Yangiliklar Ibodullayev ensiklopediyasi Umurtqa pog‘onasi o‘smalari

Umurtqa pog‘onasi o‘smalari


Orqa miyaning kompressiyasini yuzaga keltirishi mumkin bo‘lgan o‘smalar ichida umurtqa pog‘onasi o‘smalari alohida o‘rin tutadi. Umurtqa pog‘onasining birlamchi va ikkilamchi (metastatik) o‘smalari farq qilinadi. Birlamchi o‘smalar, o‘z navbatida, xavfsiz va xavfli turlarga ajratiladi. Birlamchi xavfsiz o‘smalarga yirik hujayrali o‘smalar, gemangioma, osteoma, xondroma, mieloma va kistalar, birlamchi xavfli o‘smalarga osteosarkoma, xondrosarkoma, mielosarkoma kabi o‘smalar kiradi.
     
Umurtqa pog‘onasining ikkilamchi o‘smalari boshqa a’zolarda o‘sgan xavfli o‘smalarning umurtqa pog‘onasiga metastazi sababli vujudga keladi. Shuning uchun ham bunday o‘smalar metastatik o‘smalar deb yuritiladi. Ayniqsa, umurtqa pog‘onasiga yaqin joylashgan a’zolarda o‘sgan xavfli o‘smalar, masalan, gipernefroma metastazi ko‘p uchraydi. Umurtqa pog‘onasining xavfli o‘smalari ekstramedullyar o‘smalar klinikasiga o‘xshab kechadi.
     
O‘sma joylashgan joyda lokal og‘riqlar paydo bo‘ladi va ular ushbu sohani perkussiya qilganda kuchayadi. Og‘riq yo‘talganda va aksa urganda ham kuchayadi. Xavfli o‘smalarda umurtqa suyagining patologik sinishi va o‘tkir spinal simptomlar (pastki paraplegiya va h.k.) paydo bo‘lishi mumkin. Chunki, xavfli o‘smalar umurtqa suyagini destruksiyaga uchratadi.Umurtqa pog‘onasi o‘smalari spinal nervlar, ildizchalar va orqa miyani bosib qo‘ysa, zararlangan joyga xos nevrologik simptomlar rivojlanadi.
    
Orqa miya va umurtqa pog‘onasi o‘smalarida likvor silkinishi simptomini tekshirish o‘ta muhim. Umurtqa pog‘onasi bo‘ylab perkussiya qilganda paydo bo‘ladigan og‘riqlar likvor silkinishi bilan bog‘liq. Likvor silkinishi tufayli o‘sma atrofida joylashgan spinal ildizchalar qo‘zg‘aladi va irradiatsiya qiluvchi og‘riqlar yuzaga keladi. Likvor silkinishi simptomi, intramedullyar o‘smalar uchun emas, balki ekstramedullyar o‘smalar uchun xos.

Manba:  ©Z. Ibodullayev. Asab kasalliklari. 2-nashr. Darslik, Toshkent, 2021., 960 b.
              ©Z. Ibodullayev. Nevrologiya. Qo`llanma., Toshkent, 2017., 404 b.
              © Ibodullayev ensiklopediyasi ©asab.cc

Ctrl
Enter
Хато топдизнигзми?
Матнни танланг ва Ctrl+Enter тугмачаларини босинг
MUHOKAMALAR
Izohlarning minimal uzunligi 50 ta belgidan iborat. sharhlar boshqariladi
Hech qanday izoh yo‘q. Siz birinchi bo‘lishingiz mumkin!
Кликните на изображение чтобы обновить код, если он неразборчив