BELBOG‘ GERPES


Belbog‘ gerpes (herpes zoster)  – sporadik tarzda uchraydigan o‘tkir virusli infektsion kasallik bo‘lib, asosan, spinal gangliyalarning zararlanishi bilan namoyon bo‘ladi. Bu kasallik har qanday yoshda uchraydi. Biroq bu kasallik bilan 60 yoshdan oshganlar ko‘p kasallanishadi. Immunitet pasayishi belbog‘ gerpes bilan kasallanish xavfini oshiradi.
       
Etiologiyasi va patogenezi. Kasallik qo‘zg‘atuvchisi suvchechak virusi (varicella zoster virus)  bo‘lib, u avval suvchechak bilan kasallanganlarda uchraydi. Ma’lumki, odam suvchechak bilan bolalik davrida kasallanadi. Kasallik o‘tib ketgach, viruslar organizmdan butunlay chiqib ketmaydi. Virus odam organizmining ba’zi a’zolariga, shu jumladan, nerv sistemasiga o‘tib spinal va trigeminal gangliyalarga joylashib oladi. Viruslar organizmda yashirin holatda bir necha yillar mobaynida saqlanadi. Virusning organizmga tushgan dastlabki davridan boshlab herpes zoster  simptomlari paydo bo‘lgunga qadar o‘tgan vaqt bir necha 10 yillarni tashkil etadi. Ammo bu davr juda qisqa, ya’ni bir necha oylar bo‘lishi ham mumkin.
Agarda qariyalar suvchechak bilan kasallangan nevarasi bilan yonma-yon o‘tirishsa, ularda ham herpes zoster  rivojlanishi mumkin. Chunki organizmda yillar mobaynida yashirin holatda yotgan herpes zoster  virusi suvchechak bilan kontaktda yana faollashadi. Avval suvchechak bilan kasallanmaganlarda herpes zoster  rivojlanmaydi.
       
Virusning qayta qo‘zg‘alishiga keksa yosh, uzoq vaqt sovuqda qolib ketish, kortikosteroidlar va tsitostatiklar bilan davolanish, onkologik va gematologik kasalliklar, kimyoterapiya va radiatsion terapiya,  OITS va turli infektsion kasalliklar turtki bo‘ladi. Umumiy immunitetni pasaytiruvchi har qanday patologik holatlar va kasalliklar varicella zoster  qo‘zg‘alishiga sababchi bo‘ladi. Qayta “bosh ko‘targan virus” organizmda ko‘paya boshlaydi va ganglionit, ganglionevrit rivojlanadi. Ganglionevrit simptomlari paydo bo‘lganligi virusning qayta faollashganligini ko‘rsatuvchi alomatdir. Demak, ko‘pincha spinal va kranial gangliyalar va ularning sensor ildizchalari zararlanadi. Agar virus likvor yo‘llariga tushsa, nerv sistemasining boshqa tuzilmalari ham zararlanadi. Buning natijasida virusli meningit, meningoentsefalit, entsefalit va mielit rivojlanishi mumkin. Virus vegetativ gangliyalarga ham o‘tadi.
       
Klinikasi. Kasallik klinikasi va kechishida 4 davr farqlanadi.
  • Prodromal davr yoki pregerpetik nevralgiya.
  • Gerpetik (ekzantem) toshmalar davri.
  • Postgerpetik nevralgiya davri.
  • Asoratlar davri.
Dastlab kuydirguvchi kuchli radikulyar og‘riqlar paydo bo‘ladi. Kasallikning birinchi davri shu tarzda boshlanadi. Og‘riq tananing ma’lum bir qismida va bir tomonda kuzatiladi. Bu soha zararlangan ildizchalar proektsiyasiga to‘g‘ri keladi. Og‘riqlar juda kuchli bo‘lib, xurujsimon, sanchuvchi va kuydirguvchi xususiyatga ega. Bu sohada kuchli giperesteziya ham kuzatiladi. Bemorning terisiga sal tegsa ham og‘riq qo‘zg‘ab ketadi. Og‘riqlar qaerda kuzatilsa, toshmalar ham o‘sha erda paydo bo‘ladi. Og‘riqlar kechasi va tunda kuchayadi, kunduzi esa biroz engillashadi. Ba’zida og‘riqlar bilan birgalikda umumiy intoksikatsiya va tana haroratining ko‘tarilishi kuzatiladi. Limfoadenopatiya rivojlanadi. Prodromal davr 1-7 kun (ba’zida 12 kun) davom etadi. Keyin gerpetik (ekzantem, vezikulyar) toshmalar davri boshlanadi. Terida qizg‘ish-pushtirang suvli pufakchalar, ya’ni vezikulyar toshmalar vujudga keladi.
       
