga uringan, biroq tirik qolganlarga nisbatan“suitsidga urinish” iborasi qo‘llaniladi. Suitsidga urinish suitsidga qaraganda 20 barobar ko‘p uchraydi.
   Epidemiologiyasi.  Dunyo bo‘ylab har yili 1 mln. odam suitsid orqali hayotdan ko‘z yumadi (JSST, 2016 yil). Bu ko‘rsatkich 100 000 aholiga o‘rtacha 16 kishini tashkil qiladi. Dunyo miqyosida suitsid bo‘yicha eng oldinda borayotgan davlatlar – Rossiya (26,5), Litva (25,7) va Qozog‘iston (22,8). Taqqoslash uchun Janubiy Koreyada 20,2, Belgiyada 15,7, Yaponiyada 14,3, AQShda 13,7, Frantsiyada 12,1, Shveytsariyada 11,3, Germaniyada 9,1, Isroilda 5,2 suitsid kuzatiladi. Ushbu ko‘rsatkichlar har yili o‘zgarib turadi. Masalan, 2012 yili Janubiy Koreyada suitsid darajasi 28,9 ni tashkil qilgan. E’tibor qilinadigan bo‘lsa, darajasi yuqori bo‘lgan davlatlarda suitsid sodir etilishi ham yuqori bo‘lib qolmoqda. 
  Musulmon davlatlarida suitsid darajasi ancha past (Qozig‘iston bundan istisno). Masalan, 100 000 aholiga Qirg‘izistonda 9,1; O‘zbekistonda 7,4; Turkiyada 7,2; Turkmanistonda 7,2; Baxreynda 5,7; Saudiya Arabistonida 3,4; Tojikistonda 3,3; Birlashgan Arab Amirliklarida 2,7; Ozarbayjonda 2,6; Quveytda 2,2 suitsid ro‘y beradi (JSST, 2016 yil). Yillab urush girdobida qolgan davlatlarda suitsid kam uchrashi e’tiborni tortadi. Masalan, Afg‘onistonda bu ko‘rsatkich 6,4; Iroqda 4,1; Livanda 3,2; Suriyada 2,4 ga teng. Karib dengizi davlatlari va Bagam orollarida suitsid juda kam uchraydi. 
    Suitsidologlar fikricha, ushbu ko‘rsatkichlar turli davlatlarda rasmiy statistikada ko‘rsatilgan ma’lumotlardan ancha yuqori bo‘lishi mumkin. Chunki baxtsiz hodisa bilan suitsidni har doim ham farqlash oson emas va ba’zi davlatlarda suitsidning haqiqiy ko‘rsatkichi yashiriladi.
   Suitsidning yoshga bog‘liqligi. Bolalik davrida suitsid juda kam uchraydi. Suitsidologlar fikricha, o‘z joniga qasd qilish 10 yoshdan keyin boshlanadi. Bu davr avval yuqori bo‘lgan, ya’ni 14-15 yosh. Suitsidning “yosharishi” avvalambor axborot texnologiyasi juda yuqori sur’atlarda rivojlanishi, inson hayotiga internet kirib kelishi bilan bog‘liq. Ayniqsa, suitsidga undovchi turli xil saytlar ko‘payib borayotgani va ota-onalar o‘z farzandlarini nazoratsiz qoldirishi 10 yoshgacha bo‘lgan bolalar orasida ham suitsidlar soni ko‘payishiga turtki bo‘lmoqda. Hatto bir paytning o‘zida guruh-guruh bo‘lib o‘z joniga qasd qilish holatlari ham uchramoqda. Bolalar orasida ro‘y beradigan bunday holatlar anglanmagan suitsid hisoblanadi. 
   Inson hayotida suitsid ko‘p uchraydigan davrlarni shartli ravishda 3 ga bo‘lish mumkin: 1-davr – 14–24 yosh; 2-davr – 35–55 yosh; 3-davr – 70–80 yosh oralig‘i. Birinchi davrda “Men” ongi shakllanishi bilan bog‘liq muammolar suitsidga asosiy sabab bo‘lsa, ikkinchi davrda ish bilan bog‘liq muvaffaqiyatsizlik va oilaviy mojarolar, uchinchi davrda esa yolg‘izlik va kasallik bilan bog‘liq tashvishlar asosiy omil sifatida ko‘rsatiladi. Suitsid o‘rta yoshga qaraganda o‘smirlik va keksalik davrlarida ko‘p uchraydi.
