UYQU BUZILIShLARI


Uyqu buzilishi sabablari juda ko‘p. Oddiy psixoemotsional zo‘riqish yoki jismoniy charchashdan tortib, to MNS ning og‘ir kasalliklarigacha uyqu buzilishiga olib kelishi mumkin. Uyqu buzilishi sog‘lom odamlarda ham ko‘p uchraydi, biroq uzoq davom etmaydi. 

  Uyqu buzilishining quyidagi turlari farqlanadi:

        •    insomniya – uyqu qochishi, ya’ni uyqusizlik, uyquga qoniqmaslik;
        •    gipersomniya – ortiqcha uyquchanlik, ya’ni ko‘p uyqu bosishi;
        •    parasomniya – uyqu bilan bog‘liq psixomotor qo‘zg‘alishlar.

  A) Insomniya. Insomniya belgilari uyquga ketishning qiyinligi, tez uyg‘onib ketaverish, erta uyg‘onish va uzoq uxlasa-da uyquga to‘ymaslik hissi bilan namoyon bo‘ladi. Bunday holatni bemor oddiy so‘z bilan “uyqusizlik” deb baholaydi. Tunda uxlay olmagan bemorni kunduz kuni uyqu bosadi, o‘zini lohas sezadi va natijada uning ish faoliyati sustlashadi. U iloji boricha biror joy topib, uxlab olishga harakat qiladi. Agar buning imkoni topilsa, bemor yana tetiklashadi. Kunduz kuni uxlaydigan ba’zi odamlar tunda uxlay olmaydi. Shu bois ular kunduzi uxlamaslikka harakat qilishadi. Albatta, tungi uyqu kunduzgi uyquga qaraganda kishiga ko‘proq orom beradi. Shu bois tunda uxlay olmaydiganlar ertasi kuni bezovta bo‘lib yurishadi. Uyquning bu tarzda buzilishiga psixofiziologik insomniya deb ataladi. Bunday holat har qanday sog‘lom odamda uchrashi mumkin.
  Psixofiziologik insomniyaning sabablari bir nechta. Ular – nevrasteniya, psixasteniya, stress, uzoq joyga borish, tunda ishlash va h.k. Psixofiziologik insomniya, odatda, uzoq davom etmaydi va bir necha kundan so‘ng tungi uyqu qayta tiklanadi. Agar bu holat uzoq davom etaversa, insomniyaning boshqa sabablarini izlash kerak. Hech qanday sababsiz uzoq yillar (ba’zida umrining oxirigacha) davom etadigan uyqusizlik idiopatik insomniya deb nomlanadi. Bunday odamlarni halq tilida “uxlamaydigan odamlar” deb atashadi. Ular bolalik davridan buyon uyqu nimaligini bilishmaydi, kunduz kuni ham tetik yurishadi va ish qobiliyatini yo‘qotishmaydi. Ular haqida halq orasida turli afsonalar yuradi.  Buyuk xoqonlar sira uxlamaydigan odamlarni izlab topishga farmonlar chiqarishgan va ularni o‘zlariga tansoqchi qilib qo‘yishgan ekan. Somnologlar fikricha, sira uxlamaydigan odamlar bo‘lmaydi, ular qisqa muddat bo‘lsa-da, mizg‘ib olishadi.
   Uzoq muddat, ya’ni bir necha hafta yoki oylab uyquning yo‘qolishi surunkali davom etuvchi jiddiy kasalliklarda kuzatiladi. Bunday bemorlar uxlashni xohlashadi, biroq mavjud kasallik bunga yo‘l qo‘ymaydi. Tanadagi doimiy og‘riqlar bilan kechuvchi kasalliklarni bunga misol qilib ko‘rsatish mumkin. Ular og‘riq qoldiruvchi va uxlatuvchi dorilar ichgandagina uxlaydi. Yana bir qator patologik holatlar va kasalliklar surunkali uyqusizlikka sabab bo‘ladi. Bular – maniakal-depressiv psixozning maniakal bosqichi, xavotirli-fobik sindrom, tunda qo‘zg‘aydigan “bezovta oyoqlar” sindromi, nevrogen qichima, astma, yo‘tal, buyrak va jinsiy a’zolar kasalliklari va h.k. Tungi uyqusizlik bemorni juda holsiz qilib qo‘yadi, u parishonxotir, jizzaki va o‘ta lohas bo‘lib qoladi. Bu holat, albatta, asosiy kasallikning kechishiga salbiy ta’sir ko‘rsatadi. Surunkali tarzda uyquni qochiruvchi dorilarni (psixostimulyatorlar, kofein) iste’mol qilganlarda ham insomniya kuzatilishini esda tutish lozim. Tamaki chekadiganlar ham doimo uyqu buzilishidan aziyat chekishadi. Ayniqsa, sigaretni kechqurunlari chekish tungi uyquni yo‘qotadi. Chunki tamaki tarkibidagi nikotin tungi uyquga salbiy ta’sir etadi.
  Insomniyada davolash ushbu holatni yuzaga keltirib chiqargan asl sabablarni bartaraf etishdan boshlanadi. Buning uchun bemorning hayot tarzi, ya’ni oilaviy sharoiti, kasbi va ish faoliyati, tungi ishlari, iste’mol qilayotgan dorilari, mavjud kasalliklari, zararli odatlari (giyohvandlik, alkogolizm, ko‘p sigaret chekish) o‘rganib chiqiladi. Bemor bilan suhbatlashayotgan vrach uyqu qochishiga sabab bo‘luvchi har qanday omilni (qarz oldi-berdilar va h.k.) o‘rganib chiqishi kerak.  