Ko‘pincha, toshmalar toshgan davrda vrachlar qiynalmay to‘g‘ri tashxis qo‘yishadi. Gerpetik toshmalar 2-7 kun ichida ko‘payib ketadi. Dastlab toshmalar bitta-ikkita joyda paydo bo‘lib, keyin tarqala boshlaydi. Terida paydo bo‘lgan vezikulyar toshmalar bir-biri bilan qo‘shilib, xuddi qizarib pishgan uzum pallasini eslatadi. Ko‘p joylarda mayda toshmalar alohida joylashadi, ularning atrofida yangi toshmalar ham paydo bo‘ladi. Og‘riqlar va toshmalar lokalizatsiyasi bir-biriga to‘g‘ri keladi va ko‘pincha qovurg‘alararo sohada joylashadi. Bu sohadagi og‘riqlar va toshmalar tanani belbog‘ kabi o‘rab oladi. Shuning uchun ham bu kasallik “belbog‘ gerpes” deb nom olgan. Vezikulalar seroz suyuqlikdan iborat. Ba’zi toshmalar gemorragik xususiyatga ega bo‘lib, ular yorilsa, qon aralash suyuqlik chiqadi.
       
Toshmalar bilan namoyon bo‘luvchi hech qaysi bir teri kasalligida belbog‘ gerpesdagi kabi kuchli og‘riqlar bo‘lmaydi. Buni e’tiborga olish to‘g‘ri tashxis qo‘yishni osonlashtiradi. V nerv gangliyasi zararlansa, toshmalar yuzda, spinal gangliyalar zararlansa, tanada paydo bo‘ladi. Ko‘p hollarda, orqa miyaning bo‘yin va ko‘krak gangliyalari, kam hollarda bel-dumg‘aza sohasi gangliyalari zararlanadi. Shuning uchun biz gerpetik toshmalarni ko‘pincha bo‘yin-elka sohasida va qo‘ltiq tagida ko‘ramiz. Gerpetik toshmalar har doim tananing bir tomonida kuzatiladi va 2-3 ta dermatoma sohasini egallab oladi.
       
Gerpetik toshmalarning yorilib yo‘qola borishi 2-3 hafta davom etadi. Toshmalar yorilsa, ularning o‘rnida pigmentli dog‘lar, qariyalarda esa nekrotik chandiqlar paydo bo‘ladi. Bu chandiqlar va pigment dog‘lar qariyalarda butunlay yo‘qolib ketmaydi. Yoshlarda esa pigment dog‘lar yo‘qolib, teri rangi avvalgi holiga qaytadi. Gerpetik toshmalar yo‘qola boshlasa, og‘riqlar ham kamaya boradi. Biroq katta yoshdagilar, ayniqsa, 60 yoshdan oshganlarda kuchli og‘riqlar bir necha oy saqlanib turadi. Og‘riqlar egallagan soha kichrayib borsa-da, uning butunlay yo‘qolishi 3-6 oyga cho‘zilishi mumkin. Og‘riqlarning bir necha oyga cho‘zilib ketishi organizmdagi boshqa kasalliklarni (arterial gipertenziya, yurak ishemik kasalligi va h.k) ham qo‘zg‘ab yuborishi mumkin. Bunday paytda bemorga doimiy vrach nazorati kerak. Herpes zoster  asorati – bular nekrotik chandiqlar va ba’zida qo‘zg‘ab turuvchi postgerpetik og‘riqlardir.
       
Herpes zoster  toshmasiz namoyon bo‘lishi mumkin, biroq hech qachon og‘riqlarsiz namoyon bo‘lmaydi.
       