    O‘smirlik davrida, ya’ni 14-19 yosh oralig‘ida suitsid sodir etish ehtimoli yuqori bo‘ladi. Bunda “Men” ongi shakllanishi bilan bog‘liq krizis holatlarni alohida ko‘rsatib o‘tish lozim. Xulq-atvordagi tajovuzkorlik, hissiy portlashlar, ota-ona bilan kelishmaslik va sevgi-muhabbatda muvaffaqiyatsizliklar suitsidga turtki bo‘luvchi asosiy omillardir. Bularning negizida, albatta, neyrogumoral holatlar, disgormonal o‘zgarishlar va erta namoyon bo‘luvchi psixopatizatsiya yotadi. Bu davrda giyohvandlikka ruju qo‘yishni ham alohida ko‘rsatib o‘tish lozim. O‘smirlik davrida fanatizmning har qanday ko‘rinishi ham suitsidga undovchi xatarli omil bo‘lib xizmat qilishi mumkin. Masalan, futbol jamoasining yutqazib qo‘yishi ba’zan fanat o‘smirning suitsid sodir etishiga sabab bo‘ladi.
    Keksa yoshdagilarda turmush o‘rtog‘i vafot etib yolg‘izlanib qolishi, farzandlar e’tiborsizligi, ya’ni qarovsiz qolish yoki farzandlariga yuk bo‘lishni o‘zi xohlamasligi va og‘ir kasalliklar (dementsiya, depressiya, apatiya, ateroskleroz, saraton, yurak kasalliklari) suitsidga turtki bo‘ladi.
   Suitsidning jinsga bog‘liqligi. Suitsid ayollarga qaraganda erkaklarda deyarli 3 barobar ko‘p uchraydi. Bu davr ko‘pincha o‘rta yoshga to‘g‘ri keladi. Ishsizlik, oilani boqish va farzandlar tarbiyasidagi iqtisodiy qiyinchiliklar, kredit uzish bilan bog‘liq muammolar, chorasizlik, umidsizlik sababli ertangi kunga ishonch yo‘qoladi va suitsidga undaydi. Aksariyat davlatlarda erkak kishi asosiy oila boquvchisi bo‘lganligi bois, suitsidlar soni ushbu jins vakillarida ko‘p. O‘smirlik davrida bu statistika teskari tarzda o‘zgaradi, ya’ni qizlarda suitsid o‘g‘il bolalarga qaraganda 3 barobar ko‘p uchraydi. Biroq keksalik davriga kelib, suitsidlar soni bo‘yicha erkaklar yana oldinga chiqib oladi. 
   Suitsidga urinishlar. Dunyo bo‘yicha 20 mln odam o‘z joniga qasd qilishga urinadi. Suitsidga urinish ayollarda erkaklarga qaraganda 3-4 barobar ko‘p kuzatiladi. Demak, erkaklar suitsidni ayollarga qaraganda tezroq amalga oshirishadi. Yuqorida ta’kidlab o‘tganimizdek, o‘z joniga qasd qilishga urinib, tirik qolgan holatlarda “suitsidga urinish” xulosasi qo‘llaniladi. Bu rasmiy xulosa bo‘lib, bunday shaxslar zudlik bilan suitsidolog kuzatuviga olinadi. Ularga maxsus dastur asosida psixiatrik, tibbiy-psixologik va sotsiologik reabilitatsiya o‘tkaziladi.   Odatda, suitsidga urinish dastlabki 3 oy ichida yana takrorlanadi va falokatli tugash xavfi juda yuqori. Chunki suitsidga keyingi urinishlar, birinchi urinishga qaraganda ko‘pincha o‘lim bilan yakun topadi. Biroq suitsidga hadeb urinaverish negizida o‘z maqsadiga erishish niyati yotishi mumkin, masalan isteriyada. Ularda suitsid simulyatsiya ko‘rinishida namoyon bo‘ladi. Agar isterik shaxs o‘z maqsadiga erishsa, suitsidga urinishlar barham topadi. Biroq suitsidal 
urinishlar isteriya tufayli ro‘y beryaptimi yoki haqiqatdanmi, uni to‘g‘ri aniqlash imkoni ancha mushkul. Chunki isteriya ham, suitsid ham o‘smirlarda ko‘p uchraydi.   Shunday ekan, o‘smirni tekshirayotgan tibbiy psixolog yoki boshqa bir mutaxassis ehtiyotkorlikni unutmasligi kerak. Shu erda suitsidga urinishlar barham topadigan ba’zi holatlarni misol tariqasida keltirib o‘tamiz. Bular – qamoqxonadan ozodlikka chiqish, qarzdan qutulish, oila barbod bo‘lishini saqlab qolish, uzoq davom etayotgan og‘ir kasallikdan sog‘ayib ketish, unga azob beruvchi odamning vafot etishi, sevgisiga erishish va h.k. 