  Uyqu buzilishini bartaraf etish dastlab bemor bilan psixoterapevtik suhbatlar o‘tkazishdan boshlanadi. Masalan, psixofiziologik tipdagi uyqu buzilishida (odatiy uyqu buzilishi) uyquni normal holatga qaytarish uchun sog‘lom turmush tarziga rioya qilish tavsiya etiladi. Bular – vaqtida uxlash va turish, kechasi engil hazm bo‘luvchi ovqatlar tanovul qilish, chekish va ichkilikdan voz kechish, qo‘rqinchli va hayajonli filmlar ko‘rmaslik (ayniqsa, bolalar), uyquga yotishdan oldin ko‘chada biroz sayr qilish, qahva va achchiq choy iste’mol qilmaslik, issiq dush qabul qilish yoki ikkala oyoqni iliq suvga solib o‘tirish va h.k. Ushbu qoidalarga amal qilinsa, uyquning biologik ritmi izga tushadi va uyqu qayta tiklanadi. Ba’zi odamlarda 3-4 kun uyqu qochsa, ular darrov vahimaga tushishadi, endi kasal bo‘lib qolaman, deb qo‘rqishadi. Buning natijasida uyqusizlik yana davom etadi. Bunday bemorlar bilan suhbatlashib, ularni tinchlantirish va uxlamaslikning odamga ziyoni yo‘qligini aytish kerak. Siz hozir uxlamayotgan ekansiz, demak, miya shuni xohlayapti, vaqti kelib uyqungiz yana tiklanadi va siz uxlay boshlaysiz, kabi iboralar bilan bemor tinchlantiriladi. Unga darrov uxlatuvchi dorilar tavsiya etish shart emas. Masalan, bemorni quyidagi iboralar bilan tinchlantirish mumkin: “Uyqu go‘yoki yoningizda turgan qush. U sizniki va uzoqqa uchib ketmaydi. Unga qancha yaqinlashsangiz, u ham sizdan shuncha uzoqlashaveradi. Ushbu qushga ega bo‘lishni istasangiz, kaftingizni ochib indamay turing. Vaqti kelib uning o‘zi sizning qo‘lingizga kelib qo‘nadi”. Albatta, bu iboralar uyqusi qochgan odamga katta ijobiy ta’sir ko‘rsatadi va vaqti kelib uning uyqusi tiklanadi.
   O‘rta yoshdagi insonlar uchun 6-8 soatlik (yoz oylarida 4-5 soat) tungi uyqu etarlidir. Yosh bolalar esa ko‘p uxlashadi. Keksalik davrida uxlash davri ancha qisqaradi. Agar qariyalar kam uyqudan shikoyat qilishsa, ularga buning tabiiy hol ekanligi tushuntiriladi. Aksincha, hadeb uyquga uxlayveradigan qariyalarni tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish lozim. Yosh bolalarda kam uxlash biror bir kasallik alomati bo‘lsa, qariyalarda ko‘p uxlash qaysidir bir kasallik sababli bo‘lishi    mumkin.   
   Uyqusizlik uzoq davom etaversa, kuchli ta’sirga ega uyqu dorilariga o‘tish shart emas. Aksariyat hollarda engil toifadagi tinchlantiruvchi dorilarni kechqurun qabul qilish ham uyquni keltiradi. Masalan, kechasi 1 tabl. (25 mg) tsinnarizin ichib yotishning o‘zi etarli bo‘lishi mumkin. Nevroz va xavotirli-fobik sindromlar bilan bog‘liq uyqu qochishlarida kechasi 1 tabl. (25 mg) amitriptilin qabul qilish normal uyquni tiklaydi. Amitriptilinni bemor kam dozalarda kunduz kuni ham ichib yurishi mumkin. Engil nevrotik holatlarda uyqu keltirish uchun tarkibida valerian ekstrakti, arslonquyruq va brom saqlovchi dorilardan foydalaniladi. Qo‘shimcha ravishda bo‘yin-elka sohasiga natriy brom bilan elektroforez qilish, igna bilan davolash, iliq mineral vanna qabul qilish va umumiy uqalashlar qo‘llaniladi. 
   Agar anksiolitiklar, sedativ dorilar va reflektor davolash muolajalari ko‘zlangan natijani bermasa, biroz kuchliroq ta’sirga ega uxlatuvchi dorilarga o‘tiladi. Bu maqsadda dastlab trankvilizatorlardan (tazepam, fenazepam) foydalaniladi. Ular doimiy tarzda emas, balki kichik-kichik kurslar bilan tavsiya etiladi. Masalan, uxlatuvchi dori 3-5 kun mobaynida yotishdan oldin ichishga buyuriladi. So‘ngra bemor 2-3 kun dori ichishni to‘xtatib, o‘zi uxlashga harakat qilishi kerak. Bu usul aksariyat hollarda tungi uyquni yana tiklaydi.     Uxlatuvchi ta’sirga ega dorilar ushbu jadvalda keltirilgan.
                                                                                                                        1–jadval
Uxlatuvchi ta’sirga ega dori vositalari (D.R. Shtulman, O.S. Levin, 2018)
Farmakologik nomi
Firma bo‘yicha nomlanishi
Dozasi, mg