Aytib o‘tilganidek, belbog‘ gerpes spinal ganglionevritlardan tashqari, Gasser tuguni va tizzasimon tugun ganglionitlari bilan ham namoyon bo‘lishi mumkin. Gasser tuguni zararlansa, yuz-ko‘z atrofida herpes zoster  belgilari paydo bo‘ladi va kasallik ayanchli tus oladi. Yuzdagi kuchli og‘riqlar va toshmalar bemorni og‘ir ahvolga solib qo‘yadi. Yuz emotsional organ hisoblanadi va vegetativ innervatsiyaga boy. Shuning uchun ham bu sohadagi har qanday patologik jarayon kuchli psixoemotsional buzilishlar bilan namoyon bo‘ladi. Ba’zi bemorlarda hatto reaktiv psixoz rivojlanadi. Og‘riqlar V nervning meningeal tolalari bo‘ylab miya pardalariga ham tarqaydi. Buning natijasida meningeal tipdagi og‘riqlar yuzaga keladi. Infektsiya miya pardalariga tarqalsa, seroz meningit rivojlanishi mumkin. Agar infektsiya V nervning ko‘z nervi (n. ophthalmicus)  bo‘ylab tarqalsa,  ophthalmic herpes rivojlanadi.  Ophthalmic herpesherpes zoster  ning o‘ta og‘ir turi. Chunki bunda ko‘zning yumshoq to‘qimalari ham zararlanadi, ya’ni keratit, irit 
va glaukoma rivojlanadi. Bu esa ko‘rish funktsiyasining buzilishiga olib keladi. Ba’zida kosmetik defektlar paydo bo‘ladi. Gasser tuguni ganglioniti gohida umumiy intoksikatsiya va tana haroratining ko‘tarilishi bilan kechadi.
       
Tizzasimon tugun (gang. geniculi) zararlansa, kuydirguvchi og‘riqlar va gerpetik toshmalar quloq suprasi, uning atrofi va tashqi eshituv yo‘lida kuzatiladi. Bu sindrom Xant sindromi deb ataladi. U haqda “kranial nevropatiyalar” qismida ma’lumot berilgan.
       
Kechishi. Kasallik engil, o‘rtacha va og‘ir darajada kechadi. Kasallik yoshlarda biroz engil kechadi va ular tez tuzalishadi. Qariyalarda yoki immuniteti sust odamlarda kasallik og‘ir kechadi. Ularda postgerpetik nevralgiya davri ham cho‘ziladi. Toshmalar o‘rnida turli nekrotik chandiqlar qoladi. Ba’zida yurak muskullari zararlanib, bemor reanimatsiyaga tushib qoladi. Shuningdek, meningit, meningoentsefalit, mielit va Giyen-Barre sindromi rivojlanishi mumkin. MNS zararlanishi gerpetik toshmalar toshishi davriga to‘g‘ri keladi. Demak, ushbu davrda juda ehtiyot bo‘lish va antivirus terapiyani iloji boricha erta boshlash kerak. Ba’zi bemorlarda herpes zoster  yana qayta paydo bo‘ladi, ya’ni ular bir necha yillar o‘tib yana ushbu kasallikka duchor bo‘lishadi. Bu holat ko‘pincha OITS bilan kasallanganlar va onkologik bemorlarda ro‘y beradi. Ba’zida o‘tib ketgan og‘riqlar yana qayta qo‘zg‘aydi. Buning sababi “oddiy shamollash” bo‘lishi mumkin. O‘tkir stress ham og‘riqni qo‘zg‘ab turadi.
       
Tashxis. Belbog‘ gerpes tashxisini qo‘yish qiyinchilik tug‘dirmaydi. Ayniqsa, gerpetik toshmalar toshgandan keyin tashxis qo‘yish juda osonlashadi. Gerpetik toshmalar har doim kuchli og‘riqlar bilan kechadi va tananing bir tomonida paydo bo‘ladi.

Eslatma. Belbog‘ gerpes faqat kuydirguvchi radikulyar og‘riqlar bilan va hech qanday toshmalarsiz kechishi ham mumkin. Bunday paytlarda varicella zoster  virusiga antitanachalar titrining ko‘tarilganligiga qarab to‘gri tashxis qo‘yiladi. Buning uchun virusologik usullardan foydalaniladi.

