Yangiliklar Ibodullayev ensiklopediyasi EPILEPSIYaDA TAShXIS QO‘YISh

EPILEPSIYaDA TAShXIS QO‘YISh


Bemorda birinchi bor paydo bo‘lgan epileptik xurujga har bir vrach ham duch kelavermaydi. Shuning uchun ham epilepsiya tashxisini qo‘yish deyarli har doim anamnezni mukammal o‘rganishdan boshlanadi. Bemorda kuzatilgan xurujlarni o‘z ko‘zi bilan ko‘rmagan vrach, albatta, kasallik anamnezini mukammal o‘rganib bo‘lgandan so‘ng bir fikrga keladi. Bu erda bemorni avvaldan davolab yurgan va bir-ikki marta xurujlarni o‘z ko‘zi bilan ko‘rgan vrach, ayniqsa, nevrologning ma’lumotlari o‘ta ahamiyatli. Shu bois kasallik varaqasi yoki tarixnomada epileptik xurujlar xronologiyasi batafsil keltirilgan bo‘lishi kerak. Bemorni avval davolagan vrachning to‘g‘ri va batafsil bergan ma’lumotlari uni keyin davolaydigan vrachlar uchun o‘ta muhimdir.
Subektiv ma’lumotlar va anamnez. Epilepsiya tashxisini qo‘yishda vrachning oldida quyidagi 2 ta savol ko‘ndalang turadi:
  1. Bemorda epileptik xuruj kuzatildimi yoki boshqa holatmi?
  2. Epileptik xuruj tipi qanday va sababi nima?
Bu savollarga oydinlik kiritish uchun bemor va uning yaqinlariga bir qator savollar bilan murojaat qilinadi va parallel tarzda anamnez ham yig‘iladi.
Epileptik xurujlarni aniqlab olish uchun beriladigan savollar:
  • Bemor hushini yo‘qotdimi?
  • Xirillab nafas oldimi?
  • Nafasi to‘xtab qoldimi?
  • Xuruj paytida baqirib yubordimi?
  • Xuruj xabarchilari (auralar) kuzatildimi?
  • Og‘zidan qon aralash ko‘pik chiqdimi?
  • Ko‘zi ketib qoldimi, boshi titrab orqa yoki yon tomonlarga qayrildimi?
  • Qo‘l-oyoqlarida titroqlar kuzatildimi?
  • Xurujlar qachon ro‘y berdi: uyquda, ertalab, kunduzi yoki kechasimi?
  • Xurujlar taxminan qancha vaqt davom etdi?
  • Bemor hushiga kelgach, qattiq uyquga ketdimi?
  • Avvallari ham shu holatlar bo‘lganmi?
Absanslarni aniqlab olish uchun beriladigan savollar:
  • Bemor bir nuqtaga tikilib qarab qoladimi?
  • Xuruj paytida ko‘zlari qay holatda bo‘ladi?
  • Boshi, tanasi va oyoq-qo‘llarichi?
  • Xuruj taxminan necha soniya davom etadi?
  • Bemorning xurujdan keyingi ahvoli qanday?
  • U o‘zida xuruj bo‘lganini sezadimi?
  • Xurujlar bir kunda (hafta yoki oyda) necha marta takrorlanadi?