                   Qisqa muddat ta’sir qiluvchi benzodiazepinlar 
Midazolam     
Dormikum  
7,5 –15,0
Triazolam
Xaltsion    
0,125 – 0,250
                  Uzoqroq muddat ta’sir qiluvchi benzodiazepinlar
Oksazepam     

Tazepam
5 –10
Lorazepam  
Merlit

1
Alprazolam    
Ksanaks
0,5 –
1
Bromazepam
Leksotan
1,5 –3,0
Flunitrazepam
Rogipnol
0,5 –1,0
Nitrazepam  
Radedorm
5 –10
                         Uzoq ta’sir qiluvchi benzodiazepinlar
 Flurazepam     

Benazil
15
Diazepam
Relanium  
5 – 10
Xlordiazepoksid  
Elenium
10
Fenazepam
Fenazepam  
0,25 –
1
                                      Antidepressantlar 
Amitriptilin     

Triptizol
12,5 – 75
Agomelatin
Valdoksan  
25 – 50
Mirtazapin
Remeron
7,5 – 30
Trazodon  
Trittiko
25 – 100
                      Benzodiazepin retseptorlari agonistlari
Zolpidem     
Ivadal
5 – 10
Zopiklon  
Imovan,  Somnol
3,75 – 7,5
Zaleplon
Andante, Sonata
5 – 20
                                         Boshqa dorilar 
Doksilamin     

