Yangiliklar Ibodullayev ensiklopediyasi Elka chigali va uning nervlari zararlanishi

Elka chigali va uning nervlari zararlanishi


Elka chigali (plexus brachialis, S5–S8, Th1) uchta birlamchi tutamdan iborat: 1) S5–S6 – yuqori birlamchi tutam; 2) S7 – o‘rta birlamchi tutam; 2) S8 –Th1 – pastki birlamchi tutam. 

Simptomlari. Kuchli og‘riqlar xos. Bu og‘riqlar elka sohasidan butun qo‘l bo‘ylab tarqaladi va panjalargacha irradiatsiya qiladi. Qo‘lning har qanday harakatida og‘riq kuchayadi. Paresteziyalar ham kuzatiladi. Pleksopatiyaning yana bir asosiy simptomi – bu periferik falajlik (monoparez yoki monoplegiya). Bitseps, tritseps va periostal reflekslar pasayadi yoki yo‘qoladi, periferik tipda sezgi buzilishlari paydo bo‘ladi. Og‘riq nuqtalari o‘mrovusti va ostidagi nuqtalarda (Erb nuqtalari) joylashadi. Vegetativ-trofik buzilishlar rivojlanadi va ular teri rangining marmar tusga kirishi, qurishi yoki gipergidrozi hamda tirnoqlar sinishi kabi belgilar bilan namoyon bo‘ladi. Zararlangan qo‘lda teri harorati pasayadi.


Mushak-teri nervi (n. musculocutaneus, C5-C7). Aralash nerv.Elka chigalining tashqi tutamidan hosil bo‘ladi. Elkaning lateral qismida joylashib, ikki boshli muskul, tumshuqsimon-elka va elka muskullariga harakat tolalarini beradi. Sezgi tolalari bilakning tashqi (radial) yuzasini innervatsiya qiladi. 

N.musculocutaneus zararlansa, ikki boshli muskul ozadi, bitseps refleks so‘nadi, bilakni tirsak bo‘g‘imida bukish qiyinlashadi. Bilakning tashqi (radial) yuzasi bo‘ylab sezgi buziladi. 

O‘rta nerv (n. medianus, C5-C8, Th1).  Aralash nerv. Elka chigalining lateral va  medial tutamlari tolalaridan shakllanadi. Elkada n. medianus tirsak bo‘g‘imigacha tarmoqlar bermasdan tushib keladi. Tirsak chuqurchasida bu nerv qo‘l panjasi va barmoqlarni bukuvchi bir qator muskullarga tarmoqlar beradi. 

O‘rta nerv zararlansa, bilak, ayniqsa kaft sohasida kauzalgiya tipidagi kuchli og‘riqlar va vegetativ-trofik buzilishlar paydo bo‘ladi. Qo‘lni musht qilib bo‘lmaydi, bosh va ko‘rsatkich barmoqlar bukilmaydi, 1- va 5-barmoqlar uchini bir-biriga tegizish mushkullashadi (11.2-rasm). 

 

Bilakni pronatsiya qilish qiyinlashadi. Bosh barmoq muskullari (tenar) atrofiyaga uchrashi natijasida kaft silliqlashib qoladi. M. opponens atrofiyasi sababli 1-barmoq osilib go‘yoki uzundek bo‘lib qoladi. Bu holatlar maymun panjasini eslatadi.

Sezgi buzilishlari og‘riq kuzatiladigan joylarga qaraganda kamroq joyni egallaydi. Chunki teri innervatsiyasi saqlanib qolgan boshqa nervlar hisobiga qoplanadi. Qo‘l panjasining radial yuzasi va 1-, 2-, 3-barmoqlar hamda 4-barmoq yarmining kaft yuzasida gipesteziya kuzatiladi.