Bu erda biz epileptik xurujlarning eng ko‘p uchraydigan turlari, shu jumladan, absanslarni aniqlab olishga oid savollarni keltirib o‘tdik. Ushbu savollarga berilgan javoblarning o‘ziyoq bemorda epileptik xuruj kuzatildimi yoki yo‘qmi, degan savolga aniqlik kiritishga yordam beradi. Bu savollarga javob olgach, vrach tashxis qo‘yishning keyingi bosqichiga, ya’ni epileptik xurujlar tipi va sababini aniqlashga o‘tadi. Buning uchun subektiv simptomlar, anamnestik ma’lumotlar, obektiv va laborator tekshiruvlar, EEG, KT va MRT ma’lumotlariga asoslanib ish ko‘rish lozim.
Anamnestik ma’lumotlar
  • Oila a’zolarida epilepsiya bilan kasallanganlar bormi?
  • Erta bolalik davrida febril xurujlar bo‘lganmi?
  • Tug‘ruq paytida qanday asoratlar kuzatilgan?
  • Bosh miya kasalliklarini (KTsJ, meningit, entsefalit) o‘tkazganmi?
  • Hozirda BTsF, oligofreniya, tuberoz skleroz kabi kasalliklar yo‘qmi?
  • Bosh miyada xirurgik operasiyalar o‘tkazilganmi?
  • Neyroendokrin kasalliklar va turli metabolik buzilishlar yo‘qmi?
  • Dastlabki xuruj qachon va nimadan keyin ro‘y bergan?
  • Epileptik xurujlarni kuchaytiradigan dorilar qabul qilmayaptimi?
Anamnestik ma’lumotlarni o‘rganayotgan vrach yuqorida ko‘rsatilgan savollar bilan bemor va uning yaqinlariga murojaat qilishi hamda kasallik varaqasidagi ma’lumotlarni to‘la o‘rganishi lozim. Etiologik omillar aniqlanmasligi yoki yo‘qligi epilepsiya tashxisini inkor qila olmaydi. Chunki epileptik xurujlar kuzatilsa-yu, biroq uning sabablari aniqlanmasa, kriptogen epilepsiya tashxisi qo‘yiladi.
Ob’ektiv tekshiruvlar. Epileptik xuruj kuzatilgandan so‘ng o‘tkazilgan obektiv tekshiruvlar vrachga ko‘p ma’lumotlar beradi. Tili va lablarini tishlaganda qolgan izlar, yuz, bosh va tanadagi jarohatlar, gohida singan joylar epileptik xurujlar uchun xos. Biroq bu belgilar tonik-klonik xurujlardan so‘ng paydo bo‘ladi. Absanslarda esa obektiv simptomlar, shu jumladan, nevrologik buzilishlar deyarli aniqlanmaydi. Ayniqsa, idiopatik epilepsiya nevrologik buzilishlarsiz namoyon bo‘ladi. Intellekt ham saqlanib qoladi. Simptomatik epilepsiyada esa o‘choqli nevrologik simptomlar va kognitiv buzilishlar kuzatiladi, bora-bora epileptik xulq-atvor shakllanadi.
Elektroentsefalografiya. EEG tekshiruvlari epilepsiya tashxisini aniqlashda juda katta ahamiyatga ega. Bu tekshiruvlarni o‘tkazayotganda fiziologik (normal) va patologik to‘lqinlarni farqlay olish o‘ta muhimdir.
EEG da paydo bo‘lgan o‘tkir to‘lqinlar, spayklar va pik-to‘lqinli komplekslar asosiy epileptik to‘lqinlardir. Epilepsiya tashxisini qo‘yishda hech qaysi bir qo‘shimcha tekshiruv usullari EEG darajasida yuqori ahamiyatga ega emas. EEG yordamida nafaqat epilepsiyani boshqa paroksizmal holatlardan farqlash, balki epileptik xurujlar tipi, og‘irlik darajasi, davolash natijalari va prognozini ham aniqlab olish mumkin.
Epilepsiyaning ba’zi tiplarini EEG tekshiruvlarisiz aniqlab yoki baholash ancha mushkul. Har bir epileptik xurujda o‘ziga xos EEG o‘zgarishlari vujudga keladi. Masalan, absanslarda chastotasi 3 Gts bo‘lgan pik-to‘lqinli kompleks, rolandik epilepsiyada EKG ning QRS tishiga o‘xshash komplekslar aniqlanishi, Uest sindromida gipsaritmiya paydo bo‘lishi va fokal epilepsiyalarda lokal eletroentsefalografik o‘zgarishlar kuzatilishini bunga misol qilib ko‘rsatish mumkin. Demak, EEG ma’lumotlari epilepsiya tashxisi va ularning tipini aniqlashda eng asosiy tekshiruv usulidir. Ayniqsa, EEG videomonitoring ma’lumotlari ushbu usulning diagnostik ahamiyatini yanada oshiradi.
Laborator tekshiruvlar. Laborator tekshiruvlar, asosan, epilepsiya sababi hamda antikonvulsantlar bilan davolashda yuzaga keladigan gematologik buzilishlarni aniqlash uchun qo‘llaniladi. Epileptik xurujlar sababini aniqlashda qondagi elektrolitlar (Na, K, CI, Mg, Ca) miqdorini o‘lchash juda zarur bo‘lishi mumkin. Shuningdek, yallig‘lanish reaktsiyalari, gormonlar miqdori va ba’zida antikonvulsantlarning qondagi kontsentratsiyasini aniqlash uchun ham laborator tekshiruvlar o‘tkaziladi. Antikonvulsantlarning nojo‘ya ta’sirini aniqlash uchun qonning umumiy analizi (ayniqsa, gemoglobin miqdori) va bioximik analizlar (ALT, AST, bilirubin, mochevina, kreatinin) qilinadi. Ayniqsa, valproatlar bilan davolayotganda jigar fermentlari holatini rejali tarzda o‘rganib turish zarur.
KT va MRT tekshiruvlari. Zamonaviy neyrovizualizatsiya tekshiruvlari, asosan, epileptik xurujlar sababini aniqlashda keng qo‘llaniladi. Idiopatik va kriptogen epilepsiyalarda bosh miyada patologik o‘zgarishlar bo‘lmaydi. Simptomatik epilepsiyada KT, MRT va MRA tekshiruvlari yordamida deyarli har doim bosh miya va uning tomirlarida patologik o‘zgarishlar aniqlanadi. Albatta, metabolik buzilishlar natijasida rivojlangan epileptik xurujlar bundan istisno. Bu erda PET tekshiruvi zarur bo‘ladi.
Genetik tekshiruvlar. Ma’lumki, idiopatik epilepsiyaning kelib chiqishida nasliy moyillikka asosiy urg‘u beriladi. Hozirgi kungacha bir qator idiopatik epilepsiyalarning genetik sabablarini aniqlashga muvaffaq bo‘lingan.
Epilepsiya tashxisi qo‘yilgach, uning qaysi turga kirishi, albatta, ko‘rsatilishi kerak. Etiologik nuqtai nazardan idiopatik va simptomatik epilepsiyalar farqlanadi. Agar vrach kasallik etiologiyasini aniqlay olmasa, u holda kriptogen epilepsiya tashxisi qo‘yiladi. 
Idiopatik, simptomatik va kriptogen epilepsiyalarning qiyosiy belgilari 10.7-jadvalda keltirilgan.
                                                                                                                      10.7-jadval
Idiopatik, simptomatik va kriptogen epilepsiyalarning qiyosiy belgilari
Belgilar    
Idiopatik epilepsiya
Simptomatik epilepsiya
Kriptogen
epilepsiya

