ERITROMELALGIYa
Eritromelalgiya – tananing bir qismida ko‘pincha oyoq panjasida xurujsimon og‘riq, qizarish va shishlar bilan namoyon bo‘luvchi kasallik. Yunonchadan erythros – qizil, melos – tana qismi, algos – og‘riq degani. Birinchi bor 1872-yili amerikalik nevrolog S.V. Mitchell tomonidan yozilgan. Shuning uchun uning ikkinchi nomi – Mitchell kasalligi. Kasallik, asosan, 30 yoshdan oshganlarda kuzatiladi, bolalarda juda kam uchraydi. Erkaklar ayollarga qaraganda ko‘proq kasallanishadi.
Etiologiyasi va patogenezi. Kasallik etiologiyasi hanuzgacha noma’lum. Etiologik omil kapillyar, arteriola va venulalar innervatsiyasining o‘tkir buzilishi bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin. Ko‘p hollarda issiqlik, kam hollarda distal muskullar zo‘riqishi va psixoemotsional stresslar qo‘zg‘ovchi omillar hisoblanadi. Kasallik xurujlari yozda ko‘p kuzatiladi, qishda esa kamayadi.
Klinikasi. Oyoq panjasida kuydiruvchi va lo‘qillovchi o‘tkir og‘riq, qizarish va shish hamda mahalliy harorat ko‘tarilishi – eritromelalgiyaning asosiy simptomlari. Ular xurujsimon ko‘rinishda namoyon bo‘ladi. Xuruj paytida oyoq panjasi terlab ketadi. Ushbu xurujlar faqat bir tomonda ro‘y beradi. Oyoq panjasini isitganda va yurganda og‘riq va shishlar kuchayib ketadi, sovuqda va yotganda kamayadi. Xuruj bir necha daqiqadan bir necha soatgacha davom etadi. Xuddi shunday holatlar qo‘l panjasi va burunda ham kuzatilishi mumkin.
Kechishi. Surunkali kechadi va qaytalovchi xususiyatga ega. Keyinchalik trofik o‘zgarishlar rivojlanadi.
Tashxis va qiyosiy tashxis. Tashxis eritromelalgiya uchun juda xos bo‘lgan simptomlarga asoslanib qo‘yiladi. Eritromelalgiyaga o‘xshash holatlar vaskulitlar, chuqur venalar tromboflebiti, sklerodermiyalarda ham kuzatiladi. Bunday holatlar simptomatik eritromelalgiya deb ataladi.
Davolash. Samarali davolash usullari hanuzgacha ishlab chiqilmagan. Asosan, qon tomirni toraytiruvchi dorilar (mezaton, izadrin), kaltsiy preparatlari, ergotamin, karbamazepin, tebantin, askorbin kislotasi, askorutin, og‘riq qoldiruvchi (analgin, diklofenak) va sedativ dorilar qo‘llaniladi.
Manba: © Z. Ibodullayev. Asab kasalliklari. 2-nashr. Darslik, Toshkent, 2021., 960 b.
© Ibodullayev ensiklopediyasi
© asab.cc
Izohlarning minimal uzunligi 50 ta belgidan iborat. sharhlar boshqariladi
Qiziq maqolalar
"Ibodullayev ensiklopediyasi" bo‘limi bo‘yicha