Yangiliklar Ibodullayev ensiklopediyasi BUYuK FREYD VA UNING PSIXOANALIZ TA’LIMOTI

BUYuK FREYD VA UNING PSIXOANALIZ TA’LIMOTI


Freydni o‘qitish g‘oyasi qachon paydo bo‘ldi?
      Men ushbu kitobda shu davrgacha (o‘ylaymanki, bundan keyin ham) o‘zining psixoanaliz ta’limoti bilan butun dunyo ilm ahlini hayratga solib kelayotgan buyuk mutafakkir olim Zigmund Freyd haqida qisqacha ma’lumot berayotganimdan xursandman. 
       Mening maqsadim bu olim haqida kitob yozish edi. Bu fikr 1997 yili qo‘limga “Psixologiya bessoznatelnogo” kitobi tushib qolgandan so‘ng paydo bo‘lgan. Zigmund Freydning psixoanaliz ta’limotini o‘qidim-u, unga bog‘lanib qoldim. Uning ishlarini o‘zbek tiliga tarjima qilishni ham o‘ylab ko‘rdim. Biroq o‘sha paytlari doktorlik dissertatsiyasi ustida ish boshlagan edim. 
       1998 yili institut rahbariyati menga “Tibbiyot psixologiyasi”dan darslik tayyorlashni topshirdi. Menda Z. Freydning psixoanaliz ta’limotini ushbu darslikka kiritish va uni talabalarga o‘qitish fikri paydo bo‘ldi. Ushbu ta’limotni institutning o‘quv dasturiga kiritishga muvaffaq bo‘ldim. 
       Z. Freyd ta’limoti bo‘yicha alohida ma’ruza tayyorladim va uni barcha fakultet talabalariga o‘qiy boshladim. Amaliy mashg‘ulotlarda ham psixoanaliz ta’limotini talabalarga o‘rgata boshladik. Ayniqsa, psixoanalitik davolash usullari talabalarda katta qiziqish uyg‘otdi. O‘sha paytlari gipnoz bilan ham shug‘ullanib, talabalar va bemorlarga gipnoterapiya o‘tkazar edim. Biroq psixoanalitik terapiya meni shu qadar o‘ziga rom qildiki, men gipnoz bilan shug‘ullanishni to‘xtatib qo‘ydim. Qiziqqan talabalarga darsdan keyin ham psixoanalitik davolash usullarini o‘rgata boshladim. Bu usullar talabalarda katta qiziqish uyg‘otdi va juda ko‘p talabalar “Freyd hayoti va ijodi”, “Psixoanaliz ta’limoti”, “Psixonalitik terapiya” mavzularida ilmiy to‘garaklarda ma’ruzalar qila boshlashdi. 
       Vaqtlar o‘tib, ba’zi ta’limotlar inqirozga uchraydi va unut bo‘lib ketadi. Ch. Darvinning “Turlarning kelib chiqishi” haqidagi ta’limotini bunga misol qilib ko‘rsatish mumkin. Z. Freydning psixoanaliz ta’limoti ham o‘z vaqtida juda ko‘p tanqidlarga uchragan. Biroq bu tanqidlar ostida uning nazariyasi o‘zgarib, yangi tusga kirib va insonlarga yanada yaqinroq bo‘lib boraverdi, uning mohiyati yanada yuksalaverdi. 
       Z.Freyd ta’limoti nafaqat tibbiy fanlar va psixologiya, balki falsafa, etika, estetika, deontologiya, etnologiya, yuridik fanlar, jamiyatshunoslik kabi o‘ndan ortiq yirik fanlar ichiga kirib bordi. Fikrimizcha, nafaqat jamiyatda bo‘layotgan voqealarni, balki ikkala inson orasida ro‘y beradigan har qanday munosabatlarni Freyd ta’limotiga asoslanib izohlab berish mumkin. 
       Men Zigmund Freydning “Psixoanaliz ta’limoti”ni insoniyat oldidagi mohiyati bo‘yicha buyuk Eynshteynning “Nisbiylik nazariyasi” bilan bemalol taqqoslagan bo‘lar edim. Agar Nobel mukofoti oluvchilar ro‘yxatida psixologlar ham bo‘lganida edi, bu mukofotni hech ikkilanmay Freydga taqdim qilishardi. 
