KLIMAKTERIK SINDROM
Sog‘lom ayol organizmida reproduktiv sistema 60-65 yoshga etganda o‘z faoliyatini to‘xtatadi. Klimakterik davr (sin: klimaks) – organizmning reproduktiv sistemasida involyutsion jarayonlar ustunlik qiladigan fiziologik jarayonlardan iborat davr. Bu davr 10 yilgacha, ba’zan undan ham ortiq davom etadi. Bu davrda avval homilador bo‘lish, so‘ngra hayz ko‘rish to‘xtaydi.
Klimakterik davr ketma-ket keluvchi 3 bosqichga bo‘lib o‘rganiladi.
- Premenopauza– 45-47 yoshlarda boshlanadi va xayzlar tugaguncha davom (2-10 yil) etadi.
- Menopauza– so‘nggi hayz. Aksariyat ayollarda xayz kelishi 50 yoshda butunlay to‘xtaydi, ya’ni menopauza boshlanadi. Ba’zi ayollarda xayz kelishi 40 yoshda to‘xtasa, ba’zida bu jarayon 60 yoshgacha davom etadi.
- Postmenopauza– menopauzadan so‘nggi davr.
Premenopauzal davrning fiziologik kechishida tuxumdon funktsiyasining sekin-asta pasayishi kuzatiladi. Bu jarayonning klinik manzarasi menopauzaning boshlanganligidan dalolat berib turadi. Reproduktiv sistemaning postmenopauzal davrida kuzatiladigan o‘zgarishlar estrogenlar miqdorining keskin kamayishi bilan bog‘liq.
Menopauza fiziologik jarayon bo‘lib, odatda ichki a’zolar va sistemalar faoliyatiga salbiy ta’sir ko‘rsatmasdan namoyon bo‘ladi. Menopauzadan so‘ng ichki a’zo va to‘qimalarda o‘ziga xos qarish jarayoni boshlanadi, ayniqsa, endokrin bezlar va jinsiy a’zolar hajmi kichrayib boradi. Estrogenlar miqdorining etishmasligi sababli osteoporoz rivojlansa, progesteron miqdori etishmasligi ichki a’zo va to‘qimalarda giperplastik jarayonlarni jadallashtiradi. Shu bois bu a’zolarda o‘smalar rivojlanishi ham mumkin. Organizmda estrogenlar va progesteronlar miqdorining etarli darajada bo‘lishi kayfiyatning yuqori darajada bo‘lishiga ham yordam beradi. Shuning uchun ham bu gormonlarning etishmovchiligi ruhiyat va hissiyotning turli darajada ifodalangan buzilishlari, ayniqsa, xavotirli depressiyalarga sababchi bo‘ladi.
Klimakterik davrning fiziologik kechishiga bir qancha omillar o‘z ta’sirini ko‘rsatadi, ya’ni homiladorlik va tug‘ish davrlarining sog‘lom tarzda kechishi, ratsional tarzda ovqatlanish, jismoniy faollik, zararli odatlar (ichish, chekish) ning yo‘qligi, mehnat va dam olishni to‘g‘ri tashkil etish va h.k.
Ayollarda klimakterik sindrom
Klimakterik sindrom klimakterik davrda bir qancha psixopatologik, vegetativ, endokrin, somatik va moddalar almashinuvining buzilishlari bilan kechadigan sindromdir. Turli ma’lumotlarga ko‘ra, klimakterik davrda klimakterik sindrom deyarli 50 % ayolda uchraydi. Ushbu sindrom premenopauza davrida 30 %, menopauza boshlanganda 70 % ayolda uchraydi.
Klinikasi. Klimakterik sindromning klinik belgilari turli-tuman bo‘lib, ular ruhiy-hissiy, vazomotor, urogenital, endokrinologik va terida kuzatiladigan involyutsion o‘zgarishlardan iborat.