Bilak nervi (n. radialis, S5–S8). Aralash nerv. Elka chigalining orqa tutamidan hosil bo‘ladi. Bu nerv biroz yuza joylashganligi bois n. medianus ga qaraganda ko‘p zararlanadi. Bilak nervi zararlansa, qo‘l panjasi tepaga yozilmaydi, barmoqlarni bir-biriga yaqinlashtirib bo‘lmaydi. Qo‘lni vertikal holatda ushlab turish so‘ralsa, qo‘l panjasi osilib qoladi va barmoqlar yarim bukilgan holatda qoladi. Buni osilgan qo‘l panjasi sindromi deb atashadi. Agar bemor qo‘lini oldinga cho‘zsa, uning qo‘l panjasi bilak-kaftusti bo‘g‘imida pastga bukilib osilib qoladi. Bu sindrom go‘yoki saroy malikasi qo‘lini o‘ptirish uchun cho‘zib turgandagi holatni eslatadi (11.3rasm).

 

Qo‘l panjasi va barmoqlarni yozuvchi muskullarda atrofiya ham kuzatiladi. Nervning tirsak bo‘g‘imidan yuqori qismi zararlansa, tritseps refleks pasayadi. Qo‘lning tirsak bo‘g‘imidan pastki qismida tashqi tomondagi muskullar ozadi va ushbu sohada gipesteziya aniqlanadi. Gipesteziya kaftning radial qismining orqa yuzasida va 1- va 2-barmoqlar hamda 3-barmoq yarmining orqa tomonida kuzatiladi. Og‘riq va vegetativ buzilishlar deyarli uchramaydi. Qo‘lni tirsak bo‘g‘imida bukib-yozish saqlanib qoladi.

Tirsak nervi (n. ulnaris, S7, S8, Th1). Aralash nerv. Dastlab elka chigalining birlamchi pastki, so‘ngra ikkilamchi ichki tutami tarkibida o‘tadi.  Elka suyagi, tirsak bo‘g‘imi va qo‘lning distal qismi jarohatlarida ko‘p zararlanadi.

Tirsak nervi zararlanganda kaft muskullari atrofiyaga uchraydi. Ayniqsa, gipotenar va kaftning suyaklararo muskullari ozib ketadi. Tenar kamroq ozadi. Barmoqlarning asosiy falangalari orqaga qayrilgan, o‘rta falangalar esa bukilgan bo‘ladi, jimjiloq chekkaga surilib qoladi. Bu holat xuddi kush changalini eslatadi (13.7-rasm). 

 

Demak, n. medianus zararlanishi uchun "maymun panjasi" simptomi xos bo‘lsa, n. ulnaris zararlanishi uchun "qush changali" simptomi xos. Bu belgilarni bilish qiyosiy tashxis o‘tkazish uchun o‘ta zarur. Chunki n. ulnaris zararlanganda ham n. medianus zararlanishidagi kabi og‘riqlar paydo bo‘ladi. Bu esa dastlabki tashxis qo‘yishda vrachni ikkilantirib qo‘yishi mumkin. Biroq, n. ulnaris zararlanganda og‘riqlar kuchsiz bo‘ladi va ular, asosan, kaftda joylashadi. Kuchli og‘riqlar n. medianus zararlanishi uchun xosligini esda tuting. Bemor 1-barmoqni 2-barmoqqa, 5-barmoqni 4-barmoqqa yaqinlashtira olmaydi. Kaftni bukish deyarli saqlanib qoladi. Chunki bu funktsiyani, asosan, n. medianus bajaradi.

 

Sezgi buzilishlari tirsak nervi innervatsiya qiladigan sohada aniqlanadi. Qo‘lning tirsak bo‘g‘imidan pastki qismining ichki yuzasi, kaftning ulnar qismi, 5-barmoq hamda 4-barmoq yarmining old va orqa yuzalarida gipesteziya kuzatiladi. 



Ctrl
Enter
Хато топдизнигзми?
Матнни танланг ва Ctrl+Enter тугмачаларини босинг
MUHOKAMALAR
Izohlarning minimal uzunligi 50 ta belgidan iborat. sharhlar boshqariladi
Hech qanday izoh yo‘q. Siz birinchi bo‘lishingiz mumkin!
Кликните на изображение чтобы обновить код, если он неразборчив