       Freyd ta’limotidan zavqlanib ketgan bir olim: “Agar Freyd bo‘lmaganda edi, uni o‘ylab topish kerak bo‘lardi” deb xitob qilgan. To‘g‘ri! Freydni jamiyatning o‘zi yaratdi. Freyd va uning ta’limotisiz psixologiyani tasavvur qilish qiyin!
       Freydning bolalik davri
       Zigmund Freyd Chexiyaning Prshibor (hozirgi Freyburg) shahrida 1856 yili 6 mayda dunyoga kelgan. 1860 yili Freydlar oilasi Vena shahriga ko‘chib o‘tishgan. Demak, kichik Zigmund bu shaharda bor-yo‘g‘i 4 yoshga kirgunga qadar yashagan. Shunday bo‘lsa-da, chexlar buyuk olim sharafiga Praga shahrida “U bizning yurtda dunyoga kelgan” deb yodgorlik haykalini o‘rnatishgan.
       Z. Freyd ko‘p bolalik oilada tug‘ilgan. Ularning oilasida 8 nafar farzand bor edi. Zigmund esa oilada uchinchi farzand bo‘lgan. Zigmund o‘ta nimjon bo‘lib, tez-tez kasal bo‘lardi. Shuning uchun ham oilada asosiy e’tibor unga qaratilardi. Otasi o‘g‘lining o‘lib qolishidan juda qo‘rqardi. Freydlar oilasi kambag‘al yashashgan. Uning otasi jun (sherst) sotib, farzandlarini boqqan. 
       Zigmund jismonan nimjon bo‘lishiga qaramasdan ilm olishga juda chanqoq bo‘lgan. U bolalik davridanoq o‘ta ziyrak va aqlli bo‘lsa-da, injiq va qaysarligi bilan ham ajralib turgan. Yosh Zigmundni deyarli barcha ma’lumotlar qiziqtirardi. U chet tillarni ham tez o‘zlashtirgan. 
       Xayolparast va shuhratparast Zigmund!
Freyd o‘smirlik davridanoq xayolparast va shuhratparast bo‘lgan. Uning ilmga, ayniqsa, tabiiy fanlarga chanqoqligi avj olib borardi. U barcha ilmlarni egallab, mashhur kishi bo‘lishni orzu qilar va ko‘p kitob mutolaa qilardi. Freyd maktabda o‘qib yurgan paytidayoq Ch. Darvinning ta’limoti bilan qiziqib qoladi va uni boshdan-oyoq o‘qib chiqadi. Yosh Freyd o‘z tengdoshlariga: “Men Ch. Darvinga o‘xshagan tabiatshunos olim bo‘laman” deb xitob qilgan. Menimcha, buning ajablanarli joyi yo‘q. Chunki o‘smirlar xayolparast va orzumand bo‘lishadi. 

       Ota-onasi og‘ir xarakterli Zigmunddan aziyat chekishsa-da, uning ta’lim olishi uchun barcha sharoitlarni yaratishga harakat qilishgan. Z.Freyd bolalik davridayoq tabiiy fanlarga juda qiziqqan. 
       Freydning nega do‘sti bo‘lmagan?
       Zigmundning xarakteri o‘ta og‘ir bo‘lganligi uchun ham uning do‘stlari deyarli bo‘lmagan. Freyd keyinchalik Eynshteynga yozgan xatida buni o‘zi ham tan olgan. Shuning uchun bo‘lsa kerak, u yolg‘izlikka intilgan. U hatto mashhur bo‘lib ketganida ham yolg‘iz qolgan. Freydning bolalik paytidagi o‘ta o‘jarligi keyinchalik kuchaysa kuchaygan-u, biroq barham topmagan. Hatto o‘zining dastlabki shogirdlari – Alfred Adler va Karl Gustav Yung bilan ham kelishmagan. Ular Freydni tark etishgan. Balkim Freydning o‘zi ulardan voz kechgandir. Agar Gyote “Oddiylik – bu buyuklikdir” degan bo‘lsa, Freyd “Yolg‘izlik – bu buyuklikdir” degan tamoyilga asoslanib yashagan va ijod qilgan bo‘lsa kerak.
       Ilm pillapoyalari
      Freyd 17 yoshida, ya’ni 1873 yili gimnaziyani muvaffaqiyatli tugatib, mashhur Vena universitetining meditsina fakultetiga o‘qishga kiradi. Vena universiteti Evropada eng mashhur ilm maskanlaridan biri bo‘lib, unda dunyoga mashhur olimlar dars bergan. Freyd falsafiy yo‘nalishdagi fanlar bo‘yicha ilmiy to‘garaklarga qatnashib yuradi.