Sabablari
Nasliy
Bosh miya kasalliklari    
Noma’lum
Boshlanish davri    
Asosan, bolalik davrida va aniq bir yoshda boshlanadi
Turli yoshda
boshlanadi

Turli yoshda
boshlanadi


Xurujlar turi    
Tarqalgan (kam hollarda fokal)
Asosan, fokal
xurujlar
Odatda, fokal
xurujlar

O‘choqli nevrologik simptomlar    
Odatda, aniqlanmaydi
Odatda, aniqlanadi
Bo‘lishi mumkin

Intellekt    
Buzilmaydi
Buzilishi mumkin, ba’zan og‘ir darajada
Buzilishi mumkin, ba’zan og‘ir darajada
Epixarakter
Xos emas
Ko‘p uchraydi
Ko‘p uchraydi
EEG da fokal belgilar    
Odatda, kuzatilmaydi
Kuzatiladi
Kuzatilishi mumkin
KT va MRT da
o‘zgarishlar    
Aniqlanmaydi
Ko‘p aniqlanadi
Aniqlanishi mumkin
Antikonvulsantlar
samarasi
Odatda, yuqori    
Past bo‘lishi mumkin
Past bo‘lishi mumkin
Kechishi    
Odatda, engil    
Odatda, og‘ir
Odatda, og‘ir


