Yangiliklar Ibodullayev ensiklopediyasi GRIPPDA KUZATILADIGAN ENTsEFALIT

GRIPPDA KUZATILADIGAN ENTsEFALIT


Gripp – gipertermiya, intoksikatsiya va yuqori nafas yo‘llari zararlanishi bilan kechadigan o‘tkir yuqumli kasallik. Gripp ko‘p asoratlar beradi, shu jumladan, nerv sistemasiga ham. Entsefalit gripp paydo bo‘lgandan so‘ng rivojlanadi va, shu bois, ikkilamchi entsefalitlar guruhiga kiradi. Entsefalit rivojlanishi uchun grippning umumiy belgilari to‘la o‘tib ketishi shart emas.

Etiologiyasi va patogenezi. Agar grippni A (A1, A2, A3) va V guruhga kiruvchi viruslar chaqirsa, ularning deyarli hammasi GEB dan o‘tib, nerv sistemasini zararlaydi. Bu viruslar postgrippoz meningit, entsefalit, entsefalomielit kabi asoratlar beradi.
Gripp virusi sog‘lom odamga bemordan havo-tomchi yo‘li orqali yuqadi. Virus organizmga tushgach, hujayralar ichiga kirib oladi va ko‘paya boshlaydi. Virus bir necha soat ichida butun organizmga tarqaydi. A guruhiga mansub gripp virusi toksinlari o‘ta zaharli bo‘lib, kuchli neyrotoksikozni yuzaga keltiradi. Bu toksinlar kapillyarlar devorini mo‘rtlashtiradi va buning oqibatida miya to‘qimasida ishemik va gemorragik infarkt o‘choqlari paydo bo‘ladi. Shuningdek, miya pardalari va parenximasida yallig‘lanish reaktsiyalari yuzaga keladi.
Entsefalit patogenezida tserebral mikrotsirkulyatsiya buzilishi va toksinlarning miya to‘qimalariga destruktiv ta’siri etakchi o‘rinni egallaydi. Toksinlarning xorioidal chigallarga qo‘zg‘atuvchi ta’siri miya suyuqligi gipersekretsiyasiga sabab bo‘ladi. Buning natijasida IKG rivojlanadi. Shuningdek, gipotalamus markazlari zararlanishi kuchli darajada ifodalangan vegetativ buzilishlarni, ayniqsa, organizm uchun xavfli bo‘lgan gipertermiyani yuzaga keltiradi.

Klinikasi. O‘tkir boshlanadi, tana harorati 40°S gacha ko‘tariladi. Yuqori nafas yo‘llarida kataral yallig‘lanish simptomlari paydo bo‘ladi. Odatda, bir hafta o‘tar-o‘tmay bemorning ahvoli og‘irlasha boradi va organik nevrologik simptomlar rivojlana boshlaydi. Bu esa virusning miya to‘qimalariga o‘tgani va ularni zararlayotganini ko‘rsatadi. Nevrologik simptomlardan giperkinezlar, gemiparez, okulomotor buzilishlar, ataksiya va sezgi buzilishlari vujudga keladi. O‘choqli nevrologik simptomlardan oldin meningeal simptomlar paydo bo‘lishi mumkin. Ba’zida epileptik xurujlar kuzatiladi. Agar meningeal simptomlar o‘choqli nevrologik simptomlar bilan bir qatorda uzoq vaqt saqlanib qolsa, unda meningoentsefalit rivojlangan bo‘ladi.

Davolash. Davolash muolajalari o‘tkir virusli neyroinfektsiyalarda olib boriladigan davolash usullariga o‘xshaydi.

Prognoz. Erta boshlangan davolash muolajalari og‘ir nevrologik asoratlarsiz bemorning tuzalib ketishiga zamin yaratadi. O‘lim kam kuzatiladi. Qo‘shimcha ravishda zotiljam rivojlansa, bemorning hayoti uchun o‘ta xavflidir. Ba’zida o‘tkir grippoz entsefalitlar gemorragik tipda rivojlanadi va og‘ir kechib, o‘lim bilan tugaydi.

Manba: © Z. Ibodullayev. Asab kasalliklari. 2-nashr. Darslik, Toshkent, 2021., 960 b. 
             © Z. Ibodullayev. Umumiy nevrologiya. Darslik. Toshkent, 2021., 312 b. 
             © Ibodullayev ensiklopediyasi
              © asab.cc

Ctrl
Enter
Хато топдизнигзми?
Матнни танланг ва Ctrl+Enter тугмачаларини босинг
MUHOKAMALAR
Izohlarning minimal uzunligi 50 ta belgidan iborat. sharhlar boshqariladi
Hech qanday izoh yo‘q. Siz birinchi bo‘lishingiz mumkin!
Кликните на изображение чтобы обновить код, если он неразборчив