       U 1876–1882 yillari Ernst Bryukkning fiziologiya laboratoriyasida ilmiy izlanishlar olib boradi va orqa miyaning fiziologiyasi bilan shug‘ullana boshlaydi. Fiziologik jarayonlarni o‘rganishga sho‘ng‘ib ketgan Freyd ruhiyatning biologik asoslari va fiziologik parametrlariga e’tibor qaratdi. U tug‘ma instinktlar bilan ruhiyat orasida bog‘liqlik izlaydi. 
       O‘sha davrlarda psixologiyada falsafiy qonunlar ustunlik qilib, psixologlar voqea va hodisalarning tafsilotlarini o‘rganish bilan chegaralanib qolishgan, ya’ni ularni miyadagi fiziologik jarayonlar bilan bog‘lashmagan. Buni tushunish mumkin, albatta. Chunki o‘sha paytlarda fiziologiya hali rivojlanmagan edi. Fiziologik qonunlarga asoslangan eksperimental psixologiya esa endi kurtak ota boshlagandi. Umuman olganda, tibbiyot va psixologiya fiziologlar va biologlarga doimo ta’zim bajo aylashi kerak. Chunki tibbiyotning ham, psixologiyaning ham gurkirab rivojlanishida fiziologiya va biologiyaning o‘rni hech qaysi fan bilan taqqoslab bo‘lmas darajada beqiyosdir. 
       Menimcha, Freydning boshqa psixologlardan keskin ilgarilab ketganligining asosiy sababi – uning fiziologiya va biologiya qonunlariga qat’iy amal qilganligida. U endi rivojlanib kelayotgan fiziologiyaning har bir yutug‘idan psixologik qonuniyatlarni o‘rganishda muvaffaqqiyatli foydalandi. Freyd voqea va hodisalar tafsiloti bilan chegaralanib qolmasdan, ularning kelib chiqish sabablari va asl mohiyatini izlab topishga intildi. Uning bu xarakteri umrining oxirigacha unga hamroh bo‘ldi. Freydning fiziologiya bo‘yicha ustozi Ernst Bryukk o‘z davrining buyuk fiziologi bo‘lgan. Bir necha yillardan so‘ng butun dunyoga mashhur bo‘lishga intilgan Freyd E.Bryukk bilan o‘tkazgan onlarini eslab: “Men ustozim Bryukk bilan laboratoriyada soatlab qolib ketardim, hayvonlarning orqa miyasi fiziologiyasini o‘rganish men uchun eng katta baxt edi” degan. 
       E’tibor bering-a, Freyd uni mashhur qilgan psixoanaliz ta’limoti haqida emas, balki fiziologiya haqida zavqlanib gapirgan. U E.Bryukk qo‘l ostida umrbod ilmiy ish bilan shug‘ullanishga ahd qildi. Biroq... 
       Ilm qilish qiyinmi yoki oila boqish?
       1882 yili Freyd 21 yashar Marta Verneyga uylanadi. U ham kambag‘al oiladan edi. Ilmiy ish esa insonga zavq bag‘ishlaydi, biroq har doim ham qorinni to‘yg‘izavermaydi! Endi oilali bo‘lgan Freydda iqtisodiy qiyinchiliklar yana davom etadi. Oilani boqish borasida kelib chiqayotgan er-xotin orasidagi janjallar Freydni ilmiy ishni tashlashga majbur etadi. U oila boqish uchun oddiy nevropatolog bo‘lib ishlay boshlaydi. 
       Shu erda bir narsani aytib o‘tmoqchi edim. Ajab emas, Freydning psixoanaliz haqidagi ta’limotining yaratilishiga uning xotini sababchi bo‘lgan bo‘lsa. Urish-janjallardan bezib ketgan Freyd xotiniga: “Marta, kasal ko‘rish va davolashni oson deb o‘ylaysanmi. Nevrotiklar jonga tegdi! Ularga salomatlik haqida soatlab gapirasan-u, biroq hech qanday nafini ko‘rmaysan. Ayniqsa, senga o‘xshash xotinlarni tuzatish juda qiyin”. Shunda xotini Freydga beparvo ohangda: “Sen gapirma! Ularning o‘zlarini gapirtir! Xotin kishi o‘zi gapirib, o‘zi tuzalib ketaveradi” deydi. Ajab emas, psixonalitik terapiya uslublarini ishlab chiqayotgan Freyd Martaning tavsiyalarini ham e’tiborga olgan bo‘lsa. Chunki psixoanalitik terapiyaning asosiy uslubi bemorni gapirtirishdan iborat. 