Ruhiy-hissiy buzilishlar: |
• jahldorlik • uyquchanlik • holsizlik • bezovtalanish • depressiya • parishonxotirlik • ishtaha buzilishi • libido pasayishi • hissiy zo‘riqishlar |
Vazomotor o‘zgarishlar: |
• birdan qizib ketish (yuz, bosh va bo‘yinda ko‘proq) • terga botish, muzlab ketish • bosh og‘riqlar, bosh aylanishlar • arterial gipo- yoki gipertoniya • taxikardiya, nafas etishmasligi • oyoq-qo‘llar uvishishi, og‘riqlar |
Urogenital simptomlar: |
• qin namligi pasayishi yoki qurib qolishi • jinsiy yaqinlik paytida og‘riqlar • qinning qichishi va achishi • tez-tez siyish, nikturiya • ba’zan siydik tuta olmaslik • qin devorining tushishi |
Endokrin buzilishlar: |
• semirish • osteoporoz • qandli diabet • qalqonsimon bez faoliyati buzilishlari • mastopatiya • bo‘g‘imlar va mushaklardagi og‘riqlar |
Terida kuzatiladigan o‘zgarishlar: |
• teri qurishi • tirnoqlar sinishi • soch tushishi • ajinlar paydo bo‘lishi |
Klimakterik sindrom uchun o‘ta xos bo‘lgan belgi (90-95 % holatlarda) birdan qizib ketishdir. Bir kunda bir necha marotaba kuzatiladigan bu simptom 1-2 daqiqa davom etadi. Tananing yuqori qismi, ayniqsa, yuz, bosh va bo‘yin qizib ketishi to‘satdan yog‘ilib keladi va darrov o‘tib ketadi. Bu paytda bemorni kuchli ter bosadi, qizib ketadi, yurak urishi tezligini ba’zan sanab bo‘lmay qoladi, ya’ni u bir daqiqada 150 dan oshiq uradi. Kuchli taxikardiya bilan birgalikda AQB ham keskin ko‘tariladi. Gipertoniya kasalligi bor bemorlarda AQB 200/100 mm sim.ust. va undan yuqorigacha oshadi. Ba’zan ozgina ruhiy siqilish ham bu xurujni qo‘zg‘ab yuboradi. Klimakterik sindromda birdan qizib ketish simptomi gipotalamusning termoregulyator faoliyati buzilishi bilan izohlanadi. Ba’zan klimakterik xurujni stenokardiya xuruji bilan farqlashga to‘g‘ri keladi, chunki yurak sohasida ham og‘riqlar kuzatiladi. Klimakterik sindromda kardialgiyaning kuzatilishi kardiomiotsitlarda moddalar almashinuvining buzilishi va simpatik irritatsiyaning kuchayishi bilan bog‘liq, deb hisoblanadi.
Menopauzadan so‘ng organizmning immunologik qarshiligi pasayishi sababli, mavjud surunkali kasalliklar qo‘zg‘ashi mumkin. Masalan, YuIK, bronxial astma va b.q. Bemorning yuqori nafas yo‘llarida o‘tkir respirator infektsiyalarga o‘xshash holatlar tez-tez kuzatiladi. Ular sal sovuqqa ham tez “shamollab” qolishadi. Shuningdek, surunkali bronxit, vazomotor rinit, kon’yuktivit, stomatit, laringit, astma va shu kabi boshqa allergik kasalliklar ham qo‘zg‘aladi. Klimakterik sindromda estrogenlar miqdorining pasayishi ichki a’zo va sistemalarning turli patologik holatlarga chidamliligini pasaytiradi, ular tashqi va ichki ta’sirotlarga sezgir bo‘lib qoladi. Natijada, ichki a’zolar sohasida, ayniqsa, Zaharin-Xed sohalarida achishtiruvchi og‘riqlar paydo bo‘ladi.
