Yuz nervi
Yuz nervi (n. facialis, VII juft) – aralash nerv. Mimik muskullarni innervatsiya qiladi. Ushbu tolalar tabiiyki harakat yadrosidan boshlanadi. Shu bois ba'zi adabiyotlarda VII nerv motor nerv deb ham yuritiladi. Yuz nervining aralash nerv deb aytilishiga sabab, uning yadrosi joylashgan joydan boshlab to for. stylomastoideum ga qadar sekretor, ta'm va somatik tolalar yo'ldosh bo'ladi. Ushbu tolalar miya ustunida joylashgan alohida yadrolardan boshlanadi, alohida tolalarga ega va mimik muskullarga mutlaqo aloqasi yo'q boshqa to'qimalarni innervatsiya qiladi. Shuning uchun ham VII va VIII nervlar orasidan o'tadigan ushbu nerv oraliq nerv (n.intermedii Wrisbergi) nomini olgan.
Yuz nervi topografiyasi va yo'li. VII nerv yadrosi Varoliy ko'prigi tubida, uning uzunchoq miya bilan chegara qismida yotadi. Ushbu motor yadrodan boshlanuvchi tolalar tepaga ko'tarilib VI nerv yadrosini aylanib o'tadi. Hosil bo'lgan yarim aylanaga yuz nervining ichki tizzasi deyiladi (6.33-rasm).
6.33-rasm. Yuz nervi
VII nerv Fallopiy kanali ichiga kirgach, unga yondosh bo'lgan oraliq nervdan 3 shoxcha ajralib chiqadi: 1) katta toshsimon nerv (n.petrosus superficialis major); 2) uzangisimon nerv (п. stapedius); 3) nog'ora tori (chordae tympani). VII nerv Fallopiy kanali ichidan foramen stylomastoideum orqali chiqadi va bir qator shoxchalarga bo'linadi. Ushbu shoxchalar g'oz panjasini eslatadi. Yuqori mimik muskullarni yadroning ustki qismi innervatsiya qiladi. Yadroning bu qismi ikki tomonlama kortiko-nuklear innervatsiyaga ega. Pastki mimik muskullarni yadroning pastki qismi innervatsiya qiladi. Yadroning pastki qismi qarama-qarshi tomondan bir tomonlama kortiko-nuklear innervatsiya oladi. Shu bois kortiko-nuklear yo'llarning bir tomonlama zararlanishida yuqori mimik muskullar falajlanmay qoladi, pastki mimik muskullar esa qarama-qarshi tomonda falajlanadi.
XIII nerv yadrolari va yo'llari. N. intermedius yadrolari, asosan uzunchoq miyada joylashgan bo'lib, n.glossopharyngeus yadrolari bilan umumiy funksiyaga ega. Bular - yakka yo'l yadrosi (nucl. tractus solitarii) va yuqori so'lak ajratuvchi yadro (nucl. salivatorius superior).
Fallopiy kanalida oraliq nervdan ajralib chiqqan shoxchalar
- N.petrosus superficialis major. Ushbu nerv yuqori so'lak ajratuvchi yadrodan boshlanuvchi parasimpatik sekretor tolalardan iborat. Ularning bir qismi, ya'ni n.lacrimalis ko'z yoshi bezi (glandula lacrimalis), qolgan qismi burun va og'iz bo'shliqlari bezlariga boradi. Katta toshsimon nerv va uning tolalari zararlansa, ko'zyosh oqishi sustlashib kseroftalmiya rivojlanadi.
- N. stapedius. Ushbu nerv m.tensoris tympani antagonisti hisoblanmish uzangisimon muskulga (m.stapedius) boradi. Nerv zararlansa uzangisimon muskul bo'shashib, tovushlarga ortiqcha qimirlaydi va giperakuziya yuzaga keladi.