Donormil
15 – 30
Klometiazol
Geminevrin
600 – 900
Gidroksizin

Ataraks  
10 – 50
Melatonin  
Melaksen
1,5 – 3,0
Tsinnarizin  
Tsinnarizin  
25 – 50
Levomepromazin
Tizertsin
25 – 50
Izoh: Ushbu dorilar qariyalarga kam dozalarda buyuriladi.
    Uxlatuvchi dorilar ichida benzodiazepinlar keng qo‘llaniladi. Uyquga ketish qiyin bo‘lgan holatlarda  qisqa muddat ichida ta’sir qiluvchi dorilar tavsiya etiladi. Uxlagandan keyin tez-tez uyg‘onib ketish va turli bezovtaliklarda uzoqroq muddat ta’sir etuvchi dorilar (tazepam, fenazepam, rogipnol, relanium) buyuriladi. Ruhiy kasalliklar bilan bog‘liq (endogen depressiyalar) insomniyalarda uxlatuvchi neyroleptiklar (tizertsin) albatta tavsiya etilishi kerak.
   B) Gipersomniya.  Gipersomniya, ya’ni ortiqcha uyquchanlik juda ko‘p nevrologik, ruhiy va somatik kasalliklar sababli rivojlanadi. Po‘stlog‘osti entsefalitlari (Ekonomo letargik entsefaliti), surunkali IKG, III qorincha va gipotalamus sohasi o‘smalari, vertebrobazilyar etishmovchilik, endokrin buzilishlar (gipotireoz), nerv sistemasi intoksikatsiyalari, toksik va metabolik entsefalopatiyalar gipersomniyaga sabab bo‘ladi. Shuningdek, turli dorilarni qabul qilish ham uyquchanlik holatini yuzaga keltiradi. Masalan, antikonvulsantlar, antidepressantlar (ayniqsa, amitriptilin), antigistamin dorilar (ayniqsa, pipolfen), neyroleptiklar (ayniqsa, tizertsin, aminazin) ichib yuradiganlarda kunduz kunlari ham uyqu bosaveradi. Demak, insomniyaga qaraganda gipersomniya holati ko‘p uchraydi va uning sabablari ko‘p. Ba’zi odamlar qattiq stress yoki qo‘rquvdan keyin bir necha kunlab uyquga ketadi. Shizofreniyaning ba’zi turlarida ham uyquchanlik ko‘p kuzatiladi. 
  Endi gipersomniyaning turli klinik turlari bilan tanishib chiqamiz.
 Idiopatik gipersomniya – kunduz kuni uyqu bosishi bilan namoyon bo‘ladigan patologik sindrom. Gipersomniya monosimptom sifatida namoyon bo‘ladi, ya’ni boshqa nevrologik va psixotik buzilishlar kuzatilmaydi. Ular tunda qattiq uyquga ketadi va ertalab uyg‘otmasa, kunduzi soat 12 gacha uxlab qolishadi. Sababi noaniq bo‘lgan ushbu sindrom ko‘proq yoshlarda kuzatiladi. Bu holatni pasaytirish uchun psixostimulyatorlar tavsiya etiladi yoki kunduz kungi jismoniy mehnatga jalb etiladi.
  Narkolepsiya – kunduz kuni to‘satdan uxlab qolish, muskullar tonusining birdan yo‘qolishi va keskin psixoemotsional buzilishlar bilan namoyon bo‘luvchi patologik sindrom. Har qanday yoshda kuzatiladigan bu sindromning etiopatogenezi to‘la o‘rganilmagan. Uning kelib chiqishiga nasliy omillar sababchi deb ko‘rsatiladi.