     Suitsidning naslga bog‘liqligi. Suitsid naslga bog‘liq emas, deb hisoblaydi ko‘pchilik mutaxassislar. Biroq yaqin oila a’zolarida suitsidning birmuncha ko‘proq uchrashi, bu holatga nasliy moyillikni inkor qilmaydi, deguvchi gipotezalar ham mavjud. Shu bilan birga yaqin qarindoshlarda suitsidning ketma-ket ro‘y berishi taqlid ko‘rinishida namoyon bo‘layotgan falokatli holat deb ham qaraladi. Har holda suitsid bilan nasl orasidagi bog‘liqlikni yanada mukammal o‘rganish lozim. 
Suitsidning ta’lim darajasi va kasbga bog‘liqligi. Oliy va o‘rta ma’lumotga, shuningdek, kasbiy ta’limga ega bo‘lmagan shaxslar orasida suitsid ko‘p kuzatiladi. Ta’lim va kasbiy malaka qanchalik yuqori bo‘lsa, suitsid darajasi shunchalik past bo‘ladi, degan qarashlar ko‘p. Biroq individiumga salbiy ta’sir ko‘rsatuvchi ijtimoiy omillar bu ko‘rsatkichga salbiy ta’sir ko‘rsatishiga ham alohida urg‘u beriladi. Bunga misol rivojlangan davlatlarda suitsidning ko‘p uchrashidir. Shu bilan birga ta’limdan mahrum bo‘lgan Afrika, Hindiston, Braziliya va ba’zi Osiyo davlatlari aborigenlari, papuaslari va eskimoslari orasida suitsid ko‘p kuzatiladi. Sotsiumdan ajralib qolgan ushbu aholi qatlamlarida suitsidga bag‘ishlangan tantanali tadbirlar paytida o‘z joniga qasd qilishlar ritual ko‘rinishida hanuzgacha namoyon bo‘lmoqda. 
    O‘z kasbining mutaxassisi bo‘lgan ba’zi kasb egalarida suitsid namoyon bo‘lishida “Xodimning ruhiy-hissiy so‘nishi sindromi” alohida o‘rin tutadi. Sog‘liqni saqlash tizimida suitsid xirurglar, reanimatologlar va psixiatrlar orasida ko‘p uchraydi. Boshqa kasb egalari, ya’ni aviadispetcherlar, uchuvchilar,  shaxtyorlar, rok musiqachilari, bankirlar, menenjerlar, sug‘urtachilar, sudyalar, fermerlar, harbiylar va politsiyachilar ham suitsid bo‘yicha havfli guruhga kirishadi. Suitsid eng kam uchraydigan kasb egalari – kutubxonachilar, bog‘cha tarbiyachilari, muzey xodimlari va o‘qituvchilar.
    Suitsidning kasalliklarga bog‘liqligi. Suitsidga olib keluvchi kasalliklar ichida depressiya oldingi o‘rinda kelmoqda. Uning ketidan shizofreniya, alkogolizm, narkomaniya va boshqa ruhiy buzilishlar etakchilik qiladi. Shuningdek, saraton, sil, OITS va uzoq davom etuvchi boshqa og‘ir kasalliklar ham o‘z joniga qasd qilish sababchilaridan biridir. Bu ko‘rsatkichlarga, albatta, shaxs tipi, oilaviy sharoiti,  diniy e’tiqodi, yaqin insonlar munosabati va ijtimoiy-psixologik muhit ham o‘z ta’sirini ko‘rsatadi.  
   Davlat, din va jamiyatning suitsidga ta’siri. Yuqoridagi statistik ma’lumotlardan ko‘rinib turibdiki, suitsid darajasi rivojlangan davlatlarda ham, ba’zi davlatlarning o‘ta qoloq hududlarida ham yuqori bo‘lib qolmoqda. Kuchli iqtisodiy o‘sish kuzatilib, turmush darajasi oshib borayotgan davlatlarda suitsid ko‘p uchraydi. 
    Din o‘z joniga qasd qilishni qoralaydi. Ayniqsa, har qanday davlat aholisining islom diniga qat’iyan e’tiqod qiluvchi qatlamida o‘z joniga qasd qilish deyarli kuzatilmaydi. Islom dini o‘z joniga qasd qilganlarga hatto janoza o‘qishni taqiqlaydi. Shu bois ham islom diniga e’tiqod qiluvchi davlatlarda suitsid darajasi juda past.  
