Valproatlar


Tarqalgan epileptik xurujlarda (shu jumladan, tonik-klonik) birinchi navbatda tavsiya etiladigan dorilar – bular valproatlar. Valproatlar absanslar, mioklonik va atonik xurujlarda juda samarali hisoblanadi. Shu bois ular turli xil “aralash” epileptik xurujlarda ham tavsiya etiladi. Valproatlar psixomotor fenomenlar bilan namoyon bo‘luvchi epilepsiyalar, xulq-atvor buzilishlari, febril xurujlar, oddiy va murakkab fokal xurujlar, birlamchi va ikkilamchi-tarqalgan epileptik xurujlarda keng qo‘llaniladi. Valproatlarni bolalarda uchraydigan tikoz giperkinezlarni bartaraf etishda qo‘shimcha dori sifatida qo‘llash mumkin. Shuningdek, bu dorilar maniakal-depressiv psixozlarda ham qo‘shimcha dori sifatida tavsiya etiladi.
        Valproatlarning eng ko‘p qo‘llaniladigan turlari – depakin (valproat natriy), konvuleks (valproat kislotasi) va konvulsofin (valproat kaltsiy) hisoblanadi. Valproatlarning dori shakllari va dozalari haqida to‘xtalib o‘tamiz.
        Depakin va uning dori shakllari
  • Depakin sharbat – 150 ml li idishlarda ishlab chiqariladi. Dozani belgilash      uchun 2 xil hajmli (100 mg va 200 mg valproat natriy) qoshiqcha ham bor.
  • Depakin enterik – 300 mg li tabletkalar.
  • Depakin xrono – 300 va 500 mg li uzoq ta’sir etuvchi tabletkalar.
  • Depakin xronosfera – uzoq ta’sir etuvchi granulalar. Bu granulalar 5 xil hajmdagi paketchalarda ishlab chiqariladi. Ular­ning har birida 100, 250, 500, 750 va 1000 mg valproat natriy bor.
  • Depakin kukun – 4 ml li flakonlarda (400 mg valproat natriy) kukun holida ishlab chiqariladi. Yonidagi 4 ml li ampulalarda in’eksiya uchun suv ham bo‘lib, ushbu suvda kukun bevosita venaga yuborishdan oldin eritiladi.
   Konvuleks 150, 300, 500 mg li kapsula va uzoq ta’sir etuvchi 300 va 500 mg li maxsus tabletkalarda ishlab chiqariladi. Bolalar uchun dori suyuq holatda, ya’ni 100 ml li idishlarda ham qadoqlanadi (1 ml suyuqlikda 50 mg valproat natriy bor).
   Valproatlar ovqat paytida yoki bevosita ovqatdan so‘ng qabul qilinadi. Ularni bir kunda 2–3 mahal ichish tavsiya etiladi. Biroq depakin xrono va depakin xronosfera (granulalar) kuniga bir mahal ichiladi. Dorining bu shakllari uzoq ta’sir etadi, chunki uning ta’sir qiluvchi asosiy qismi tabletka va granulalardan sekinlik bilan ajralib chiqadi. Bu esa dorining qondagi miqdorini kun bo‘yi bir xil dozada saqlanib turishini ta’minlaydi. Ammo buning uchun epileptik xurujlar to‘la nazoratga olingan bo‘lishi kerak.
        Depakin xrono tabletkalari faqat kattalar va tana vazni 20 kg dan oshiq bolalarga tavsiya etiladi. Depakin xronosferaning (granulalar) kichik dozalari (100 va 250 mg) erta yoshdagi bolalar, katta dozalari (500, 750 va 1000 mg), asosan, katta yoshdagilarni davolashda qo‘llaniladi. Depakin granulalari tabletka va kapsulani yutishga qiynaladigan yoki dori ichishni yomon ko‘radigan bemorlarga suyuq ovqat va meva sharbatlariga qo‘shib beriladi. Ammo dori qo‘shiladigan ovqat va suyuqliklar issiq yoki qaynoq bo‘lmasligi kerak.
        Valproatlarni tavsiya etish yo‘llari. Valproatlar bolalar va kattalarga kuniga 10–15 mg/kg dan berib boshlanadi. Bemor dorini ushbu dozada 3 kun qabul qiladi. Keyin uning dozasi oshirib boriladi va kuniga 20–30 mg/kg ga etkaziladi. Agar bemorning tana vazni 50 kg bo‘lsa, dorining bir kunlik dozasi 1000–1500 mg ni tashkil qiladi. Shu yo‘l bilan valproatlarning bir kunlik terapevtik dozasi belgilab olinadi. Buning uchun, odatda, bir hafta vaqt ketadi.
       Valproatlarning bir kunlik terapevtik dozasi (bolalar uchun ham, kattalar uchun ham) tana vazniga 20–30 mg/kg hisoblanadi. Zaruratga qarab ushbu doza kuniga 60 mg/kg ga etkazilishi mumkin. Demak, tana vazni 50 kg bo‘lgan bemor kuniga 3000 mg valproat qabul qiladi. Tana vazni qanday bo‘lishidan qat’i nazar valproatlarning bir kunlik terapevtik dozasi 4000 mg dan oshmasligi kerak. Bunday paytlarda uzoq ta’sir etuvchi valproatlar buyuriladi. Masalan, depakin xrono va h.k. Valproatlar katta dozada buyurilganda ularning qondagi miqdorini aniqlab turish zarur. Bu dorilarni turli yoshlarda qay tarzda tavsiya etishga oid ko‘rsatmalar 10.18-jadvalda keltirilgan.
                                                                                                                  10.18-jadval
                   Valproatlarni tavsiya etishga oid ko‘rsatmalar