  Narkolepsiya kunduz kunlari kuchli darajada uyqu bosishi, katapleksiya, gipnogogik holatlar, nutq buzilishi (gapira olmay qotib qolish) va kuchli emotsional reaktsiyalar (xoxolab kulib yuborish, yonidagi odamga ajablanib yoki o‘ta qahr ila qarash) bilan namoyon bo‘ladi. Shunday bo‘lsa-da, ular birovga tan jarohati etkazishmaydi. Bu holat bir necha daqiqa yoki soat davom etib o‘tib ketadi. Shu bois uni isterik xurujlar bilan adashtirishadi va tashxis qo‘yishda bu holat qiyinchilik tug‘diradi. 
  Narkolepsiyada kunduz kungi gipersomniya kuzatilsa-da, kechasi tez-tez uyg‘onib ketishlar ro‘y berib turadi. Agar bemor uyg‘onib qolsa, ko‘zini ochadi-yu, oyoq-qo‘llarini qimirlata olmaydi. Bunday holatlar qattiq qo‘rqib uyg‘onib ketgan sog‘lom odamda ham kuzatilib turadi (ayniqsa, o‘smirlarda). 
  Katapleksiya – muskullar tonusining birdan yo‘qolishi bilan namoyon bo‘luvchi holat. Shu sababli bemor yiqilib tushadi va bir necha soniya (yoki daqiqalar) mobaynida oyoq-qo‘llarini qimirlata olmay yotadi. Biroq uning xushi saqlangan bo‘ladi. Agarda katapleksiya jag‘ muskullarida ro‘y bersa, bemorning pastki jag‘i osilib qoladi. Bunday holatlar, ko‘pincha qattiq kulganda ro‘y beradi.
   Tashxis kasallikka xos klinik simptomlar, uning kechishi va polisomnografiya tekshiruvlari yordamida qo‘yiladi. Narkolepsiyani bartaraf etish birmuncha qiyin bo‘lib, har doim ko‘zlangan natijani beravermaydi. Narkolepsiya patogenezi noaniqligi bois, simptomatik terapiyadan foydalaniladi. Kunduz kungi uyquchanlikni pasaytirish uchun psixostimulyatorlar, psixotik buzilishlarni kamaytirish uchun antidepressantlar (fluoksetin, prozak) tavsiya etiladi.    Spirtli ichimliklar iste’mol qilish, to‘yib ovqatlanish, og‘ir ishlarda ishlash taqiqlanadi. Stressli vaziyatlardan saqlanish lozim. Engil holatlarda o‘z-o‘zidan tuzalib ketish ro‘y beradi.
  Uyqu paytidagi apnoe – uxlab yotgan odamda 10 soniya mobaynida nafas to‘xtashi bilan namoyon bo‘luvchi holat. Uyqu paytidagi apnoe (UPA) sabablari bir qancha. Ular limbiko-retikulyar kompleks disfunktsiyasini yuzaga keltiruvchi patologik holatlar, ya’ni surunkali alkogolizm, giyohvandlik, gipotireoz, semizlik, nafas olish markazi faoliyatini susaytiruvchi dorilar, toksinlar, metabolitlar va h.k. UPA, shuningdek, yuqori nafas yo‘llari kasalliklari, ya’ni burun bo‘shlig‘idagi to‘siqlar, surunkali rinit, etmoidit, tonzillit, faringit, laringit, bronxitda ham kuzatiladi. Bu holat bolalarda ko‘proq uchraydi.