    Demokratik jamiyat va ijtimoiy adolat qonunlariga amal qilinadigan, inson huquqlari e’tirof etiladigan, inson manfaati ustun bo‘lgan va qonun ustuvorligi ta’minlangan davlat va jamiyatda o‘z joniga qasd qilishlar o‘ta past bo‘ladi.
    Suitsidning mavsumiyligi. Statistik tahlillarga ko‘ra, suitsid bahor va yoz oylarida ko‘p, qishda esa kam kuzatiladi.
  Suitsidga moyil shaxslarning o‘zaro muloqoti. Suitsidga moyil shaxslar bir-biri bilan o‘zaro muloqotda bo‘lishsa, suitsidga urinishlar soni oshadi. Bu holat ayniqsa yoshlar orasida ko‘p. Nikoh to‘yi o‘tkazilganiga ko‘p bo‘lmasdan o‘z joniga birgalikda qasd qilgan kelin-kuyov haqida ma’lumotimiz bor. Ular o‘zlarini osishgan. Yigitning onasi bilan suhbatlashganimizda ularda o‘zlarini osishga hech qanday vaj bo‘lmaganini aytdi. Keyinchalik ma’lum bo‘lishicha, qiz ham, yigit ham avvallari o‘z joniga qasd qilishga urinib ko‘rishgan ekan.      
   Suitsidni amalga oshirish uchun qo‘llaniladigan vositalar. O‘z joniga qasd qiladiganlar ko‘pincha ko‘p miqdorda dori ichish, o‘zini osish, venasini kesish, transportlar tagiga o‘zini otish, qurol-yaroqlardan foydalanish (ayniqsa, politsiyachi va harbiylar orasida), baland binodan sakrash, zaharli vositalardan foydalanish kabi usullardan foydalanishadi. Qanday vosita yoki usulni tanlash, albatta, yashab turgan muhitga ham ko‘p jihatdan bog‘liq. Yirik shaharlarda baland binodan sakrash ko‘p uchrasa, qishloq hududlarida o‘zini osish, dori yoki zaharli vositalardan foydalanish ko‘p uchraydi. Masalan, bir paytlar Hindistonning yirik plantatsiyasi ishchilari o‘z joniga qasd qilishda pestitsidlardan ko‘p foydalanishgan. Bunday holatlar ko‘payib ketganligi bois, hukumat tomonidan maxsus qaror qabul qilinib, qishloq xo‘jaligi sohasida zaharli pestitsidlarni qo‘llashga cheklovlar qo‘yilgan, maxsus himoya mexanizmlari ishlab chiqilgan va nazorat kuchaytirilgan. Bu yaxshi natija berib, ushbu soha xodimlari orasida suitsidlar soni keskin kamaygan. 
  Suitsidning oiladagi muhitga bog‘liqligi. O‘smirlar orasida suitsid ko‘p uchrashi aksariyat hollarda oilada isterik tipdagi shaxs voyaga etayotgani bilan bog‘liq. Nima uchun to‘q oila farzandlari suitsidga ko‘proq qo‘l urishadi? Uning negizida qanday omillar yotadi? Bolalik davridanoq farzandni mehrga burkab o‘stirish yaxshi. Biroq uni parallel tarzda mehnat va mas’uliyatga o‘rgatib bormaslik oqibatida bola ulg‘aygan sayin ota-onadan mehrni yana va yana istayveradi. Biroq 3-5 yoshligidan mehnatga o‘rgatilmagan bola 12-15 yoshdan so‘ng uning uchun yot bo‘lgan faoliyat turiga, ya’ni mehnatga qo‘l urgisi kelmay qoladi. Buning oqibatida, tabiiyki, ota-ona bilan farzand o‘rtasida nizo paydo bo‘ladi. Mehnat nimaligini bilmay ulg‘aygan bola, unga mehr nimaga berilayotganini ham anglab etmaydi. U farzandlik burchini unutib qo‘yadi. Bunday bola ota-onaga xuddi shu tarzda javob qaytara olmaydi. Farzandning ong ostiga ota-onaga nisbatan “Faqat ular menga e’tibor qaratishi kerak, men emas” degan aqida o‘tirib qoladi.  Natijada ota-ona o‘zi bilmagan va xohlamagan holda isterik va egoist shaxsni tarbiyalab qo‘yadi. Isteriya esa suitsidning asosiy sabablaridan biri. Demak, bolaga ortiqcha mehr va uni mehnatga o‘rgatmaslik oxir-oqibat suyukli farzandidan judo bo‘lish bilan tugallanishi mumkin. Ta’lim va tarbiya birgalikda olib borilishi har doim ta’kidlanadi. Biroq bu erga mehnatni ham qo‘shish kerak. “Ta’lim, tarbiya va mehnat” uchligi bolaning to‘g‘ri kamol topishida eng kuchli shior bo‘lib qolmog‘i kerak. Kitob bolani ilmli qilsa, mehnat uni tarbiyalaydi, ota-onaga oqibatli qiladi va uni hayot mashaqqatlariga tayyorlaydi. Tabiiyki, bunday o‘smirning xayoliga o‘z joniga qasd qilish kelmaydi, aksincha, u hayotdan zavqlanib yashaydi.
