Yangiliklar Ibodullayev ensiklopediyasi Til-halqum va sayyor nervlar

Til-halqum va sayyor nervlar


Til-halqum nervi (n.glossopharyngeus, IX nerv) va sayyor nerv (n. vagus, X nerv) miya ustunida joylashgan umumiy yadro va funksiyalarga ega bo'lganligi bois birgalikda o'rganiladi. Endi til-halqum va sayyor nervga aloqador yadrolar va ularning yo'llari bilan batafsil tanishib chiqamiz (6.39-rasm).
  1.  IX va X nervlarning harakat yadrosi (nucl. ambiguus) va yo'llari. Ikki neyronli yo'ldan iborat bo'lib, I neyron oldingi markaziy pushtaning pastki qismida yotadi. Uning aksonlari kor­tiko-nuklear yo'llar tarkibida pastga tushib ham o'zi tomondagi, ham qarama-qarshi tomondagi nucl. ambiguus da tugaydi. Shu bois ham kortiko-nuklear yo'llarning bir tomonlama zararlanishida bulbar muskullarning markaziy falajligi uchramaydi. Nucl. ambiguus (II neyron) aksonlari uzunchoq miyadan sulcus lateralis posterior orqali chiqadi. So'ngra IX va X nervlarning boshqa tolalari bilan birgalikda bo'yinturuq teshigi (foramen jugulare) orqali cranium ni tark etib bulbar muskullarga boradi.
  2.  IX va X nervlarning umumiy sezgi yadrosi (nucl. alae cinereae) va yo'llari. Uch neyronli yo'ldan iborat. I neyron (psevdounipolyar) tanasi IX va X nervlarning yuqori gangliyasida (gangl. superius) yotadi. Uning dendritlari periferiyaga yo'nalib tilning orqa 2/3 qismi, yutqin, yumshoq tanglay, halqum, traxeya va tashqi quloq terisi, ichki quloqning ichki qavati, nog'ora parda va orqa kranial chuqurcha qattiq pardasini innervatsiya qiladi. Markaziy tolalar esa olivaning orqa qismidan, ya'ni sulcus lateralis posterior orqali uzunchoq mi­yaning ichiga kiradi va nucl. alae cinereaeda tugaydi. Bu yerda II neyron yotadi. Uning aksonlari qarama-qarshi tomonga o'tib lemniscus medialis tarkibida yuqoriga ko'tariladi va talamusning ventromedial yadrosiga boradi. Bu yerda III neyron yotadi. Uning aksonlari capsula interna ning orqa sonidan o'tib orqa markaziy pushtaning pastki qismida tugaydi.
  3.  IX va X nervlarning ta'm bilish yadrosi (nucl tractus so-litarii) va yo'llari. Ta'm bilish yo'llari 3 neyrondan iborat. I ney­ron gangl. superius et inferius da yotadi. Ularning dendritlari IX va X nervlar tarkibida tilning orqa 1/3 qismiga yo'naladi va shu yerda joylashgan maxsus retseptorlardan ta'm bilish impulsla
 
Til

6.39-rasm. Til-halqum va sayyor nervlar 1 – nucl. ambiguus; 2 – nucl. alae cinereae; 3 – nucl. salivatorius inferior; 4 – nucl. tractus solitarii; 5 – nucl. dorsalis n. vagi; 6 – gangl. superius; 7 – gangl. inferius; 8 – bulbar muskullar; 9 – quloq oldi bezlari. 10 – thalamus; 11 – gyrus hyppocampi.
 

 rini qabul qiladi. Bu impulslar, asosan, IX nerv orqali o'tkaziladi, X nervda esa bunday tolalar juda kam. Gangl. superius et inferius ga kelib tushgan impulslar I neyron aksonlari orqali nucl. tractus solitariiga yetkaziladi. Bu yadroda joylashgan II neyronning aksonlari qarama-qarshi tomonga kesishib o'tib medial halqaga (lemniscus medialis) qo'shiladi va talamusning ventromedial yadrosida tugaydi. Bu yerda III neyron yotadi. Uning aksonlari ichki kapsulaning orqa sonidan o'tib ta'm bilish analizatorining po'stloq markazida tugaydi.
  1. IX nervning sekretor yadrosi (nucl. salivatorius infe­rior) va yo'llari. Uzunchoq miyaning pastki qismida joylash­gan nucl. salivatorius inferiorda quloq atrofida joylashgan bezlarni innervatsiya qiluvchi neyronlar yotadi. Uning preganglionar tolalari IX nerv tarkibida kalla suyagining oval teshigi yonida joylashgan gangl. oticum ga boradi. Undan boshlangan postganglionar tolalar quloq oldi so'lak bezlarining sekretor innervatsiyasini ta'minlaydi. Nucl. salivatorius inferior marka­ziy innervatsiyani gipotalamusning oldingi yadrosidan oladi.
  2. X nervning ortki yadrosi va yo'llari. Nucl. dorsalis nervi vagi – sayyor nervning xususiy yadrosidir. Ushbu yadroning markaziy innervatsiyasini gipotalamusning oldingi qismi yadrolari ta'minlaydi. Nucl. dorsalis dan boshlangan preganglionar efferent tolalar n.vagus tarkibida bosh, ko'krak qafasi va qorin bo'shlig'ida joylashgan parasimpatik gangliyalarga bora­di. Ulardan boshlangan postganglionar tolalar yurak muskul­lari, qon tomirlar va ichki a'zolarning yumshoq muskullarini innervatsiya qiladi. X nerv tolalarini aksariyat ichki a'zolarda uchratish mumkin. Shu bois ham u sayyor nerv deb ataladi.
Eslatib o'tamiz, IX va X nervlarning barcha tolalari uzun­choq miyani oliva va pedunculi cerebellaris inferior orasidan tark etadi, ya'ni sulcus lateralis posterior ichidan chiqadi. Kalla suyagi ichini esa foramen jugulare orqali tark etadi. Bu teshikdan XI nervning kranial qismi ham chiqadi.