Menopauzadan so‘ng jinsiy va siydik ajratish a’zolari to‘qimalarida atrofik jarayonlar davom etadi. Bachadon va sut bezlarida o‘smaga o‘xshash holatlarning paydo bo‘lishi, buyrak va bachadon sohasida og‘riqlar, siydikning achishib chiqishi, tez-tez siyish, (ayniqsa, tunda) va libido so‘nishi klimakterik sindromning barcha turlarida kuzatiladi. Estrogenlar etishmovchiligi nafaqat jinsiy a’zolar faoliyati, balki boshqa to‘qimalarga ham salbiy ta’sir ko‘rsatadi. Shuning uchun ham teri quriy boshlaydi va yupqalashadi, ajinlar paydo bo‘ladi, tirnoqlar mo‘rtlashadi va soch to‘kiladi.
Klimakterik sindromda ruhiy-hissiy buzilishlar turli-tuman bo‘lib, ular bemorning temperamenti, oila va jamiyatda tutgan o‘rni, yillar mobaynida shakllanib qolgan xulq-atvoriga bog‘liq. Klimakterik sindrom xurujlaridan so‘ng ba’zi bemorlarda depressiya, xavotir va apatiya alomatlari kuzatilsa, boshqa birlarida agressiv holat yuzaga chiqadi. Bu holatlar, albatta, yig‘loqilik, qo‘rquv va uyqu buzilishlari bilan namoyon bo‘ladi. Ular har xil hidlar, yorug‘lik va tovushlarga sezgir bo‘lib qolishadi, bu narsalar ularni asabiylashtiradi. Bemor klimakterik xurujlardan so‘ng ortiqcha shovqin-suronlardan qochib, tinch va qorong‘i xonada dam olishga intiladi.
Kechishi. Klimakterik sindromning kechishi, asosan, uning qachon va qanday boshlanganligi, kasallik darajasi va, albatta, yo‘ldosh kasalliklarning mavjudligiga bog‘liq. Ayniqsa, asab sistemasi kasalliklari, yurak-qon tomir kasalliklari, surunkali infektsiyalar klimakterik sindromning kechishiga salbiy ta’sir ko‘rsatadi, uning uzoq vaqt davom etishi va asoratlar bilan kechishiga sababchi bo‘ladi. Shu bilan birga, klimakterik sindrom ham somatik kasalliklar kechishini og‘irlashtiradi. Ma’lumotlarga ko‘ra, klimakterik sindromning deyarli yarmi turli xil asoratlar bilan kechadi. Bu asoratlar ateroskleroz va yurak ishemik kasalligining zo‘rayishi, gipertonik xurujlarning qo‘zishi, oshqozon-ichak faoliyatining buzilishlari bilan namoyon bo‘ladi.
Klimakterik sindromning engil, o‘rta va og‘ir darajada kechishi farqlanadi. Ularni farqlash, asosan, klimakterik xurujlarning soniga qarab belgilanadi. Agar birdan qizib ketish xurujlari kuniga 10 marotaba kuzatilsa – engil, 10-20 marotaba kuzatilsa – o‘rtacha, undan ko‘p kuzatilsa – og‘ir kechishi deb yuritiladi.
Klimakterik sindromning engil kechishida bemorning umumiy ahvoli qoniqarli bo‘lib, somatik buzilishlar kam kuzatiladi. Ammo, bemorning aqliy va jismoniy mehnat faoliyati biroz susayadi. O‘rta darajada kechishida neyrovegetativ, somatik va endokrin buzilishlar kuchliroq ifodalangan bo‘ladi. Bemorda bosh og‘riq, bosh aylanishi, yurak urishlari, uyqu va xotira buzilishlari, tananing turli joyida og‘riqlar, oshqozon-ichak faoliyati buzilishlari kabi simptomlar vujudga keladi. Sanab o‘tilgan barcha simptomlar kuchli darajada ifodalangan xavotirli-depressiv buzilishlar bilan kechadi. Bular bemorning mehnat va yashash faoliyatini keskin pasaytiradi.