       “Bu nevropatolog jonimga tegdi!”
       Freyd nevropatolog bo‘lib ishlay boshlagach, mahalliy gazetalarga shunday e’lon beradi: “Asab buzilishlarini davolayman!” Freyd nevrologiyaga juda qiziqib ketadi. U asab kasalliklarini endi kitobdan o‘qib emas, balki bemorlarning ko‘zidan o‘qib, o‘rgana boshladi. Freyd turli-tuman bemorlar bilan muloqotda bo‘lar va ular bilan soatlab suhbatlashishni xush ko‘rardi. O‘sha paytlari hali yaxshi rivojlanmagan nevrologiyadan uning ko‘ngli to‘lmasdi.
       1896 yili Freydda davolanib yurgan Emma fon N. ismli bemor uning davolash usullaridan qattiq shikoyat qiladi: “Bu nevropatolog jonimga tegdi! U mening ahvolimni faqat og‘irlashtirayapti!”. Bu Freydga qattiq ta’sir qiladi. Freydni o‘sha paytlarda asab kasalliklarini, xususan, nevrozni davolashga oid qo‘llanmalar qoniqtirmayotgan edi. Nima qilish kerak?
       Nega bu usullar kitobda yozilganidek yordam bermayapti? Sharkoga murojaat qilish kerak!
       Asab kasalliklarini davolashga oid kitoblarda keltirilgan tavsiyalar bemorlarda Freyd kutgan natijani beravermas edi. Nevrologiyani chuqurroq o‘rganish uchun Freyd Evropada juda katta nom qozongan frantsuz nevrologi Jan Marten Sharko (1824–1893) yoniga boradi. Freyd Sharkoning ishlari bilan faxrlanib yurar, u bilan uchrashishni azaldan orzu qilardi. J.M.Sharko Frantsiyada shu qadar mashhur ediki, hatto unga “Nevrologiya Napoleoni” deb nom berishgan. U nevroz va isteriya belgilarini mukammal bilgan va bemorlarni davolashda gipnoz usulidan keng foydalangan. Sharko deyarli barcha aristokratlarning shaxsiy vrachi bo‘lgan.
       Nevropatolog bo‘lganligim uchun ham shu erda Sharko haqida batafsilroq ma’lumot bermoqchiman. Dunyoda birinchi marta nevrologiya kafedrasi Frantsiyada 36 yoshli J.M.Sharko tomonidan ochilgan. Bu kafedra 1860 yili Parij universitetining tibbiyot fakulteti qoshida tashkil etiladi va uning rahbari Sharko bo‘lgan. Sharko juda ko‘p nevrologik kasalliklarning simptom va sindromlarini yozib qoldirgan. Nevrologiyaga oid dastlabki yirik darslik ham aynan Sharko qalamiga mansub. Sharko nevrologiya sohasida olimlar yo‘l qo‘ygan har qanday xatoni ayovsiz tanqid qilgan. Sharkoning tanqidiga uchragan ilmiy maqolalar qaytib hech qaysi jurnal yuzini ko‘rmas edi. 
       Freyd va Breer 
       Z. Freyd Parijdan Venaga qaytgach, o‘sha davrning ko‘zga ko‘ringan psixiatri Iosif Breer bilan isteriya va nevrozlarni chuqur o‘rgana boshlaydi. Ular Sharko asarlarida ko‘rsatilgan usullarni nevroz va isteriyani davolashda qo‘llay boshlashadi. O‘sha paytlari endi amaliyotga kirib kelayotgan fizioterapiya usullari va keng qo‘llanib kelayotgan gipnoz Freyd kutgan darajada yordam bermayotgan edi.