   UPA klinikasi quyidagi simptomlardan iborat: nafas olish ritmi buzilishidan tashqari, chuqur-chuqur shovqinli nafas olib uxlash, kuchli xurrak otish, uyqu paytidagi bezovtaliklar va tez-tez uyg‘onib ketish ro‘y beradi. Bu holat, albatta bosh miyada venoz qon aylanish sistemasida turg‘un holatlarni yuzaga keltiradi, likvor aylanishiga salbiy ta’sir ko‘rsatadi. Bunday odamlar ertalab boshi og‘ir bo‘lib, yuz-ko‘zlari biroz shishib, uyqudan qoniqmay uyg‘onishadi. Kunduz kuni esnab lanj bo‘lib yurishadi. Hadeb esnayverish – miyada gipoksiya belgisidir. UPA va tinmay xurrak otish ishemik gipoksiya va surunkali tserebrovaskulyar buzilishlarni kuchaytiradi. Ayniqsa, arterial gipertenziya, ateroskleroz, yurak aritmiyasi, yurak klapanlari etishmovchiligi bilan og‘rigan bemorda UPA paytida ishemik insult ro‘y berishi yoki YuIK qo‘zg‘ashi mumkin. Spirtli ichimliklarni iste’mol qilib mast holatda uxlab qolganda tunda ro‘y beradigan ishemik insultlar ko‘pincha UPA paytida kuzatiladi. Chunki alkogol nafaqat giperkoagulyatsiya, gipoksiya va ishemiya holati, balki nafas olishda ishtirok etuvchi yuqori nafas muskullari tonusini ham pasaytiradi. Shu sababli mast holatda uxlab qolganlarda xurrak otish kuchayib ketadi.   Demak, UPA va tinmay xurrak otishni ishemik insultga olib keluvchi xatarli omillar sirasiga kiritish mumkin.
   UPA ni bartaraf etish bir qator tadbirlarni amalga oshirishdan boshlanadi. Dastlab kasallik sababi aniqlanadi. Yuqori nafas yo‘llari kasalliklari aniqlansa, ular bartaraf etiladi. Spirtli ichimliklarni iste’mol qilish to‘xtatiladi, ortiqcha tana vazni me’yorga keltiriladi, yurak-qon tomir kasalliklari davolanadi va h.k. Shuningdek, nafas olish faoliyatiga salbiy ta’sir ko‘rsatuvchi dorilarni qabul qilish cheklanadi. Agar bolalik davridayoq yuqori nafas yo‘li kasalliklari bartaraf etilmasa, bola nimjon bo‘lib o‘sadi.
  V) Parasomniya. Uyqu paytida ro‘y beradigan turli xil psixomotor qo‘zg‘alishlarga parasomniya deb aytiladi. Bu qo‘zg‘alishlar epileptik xususiyatga ega emas. Uni tungi epileptik xurujlar bilan adashtirmaslik kerak. Parasomniyalarga uyqu paytida oyoq-qo‘llar, bosh va tanani qimirlatib yotish, titrab ketish, tishlarni g‘ijirlatish, tungi qo‘rquv va turib yurishlar, katapleksiya (oyoq-qo‘llarning qimirlamay qolishi) kiradi. Bunday holatlar sog‘lom odamlarda ham kuzatiladi va maxsus davolashni talab qilmaydi. Faqat tez-tez qo‘rqib uyg‘onish va psixomotor qo‘zg‘alishlarda yotishdan oldin sedativ dorilar yoki trankvilizatorlar tavsiya etiladi.  


Manba: ©Z. Ibodullayev. Tibbiyot psixologiyasi. Darslik., 3-nashr., T.; 2019., 494b.  
  © Ibodullayev ensiklopediyasi., 2022 y;
   ©asab.cc





Ctrl
Enter
Хато топдизнигзми?
Матнни танланг ва Ctrl+Enter тугмачаларини босинг
MUHOKAMALAR
Izohlarning minimal uzunligi 50 ta belgidan iborat. sharhlar boshqariladi
Hech qanday izoh yo‘q. Siz birinchi bo‘lishingiz mumkin!
Кликните на изображение чтобы обновить код, если он неразборчив