KAYFIYaT NEGA O‘YNAB TURADI?
Psixiatriyada shunday bir tashxis bor. Uning nomi – maniakal-depressiv psixoz. Bu holatni bipolyar affektiv buzilish deb ham atashadi. Bunda maniakal va depressiv holatlar galma-gal namoyon bo‘ladi. Maniya – depressiyaga teskari bo‘lgan ruhiy holat. Bu paytda bemorning kayfiyati yuqori darajaga ko‘tariladi va u sho‘x-shodon bo‘lib qoladi, hazil-mutoyibalar qiladi, hatto qo‘shiqlar aytib, raqsga tushadi, jismoniy faolligi ham kuchayib ketadi (bir haftadan buyon qilinmagan ishlarni bir kunda bajarib tashlaydi), libido kuchayib, seksual faolligi oshadi, gapdon bo‘lib qoladi (bir necha kundan buyon jim yurgan odam endi oila a’zolari bilan qizg‘in suhbat qura boshlaydi).
Uning bu holatidan ko‘ngli ko‘tarilgan farzandlari “Oyim depressiyadan tuzaldilar” deb xursand bo‘lib yurishadi. Biroq bu xursandchilik uzoqqa bormaydi. Bir-ikki haftadan keyin bemor yana depressiyaga tushadi, ya’ni maniakal davr tugab, depressiya davri boshlanadi. Bipolyar affektiv buzilishlar, ya’ni maniakal-depressiv psixoz endogen depressiyalar toifasiga kiradi va bir bosqichdan ikkinchi bosqichga tashqi ta’sirlarsiz o‘tib turadi. Bunday kasallikni malakali psixiatrlar va tibbiy psixologlar davolashadi.
Manba: © Z. Ibodullayev. Asab va ruhiyat., 4-nashr. Ilmiy-ommabop risola. T, 311 b.
© Ibodullayev ensiklopediyasi
© asab.cc
Izohlarning minimal uzunligi 50 ta belgidan iborat. sharhlar boshqariladi
Qiziq maqolalar
"Ibodullayev ensiklopediyasi" bo‘limi bo‘yicha