INTRATsEREBRAL GEMATOMALAR
Bosh miya arteriyalari va venalari yorilishi sababli miya parenximasida qonning to‘planib qolishiga intratserebral gematoma deb aytiladi. Intratserebral gematomalar kalla suyagining ham ochiq, ham yopiq jarohatlarida shakllanadi va har doim miya ezilishi bilan birgalikda namoyon bo‘ladi. Zarbaning kuchi va yorilgan tomirning katta-kichikligiga qarab gematoma hajmi turlicha bo‘ladi. Ba’zi gematomalar juda kichik bo‘lsa, ba’zilari yarim sharning katta qismini egallaydi. Katta gematoma bosh miyaning katta qismini bosib qo‘yadi, miya shishi va dislokatsion sindrom rivojlanishiga sababchi bo‘ladi. Ayniqsa, chakka bo‘lagida joylashgan gematomada dislokatsion sindrom tez rivojlanadi.
Intratserebral gematomalar birato‘la bosh miyaning turli joylarida kuzatilishi mumkin. Lateral joylashgan gematoma, ko‘pincha, subaraxnoidal bo‘shliqqa o‘tib, subaraxnoidal gemorragiyani yuzaga keltiradi. Medial joylashgan gematoma esa miya qorinchalariga o‘tib, ventrikulyar gemorragiyaga olib keladi va bemor hayoti uchun o‘ta xavfli vaziyat yuzaga keladi.
Manba: ©Z. Ibodullayev. Asab kasalliklari. 2-nashr. Darslik, Toshkent, 2021., 960 b.
©Z. Ibodullayev. Nevrologiya. Qo`llanma., Toshkent, 2017., 404 b.
©Z. Ibodullayev. Insult va koma, Toshkent, 2013., 193 b.
© Ibodullayev ensiklopediyasi
©asab.cc
Izohlarning minimal uzunligi 50 ta belgidan iborat. sharhlar boshqariladi
Qiziq maqolalar
"Ibodullayev ensiklopediyasi" bo‘limi bo‘yicha