O‘TKIR LIMFOTsITAR XORIOMENINGIT (Armstrong kasalligi)
Etiologiyasi va epidemiologiyasi. O‘tkir limfotsitar xoriomeningit (sin: seroz meningit, aseptik meningit, engil kechuvchi meningit, Armstrong kasalligi) – adenoviruslar chaqiruvchi infektsion kasallik bo‘lib, bosh miya pardalarida o‘tkir seroz yallig‘lanish bilan kechadi. Kasallikni qo‘zg‘atuvchi virus 1934-yili D. Armstrong va R. Lille tomonidan bemorning likvoridan ajratib olingan. Virus tarqatuvchilar, asosan, sichqonlar va kalamushlar kabi kemiruvchi hayvonlardir. Ammo kasallik boshqa hayvonlar (it, cho‘chqa, quyon, parrandalar) orqali ham yuqishi mumkin. Odamdan odamga esa yuqmaydi.
Virus hayvonlarning so‘lagi, axlati va siydigi orqali tashqariga tushadi. Virus odam organizmiga havo-tomchi, kontakt va alimentar yo‘llar orqali o‘tadi. Odam, ko‘pincha, sichqonlar kemirib ketgan oziq-ovqatlarni iste’mol qilib qo‘yishi oqibatida kasallanadi. Virus odamga transmissiv yo‘l, ya’ni chivin chaqishi orqali ham o‘tishi mumkin. Virus barcha a’zolarga gematogen yo‘l orqali tarqaladi va nafaqat nerv sistemasi, balki ichki a’zolarni (ayniqsa, o‘pkani) ham zararlaydi.
Kasallik jinsga bog‘liq bo‘lmagan holda turli yoshda, ya’ni bolalarda ham, kattalarda ham uchraydi. Ayniqsa, 20–30 yoshdagilar bu dardga ko‘p chalinishadi. Kasallanish aniq bir mavsumga ega bo‘lmasa-da, qish va bahor oylarida biroz ko‘p kuzatiladi.
Patomorfologiyasi. Xuddi boshqa virusli meningitlardagi kabi miyaning yumshoq pardasida giperemiya, shish va limfotsitlar infiltratsiyasi aniqlanadi. Subaraxnoidal bo‘shliqqa, ayniqsa, tsisternalarga seroz ekssudativ suyuqlik to‘planadi. Yumshoq parda va bosh miyaning po‘stloq qismida nuqtali perdiapedik gemorragiyalar paydo bo‘ladi. Yallig‘lanish jarayoni bosh miyaning ustki qismini ham qamrab oladi. Aseptik yallig‘lanish reaktsiyalari miya qorinchalarining ependimal qavatida ham ro‘y beradi.
Klinikasi. Kasallik klinikasi xuddi gripp singari boshlanadi. Tana harorati ko‘tariladi, tumovga xos barcha belgilar paydo bo‘ladi. Shu holat 5–10 kun saqlanib turadi. Bu paytda meningeal simptomlar aniqlanmaydi. Tabiiyki, bunday bemorga O‘RI yoki gripp tashxisi qo‘yiladi. Bu davr o‘tgach, o‘tkir seroz meningitga xos belgilar to‘satdan paydo bo‘ladi. Bosh og‘rig‘i kuchayib ketadi, bemor qusa boshlaydi, tana harorati 40–41°S gacha oshadi. Kuchli bosh og‘rig‘i va ketma-ket qusishlar paydo bo‘lib, ular 2 hafta va undan ham ko‘p saqlanib turadi. Bosh og‘rig‘i va qusishlar LP dan keyin pasayadi. Paydo bo‘lgan meningeal simptomlar biroz sust ifodalanadi.
Kranial nervlar, ayniqsa, ko‘zni harakatlantiruvchi nervlar ko‘p zararlanadi. Tserebral simptomlardan pay reflekslari giperrefleksiyasi va anizorefleksiyasi, patologik piramidal simptomlar va vestibulo-koordinator buzilishlar paydo bo‘ladi. Biroq ular yaqqol ko‘zga tashlanmaydi va keyinchalik butunlay o‘tib ketadi. Ko‘p hollarda ko‘z tubi dimlanishi va ba’zida ko‘ruv nervi atrofiyasi aniqlanadi. Ushbu meningitda hushning og‘ir buzilishi kuzatilmaydi. Bir yoshga to‘lmagan bolalarda sopor holati kuzatilishi va kasallik epileptik xurujlar bilan boshlanishi mumkin.
Likvor bosimi 300–400 mm sim. ust. ga oshadi, rangsiz va tiniq bo‘ladi. Juda kam hollarda likvor rangi sal o‘chiq bo‘lishi mumkin. Hujayralar soni juda oshadi, ya’ni lifotsitar pleotsitoz kuzatiladi: 1 mkl likvorda ularning soni 1000–2000 ga etadi. Oqsil miqdori ko‘tariladi, ba’zan normada saqlanib qoladi. Qand va xloridlar miqdori ham o‘zgarmaydi.
Kechishi. Kasallik belgilari o‘tkir boshlanib, asta-sekin orqaga chekina boshlaydi. Yuqori tana harorati va kuchli bosh og‘riq sira pasaymay, 2 hafta saqlanishi mumkin. Meningeal simptomlar ham, odatda, 2 hafta ichida yo‘qoladi. Ba’zida ular bir oydan oshiq saqlanadi. Klinik simptomlar butunlay yo‘qolgandan so‘ng ham likvorda limfotsitar pleotsitoz saqlanib qoladi. Kasallikning qayta qo‘zg‘alishi kuzatilmaydi. Armstrong virusi ichki a’zolarni ham zararlagani uchun ba’zi bemorlarda zotiljam, miokardit va orxit kuzatiladi.
Tashxis. To‘g‘ri tashxis klinik simptomlar, etiologik omil va serologik tekshiruvlar asosida, ya’ni qon va likvordan virusni ajratib olish orqali qo‘yiladi.
Davolash. Spetsifik davolash usullari yo‘q. Bemorni davolash xuddi boshqa virusli seroz meningitlarni davolash kabi o‘tkaziladi.
Prognozi. Kasallik bemorning to‘la tuzalishi bilan tugallanadi. Shu bois, Armstrong meningitini engil kechuvchi seroz meningit deb atashadi.
Profilaktikasi. Sanitariya-gigiena qoidalariga amal qilish, oziq-ovqatlarni maxsus joylarda saqlash va sichqonlarga qarshi kurashish bu kasallikning oldini oladi.
Manba: © Z. Ibodullayev. Asab kasalliklari. 2-nashr. Darslik, Toshkent, 2021., 960 b.
© Ibodullayev ensiklopediyasi
© asab.cc
Izohlarning minimal uzunligi 50 ta belgidan iborat. sharhlar boshqariladi
Qiziq maqolalar
"Ibodullayev ensiklopediyasi" bo‘limi bo‘yicha