Davosi. Bemorni davolashda antivirus dorilar, immunomodulyatorlar, vitaminlar, dezintoksikatsiya muolajalari, yallig‘lanishga qarshi nosteroid dori vositalari va mahalliy davolash usullari qo‘llaniladi. Antivirus dorilar faollashgan viruslarning ko‘payishini to‘xtatadi. Viruslarning DNK-polimerazasi atsiklik nukleozidlarni (atsiklovir) adashib, o‘ziniki deb qabul qiladi va ular bilan reaktsiyaga kirishadi. Buning natijasida yangi viruslarning DNK sintezi buziladi va viruslar replikatsiyasiga (ko‘payishiga) chek qo‘yiladi. Organizmning normal hujayralaridagi DNK zarar ko‘rmaydi. Ushbu mexanizmni 1977-yili o‘rganib yangi dori kashf qilgan amerikalik olima G. B. Elaen Nobel mukofotiga sazovor bo‘lgan. U bioximik bo‘lgan. Yangi yaratilgan doriga atsiklovir deb nom berilgan.

Atsiklovir va shu kabi boshqa antivirus dorilar organizmda yashirin hayot kechirayotgan viruslarga ta’sir ko‘rsata olmaydi. Demak, bu dorilar keyinchalik bosh ko‘tarishi mumkin bo‘lgan viruslarni yo‘qota olmaydi. Ular faqat faollashgan viruslarga ta’sir ko‘rsatadi. Antivirus dorilar kasallikning birinchi belgilari paydo bo‘lgan zahoti tavsiya etilishi kerak.
       
Antivirus dorilar. Atsiklovir (viroleks, zoviraks) belbog‘ gerpesda qo‘llaniladigan asosiy antivirus dori hisoblanadi. Atsiklovir 1 kg tana vazniga 
5 mg dan kuniga 3 mahal vena ichiga tomchilatib yuboriladi (1-jadval).

1-jadval
              Atsiklovirni venaga tomchilatib yuborish sxemasi

Tana vazni ,
Taxminiy qilinadigan vaqti (soat) 
va dozasi (mg)    


Bir kunlik
dozasi, mg

kg
Ertalab 
8.00
Kunduzi 16.00
Kechasi 24.00
30
150
150
150
450
40
200
200
200
600
50
250
250
250
750
60
300
300
300
900
70
350
350
350
1050
80
400
400
400
1200
90
450
450
450
1350
100
500
500
500
1500

Izoh. Dori 0,9% li natriy xlorid yoki 5% li glyukoza eritmasida 1 soat mobaynida venadan tomchilatib yuboriladi. Dori 7 kun mobaynida qilinadi.

Eritmani tayyorlash usuli. Atsiklovir (zoviraks, viroleks) turli hajmdagi flakonlarda ishlab chiqariladi. Flakonlarda 250, 500 va 1000 mg atsiklovir kukuni bor. Eritmani tayyorlash uchun 250 mg atsiklovir 10 ml, 500 mg li atsiklovir 20 ml, 1000 mg li atsiklovir 40 ml natriy xlorid eritmasida eritiladi. Cho‘kma hosil bo‘lmasligi uchun eritma yaxshilab chayqatiladi. Tayyor bo‘lgan eritma 0,9% 100 yoki 200 ml natriy xlorid eritmasiga qo‘shiladi va venadan 1 soat mobaynida tomchilatib yuboriladi. Natriy xlorid o‘rniga 5% li glyukoza eritmasi ham qo‘llanilishi mumkin. Eritma bevosita ishlatishdan oldin tayyorlanadi.
       
Immunitet o‘ta past yoki gerpetik infektsiya og‘ir kechgan holatlarda, ya’ni gerpetik meningit, meningoentsefalit yoki poliradikulonevropatiya rivojlanganda atsiklovir 1 kg tana vazniga 10-15 mg miqdorda har 8 soatda qilinadi. Bunday holatlarda dorini 10 kun mobaynida qilish mumkin. Buyrak etishmovchiligida dori kam dozada buyuriladi. Atsiklovirning nojo‘ya ta’sirlari ko‘ngil aynishi, qusish, bosh og‘riq va allergik reaktsiyalardir.
       
Atsiklovir 200 va 400 mg li tabletkalarda ham ishlab chiqariladi. In’ektsiya o‘rniga atsiklovir tabletkasi ham tavsiya etilishi mumkin. Atsiklovir 600-800 mg dan kuniga 5 mahal ichish uchun beriladi. Atsiklovir va boshqa antivirus dorilar gerpetik toshmalar paydo bo‘lgan zahoti belgilangan dozada tavsiya etilishi lozim. Atsiklovir kasallik zo‘rayib ketishi va yangi toshmalar paydo bo‘lishining ham oldini oladi. Biroq postgerpetik nevralgiya rivojlanishini to‘xtata olmaydi.
        