- Chordae tympani. Ta'm sezish va sekretor qismlardan iborat. Ta'm sezish qismi tilning oldingi 2/3 qismini innervatsiya qiladi. Sekretor qismi jag'osti va tilosti bezlariga boradi. Demak, so'lak ajralishini stimulyatsiya qiluvchi tolalar nafaqat n.petrosus superficialis major, balki chordae tympani tarkibida ham mavjud.
- Umumiy ko'rik. Dastlab yuzning simmetrik tuzilishiga e'tibor qaratiladi. Normada yuz va ko'z yoriqlari, lab burchaklari simmetrik bo'ladi. Biroq tinch holatda yuzning simmetrikligi haqida darrov xulosa chiqarishga shoshilmaslik kerak. Chunki yuz muskullarining yengil falajligi mimik sinamalarni bajargan paytda ma'lum bo'ladi. Shuningdek, turli xil giperkinezlar (masalan, tiklar) bor-yo'qligiga ham e'tibor qaratish lozim.
- Mimik sinamalar. Mimik sinamalar yuz nervi falajligini aniqlab beruvchi asosiy sinamalardir. Yuqori va pastki mimik sinamalar farqlanadi (6.34-rasm).
6.34-rasm. Yuz nervi funksiyasini tekshirish uchun mimik sinamalar
Yuqori mimik sinamalar – peshonani tirishtirish, qoshlarni chimirish va ko'zlarni chirt yumish. Pastki mimik sinamalar – lunjni havoga to'ldirish, lablarni cho'chchaytirish va tishlarni ko'rsatish. Normada mimik sinamalar simmetrik bajariladi.
- Mimik muskullar kuchini tekshirish. Buning uchun bemordan galma-gal bir nechta mimik harakatlarni bajarish so'raladi. Masalan, bemorning chirt yumilgan ko'zlarini vrach barmoqlari bilan ochishga harakat qiladi, lunjini havoga to'ldirib shishirganda uning ikkala tomonidan barmoqlar bilan bosib havoni chiqarishga urinadi va h.k. Muskullar kuchi ikkala tomonda bir xil bo'lsa, ya'ni pastki mimik muskullarda falajlik bo'lmasa, bemor ro'parada turgan shamni to'g'ri puflab o'chira oladi.
- Ta'm bilishni tekshirish. Ta'kidlab o'tilganidek, tilning oldingi 2/3 qismida ta'm bilishni V va VII nervlarning parasimpatik yadrolari ta'minlaydi. Ta'm bilishni tekshirish usuli yuqorida yoritilgan.
- Reflekslarni tekshirish. Aytib o'tganimizdek, korneal refleks bilan qosh usti refleksining efferent (harakat) qismini VII nerv ta'minlaydi. Shu bois bu reflekslar V nerv zararlanganda ham, VII nerv zararlanganda ham yo'qoladi. Eslatib o'tamiz: mandibulyar refleksning VII nervga aloqasi yo'q.
- Yuz nervi yadrosi va uning ildizchasi zararlansa, o'sha tomonda mimik muskullarning periferik falaji rivojlanadi. Bunda yuqori va pastki mimik muskullar falajlanadi. Bu holatga prozoplegiya deyiladi. Zararlangan tomonda birorta mimik sinama bajarilmaydi va yuz asimmetriyasi yaqqol ko'zga tashlanadi. M. orbicularis oculi falajlanishi hisobiga ko'z yaxshi yumilmaydi. Bunday holatga lagoftalm (lagophtalmus) deyiladi. Ko'z yaxshi yumilmagani bois ko'z yoshi oqishi kuchayadi. Ko'zni yumayotganda ko'z olmasi tepaga ketib qolishiga Bell simptomi deyiladi. Shuningdek, zararlangan tomonda burun-lab burchagi silliqlashadi, og'iz burchagi qimirlamaydi, sog' tomon esa tortib ketadi. M.orbicularis oris falaji sababli artikulyatsiya buziladi va hushtak chalib bo'lmaydi.