   Suitsidga qarshi omillar. Homiladorlik suitsidga qarshi eng kuchli omildir. Emizikli ayollarda ham suitsid deyarli uchramaydi. Shuningdek, dinga kuchli e’tiqod qilish ham sutsidni yo‘qqa chiqaradi. Bu toifaga olimlar, ixtirochilar, yirik loyiha ustida ishlayotgan mutaxassislar va katta ijodiy rejalar bilan yashayotgan kasb egalari ham kiradi. Xavotirli-fobik sindromning o‘limdan qo‘rqish bilan kechuvchi turi ham o‘z joniga qasd qilishdan saqlovchi omildir. 
  Iqtisodiy tomondan yaxshi ta’minlangan, ijtimoiy himoyaga ega mustahkam oilalarda ham suitsid uchramaydi. Agar har bir ota-ona farzandlariga kuniga bir soat vaqt ajratib, ularni tinglasa va muammolariga sherik bo‘lib, echimini topishga ko‘maklashsa, o‘smirlar orasida suitsid darajasi keskin pasayadi yoki kuzatilmaydi. Albatta, buning uchun bola ishonchini qozonsh kerak. Aks holda ko‘zlangan natijaga erishib bo‘lmaydi. 
    Shuningdek, qadimiy qo‘l mehnati vakillari, ya’ni duradgorlar, o‘ymakor ustalar va kosiblar orasida ham suitsid kam uchraydi. Chunki ular ilk bolalikdan mehnatga va hayot mashaqqatlariga o‘rganib borishadi. Bunday kasb egalarining ustaxonalari ko‘pincha o‘z uyida bo‘ladi va tabiiyki ularning farzandlari ham 3-5 yoshligidan og‘ir mehnatni o‘z ko‘zi bilan ko‘rib boradi va o‘zi ham ishtirok etadi. Og‘ir bolalik davrini boshidan kechirib, hayotda o‘z o‘rnini topganlarda ham suitsid kam kuzatiladi. Masalan, Ikkinchi jahon urushi davrida front ortida og‘ir sharoitlarda yashagan va mehnat qilganlar orasida suitsid juda kam bo‘lgan yoki uchramagan. 
   Suitsid turlari. Suitsidning yashirish va tantanavor turlari farqlanadi. Hech kimga bildirmay o‘z joniga qasd qilishga yashirin suitsid deb aytiladi. Bunday shaxs niyatini qattiq sir tutadi. Kerak bo‘lsa, o‘sha kuni oila a’zolari bilan “dildan” suhbatlashib o‘tiradi, teatr va kinolarga borib keladi, do‘stining tug‘ilgan kuniga sovg‘a-salom bilan tashrif buyuradi yoki kursdoshining nikoh to‘yida ishtirok etadi, hatto raqsga tushadi va uyga qaytgach, hammani arosatda qoldirib, shu kechasiyoq qabih niyatini amalga oshiradi.
O‘z joniga qasd qilishni oshkor aytib yurib, so‘ngra uni amalga oshirsa, bunga tantanavor suitsid deyiladi. Bunday suitsid, odatda, o‘smirlar uchun xos. O‘smir nimadandir qoniqmasa, sevgisiga etolmasa, qaysidir talabi bajarilmasa yoki unga nisbatan zug‘um o‘tkazilsa, suitsidal xayollarga boradi va tantanavor suitsidga qo‘l urishi mumkin. Ularning aksariyati xat yozib qoldirishadi. Tantanavor suitsidni amalga oshirmoqchi bo‘lgan shaxs o‘z maqsadini yaqinlariga bildiradi, ularga qattiq talab qo‘yadi, hayotdan noroziligi uning xatti-harakatlaridan, nutqidan bilinib turadi. Uning nega shu fikrga kelgani aniqlanib, talablari qondirilsa, suitsidni bartaraf etish mumkin. Ba’zida ota-onalar uning gapiga e’tibor qilishmaydi, bunday bema’ni gaplaringni yig‘ishtir, deb koyib berishadi, uni bafurja tinglashmaydi. Natijada suitsidning oldi olinmay qoladi. 