Gantsiklovir. Gantsiklovir kimyoviy tuzilishi bo‘yicha atsiklovirga o‘xshab ketadi. Lekin u nafaqat herpes zoster  virusi, balki tsitomegaloviruslarga ham ta’sir ko‘rsatadi. OITS bilan kasallanganlarda rivojlangan belbog‘ gerpesda ham gantsiklovir samarali vositadir. Gantsiklovir 1 kg tana vazniga 5 mg dan kuniga 2 mahal natriy xlorid yoki glyukozaning izotonik eritmasida venadan 1 soat mobaynida tomchilatib yuboriladi. Gantsiklovir 14-21 kun mobaynida qilinadi. Keyinchalik gantsiklovir tabletkasi 1 g dan 3 mahal ovqat paytida ichishga buyuriladi. Qancha vaqt qabul qilish kasallik turi va darajasiga qarab, individual tarzda vrach tomonidan belgilanadi. Gantsiklovir ko‘pincha gerpetik meningit, meningoentsefalit, zotiljam, OITS va onkologik kasalliklarda tsitomegaloviruslar chaqirgan infektsiyalarda qo‘llaniladi. Gantsiklovir homiladorlik va laktatsiya davrlarida hamda 12 yoshgacha bo‘lgan bolalarga tavsiya etilmaydi.
       
Famtsiklovir. Bu dori atsiklovirga qaraganda birmuncha samaralidir. Famtsiklovir 500 mg dan kuniga 3 mahal ichishga tavsiya etiladi. Dori 7 kun mobaynida qabul qilinadi. Famtsiklovir 125, 250 va 500 mg li tabletkalarda ishlab chiqariladi.
       
Valatsiklovir. Valatsiklovir organizmda atsiklovirga aylanadi. Bu dori atsiklovirga qaraganda gerpetik toshmalar qaytishiga kuchliroq ta’sir ko‘rsatadi.                       Dori 500-1000 mg dan kuniga 3 mahal 7-10 kun mobaynida ichiladi. Valatsiklovir 500 mg li tabletkalarda ishlab chiqariladi.
       
Antivirus dorilar bilan davolash patogenetik davolashdir. Qolgan davolash muolajalari esa simptomatik davolash hisoblanadi. Antivirus dorilar gematoentsefalik va pletsentar barerlardan bemalol o‘tadi. Ular bilan davolashni erta boshlash, etarli dozada qilish va asossiz ravishda erta to‘xtatib qo‘ymaslik kerak. Kech qo‘llab boshlangan antivirus dorilar samara bermaydi. Gerpetik toshmalar qaytib postgerpetik nevralgiya davri boshlagandan so‘ng tavsiya etilgan antivirus dorilar befoydadir.
       
Immunoterapiya. Aytib o‘tganimizdek, gerpetik infektsiya organizmning immuniteti sustlashgan odamlarda bosh ko‘taradi. Shu bois, bemorlarga immunoterapiya o‘tkazish lozim. Buning uchun immunomodulyatorlar tavsiya qilinadi. Biroq immunomodulyatorlar faol gerpetik yallig‘lanish davrida qilinmaydi. Gerpetik toshmalar o‘tib ketib, postgerpetik nevralgiya boshlagan davrda immunoterapiya o‘tkaziladi. Demak, kasallik boshlaganidan 14 kun o‘tib immunoterapiya boshlanishi mumkin. Immunomodulyatorlar organizmda endogen interferon hosil bo‘lishini jadallashtiradi va immunitetni oshiradi. Shuningdek, bu dorilar antivirus, antibakterial, antimetastatik, antiproliferativ, antimutagen va antiradiatsion ta’sirga ega. Ular organizmda o‘sma o‘sishini ham pasaytiradi. Shuning uchun interferonlar onkologik kasalliklarda ham tavsiya etiladi. Ko‘pincha quyidagi interferonlar qo‘llaniladi: alfa-interferon, beta-interferon, gamma interferon, tiloron, tsikloferon.
       
Tsikloferon 2 ml li ampula va 0,15 g li tabletkalarda ishlab chiqariladi. Tsikloferon quyidagi sxema bo‘yicha qilinadi: 1, 2, 4, 6, 8, 11, 14, 17, 20, 23, 26, 29-kunlari 2 ml dan venaga yoki mushak ichiga qilinadi.
       