- Yuz nervi miyacha-ko'prik burchagi sohasida zararlansa, shu yerdan o'tuvchi V, VI va VIII nervlar zararlanadi. Bu sin-dromning asosiy belgilari - trigeminal og'riqlar, qo'shiluvchi g'ilaylik, mimik muskullar falaji, eshitish pasayishi, vestibulyar buzilishlar va miyacha ataksiyasi.
- Fallopiy kanali ichida yuz nervining n.petrosus superficialis major ajralib chiqishidan tepa qismi zararlansa, mimik muskullar falaji, kseroftalmiya [n.petrosus superficialis major), giperakuziya [n. stapedius) va tilning oldingi 2/3 qismida ta'm sezish yo'qolishi, ya'ni agevziya (chordae tympani) kuzatiladi.
- Zararlanish o'chog'i n.petrosus superficialis major va n. stapedius orasida joylashsa, mimik muskullar falaji, giperakuziya va agevziya kuzatiladi, ko'zdan yosh oqishi kuchayadi.
- Zararlanish o'chog'i n. stapedius va chordae tympani orasida joylashsa, mimik muskullar falaji va agevziya kuzatiladi, ko'zdan yosh oqishi kuchayadi (6.35-rasm).
6.35-rasm. Yuz nervi qismlari va unga yon-dosh tolalar. A – intrakranial qismi; b – intrakanal qismi; v – ekstrakanal qismi; 1 – meatus acusticus internus; 2, 3– VIII nerv (pars cochlearis et vestibularis; 4 – XIII nerv (n. intermedius); 5 va 6 – so'lak bezlariga boruvchi parasimpatik tolalar; 7 – n. petrosus superficialis major; 8 – n.stapedius; 9 – chordae tympani; 10 – foramen stylomastoideum. 11 – g'oz panjasi.
6. Zararlanish o'chog'i chordae tympani dan pastda joylash-sa yoki yuz nervining for. stylomastoideum dan chiqqan qismi zararlansa, faqat mimik muskullar falaji va ko'zdan yosh oqishi kuzatiladi. Ko'zdan yosh oqishi kuchayishining asosiy sabablari – yaxshi yumilmagan ko'zning shamol bilan ta'sirlanishi va pastki qovoq osilib qolishi hisobiga canalis nazolacrimalis ga yoshning yetib bormasligidir.
- Patologik o'choq ko'prikda joylashgan VII nervi yadrosi va shu yerdan o'tuvchi piramidal yo'llarni qamrab olsa, alternirlashgan Miyar-Gubler sindromi rivojlanadi. Bunda o'choq tomonda mimik muskullarning periferik falaji, qarama-qarshi tomonda markaziy gemiparez kuzatiladi.
Eslatib o'tamiz, yuz nervining periferik zararlanishida qosh usti, korneal va kon'yuktival reflekslar so'nadi. Ushbu reflekslarning afferent qismini V nerv ta'minlasa, efferent qismi VII nerv bilan bog'liq.
Yuqorida tilga olingan holatlar yuz nervining periferik falaji uchun xos. Shuningdek, yuz nervining markaziy falaji ham farqlanadi. Bunday holat oldingi markaziy pushta va kortiko-nuklear yo'lning yuz nervi yadrosigacha bo'lgan qismi (ichki kapsula, miya oyoqlari, ko'prikning ustki qismi) zararlanganda kuzatiladi. Markaziy falajlikda faqat qarama-qarshi tomonda pastki mimik muskullar falajlanadi.
Manba: © Z. Ibodullayev. Nevrologiya. Qo`llanma. Toshkent, 2017., 404 b.
© Z. Ibodullayev. Umumiy nevrologiya. Darslik. Toshkent, 2021., 312 b
© Ibodullayev ensiklopediyasi
© asab.cc
Izohlarning minimal uzunligi 50 ta belgidan iborat. sharhlar boshqariladi
Qiziq maqolalar
"Ibodullayev ensiklopediyasi" bo‘limi bo‘yicha