Klimakterik sindromning og‘ir kechishida xurujlar sonidan tashqari, kuchli ifodalangan va asoratlar bilan kechuvchi somatik buzilishlarning ham o‘rni katta. Kasallikning og‘ir turida bemorlarga uy sharoitida bir kunda bir necha bor tez tibbiy yordam ko‘rsatishga va aksariyat bemorlarni shifoxonaga joylashga to‘g‘ri keladi. Ular ko‘pincha paroksizmal taxikardiya, arterial gipertoniya va yurak ishemik kasalligi xurujlari tashxislari bilan kardiologiya bo‘limiga yotqiziladi. Odatda, klimakterik sindrom qancha erta boshlansa, shuncha og‘ir kechadi va uzoq davom etadi, masalan 40-45 yoshgacha kuzatilgan menopauzalarda kasallik shunday kechadi. Albatta, bu davr mehnat faoliyati davri bo‘lganligi sababli ham kasallikning og‘ir kechishi bemorni ishga layoqatsiz qilib qo‘yadi. Xurujlar sonining ko‘pligidan esa bemorning yaqinlaridan biri uni parvarish qilish uchun uyda qolishga majbur bo‘ladi.
Tashxis. Klimakterik sindrom bilan bemorlar boshqa mutaxassislar ko‘rigi va bir qancha tekshiruvlardan o‘tishlari zarur. Ayniqsa, ginekolog endokrinolog, nevropatolog, kardiolog va albatta psixolog ko‘riklari zarur bo‘ladi. UAV esa klimakterik sindromni to‘g‘ri aniqlash uchun mutaxassislar tekshiruvlarini tashkil qilishi, mutaxassislar xulosalaridan so‘ng esa bemorni davolashni o‘z nazoratiga olishi zarur.
Tashxisni to‘g‘ri aniqlash uchun UAV quyidagi tekshiruvlarni tashkillashtiradi: mutaxassislardan terapevt, ginekolog, nevropatolog, endokrinolog, mammolog, urolog va zaruratga qarab boshqa mutaxassislar; paraklinik tekshiruvlardan EKG, EEG, kraniogramma yoki gipotalamo-gipofizar sohani ko‘rish uchun KT, AQB monitoringi, ichki va tos a’zolarini UTD, mammografiya qilinadi. Laborator tekshiruvlardan elektrolitlar, qand miqdori, gormonlar (estrogen, progesteron, qalqonsimon bez gormonlari) tekshiriladi. Shuningdek, atipik hujayralarni aniqlash uchun tsitologik tekshiruvlar ham o‘tkaziladi.
Davolash. Tashxis to‘g‘ri aniqlangandan so‘ng uning kechishiga mos ravishda davolash dasturi ishlab chiqiladi. U bir nechta bosqichdan iborat bo‘lib, kompleks tarzda olib borilsa, ijobiy natijaga erishish oson bo‘ladi. Bular: 1) mehnat va dam olishni to‘g‘ri tashkil etish; 2) ratsional ovqatlanish; 3) ratsional psixoterapiya; 4) psixofarmakoterapiya (antidepressantlar, trankvlizatorlar, sedativ dorilar, ba’zan neyroleptiklar); 5) fizioterapevtik muolajalar va jismoniy tarbiya; 6) beta-adrenoblokatorlar; 7) gormonoterapiya, vitaminoterapiya; 8) osteoporozni bartaraf etish; 9) dam olish sihatgohlarida davolanish.
Jismoniy mashqlar. Bemorni davolashda oddiy badantarbiyadan tortib, to maxsus jismoniy mashqlargacha buyuriladi. Jismoniy mashqlarning ijobiy ta’siri juda katta. Bemor har kuni ertalab 15-20 daqiqa badantarbiya qilishi, haftasiga 2-3 marotaba sog‘lomlashtirish markazlariga qatnashi va turli jismoniy mashqlarda ishtirok etishi zarur, ayniqsa, suzishning ahamiyati katta. Ertalabki sekin qadamlar bilan yugurish, tushlikdan so‘ng ko‘chaga sayrga chiqib turish ham juda foydali. Jismoniy mashqlar to‘qimalarni kislorod bilan ta’minlanishini kuchaytiradi, yurak faoliyatini mustahkamlaydi, organizmning turli infektsiyalarga qarshiligini oshiradi. Shuning uchun ham barcha to‘qimalarda moddalar almashinuvining buzilishi bilan kechuvchi klimakterik sindromda rejali tarzda olib boriladigan sportning engil turlari mutaxassislar tomonidan ko‘p tavsiya qilinadi. Shuningdek, umumiy uqalash yoki bo‘yin-elka sohalarini uqalash buyuriladi. Jismoniy mashqlar bemorning ruhiyatiga ijobiy ta’sir ko‘rsatib xurujlar sonini kamaytirishga yoki engil o‘tishiga yordam beradi.