       Freyd nevroz va isteriya bilan murojaat qilayotgan bemorlarning aksariyati ayollar ekanligiga e’tibor qaratadi. 1896 yili Z.Freyd Breerga: “Ustoz, ayollardagi nevroz va isteriyaning asl sababi seksual qoniqmaslik emasmikan” deydi. I.Breer uning bu fikriga qo‘shilmaydi va avvalgi davolash usullarini davom ettiraverish kerakligini aytadi. Freyd asta-sekin o‘z ustozidan uzoqlasha boshlaydi va uni tark etadi. Shu erda I.Breer haqida ikki og‘iz so‘z. Agar Freyd haqidagi o‘nlab materiallarni o‘qib chiqsangiz qiziq faktlarga duch kelasiz. Aynan I.Breerning ishlari Freydda psixoanaliz ta’limotining ilk kurtaklarini paydo qilgan. Chunki I.Breer nevroz va isteriya tashxisi qo‘yilgan bemorlarga kasallik alomatlarini uzoq so‘zlatgan. Bemor o‘zini bezovta qilayotgan belgilar haqida qancha uzoq so‘zlasa, uning ahvoli shuncha yaxshilanavergan. Bunga dastlab Breer e’tibor qaratgan va bu holatni katarsis deb atagan. “Katarsis” grekchadan ruhiy poklanish degani. 
       Demak, Freyd asarlarida eng ko‘p qo‘llaniladigan katarsis atamasi ustozi I.Breer tomonidan taklif etilgan. Ammo Breer o‘zining davolash usullarini yanada takomillashtirmadi va eski uslublar bilan chegaralanib qoldi. Freyd esa izlanishni to‘xtatmadi, nevroz va seksual qoniqmaslik orasida bog‘liqliklarni izlashga berilib ketdi.
       Nevroz – seksual qoniqmaslik alomatimi?
       Z.Freyd 1897 yildan boshlab nevroz va seksual qoniqmaslik orasida bog‘liqliklarni sistematik tarzda o‘rgana boshlaydi. Freyd seksual qoniqmaslik g‘oyasiga shu qadar berilib ketadiki, u nafaqat nevrotik buzilishlar va xulq-atvordagi o‘zgarishlarni, balki psixosomatik simptomlarni (bosh og‘rig‘i, oyoq og‘riq, bel og‘riq, qorin og‘riq, yurak og‘rig‘i va h.k.) ham seksual qoniqmaslik bilan bog‘laydi. Buning natijasida Freyd “panseksualist” degan laqabni oladi. Undan ko‘p olimlar va hatto o‘zining ustozlari ham yuz o‘giradi. Uning maqolalarini chop qilmay qo‘yishadi. Chunki o‘sha paytlari ijtimoiy omillarga burkangan psixologik nazariyalar yaxshi rivojlanib kelayotgan edi. Freyd esa aslida hayvonlar xulq-atvorini belgilab beruvchi biologik instinktlar insonlar xulq-atvorini ham belgilab beradi degan edida. Freyd bunday bemorlarga gipnozning yordam bermasligiga ishonch hosil qiladi va bu usuldan voz kechadi. U Sharkoning davolash usullarini deyarli qo‘llamay qo‘yadi. “Gipnoz – bemorning ahvolini vaqtincha yaxshilovchi vosita, xolos” degan edi Freyd. U gipnoz usulini ham tark etdi va ruhiyatning yangi modelini yaratishga kirishdi.
       Psixoanaliz ta’limoti qanday yaratildi?
       Z. Freyd inson ruhiyatini muz tog‘iga qiyoslab tushuntirib berdi: “Muz tog‘ining ustki, ya’ni oltidan bir qismi ong bo‘lsa, suv ostida ko‘rinmay yotgan oltidan besh qismi ong ostidagi jarayonlar, ya’ni ongsizlikdir”.
       “Janob Freyd! Sening inson psixologiyasi haqidagi dunyoqarashlaring va ilmiy farazlaring psixologiya qonunlariga juda zid va haqoratomuzdir” degan dashnomlarni ko‘p eshitgan olim psixologiyani ham tark etdi. Menimcha, Freyd psixologiyani emas, balki psixologlarni tark etdi. Boz ustiga uning maqolalarini psixologiya jurnallarida chop etmay qo‘yishdi, ilmiy kengashlar ham usiz o‘ta boshladi. Unda fanda yangi bir yo‘nalish ochishdan boshqa iloj qolmadi va u psixologiyaga yaqinroq bo‘lishi kerak edi. Axir inson ruhiyatini psixologiyasiz o‘rganib bo‘ladimi? Ongli jarayonlarni ongsiz jarayonlar orqali o‘rganish uning fikru xayolini qamrab olgandi. Inson ruhiyati haqidagi demagogiya ham uning joniga tekkan edi. U fanda yangi bir yo‘nalish ochadi va uni “Psixoanaliz” deb ataydi. To‘g‘ri, “psixoanaliz” atamasi fanga yaqin bo‘lsa-da, uning shakllanishida fiziologiya, nevrologiya va psixologiya yotardi. Bu uchala fanning ishtirokisiz psixoanalizni tasavvur qilib ham bo‘lmaydi. 