Isterik tipdagi o‘smirlarda yolg‘ondakam suitsid ham uchrab turadi. Bundaylar bir nechta dorini ichib yuborib, reanimatsiyaga tushadi, ya’ni dorini ko‘p miqdorda qabul qilmaydi. Ba’zilari qo‘lini kesadi va birozdan so‘ng qon ketayotgan joyni bog‘lab qo‘yadi yoki uncha baland bo‘lmagan binodan sakraydi va oyog‘i sinib shifoxonaga tushadi. Yana biri uzoqdan kelayotgan mashina tagiga o‘zini otadi (shofyor tormozni bosishga ulgurishi kerak) va h.k. Buning negizida o‘ziga e’tiborni qaratish va o‘z maqsadiga erishish yotadi. Albatta, bu holat yana takrorlanmasligi uchun uning talablarini qondirish kerak.
  Shuni alohida ta’kidlash lozimki, yashirin tarzda o‘z joniga qasd qilmoqchi bo‘lgan shaxsning niyati atrofdagilarga ayon bo‘lib qolsa, aksariyat hollarda u suitsiddan voz kechadi. Chunki bundaylarning asosiy maqsadi – suitsidni hech kimga bildirmay amalga oshirish. Ular shu tarzda hayotdan ko‘z yumishni xush ko‘rishadi. Bu sir ularning ichida qolishi kerak. Agar uning siri o‘zining ehtiyotsizligi tufayli yoki psixoanalitik bilan suhbat chog‘ida oshkor bo‘lib qolsa, u suitsiddan voz kechadi. Ammo bu odamda keyingi suitsidal urinishlarni to‘xtatib qolib bo‘ladimi yoki yo‘qmi, bu holat shaxs tipiga va uning asl niyatiga bog‘liq. Shaxs psixopatizatsiyasi, fanatizm va suitsidga bo‘lgan obsessiya mavjud odamlarda o‘z joniga qasd qilishning oldini olish ancha mushkul.
   Qariyalarda uchraydigan suitsidal harakatlarning o‘ziga xos xususiyatlari haqida to‘xtalib o‘tsak. Agar o‘smirlarda suitsidning asosiy sababi isteriya bo‘lsa, o‘rta yoshdagilarda ishsizlik, qariyalarda esa yolg‘izlikdir.  Aksariyat qariyalarda o‘z joniga qasd qilish fikri turmush o‘rtog‘i vafotidan so‘ng keladi. Ba’zilari to‘satdan shu ishga qo‘l ursa, boshqa birlari bunga uzoq muddat tayyorgarlik ko‘radi. Masalan, qarzini uzadi, farzandlarini yoniga chaqirib “men o‘lsam otangning (onangning) yoniga qo‘yinglar, bir-biringga ahil bo‘linglar” qabilida maslahatlar beradi, yaqin do‘stlaridan xabar olgani boradi, qabristonga qatnashni odat qiladi, hatto o‘ziga qabr tayyorlatib qo‘yadi (to‘satdan o‘lib qolsa, farzandlari shoshib qolmasligi uchun), kamgap bo‘lib qoladi, hayotdan nolish odatini chiqaradi, shuncha farzand tarbiyalab nimaga erishdim, hammasi o‘zi bilan o‘zi ovora, turmush o‘rtog‘im ham o‘tib ketdi, deb qo‘shnilar yoki yaqinlariga nolib yuradi. Agar ziyrak farzandlar bunga e’tibor qaratsa, ota-onasiga izzat-hurmat ko‘rsatsa, holidan xabar olib tursa, nabiralardan birini uning yoniga qo‘ysa, dam olish sihatgohlariga yuborsa, albatta, suitsidning oldini olish mumkin. Qariyaga zarur shart-sharoit yaratilmas ekan, suitsidolog yoki psixolog suhbatlari befoyda. Qariyalar farzandlaridan ko‘ra, nabiralar bilan yaxshi chiqishadi. Aqlli nabira buvasi yoki buvisining hayot mazmuniga aylanishi tabiiy.