Ratsional ovqatlanish. Klimakterik sindromda anoreksiya va bulimiya holatlarining ko‘p kuzatilishi ovqatlanish tartibini buzib yuboradi. Shuning uchun ham ratsional ovqatlanish qonun-qoidalarini ishlab chiqish va har bir bemor uchun individual tarzda qo‘llash o‘ta muhimdir. Ovqat sifatli, vitaminlarga boy, engil hazm bo‘ladigan va osh tuzini kam ishlatib tayyorlangan bo‘lishi kerak. Ovqat, asosan, o‘simlik yog‘iga tayyorlangan bo‘lishi, meva va sabzavotlar ko‘p, uglevodlar esa kam iste’mol qilinishi kerak.
Sihatgohlarda davolanish. Organizmni tabiiy chiniqtirish uchun sihatgohlarda dam olish, ayniqsa, shanba, yakshanba kunlari dam olish maskanlariga chiqib turish, uy sharoitlarida esa turli giyohlardan iborat vannalar qabul qilish, sovuqroq suvlarda dush qabul qilish ham buyuriladi. Kislorodli, radonli va yod-bromli vannalar hamda igna bilan davolash ham yaxshi yordam ko‘rsatadi. Shuningdek, suvosti uqalashlari, balchiq bilan davolash va dorilarni elektroforez orqali yuborish ham tavsiya etiladi.. Sihatgohlarda bunday muolajalar bilan davolanish, asosan, klimakterik sindromning engil turlari, ba’zan o‘rta darajada kechuvchi turlarida buyuriladi. Klimakterik sindromning og‘ir turida esa fizioterapevtik muolajalar mumkin emas. Shuningdek, faol ta’sir ko‘rsatuvchi fizioterapevtik muolajalar arterial gipertoniya, bachadon miomasi va mastopatiyalarda mumkin emas.
Gormonoterapiya. Gormonlar klimakterik sindromning engil turida buyurilmaydi. Gormonoterapiyaning maqsadi klimakterik sindromda kuzatiladigan gormonlar etishmovchiligining o‘rnini qoplashdir. Bu maqsadda estrogenlar, gestagenlar va androgenlar qo‘llanilishi mumkin. Gormonlar bilan davolashni va qanday gormon tavsiya qilishni ginekolog yoki shu sohada faoliyat ko‘rsatuvchi endokrinolog hal qiladi. Gormon bilan davolashga monelik qiluvchi holatlar: bachadon, tuxumdon va sut bezi o‘smalari, bachadon va boshqa ichki a’zolardan qon ketishi, o‘tkir tromboflebit, buyrak va jigar etishmovchiliklari, xafaqon kasalligining og‘ir turlari, qandli diabet.
Klimakterik sindromda davolash muolajalarini erta boshlash o‘ta muhim. Kasallik boshlanganiga 1-2 yil o‘tsa-da, rejali davolanishni cho‘zib yurgan bemorda keyinchalik davolash muolajalari samarasi past bo‘ladi. Odatda, davolash muolajalari to‘g‘ri boshlansa, 6 oy ichida klimakterik sindrom alomatlarini bartaraf etish mumkin.