Bemorning yoshi
Tana vazni, kg
Birkunlik terapevtik
                                                                     dozasi, mg

Olti oyga to‘lmagan bolalarga valproatlar berilmaydi 
6-12 oy
7,5-10
200-300
1-3 yosh
10-15
300-450
3-6 yosh
15-25
450-750
7-14 yosh
25-40
750-1200
14 yoshdan oshganlar 
40-60
1000-1500
Katta yoshdagilar 
60 va undan yuqori 
1200-2100

       Izoh. 3 yoshga to‘lmagan bolalarga valproatlar sharbati yoki granulalari beriladi.

Ta’kidlab o‘tilganidek, valproatlar absanslarni bartaraf etishda keng qo‘llaniladi (10.19-jadval). 

                                                                                                                    10.19-jadval
                       Absanslarda tavsiya etiladigan asosiy dorilar

Tavsiya 
Etish navbati    
Dori
Dori shakli
Bir kunlik dozasi
Ichish    uchun kuniga


1
Etosuksimid
250 mg li kapsula, 50 mg/ml li sharbat
20-30 mg/kg
2-3 maxal
2
Valproatlar
150, 300, 500 mg tabletka va kapsula
20-30 mg/kg
2-3 maxal
3
Klonazepam
0,5, 1 va 2mgli tabletkalar    
Dastlab 0,01-0,03 mg/kg. Keyinchalik 0,1-0,2 mg/kg
2-3 maxal
4
Asetazolamid 
250 mgli tabletka    
10-25  mg/kg (maksimal dozasi kuniga 100 mg)
1-2 maxal
5
Ketogen
parhez

Kundalik ovqat ratsionda tarkibida glyukoza saqlovchi moddalar keskin kamaytiriladi. Qovurilgan go‘sht mahsulotlarini esa ko‘proq tanovvul qilish buyuriladi. Chunki organizmda qovurilgan go‘sht mahsulotlari  parchalansa, epileptogen o‘choqni so‘ndiruvchi keton tanachalari hosil bo‘ladi.