       Obrazli qilib aytganda, psixoanalizni osmonga bo‘y cho‘zib turgan teleminoraga o‘xshatish mumkin. Ushbu minoraning bir oyog‘i – fiziologiya, ikkinchi oyog‘i – nevrologiya, uchinchi oyog‘i esa – psixologiyadir. E’tibor qilingga, ularning hammasi bir xil va teng. Minoraning osmonga bo‘y cho‘zib, quyoshga intilib turgan qismi esa – psixoanalizdir. Minoraning ushbu qismidan atrofga qarasangiz go‘zal shahar kaftingizda turgandek ko‘z oldingizda namoyon bo‘ladi. Demak, boshqa fanlardan farqli o‘laroq, psixoanaliz inson qalbini va uning eng tubida yashirinib yotgan jarayonlarni bemalol ko‘ra oladigan fan. Psixoanaliz fani o‘z oldiga ong tubida yashirinib yotgan chuqur psixologik jarayonlarning sir-asrorini ochishni maqsad qilib qo‘yadi va shu yo‘l bilan nevrozni keltirib chiqaruvchi omillarni o‘rganadi. 
         Ongsizlik nima?
      Z. Freyd bizda “yashirinib” yotgan psixologik jarayonlarni ongsiz jarayonlar deb atadi. Rus psixologlari bu holatni turli atamalar bilan ta’riflashadi: “bessoznatelnoe” (ongsizlik), “podsoznanie” (ongosti). 
O‘zbek olimlari ichida ongsizlikni “botiniy ong” deb atash taklifi ham kiritilgan (A. Usmonxo‘jaev). 
       Shunday qilib, hanuzgacha fanda katta shov-shuvlarga sabab bo‘lib kelayotgan va mohiyati to‘laligacha o‘rganilmagan ushbu noaniq psixologik jarayonlarning atamasi ham noaniq bo‘lib qolmoqda. Ularning ma’nosini o‘zgartirmagan holda men “ongsizlik” atamasini ma’qul topdim.
       Ongsizlik bu shunday holatki, bunda odam ixtiyorsiz tarzda, o‘zi bilmasdan yoki anglamasdan turli xatti-harakatlarni amalga oshiradi. Bu xatti-harakatlar o‘z-o‘zidan kundalik hayotda, uyquda, ya’ni tush ko‘rayotganda yoki gipnotik holatlarda kuzatilib turadi. Ongsizlik, tabiiyki, ongga bog‘liq bo‘lmagan holat. 
       Z. Freydning ta’biricha, ongdan siqib chiqarilgan odamning tabiiy instinktlari ong ostida qo‘nim topadi. Ongsizlik tug‘ma xususiyat bo‘lib, insonning barcha xatti-harakatlarini belgilab beradi.
       Freyd bo‘yicha ruhiyat modeli qanday?
       Z. Freyd o‘z kuzatuvlariga asoslanib, inson ruhiyatining yangi bir modelini yaratdi. Unga asosan bir-biriga uzviy bog‘liq bo‘lgan 3 ta psixologik tuzilma mavjud. Bular id, ego va super-ego. “Id” – bu instinktlar. U ongdan xolis. “Ego” – bu Men. Uning ongi bor. “Super-ego”, ya’ni “Super-men” – bu odamni o‘rab turgan muhit, jamiyat. “Super-men” odamning xulq-atvorini “tepadan” nazorat qilib turadi. Bu tushunchalarning har biriga ta’rif berib chiqamiz.
       “Id” – biologik instinktlarmi?
Zigmund Freyd fikricha, evolyusiyaning dastlabki bosqichida odamda o‘z-o‘zini saqlash, ya’ni ovqat izlash instinkti odamning xulq-atvorini belgilab bergan. Shu bilan parallel holda yoki biroz so‘ng bu funktsiyani ko‘payish instinkti, ya’ni seksual instinkt bajara boshlagan. Freyd barcha biologik instinktlarni (himoya, ovqat izlash va ko‘payish, ya’ni seksual) bitta so‘z bilan “Id” deb atagan. 
