Yangiliklar Ibodullayev ensiklopediyasi Ekstrapiramidal soha o‘smalari

Ekstrapiramidal soha o‘smalari


Bu soha o‘smalari nisbatan kam uchraydi. Bosh miyaning oq moddasida o‘suvchi bu o‘smalar (asosan, gliomalar) ekstrapiramidal tuzilmalarni zararlab, striopallidar sindromni yuzaga keltiradi.

Pallidar yadrolar zararlansa – parkinsonizm, striar yadrolar zararlansa – giperkinetik sindrom rivojlanadi. Parkinsonizm sindromi gipomimiya, bradikineziya, oligokineziya, muskullar tonusining plastik tarzda oshishi, bosh va qo‘llarda tremor bilan namoyon bo‘ladi. Giperkinetik sindrom esa xoreya, atetoz, miokloniya, ba’zida gemiballizm va gemitremor kabi simptomlar bilan kechadi. Tabiiyki, bu simptomlar kuchayib boruvchi xususiyatga ega. Bunday paytda parkinsonizm yoki giperkinezlarni bartaraf etishga oid dorilar yordam bermaydi. Klinik tashxis qo‘yishda simptomlarning bir tomonlama paydo bo‘lishi, ya’ni gemiparkinsonizm yoki gemigiperkinezlar tipida yuzaga kelishiga e’tibor qaratish lozim.

Ekstrapiramidal soha o‘smasida kapsulyar gemisindrom ham rivojlanadi. Bu sindrom gemiparez, gemigipesteziya va gemianopsiya (yoki gemiataksiya) bilan namoyon bo‘ladi. O‘sma peshona bo‘lagi tomon o‘sa boshlasa – peshona zararlanishi uchun xos bo‘lgan, chakka bo‘lagi tomon o‘ssa – chakka bo‘lagi zararlanishi uchun xos simptomlar vujudga keladi. Ayniqsa, multiform spongioblastomalar infiltrativ tarzda tez o‘sadi, miya shishi, bo‘kishi va perifokal shish tez rivojlanadi. IKG va dislokatsion sindrom ham tez shakllanadi. Ba’zida bexosdan qo‘shilgan respirator infektsiyalar sababli tana harorati keskin ko‘tariladi, o‘tkir tarzda psixik buzilishlar paydo bo‘ladi va kasallik klinikasi xuddi po‘stlog‘osti meningoentsefalitiga o‘xshab kechadi. Bunday paytda o‘tkazilgan MRT tekshiruvi tashxisni to‘la aniqlash imkonini beradi.

Manba:  ©Z. Ibodullayev. Asab kasalliklari. 2-nashr. Darslik, Toshkent, 2021., 960 b.
              ©Z. Ibodullayev. Nevrologiya. Qo`llanma., Toshkent, 2017., 404 b.
              © Ibodullayev ensiklopediyasi
              ©asab.cc




Ctrl
Enter
Хато топдизнигзми?
Матнни танланг ва Ctrl+Enter тугмачаларини босинг
MUHOKAMALAR
Izohlarning minimal uzunligi 50 ta belgidan iborat. sharhlar boshqariladi
Hech qanday izoh yo‘q. Siz birinchi bo‘lishingiz mumkin!
Кликните на изображение чтобы обновить код, если он неразборчив