Tserebral autoregulyatsiya haqida
Ishemik insult patogenezi asosida tserebral gemodinamika va, shu sababli, tserebral autoregeluyatsiyaning buzilishi yotadi. Tserebral autoregulyatsiyaning asosiy vazifasi turli vaziyatlarda tserebral perfuzion bosimni ta’minlab turishdan iborat. Umumiy gemodinamika «o‘ynagan» hollarda tserebral autoregulyatsiya bosh miyada qon aylanishini ta’minlab turadi. Masalan, sistem arterial bosim oshganda miya tomirlari torayadi va shu yo‘l bilan bosh miyaning ortiqcha qon bilan to‘lib ketishi hamda miyada vazogen shish paydo bo‘lishining oldi olinadi. Agar sistem arterial bosim tushib ketsa, miya tomirlarida dilatatsiya ro‘y beradi va shu bilan miya to‘qimalarining ishemik gipoksiyasi oldi olinadi.
Miya insultiga sabab bo‘luvchi bir qator patologik holatlar va kasalliklar, ayniqsa, gipertoniya kasalligi, ateroskleroz, yurak kasalliklari, qandli diabet, ekstra- va intrakranial tomirlar patologiyasi, vaskulitlar tserebral autoregulyatsiyaning normal faoliyat ko‘rsatishini asta-sekin izdan chiqaradi va o‘tkir tserebrovaskulyar buzilishlar rivojlanishiga mezon yaratadi. Chunki patologik o‘zgargan arteriyalar tserebral autoregulyatsiyani ta’minlab bera olmaydi, ya’ni biron-bir tserebral arteriyada tromboz, emboliya yoki spazm ro‘y bersa, kollateral qon aylanish sistemasi ishemiya ro‘y bergan sohani etarli darajada qon bilan ta’minlay olmaydi. Natijada, miya to‘qimasida ishemiya ro‘y beradi va miya infarkti rivojlanadi.
Manba: © Z. Ibodullayev. Asab kasalliklari. 2-nashr. Darslik, Toshkent, 2021., 960 b.
© Z. Ibodullayev. Insult va koma. Qo`llanma. Toshkent, 2013., 193 b.
© Ibodullayev ensiklopediyasi
© asab.cc
Izohlarning minimal uzunligi 50 ta belgidan iborat. sharhlar boshqariladi
Qiziq maqolalar
"Ibodullayev ensiklopediyasi" bo‘limi bo‘yicha