Og‘riq qoldiruvchi dorilar. Belbog‘ gerpes har doim kuchli og‘riqlar bilan kechadi. Bu og‘riqlarni engillashtirish uchun har qanday analgetiklardan foydalanish mumkin. Bular – analgin va dimedrol aralashmasi, og‘riqqa qarshi nosteroid dori vositalari (diklofenak natriy, ketonal), antidepressantlar, lidokain, tramadol, karbamazepin, gabapentin va h.k.
      
Kuchli nevropatik og‘riqlarni bartaraf etishda tramadol keng qo‘llaniladi. Tramadol opioid retseptorlarga ta’sir qilish orqali og‘riqni qoldiradi. Tramadol 25 mg dan kuniga 2 mahal ichishga buyuriladi. Oradan 5 kun o‘tgach uning dozasi 2 barobarga oshiriladi, ya’ni bemor dorini 50 mg dan kuniga 2 mahal qabul qiladi. Agar og‘riqlar shunda ham kamaymasa, dori 100 mg dan kuniga 2-3 mahal tavsiya etiladi. Tramadolning bir kunlik dozasi 300-400 mg ga etkazilishi mumkin. Dori 3-4 hafta mobaynida ichiladi. Tramadolni uzoq vaqt qabul qilsa, narkotik bog‘lanish rivojlanishi mumkin. Agar og‘riq pasaya boshlasa, dorining dozasi kamaytirib boriladi.
       
Tramadolni tavsiya etish bilan bog‘liq ba’zi bir qoidalarni bilish zarur. Tramadol 60 yoshdan oshganlarga kamroq dozada (kuniga 200 mg) beriladi. Chunki u kognitiv buzilishlarga olib keladi yoki ularni kuchaytiradi. Epilepsiyaga moyil shaxslarda esa tutqanoq xurujlarini qo‘zg‘ab yuborish xavfi bor. Tramadol qabul qilayotgan bemorga antidepressantlar (masalan, amitriptilin, paroksetin, sertralin, venlaksin) tavsiya etishni cheklash lozim. Tramadol bilan antidepressantlarni birgalikda tavsiya etish serotonin sindromini yuzaga keltiradi. Biroq tramadol kam dozalarda (50-100 mg) tavsiya etilganda antidepressantlar ham tavsiya etilishi mumkin.
       
Tramadol bilan paratsetamol kombinatsiyasidan tayyorlangan dori zaldiar ham nevropatik og‘riqlarni qoldirishda juda samaralidir. Zaldiarning 1 tabletkasi 325 mg paratsetamol va 37,5 mg tramadoldan iborat. Bu esa tramadolning nojo‘ya ta’sirlarini kamaytirish imkonini beradi. Zaldiar 1 tabl. kuniga 3 mahal ichishga tavsiya etiladi. Zaldiar tavsiya etilgan bemorga antidepressantlar ham berish mumkin. Biroq katta dozada berilgan paratsetamol jigarga toksik ta’sir ko‘rsatishini esda tutish lozim.
       
Har qanday kuchli og‘riqlar kuchli vegetativ va nevrotik reaktsiyalar bilan birgalikda namoyon bo‘ladi. Shuning uchun ham postgerpetik nevralgiyada antidepressantlar tavsiya etilishi maqsadga muvofiq. Bu borada asosiy urg‘u amitriptilinga beriladi. Chunki amitriptilin nafaqat antidepressiv (kayfiyatni oshiruvchi), balki sedativ va uxlatuvchi ta’sirga ham ega. Amitriptilin psixogen va vegetativ og‘riqlarni yaxshi bartaraf etadi, psixosomatik buzilishlarni pasaytiradi. Amitriptilin 2 ml (20 mg) dan natriy xloridning 100-200 ml izotonik eritmasiga qo‘shib, venadan tomchilatib yuboriladi. Dori 7-10 kun mobaynida beriladi, keyinchalik 1 tabl. (25 mg) dan kuniga 2-3 mahal ichishga tavsiya etiladi. Amitriptilinni mushak ichiga qilmagan ma’qul. Chunki in’ektsiyaning birinchi kuniyoq kuchli bosh aylanishi va koordinator buzilishlar paydo bo‘ladi. Bu nojo‘ya ta’sirlar keyinchalik kuzatilmasa-da, bemor dorini yana olishdan voz kechadi. Amitriptilin glaukoma, kuchli taxikardiya, ateroskleroz va prostata adenomasi bor bemorlarga tavsiya etilmaydi.
       