      “Id” ongda aks etmaydi, u ong ostida joylashgan, to‘g‘rirog‘i, ong ostiga tiqishtirilgan. “Id” qoniqish printsiplariga asoslanib faoliyat ko‘rsatadi. Bu erda jinsiy qoniqish alohida o‘rin tutadi. Z. Freyd jinsiy mayl tushunchasini bag‘oyat kengaytirib yuboradi. Ya’ni uning ta’limoti bo‘yicha jinsiy mayl odamning xatti-harakatini tug‘ilganidan buyon boshqarib keladi. Z.Freyd qondirilmagan his-tuyg‘u yoki maylning ruhiy quvvati ong ostida to‘planib boradi va o‘z ifodasini topishga urinadi, deb fikr yuritadi. Mayllar ichida u libidoni asosiy o‘ringa qo‘ygan.
“Id” tajovuzkormi?
       “Id” doimo “Men” va “Super-men” bilan murosasiz jang olib boradi, chunki ular “Id”ni doimo nazorat qilishga intiladi-da. “Id” kuchli quvvatga ega bo‘lsa-da, “Men” uni ong ostidan suzib chiqishiga yo‘l qo‘ymaydi. Shuning uchun ham “Id” tajovuzkordir. “Men” nazoratni to‘la qo‘lga olgunga qadar instinktlar go‘yoki odamning hayot tarzini, ya’ni xulq-atvorini belgilab bergan. “Men”ning rivojlanishi odamning hayot tarzini o‘zgartirib yubordi va uning xulq-atvorini nazorat ostiga oldi. Shunga qaramasdan, psixoanalitiklar “Id”ga odamning hayot tarzini belgilab beruvchi asosiy manba sifatida qarashadi. “Id” o‘zgarmas, “Men” esa rivojlanib va o‘zgarib boradi. 
       “Ego” – bu “Men” degani!
       Odam boshqa jonzotlardan aql-zakovat, ya’ni ongning borligi bilan farq qiladi. Demak, ong “Men” demakdir. Agar odam faqat “Id»” qonuniyatlariga bo‘ysunib yashaganida edi, uning hayot tarzi hayvonlarnikiga o‘xshab qolardi. Vaholanki, odam faoliyati ongli jarayon ekan, u o‘z xatti-harakatlarida ham, asosan, ongga tayanadi. Biroq bu xatti-harakatlarni “Id” belgilab beradi.
Psixoanalitiklar odamni, aniqrog‘i, uning ruhiyatini tirik hujayraga o‘xshatishadi. Bunda hujayraning tashqi pardasi “Men” bo‘lsa, uning ichki tarkibi “Id”dir. Hujayraning ichida moddalar almashinuvi natijasida katta energiya to‘planadi va kuchli energiyaga ega bo‘lgan “Id” tashqariga yorib chiqqisi keladi. Bunga esa hujayraning tashqi pardasi, ya’ni “Men” yo‘l qo‘ymaydi.
       “Id” va “Men” orasidagi munosabatlar yaxshimi?
      Z.Freyd “Men” va “Id” orasidagi munosabatlarni chavandoz bilan ot orasidagi munosabatlarga qiyoslab ham tushuntirib bergan.
      Chavandoz otni o‘zi boshqarsa-da, faqat uning quvvati hisobiga harakatlanadi. Kerak paytda chavandoz yuganni qattiq ushlab, otni to‘xtatishi va o‘zi xohlagan tomonga yo‘naltira olishi zarur. Aks holda u yiqilib, qattiq jarohat oladi yoki halok bo‘ladi. Ba’zi vaziyatlarda qachon to‘xtash va qaysi tomonga yurish kerakligini chavandoz emas, balki otning o‘zi tanlaydi. Masalan, chavandoz uxlab qoladi,   charchaydi yoki kasallanadi.
       “Men” (chavandoz)ning ahvoli “Id” (ot)ning ahvoliga qaraganda bir oz murakkabroq. Chunki “Men” bir tomondan atrof-muhit, ya’ni tashqi olamning qonun-qoidalariga amal qilishi, ikkinchi tomondan kuchli ot (“Id”)ni boshqarishi kerak. “Men” ham tashqi olam, ya’ni “Super-men”ning talablarini, ham “Id”ning ehtiyojlarini qondirishi uchun doim xavotirda yashaydi. Bu talablarni bajarish uchun “Men” doim sergak bo‘lib turishi kerak, bu talablar bajarilmasa, aybdorlik hissi aynan “Men” bo‘yniga tushadi. Demak, “Men” doimo o‘zini himoya qilish yo‘llarini izlaydi. Z.Freyd nevrozlarning kelib chiqishini ushbu ziddiyatli munosabatlardan izlagan.