Kriptogen epilepsiyaning klinik belgilari simptomatik epilepsiyaga o‘xshab ketadi. Biroq kasallikning nasliy yoki organik sabablari aniqlanmasa, kriptogen epilepsiya tashxisi qo‘yiladi. KXT-10 bo‘yicha epilepsiyaning ba’zi turlari ham kriptogen epilepsiyaga kiritilgan. Bunga misol qilib Lennoks-Gasto sindromini ko‘rsatish mumkin. Ko‘p hollarda Lennoks-Gasto sindromi bosh miya anomaliyalari va kasalliklari sababli rivojlanadi. Bunday paytlarda unga simptomatik epilepsiya sifatida qaraladi. Agar bu sindromning sababi aniqlanmasa, u kriptogen epilepsiya hisoblanadi. Xuddi shunday tarzda Uest sindromining ham kriptogen va simptomatik turlari ajratiladi.
Vrach tashxis qo‘yish bosqichida epilepsiyaning idiopatik, simptomatik va kriptogen turlarini ko‘rsatib o‘tishi lozim. Biroq hali bu klinik tashxis emas, balki etiologik tashxisdir. Klinik tashxisni qo‘yish uchun vrach epileptik xurujlar tipini aniqlab olishi kerak. Ma’lumki, epileptik xurujlarning 2 tipi farqlanadi: fokal va tarqalgan. Fokal epileptik xurujlar turli ko‘rinishdagi (oddiy va murakkab) fokal xurujlar bilan tavsiflanadi, bosh miyada va EEG da lokal o‘zgarishlar aniqlanadi. Oddiy fokal xurujlar hush saqlangan holda, murakkab fokal xurujlarda esa bemor hushini yo‘qotadi. Tarqalgan epileptik xurujlarda esa bemor har doim hushini yo‘qotadi va EEG da epileptik faollik (fokus) paydo bo‘ladi.
Fokal yoki tarqalgan epileptik xurujlar aniqlangandan so‘ng epilepsiyaning xalqaro tasnifi va uning asosida ishlab chiqilgan boshqa tasniflardan foydalanib so‘nggi klinik tashxis qo‘yiladi.
Klinik tashxisni shakllantirishga oid tavsiyanomalar. Epilepsiya bilan kasallangan bemorga klinik tashxisni to‘g‘ri shakllantirish o‘ta muhim. Yakunlangan klinik tashxisda epileptik xurujlar etiologiyasi (idiopatik, simptomatik yoki kriptogen), tipi (tarqalgan yoki fokal), soni hamda mavjud nevrologik va psixik buzilishlar darajasi ko‘rsatilishi kerak.
Klinik tashxislarni quyidagicha shakllantirish mumkin:
  • Tarqalgan idiopatik epilepsiya, tez-tez kuzatiladigan tonik-klonik xurujlar.
  • Tarqalgan idiopatik epilepsiya, tez-tez kuzatiladigan tipik absanslar.
  • Xavfsiz kechuvchi markaziy-temporal epilepsiya, kam kuzatiladigan tungi fokal xurujlar.
  • Posttravmatik fokal epilepsiya, tez-tez kuzatiladigan murakkab fokal xurujlar va psixik buzilishlar.
  • Insultdan so‘ng rivojlangan frontotemporal epilepsiya, psixomotor qo‘zg‘alishlar bilan namoyon bo‘luvchi murakkab fokal xurujlar.
  • Kriptogen Lennoks-Gasto sindromi, tez-tez kuzatiluvchi tarqalgan tonik-klonik xurujlar, mioklonik absanslar va aqliy rivojlanishdan orqada qolish.
  • O‘tkazilgan meningoentsefalitdan so‘ng rivojlangan simptomatik Lennoks-Gasto sindromi, tez-tez kuzatiluvchi tarqalgan tonik-klonik xurujlar, atipik absanslar va aqliy rivojlanishdan orqada qolish.
  • Surunkali kechuvchi Kojevnikov mioklonik epilepsiyasi.
  • Posttravmatik ikkilamchi-tarqalgan epilepsiya, kam kuzatiluvchi to­nik-klonik xurujlar, Todd falajligi.
Yakuniy tashxisda xurujlarning qay darajada tez kuzatilishi, turli nevrologik va psixik buzilishlarning to‘la aks ettirilishi bemorning o‘qishi yoki ishi bilan bog‘liq muammolarni hal qilish, nogironlik darajasini aniqlash, statistik ma’lumotlarni to‘g‘ri yig‘ish va reabilitatsiya tadbirlarini rejalashtirish uchun o‘ta muhimdir.
Agar davolovchi vrach (nevropatolog) bemorda psixik o‘zgarishlarni aniqlasa, albatta, psixiatr ko‘rigi zarur. Psixiatrning xulosasi klinik tashxisda aks etgan bo‘lishi kerak. Chunki bunday bemorlar turli qonunbuzarliklarga qo‘l urishi mumkin. Epilepsiyaning har qanday turi bilan kasallangan bemor tibbiy psixolog nazoratida ham turishi lozim. Chunki tibbiy psixolog bemor xulq-atvorida ro‘y berayotgan o‘zgarishlarni doimo o‘rganib boradi va bemorga tibbiy-psixologik yordam ko‘rsatadi. Tibbiy psixologning xulosalari psixiatr uchun ham o‘ta muhimdir.
Idiopatik epilepsiyada klinik tashxisni shakllantirish:
  • Bolalar absans epilepsiyasi.
  • Yuvenil absans epilepsiya.
  • Yuvenil mioklonik epilepsiya.
Chunki idiopatik epilepsiyalarda bosh miya kasalliklari aniqlanmaydi, nevrologik va psixik buzilishlar kuzatilmaydi. Shuning uchun ham idiopatik epilepsiyada klinik tashxis qisqacha ko‘rinishda ifodalanadi.

Manba:  ©Z. Ibodullayev. Asab kasalliklari. 2-nashr. Darslik, Toshkent, 2021., 960 b.
              ©Z. Ibodullayev. Nevrologiya. Qo`llanma., Toshkent, 2017., 404 b.
              ©Z. Ibodullayev. Epilepsiya. Qo`llanma., Toshkent, 2018., 128 b.
              © Ibodullayev ensiklopediyasi 
              ©asab.cc




Ctrl
Enter
Хато топдизнигзми?
Матнни танланг ва Ctrl+Enter тугмачаларини босинг
MUHOKAMALAR
Izohlarning minimal uzunligi 50 ta belgidan iborat. sharhlar boshqariladi
Hech qanday izoh yo‘q. Siz birinchi bo‘lishingiz mumkin!
Кликните на изображение чтобы обновить код, если он неразборчив