  Suitsid profilaktikasi. Suitsid global ijtimoiy-psixologik muammo bo‘lganligi bois, u bilan jamoatchilik, umumiy va sotsial psixologlar, tibbiy psixolog va psixoterapevtlar, psixiatrlar va suitsidologlar shug‘ullanishadi. Suitsid o‘ta individual holatdir. Shuning uchun ham ishlab chiqilgan profilaktika choralari har doim ham ko‘zlangan natijani beravermaydi. Buning isbotini rivojlangan davlatlardagi suitsid darajasidan ham bilib olsa bo‘ladi. Shunday bo‘lsa-da, hech bir davlat suitsid muammosi bilan shug‘ullanishni bir muddatga ham to‘xtagan emas. O‘zbekistonning barcha shaharlarida suitsid profilaktikasi bo‘yicha tunu kun faoliyat ko‘rsatadigan “Krizis markazlari” tashkil etilgan. Bu masalada eng katta yuk tibbiy psixolog va psixoterapevtlar, psixiatrlar va suitsidologlarga zimmasiga tushadi. Fikrimizcha, suitsid profilaktikasi piramidasini quyidagicha  ko‘rinishga ega bo‘lishi lozim.

  
                  
Suitsid profilaktikasi piramidasi (Ibodullaev piramidasi, 2019 y)

   Ushbu piramidadan ko‘rinib turibdiki, suitsidning oldini oluvchi ilk mutaxassislar – pedagoglar va umumiy psixologlardir. Chunki ular suitsidga olib keluvchi dastlabki omillarni bartaraf etuvchi mutaxassislardir. Pedagog to‘g‘ri tarbiya bilan suitsidning oldini olsa, umumiy psixolog, ayniqsa maktablarda faoliyat ko‘rsatuvchi psixologlar xulq-atvori buzilgan bolalar bilan ishlab suitsidga turtki bo‘luvchi omillarni oldini oladi.  Sotsial psixolog esa suitsidga turtki bo‘luvchi ijtimoiy muammolar echimini izlab topadi va shaxsning ijtimoiy muhitga moslashuvi bilan shug‘ullanadi.
   Tibbiy psixolog suitsidga turtki bo‘luvchi patologik holatlar, ya’ni isteriya, depressiya, apatiya, agressiya, psixosomatik va somatopsixik buzilishlar psixogigienasi va psixoprofilaktikasi bilan shug‘ullansa, psixiatrlar shizofreniya, narkomaniya, alkogolizm, reaktiv psixozlarni samarali davolab, suitsidning oldini oladi. Suitsidolog esa suitsidal urinish ro‘y bergan shaxslar bilan individual tarzda maxsus dasturlar asosida shug‘ullanadi. Ushbu piramidadan ko‘rinib turibdiki, suitsid profilaktikasi bilan bog‘liq asosiy yuk suitsidologga emas, balki boshqa soha mutaxassislariga yuklanadi.
     Suitsid ro‘y berishi xavfini aniqlash va ularni bartaraf etish. Avvalambor psixiatr ham, suitsidolog ham kuchli psixolog bo‘lishlari kerak. Suitsidga birinchi bor urinib tirik qolgan shaxs keyingi urinishda, albatta, niyatiga erishishi mumkin. Ular bilan suhbat olib borishda o‘ta ehtiyotkor bo‘lish lozim. Chunki bunday shaxslar orasida suitsid muvaffaqiyatsiz chiqqanidan, u yuz o‘girgan hayotga yana qaytganidan afsus chekadiganlar va hammaga sharmanda bo‘ldim, undan ko‘ra o‘lib ketsam bo‘lmasmidi, deydiganlar ham bo‘ladi. Bu ham o‘ziga yarasha ruhiy zarba. Shu bois ham suitsidga keyingi urinishlar ko‘p holatlarda o‘lim bilan tugaydi. Yashashdan ko‘ra, o‘lishni afzal ko‘rdimi, demak, uning fikru xayoli keyingi suitsidni amalga oshirishda bo‘ladi. Bundaylarni ruhiy nogironlar deb atash mumkin. Ular juda katta tibbiy-psixologik va ijtimoiy reabilitatsiyaga muhtoj bo‘lib, ular bilan suitsidolog mukammal shug‘ullanishi kerak. 