       Keyinchalik Z.Freyd yaralangan harbiy xizmatchilarda ham nevroz va isteriya holatlarini kuzatadi. Bu kasalliklarni jinsiy mayl bilan izohlab bo‘lmasdi, albatta. 
       Endi Z.Freyd ong ostiga qamalgan va qondirilmagan ehtiyojlarni boshqacha yo‘l bilan qondirish yo‘llarini izladi, ya’ni u seksual faoliyatni boshqa faoliyat bilan almashtirish (sublimatsiya) mumkinligini ilgari surdi. Bu faoliyat nima? Ular axloq qonunlariga zid kelmaydigan faoliyatdir (fan, madaniyat, sport, ijod va h.k.). Bu nazariyani Z.Freydgacha ham o‘rganishgan. Biroq Z.Freyd insoniyat yaratgan madaniy boyliklarni ana shu xil evrilish (sublimasiya) mahsuli deb bildi.
       “Super-ego” – bu “Super-men”!
      Xo‘sh, unda “Super-men” nima? Ma’lumki, hujayralar to‘plami to‘qimani, to‘qimalar a’zolarni, a’zolar esa organizmni tashkil qiladi. Demak, “Super-men” – barcha “Men”lar yig‘indisi. Hujayra organizmda hayot kechirgani kabi, organizm ham hujayrasiz yashay olmaydi. Organizm – bu “Super-men2. “Super-men” – bu jamiyat qonunlari, axloq prinsiplari va din talablari. “Men” “Super-men” talablariga bo‘ysunib yashashi kerak. Aks holda u halokatga uchraydi. Demak, bu 3 ta tuzilmadan “Men”ga og‘ir. Chunki u bir tomondan “Id”ni qoniqtirishi, ikkinchi tomondan “Super-men” talablariga amal qilishi kerak. Freyd fikricha, shuning uchun ham “Men”da nevroz rivojlanadi. 
       Psixoanalitik qanday davolaydi?
Psixoanalitiklar nevrozlarni psixoterapevtik yo‘l bilan davolashda “Id”, “Men” va “Super-men” orasidagi ziddiyatlarni kamaytirishga yoki to‘xtatishga harakat qilishadi. Oddiyroq qilib tushuntiradigan bo‘lsam, psixoanalitik va mijoz bir xonada yolg‘iz qolishi kerak. Mijoz o‘zini erkin qo‘yib, ko‘zlarini yarim yumgan holda kresloga suyanib yotadi. Psixoanalitik undan xayoliga kelgan barcha fikrlarini va unga azob berayotgan voqea va hodisalarni oqizmay-tomizmay so‘zlab berishni iltimos qiladi. Bu erda birorta ham sir qolmasligi va bemor uyalmasligi kerak. Ma’noli so‘zlarmi, ma’nosizmi, bemor ularni psixoanalitikka ochib tashlashi shart. Ana shundagina, Z. Freyd ta’biri bilan aytganda, ruhiy poklanish, ya’ni “katarsis” ro‘y beradi va tuzalish jarayoni jadal kechadi. Z. Freydning fikricha, eng muhimi mazkur assosiasiyalar ong tomonidan boshqarilmasligi kerak va bemor fikrini erkin ifodalashi zarur. Shu talab saqlangandagina ong ostiga qamalgan xohish-istaklar va ong tomonidan taqiqlangan ziddiyatli muammolar o‘z echimini topadi. Buning natijasida mijoz yillar mobaynida uni qiynayotgan muammolardan xalos bo‘ladi yoki nevroz belgilari butunlay chekinadi.

Manba: © Z. Ibodullayev. Asab va ruhiyat., 4-nashr. Ilmiy-ommabop risola. T, 311 b. 
             © Ibodullayev ensiklopediyasi
              © asab.cc


Ctrl
Enter
Хато топдизнигзми?
Матнни танланг ва Ctrl+Enter тугмачаларини босинг
MUHOKAMALAR
Izohlarning minimal uzunligi 50 ta belgidan iborat. sharhlar boshqariladi
Hech qanday izoh yo‘q. Siz birinchi bo‘lishingiz mumkin!
Кликните на изображение чтобы обновить код, если он неразборчив