 Tekshirish usullari
Shikoyatlari. Suhbat chog'ida ovoz jarangdorligi va tembriga e'tibor qaratiladi. Manqalanib gapirish, ovqat yutishda qalqib ketish, ovqatning burunga o'tib ketishi, hiqichoq kabi holatlar bor-yo'qligi o'rganiladi.
Yumshoq tanglay va tilcha holati. Sinaluvchidan og'zini katta ochib baland ovozda «a-a-a» deyish so'raladi. Normada yumshoq tanglay simmetrik qisqarib, tepaga ko'tariladi va til­cha o'rta chiziqda turadi (6.40-rasm). Harakat yadrosining bir tomonlama zararlanishida yumshoq tanglay o'sha tomonda osilib qoladi, tilcha esa sog'lom tomonga og'adi (6.41-rasm).
 6.40-rasm. Normal holatda og'iznl       6.41-rasm. Zararlangan tomonda
katta ochib «a» deganda yumshoq      yumshoq tanglay osilib qolgan, til-
tanglay simmetrik tarzda qisqaradi       cha sog'lom tomonga og'gan.
 va tilcha o'rta chiziqda turadi.
Yumshoq tanglay va yutqin reflekslari. Yumshoq tanglay refleksini tekshirish uchun sinaluvchidan og'zini katta ochib turish so'raladi. So'ngra shpatel bilan galma-gal yumshoq tanglayning chap va o'ng tomonlariga ohista tekkiziladi. Nor­mada yumshoq tanglay qisqarib tepaga ko'tariladi. So'ngra
 

 yutqin refleksi xuddi shu tarzda tekshiriladi. Buning uchun tomoq orqa devorining chap va o'ng tomonlariga shpatel bi­lan galma-gal tegiziladi. Bunda yutish, qusish yoki yo'talish harakatlari paydo bo'ladi. Ushbu reflekslar sog'lom odamda juda yaxshi chaqiriladi. Biroq qariyalarda bu reflekslar birmuncha sust chaqirilishini esda tuting. Reflekslarning bir tomonda chaqirilmasligi o'sha tomonda IX va X nervlarning periferik tipda zararlanishidan dalolat beradi.
Ta'm bilish. Tilning orqa 1/3 qismiga yengil ta'mli moddalar tomizib tekshiriladi (tekshirish qoidasi V nerv yozilgan joyda keltirilgan).
 
Zararlanish simptomlari va topik diagnostikasi
Disfagiya kuzatiladi, ya'ni yutish buziladi. Ovqatlanish paytida suyuq ovqat burun-halqum bo'shlig'iga o'tib, uning bir qismi burundan oqib tushadi. Bemor manqalanib gapiradi, ya'ni rinolaliya kuzatiladi. Ovoz pardalari falajlanishi sababli disfoniya rivojlanadi. Yumshoq tanglay zararlangan tomonda osilib qoladi, fonatsiya paytida faqat sog'lom tomon qisqaradi, buning natijasida tilcha (uvula) sog'lom tomonga og'adi. Zarar­langan tomonda yutqin va yumshoq tanglay reflekslari so'nadi.
Tilning orqa 1/3 qismi va halqum devorida sezgi va ta'm bi­lish buziladi, ya'ni anesteziya va agevziya kuzatiladi. Ta'm bilish analizatorining kortikal markazi ta'sirlansa, ta'm bilish gallyutsinatsiyasi paydo bo'ladi. Quloq oldi so'lak bezi faoliyati so'nishi oqibatida og'iz qurib qoladigan bo'ladi.
 
Manba:   © Z. Ibodullayev. Umumiy nevrologiya. Darslik. Toshkent, 2021., 312 b
             © Ibodullayev ensiklopediyasi    © asab.cc
 
 
 

Ctrl
Enter
Хато топдизнигзми?
Матнни танланг ва Ctrl+Enter тугмачаларини босинг
MUHOKAMALAR
Izohlarning minimal uzunligi 50 ta belgidan iborat. sharhlar boshqariladi
Hech qanday izoh yo‘q. Siz birinchi bo‘lishingiz mumkin!
Кликните на изображение чтобы обновить код, если он неразборчив