Qo'shiluvchi nerv
Qo'shiluvchi nerv (n.accessorius, XI nerv) harakat nervi bo'lib, uning kranial yadrosi uzunchoq miyaning pastki qismida yotadi va ikki tomonlama kortikal innervatsiyaga ega. Nervning spinal yadrosi Сг-С5 segmentlarning oldingi shoxida yotadi va qarama-qarshi yarimshardan bir tomonlama kortikal innervatsiya oladi (6.42-rasm
Spinal yadrodan boshlangan tolalar birlashib 6-7 nafar ingichka ildizchani hosil qiladi. Ular orqa miyaning yon tomonidan chiqib XI nervning spinal qismini [pars spinalis] tashkil qiladi. Pars spinalis oldingi va orqa spinal ildizchalar orasida joylashib tepaga ko'tariladi va foramen occipitale magnum orqali kalla suyagi ichiga kiradi.
Kalla suyagi ichida pars spinalis va pars cranialis o'zaro qo'shilib n. accessoriusni hosil qiladi. Shu bois ham uning nomi – qo'shiluvchi nerv. N. accessorius kalla suyagini foramen jugulare orqali tark etadi. Ushbu nervni innervatsiya qiluvchi markaziy neyron oldingi markaziy pushtaning pastki qismida yotadi.Qo'shiluvchi nerv bo'yintiriq teshikdan chiqib yana ikkiga bo'linadi: nervning kranial qismi to'sh-o'mrov-so'rg'ichsimon muskulni (m. sternocleidomastoideus], spinal qismi – trapetsiyasimon muskulni (m. trapezius) innervatsiya qiladi. To'sh-o'mrov-so'rg'ichsimon muskul boshni yon tomonlarga burish va tepaga ko'tarish vazifasini bajaradi. Trapetsiyasimon muskul vazifalari yelkani ko'tarish va qisish, yelka kamarini orqaga tortish hamda kuraklarni umurtqa pog'onasiga yaqinlashtirishdir.
Tekshirish usullari
Dastlab sinaluvchining bo'yin-yelka sohasi umumiy ko'rikdan o'tkaziladi. So'ngra boshni o'ng va chapga, oldinga va orqaga burish hamda yelkalarni ko'tarish so'raladi. Bo'yin muskullari paypaslab tekshiriladi, ularning simmetrikligi, atrofiya va fassikulyatsiyalar bor-yo'qligiga e'tibor qaratiladi (6.43 va 6.44-rasmlar).
Izoh: "Qo'shimcha nerv" iborasini rus tiliga o'girsa, "дополни-телный нерв" degan ma'noni anglatadi. Rus tilida "добавочный" so'zini o'zbek tiliga o'girsa, "qo'shmoq, qo'shilmoq" degani. Demak, XI nervni "qo'shimcha nerv" deb atash noto'g'ri. Shuning uchun ham biz XI nervni "qo'shiluvchi nerv" deb atashni ma'qul topdik Bu ibora anatomik jihatdan ham to'g'ri. Chunki XI nervning kranial va spinal qismlari o'zaro qo'shilib, ushbu nervni hosil qiladi.
6.43-rasm. M. trapezius kuchini 6.44-rasm. M. sternocleidomas-
aniqlash sinamasi. toideus kuchini aniqlash sinamasi.
Zararlanish simptomlari va topik diagnostikasi
1. Qo'shiluvchi nervning periferik falajligi Uning yadrosi va ildizchalari zararlanganda ro'y beradi. Simptomlar zararlangan tomonda namoyon bo'ladi (6.45-rasm).
Bemorning boshi Zararlangan tomonda Yelka osilgan tomon oldinga osilib qoladi. yelka tushib turadi. da barmoqlar biroz chiqib turadi.
Bunda to'sh-o'mrov-so'rg'ichsimon va trapetsiyasimon muskullar falajlanadi, ularda atrofiyalar paydo bo'ladi. Sinaluvchi boshini tik tutolmaydi, pastga egilib qoladi, uni sog'lom tomonga burish qiyinlashadi. Shuningdek, zararlangan tomonda yelka biroz tushib qoladi, yelkani gorizontal sathdan tepaga ko'tarish mushkullashadi, kurak pastga va chekkaga ketadi. Qo'lni gorizontal chiziqdan tepaga ko'tarib bo'lmaydi (6.46-rasrri).
6.46-rasm. Qo'lni gorizontal chiziqdan tepaga ko'tarib bo'lmaydi
- Qo'shiluvchi nervning markaziy falajligi Ushbu nervga keluvchi kortiko-nuklear yo'llar zararlanganda ro'y beradi. Yadroning kranial qismi ikki tomonlama kortikal innervatsiya olganligi bois, to'sh-o'mrov-so'rg'ichsimon muskulning markaziy falajligi kuzatilmaydi. Trapetsiyasimon muskul esa qarama-qarshi tomonda falajlanadi.
- Ta'sirlanish, ya'ni qo'zg'alish simptomlari. Bunday holat po'stloq markazi hamda uzunchoq miyadagi yadro ta'sirlantirilsa (qo'zg'atilsa) ro'y beradi. Klinik belgilari: bo'yinning spastik qiyshayishi (tortikollis] yoki boshning qarama-qarshi tomonga buralishi bilan namoyon bo'luvchi klonik harakatlar, bo'yin-yelka sohasida miokloniya va bosh egib "salom beruvchi" harakatlar.
Manba: © Z. Ibodullayev. Umumiy nevrologiya. Darslik. Toshkent, 2021., 312 b.
© Ibodullayev ensiklopediyasi © asab.cc
Izohlarning minimal uzunligi 50 ta belgidan iborat. sharhlar boshqariladi
Qiziq maqolalar
"Ibodullayev ensiklopediyasi" bo‘limi bo‘yicha