Amitriptilin o‘rniga kuchli sedativ ta’sirga ega bo‘lmagan, biroq psixogen va vegetativ buzilishlarni yaxshi bartaraf etadigan boshqa antidepressantlar (paroksetin 20 mg, fluoksetin 20 mg, sertralin 50 mg va h.k.) tavsiya qilinishi mumkin. Bu dorilar kam dozada berib boriladi va ularning dozasi sekin-asta oshiriladi. Bu dorilar amitriptilin bilan birgalikda tavsiya qilinmasligi kerak.
       
Nevropatik og‘riqlarni kamaytirishda gabapentin va karbamazepin ham keng qo‘llaniladi. Bu dorilar, ayniqsa, trigeminal nevralgiyalarni kamaytirishda samarali vositadir. Gabapentin dastlab 1 tabl. (300 mg) kechasi yotishdan oldin 1 mahal ichishga buyuriladi. Uch kundan so‘ng 1 tabl. 2 mahal (600 mg), yana 3 kundan so‘ng 1 tabl. 3 mahal (900 mg) ichishga tavsiya etiladi. Kuchli og‘riqlarda gabapentinning bir kunlik dozasini asta-sekin 1800 mg (600 mg dan 3 mahal) ga oshirish mumkin.
       
Karbamazepin dastlab 100 mg dan kuniga 2 mahal ichiladi. Keyinchalik uning dozasi 200 mg dan 3-4 mahalga oshiriladi. Dorining kundalik dozasini 1200 mg ga etkazish mumkin. Agar bosh aylanish, ataksiya, ko‘ngil aynish kabi nojo‘ya ta’sirlar paydo bo‘lsa, karbamazepinning uzoq davom etuvchi turlari (finlepsin-retard) tavsiya etiladi. Bu dorilarni kuniga 2 mahal ichish mumkin.
       
Tungi og‘riqlarni pasaytirish va tinch uyquni ta’minlash maqsadida qo‘shimcha ravishda klonazepam 0,25-0,5 mg buyuriladi. Bemor bu dorini kechqurun uyquga ketishdan oldin qabul qilishi kerak.
       
Mahalliy anestetiklar. Postgerpetik nevralgiyaga qarshi mahalliy anestetiklar ham ko‘p qo‘llaniladi. Buning uchun barcha gerpetik toshmalar qurib yo‘qolgan bo‘lishi kerak. Mahalliy anestetiklardan ko‘pincha lidokainli plastinalar (versatis) ishlatiladi. Bu plastinalar trigger sohalarga yopishtiriladi. Plastinalardagi lidokain sekin-asta teriga so‘riladi va mayda nerv tolalaridagi Na kanallarini qamalga oladi. Buning natijasida og‘riq retseptorlarining qo‘zg‘aluvchanligi pasayadi. Lidokainli plastinalar umuman xavfsiz bo‘lib, ularni har qanday bemorga (shu jumladan, qariyalarga) qo‘llash mumkin. Teriga so‘rilgan lidokain qonga o‘tib, umumiy ta’sir ko‘rsatmaydi va nojo‘ya ta’sirlar kuzatilmaydi. Lidokainli plastinalar 12 soatga yopishtirib qo‘yiladi. Biroz vaqt o‘tmasdan og‘riqlar pasaya boshlaydi va keskin kamayadi. Plastinalar olib tashlangandan so‘ng ham og‘riqlar qo‘zg‘almay turadi. Lidokainli plastinalarni bira-to‘la kuchli og‘riyotgan 2-3 sohaga qo‘ysa ham bo‘ladi. Ularni kechqurun uxlashdan oldin og‘rigan joylarga qo‘yib yotish mumkin. Lidokainli plastinalar yirik nerv tolalariga ta’sir ko‘rsata olmaydi va chuqur anesteziyalar rivojlanmaydi.
       
