Pay refleksi oshishi
Giperrefleksiya markaziy piramidal yo'llar zararlanishi uchun juda xos. Ushbu yo'llarning qaysi qismi zararlansa ham pay refleksi oshadi. Pay refleksi bilan birgalikda, albatta, periostal refleks ham oshadi. Chunki ikkala refleksning retseptori bir xil. Po'stloqdagi oldingi markaziy pushtadan boshlangan piramidal yo'lning orqa miyagacha bo'lgan qaysi qismi zararlansa ham, pay reflekslari oshadi. Miya insultida kuzatiladigan markaziy gemiparez, monoparez yoki spinal kasalliklarda yuzaga keladigan pastki markaziy paraparez bunga misol bo'la oladi.
Markaziy piramidal yo'l zararlanishida giperrefleksiyadan tashqari, muskul kuchi pasayadi, muskul tonusi spastik tipda oshadi va patologik piramidal simptomlar (Babinskiy, Oppengeym) paydo bo'ladi. Ana shundagina organik etiologiyali giperrefleksiya haqida xulosa qilish mumkin.
Refleks oshishiga har doim ham MNS ning organik kasalligi sabab bo'lavermaydi. Nerv sistemasining funksional kasalliklarida ham pay reflekslari oshadi. Nevrozda, ayniqsa, uning giperstenik turida pay reflekslari ikkala tomonda ham oshgan bo'lishi mumkin. Bunga reflekslarning funksional tipda oshishi deyiladi. Bunday vaziyatga, ayniqsa, tizza refleksini chaqirayotganda guvoh bo'lamiz.
Normal reflekslar oshgan bemorda patologik reflekslar (Babinskiy, Oppengeym) bor-yo'qligiga albatta e'tibor qaratish lozim. Nevrozda normal refleks kuchayishi mumkin, biroq hech qachon patologik refleks aniqlanmaydi. Chunki, nevroz organik kasallik emas. Patologik piramidal simptomlar mavjudligi, albatta, markaziy piramidal yo'llar zararlanganiga ishora.
Pay reflekslari keskin oshgan paytda klonuslar chaqiriladi. Pastki spastik paraplegiya, ya'ni Shtryumpel kasalligida yuzaga keladigan klonuslarni bunga misol qilib ko'rsatish mumkin.
Manba: © Z. Ibodullayev. Umumiy nevrologiya. Darslik. Toshkent, 2021., 312 b
© Ibodullayev ensiklopediyasi © asab.cc
Izohlarning minimal uzunligi 50 ta belgidan iborat. sharhlar boshqariladi
Qiziq maqolalar
"Ibodullayev ensiklopediyasi" bo‘limi bo‘yicha