   Bemor albatta suitsidologga boradi, uning suhbatlariga quloq tutadi. Odamlarni o‘z joniga qasd qilishdan saqlab qoluvchi ushbu mutaxassisning nimalar deyishi va qanday usullarni qo‘llashi uning uchun qiziqarli tuyuladi. Bunday paytlarda noo‘rin aytilgan bir og‘iz so‘z yoki suitsidni aniqlash uchun qo‘llanilgan savolnomadagi biror jumla ushbu shaxs tomonidan noto‘g‘ri talqin qilinishi mumkin. Shu bois ular bilan savol-javob nega suitsidga qo‘l urgani haqida emas, balki mutlaq boshqa narsalar, masalan, uning kasbiga oid savollar bilan boshlanishi kerak. Masalan, u musiqashunos bo‘lsa, “Sizni juda talantli inson deyishadi, agar mumkin bo‘lsa bitta kuy chalib bering” , agar u soat ustasi bo‘lsa, “Qo‘l soatimni bir ko‘rib berasizmi, anchadan buyon ishlamayapti”, rassom bo‘lsa, “Agar mumkin bo‘lsa mening portretimni chizib berasizmi”, u kompyuter ustasi  bo‘lsa, “Mana shu noutbukni bir ko‘rib berasizmi, antivirus yaxshi ishlamayapti” qabilidagi savollar bilan unga murojaat qilib, ruhiy karaxt holatga tushib qolgan insonni sekin-asta hayotga qaytarish mumkin. Buning uchun avvalo bir-ikki psixologik suhbat orqali bemorning ishonchiga kirib olish va uni muloqotga juda ehtiyotkorlik bilan chorlash kerak. Chunki suitsidga urinib tirik qolganlar ancha muddat hech kim bilan suhbatlashgisi kelmay yuradi. 
   “Sog‘lom shaxs”da ro‘y bergan suitsidal urinishlar va davom etayotgan suitsidal fikrlar sababini aniqlashda psixoanalitik uslub juda qo‘l keladi. Psixoanaliz har doim bunday shaxslar bilan ishlashda yuqori natija bergan. Shu bois “Krizis markazlar”da faoliyat ko‘rsatadigan tibbiy psixologlar, psixoterapevtlar, psixiatrlar va suitsidologlar psixoanaliz va psixodinamik terapiya bo‘yicha malaka oshirib turishadi. 
   Shuni alohida ta’kidlash lozimki, suitsid muammosi bilan nafaqat tibbiyot xodimlari va psixologlar, balki keng jamoatchilik ham shug‘ullanishi kerak. Bu borada har bir sektorning o‘ziga yarasha qiladigan ishlari mavjud. Biroq jamoatchilik “Krizis markazlari” tomonidan ishlab chiqilgan keng ommaga mo‘ljallangan adabiyotlar, metodik ko‘rsatmalar asosida ishlashi talab etiladi.     Masalan, bolalar va o‘smirlar orasidagi suitsidal urinishlarga nafaqat oiladagi muhit, balki maktab va litseylarda o‘quvchi shaxsiyatiga tegadigan noto‘g‘ri xatti-harakatlar ham sabab bo‘ladi. Bu yoshdagilarda suitsidga undovchi asosiy omillar isteriya va autoagressiyadir. Uning kelib chiqishiga yo‘l qo‘ymaslik uchun maktab psixologlari faol ishlashlari kerak. 
    Nevroz, isteriya, depressiya, agressiya, apatiya, psixopatiya kabi psixogen kasalliklar va shaxs buzilishlari aholi orasida juda keng tarqalgan va aynan mana shu holatlar borib-borib suitsid ro‘y berishiga sabab bo‘lishi mumkin. Demak, tibbiy psixolog va psixoterapevtlar tomonidan ishlab chiqiladigan psixogigiena va psixoprofilaktika xizmati keng yo‘lga qo‘yilishi kerak.
   Islom dini suitsidni qattiq qoralaydi. Shunday ekan, suitsid profilaktikasi bilan shug‘ullanadigan mutaxassislar o‘z joniga qasd qilishni qoralaydigan oyat va suralardan voqif bo‘lishlari va ulardan muntazam foydalanishlari zarur.
    Shuningdek, davlat, jamiyat va mahalliy hokimiyat organlarining aholi turmush tarzini yaxshilash va ishsizlikni bartaraf etish borasida olib borayotgan ishlari ham suitsidni oldini olishida muhim ahamiyatga ega.



Manba: ©Z. Ibodullayev. Tibbiyot psixologiyasi. Darslik., 3-nashr., T.; 2019., 494 
              © Z. Ibodullaev. Asab va ruhiyat. 4-nashr. Toshkent., 312 b
              © Ibodullayev ensiklopediyasi., 2022 y;
              ©asab.cc


Ctrl
Enter
Хато топдизнигзми?
Матнни танланг ва Ctrl+Enter тугмачаларини босинг
MUHOKAMALAR
Izohlarning minimal uzunligi 50 ta belgidan iborat. sharhlar boshqariladi
Hech qanday izoh yo‘q. Siz birinchi bo‘lishingiz mumkin!
Кликните на изображение чтобы обновить код, если он неразборчив