Kortikosteroidlar. Kasallik og‘ir kechgan holatda va yoshi katta bemorga prednizolon qo‘llanilishi mumkin. Bu dori kasallikning birinchi kuniyoq tavsiya etiladi. Prednizolon dastlabki 7 kun mobaynida 60 mg, keyingi 7 kun ichida 30 mg va uchinchi 7 kunlikda 15 mg tavsiya etiladi. Prednizolon gerpetik meningit, meningoentsefalit va mielit rivojlanishining oldini oladi. Agar ushbu kasalliklar rivojlangan bo‘lsa, prednizolon 1 kg tana vazniga 1,5 mg dan tavsiya etiladi. Kortikosteroidlar osteoporoz, yara kasalligi, qandli diabet va yuqori arterial gipertoniya kabi kasalliklarda tavsiya etilmaydi. Katta dozada tavsiya etilgan kortikosteroidlar immunitetni pasaytirib yuborishini ham esda tutish lozim. Demak, bu dorilar immunitetning normal ko‘rsatkichlarida tavsiya etish lozim.
       
Vitaminlar. Vitaminlardan V1, V6, V12 va askorbin kislotasi katta dozalarda qilinadi. Ayniqsa, V12 vitamini nevralgiyalarda og‘riq qoldiruvchi xususiyatga ham ega.
       
Dezintoksikatsiya. Virusli infektsiyalar kuchli intoksikatsiya bilan namoyon bo‘ladi. Bunday paytlarda turli volemik eritmalardan (reomakrodeks, reosorbilakt) foydalaniladi. Shuningdek, bemor kam-kamdan ko‘p suyuqlik (shu jumladan, meva sharbatlari) ichishi kerak.
       
Antikoagulyantlar. Yoshi kattalarga tavsiya etiladi. Ular qariyalarda giperkoagulyatsiya va tromboembolik buzilishlarning oldini oladi, mikrotsirkulyatsiyani yaxshilaydi. Antikoagulyantlardan kleksan, fraksiparin va geparinlar kam dozada qilinadi.
       
Mahalliy dezinfektsiya. Gerpetik toshmalar davrida mahalliy dezinfektsiya uchun alyuminiy atsetat, 1% li brilliant yashil dorisi yoki 5-10% li kaliy permanganat eritmalaridan foydalanish mumkin. Pufakchalar qurib bo‘lgandan so‘ng 5% li vismut subgallat mazi suriladi. Gerpetik pufakchalarni zo‘rlab yormaslik kerak. Agar ularga infektsiya tushsa, yiringlab ketishi mumkin. Gerpetik toshmalar butunlay qurib yo‘qolmasdan turib, dush va vannalar qabul qilish, teriga turli xil mazlar surish man etiladi.
       
Prognoz. Kasallik prognozi bemorning yoshi, immunitet darajasi va antivirus dorilarni qancha erta boshlaganiga bog‘liq. O‘rtacha hisoblaganda bemor 4 hafta ichida tuzalib ketadi. Kasallik yoshlarda engil, qariyalarda esa og‘ir kechadi. Ba’zida kasallik gerpetik toshmalarsiz yoki bir-ikki toshmalar bilan namoyon bo‘ladi. Toshmalar hech qanday muolajasiz o‘zi o‘tib ketadigan holatlar ham kuzatiladi. Og‘riqlarni esa oddiy analgetiklar bilan bartaraf etish mumkin. Bunday bemorlar ambulator davolash choralaridan keyin ham tuzalib ketishadi. Og‘ir holatlarda esa bemor shifoxonaga yotqiziladi. Bu bemorlarni postgerpetik nevralgiyalar bir necha oylar, ba’zida yillar bezovta qiladi. Ularda herpes zoster  qayta qo‘zg‘ashi ham mumkin.
       
Asoratlari. Uch shoxli nerv nevralgiyasi, ko‘rish va eshitishning keskin pasayishi, yuz nervi nevropatiyasi, meningit va entsefalitlar.

Manba:   ©Z. Ibodullayev. Asab kasalliklari. 2-nashr. Darslik, Toshkent, 2021., 960 b.
               ©Z. Ibodullayev. Nevrologiya. Qo`llanma., Toshkent, 2017., 404 b.
               © Ibodullayev ensiklopediyasi
               ©asab.cc

Ctrl
Enter
Хато топдизнигзми?
Матнни танланг ва Ctrl+Enter тугмачаларини босинг
MUHOKAMALAR
Izohlarning minimal uzunligi 50 ta belgidan iborat. sharhlar boshqariladi
Hech qanday izoh yo‘q. Siz birinchi bo‘lishingiz mumkin!
Кликните на изображение чтобы обновить код, если он неразборчив