Profilaktika. Ayol kishini zarur tibbiy-psixologik tekshiruvlardan o‘tkazib, uni klimakterik davrga psixologik tayyorlash bu sindromning ancha engil o‘tishiga yordam beradi. Klimakterik davr barcha ayollarda ertami-kechmi, albatta kuzatilishi, uning sabablari, qanday kechishi, davolash usullari va profilaktikasi haqida batafsil ma’lumotga ega bo‘lishi zarur. Ayol kishini klimakterik davrga tayyorlashda UAV ning o‘rni katta. Chunki turli kasalliklar sababli, aksariyat ayollar unga murojaat qilishadi. Umumiy amaliyot vrachi 35-40 yoshdan oshgan barcha ayollar bilan ushbu sindrom haqida suhbatlar o‘tkazishi zarur. Klimakterik sindrom haqida to‘la ma’lumotga ega bo‘lgan ayollar o‘zlarining hayot tarzini keskin o‘zgartirish, o‘zida mavjud bo‘lgan kasalliklardan davolanish, ruhan va jismonan faol hayot tarziga o‘tishga intilishadi, albatta.
Erkaklarda klimakterik sindrom
Erkaklar klimaksi ayollar klimaksi kabi normal fiziologik jarayondir va u organizmda qarish davri boshlanganligidan dalolat beradi. Erkaklar klimaksi hech qanday sub’ektiv va ob’ektiv simptomlarsiz kechishi mumkin. Agar klimaks 45 yoshgacha kuzatilsa – erta, 60 yoshdan so‘ng kuzatilsa – kech klimaks haqida so‘z ketadi. Agar klimaks kardiologik, urologik va boshqa somatik buzilishlar bilan namoyon bo‘lsa, patologik klimaks haqida so‘z boradi. Erkaklarda 40-70 yoshlar orasida jinsiy bezlarda atrofik jarayonlar boshlanadi va androgenlar sintezi sustlashadi. Urug‘donlarning testosteronga sezgirligi pasayadi, moyakda degenerativ o‘zgarishlar paydo bo‘la boshlaydi. Jinsiy a’zolardagi yallig‘lanish kasalliklari, ayniqsa, giperplastik jarayonlar, surunkali alkogolizm, kastratsiya, yurak-qon tomir sistemasi kasalliklari klimaksning patologik tarzda kechishiga turtki bo‘ladi.
Erkaklar klimaksida ham birdan qizib ketish, yuz, qo‘llar va bo‘yin sohasining qizib ketishi, taxikardiya, ko‘z oldi qorong‘ilashuvi, nafas etishmovchiligi, bosh aylanishi kuzatiladi. Albatta, bu jarayonlar kayfiyat tushib ketishi, jahlning tez ko‘tarilishi, AQB oshishi, bosh og‘riqlar va kardialgiyalar bilan kechadi. Bu davrda prostata bezi adenomasi ko‘p kuzatilganligi sababli siydik ajratish sistemasi va jinsiy a’zolar faoliyatining buzilishini ko‘rsatuvchi bir qator simptomlar yuzaga keladi. Siydik yo‘llaridagi og‘riqlar, siyishning qiyinligi, jinsiy faoliyatning susayishi shular jumlasidan.
Erkaklar klimaksi ayollarnikiga qaraganda engil kechadi. Biroq erkaklar klimaksi klinikasida ham ruhiyat va hissiyotning buzilishlari asosiy o‘rin tutadi. Bular arzimagan sababdan jahl chiqishi, qo‘rquv, bezovtalanish, uyqu va xotira buzilishlaridir. Terida ajinlar paydo bo‘ladi, mushaklar bo‘shashadi, jismonan va ruhan tez charchash paydo bo‘ladi. Odatda, erkaklar klimaksi 2–5 yil davom etib, so‘ng simptomlar sekin-asta qayta boshlaydi.
Davosi. Erkaklar klimaksini davolash ham ayollar klimaksini davolashdagi kabi kompleks tarzda olib boriladi, ya’ni psixoterapiya, antidepressantlar, trankvilizatorlar, sedativ dorilar, fizioterapiya, jismoniy tarbiya, sihatgohlarda davolanish buyuriladi. Klimaks og‘ir kechgan holatlarda androgenlar (metiltestosteron, testosteron, sustanon) tavsiya qilinadi. Qo‘shimcha tarzda jinsiy faoliyatni kuchaytiruvchi dorilar buyuriladi.
Professor Zarifboy Ibodullaev