Izoh. Atsetazolamid (diakarb) yuqoridagi dorilarga qo‘shimcha ravishda tavsiya etilishi mumkin. Ketogen parhez tavsiya etilgan bemorga diakarb buyurilmaydi.
     Valproatlarni tavsiya etishga monelik qiluvchi holatlar:
  • valproatlarga allergik reaksiyalar;
  • o‘tkir va og‘ir kechuvchi surunkali gepatit, pankreatit;
  • trombositopeniya, gemorragik diatez, porfiriya;
  • 6 oyga to‘lmagan bolalar;
  • buyrak etishmovchiligi (nisbiy monelik);
  • homiladorlikning birinchi 3 oyligi (nisbiy monelik).
    Valproatlarni qabul qilib yurgan ayol homilador bo‘lib qolsa, ularni ichishni darrov to‘xtatmasligi kerak. Bu erda vrach xavf darajasiga qarab bemorni davolashga individual yondashadi. Agar dorilar to‘xtatilsa, epileptik xurujlar avj olib, ayol va bolaning hayoti xavf ostida qolishi mumkin. Shuning uchun vrach homilador ayolni nazoratga olib, valproatlarni berishni davom ettirishi lozim. Bunday paytlarda valproatlarni kam dozada, ya’ni bir kunlik dozani 3–4 mahalga taqsimlab ichish buyuriladi. Agar bemor qo‘shimcha ravishda kuniga 5 mg folat kislotasi qabul qilib yursa, valproatlar (boshqa antikonvulsantlar ham) ning homilaga zararli ta’siri pasayadi.
      Epileptologlar homiladorlikda nisbiy monelik qiluvchi dorilarni tavsiya etishga individual yondashish va xavf darajasini to‘g‘ri baholab olishni tavsiya etishadi. Agar ayol bola tug‘ishga xohish bildirmasa, abort qilinadi.
       Epileptik xurujlar butunlay to‘xtagandan so‘ng valproatlarning bemor uchun optimal dozasi individual tarzda aniqlab olinadi va uni qabul qilish davom ettiriladi. Agar valproatlar ko‘zlangan natijani bermasa, qo‘shimcha ravishda topiramat yoki lamotrijin tavsiya etiladi.
       Etosuksimid (suksilep, piknolepsin) 1960-yildan ishlab chiqarila boshlangan. Valproatlar sintez qilingunga qadar absanslarni bartaraf etishda o‘ta samarali vosita hisoblangan. Etosuksimid oddiy absanslarni deyarli butunlay to‘xtata oladi. Bu dori, shuningdek, murakkab absanslar va mioklonik xurujlarda ham qo‘llaniladi. Biroq fokal va tonik-klonik xurujlarda samarasiz hisoblanadi.
        Etosuksimid 250 mg li kapsulalarda ishlab chiqariladi. Bolalar (6 yoshdan yuqori) va kattalarga har kuni 5–10 mg/kg dan tavsiya etiladi. Har 4–7 kunda dorining dozasi 5 mg/kg ga oshirib boriladi. Agar bemorning tana vazni 50 kg bo‘lsa, u bir kunda 250 mg, ya’ni bir kapsula etosuksimid ichishi kerak. Dorining maksimal dozasi 6 yoshgacha bo‘lgan bolalar uchun 500 mg ni tashkil qiladi. Kattalar uchun dorining maksimal dozasi 1500 mg, ya’ni 6 kapsulaga teng. Ushbu doza 3 ga bo‘lib beriladi, ya’ni bemor dorini 2 kapsuladan 3 mahal qabul qiladi. Xurujlar to‘xtagach bolalar dorini 500 mg dan, kattalar esa 1000 mg dan qabul qilib yurishadi. Hozirda absanslarni bartaraf etishda etosuksimidga qaraganda valproatlardan ko‘p foydalaniladi.
          Klonazepam (rivotril, antelepsin, kloneks) 1975-yildan ishlab chiqarila boshlangan. Psixotik buzilishlar bilan namoyon bo‘ladigan turli xil epileptik xurujlarda keng qo‘llaniladi. Klonazepam fokal va tonik-klonik xurujlar hamda absanslarda samarali antikonvulsantdir. Bu dori 0,25, 05, 1 va 2 mg li tabletkalarda ishlab chiqariladi.



Manba:  ©Z. Ibodullayev. Asab kasalliklari. 2-nashr. Darslik, Toshkent, 2021., 960 b.
              ©Z. Ibodullayev. Nevrologiya. Qo`llanma., Toshkent, 2017., 404 b.
              ©Z. Ibodullayev. Epilepsiya. Qo`llanma., Toshkent, 2018., 128 b.
              © Ibodullayev ensiklopediyasi ©asab.cc

Ctrl
Enter
Хато топдизнигзми?
Матнни танланг ва Ctrl+Enter тугмачаларини босинг
MUHOKAMALAR
Izohlarning minimal uzunligi 50 ta belgidan iborat. sharhlar boshqariladi
Hech qanday izoh yo‘q. Siz birinchi bo‘lishingiz mumkin!
Кликните на изображение чтобы обновить код, если он неразборчив