KLASTER (TUTAMLI) TsEFALGIYa
Klaster (tutamli) bosh og‘riq – boshning bir tomonida kuzatiluvchi o‘ta kuchli bosh og‘riq xurujlari. Klaster bosh og‘riq (tsefalgiya) sinonimlari – Xorton sindromi, gistamin tsefalgiya, Xarrisning migrenoz nevralgiyasi.
Ushbu kasallikda og‘riq xurujlari boshning bir tomonida va bir joyga to‘planib paydo bo‘lganligi uchun «tutamli» atamasi qo‘llaniladi. Demak, klaster tsefalgiyada og‘riqlar bir joyga to‘plangan va chegaralangan bo‘ladi. Klaster tsefalgiya erkaklarda ayollarga qaraganda 4–5 barobar ko‘p uchraydi. Kasallik, ko‘pincha, 20–40 yoshlarda boshlanadi.
Klaster tsefalgiyaning epizodik va surunkali turlari farqlanadi.
- Epizodik bosh og‘riqlar – remissiyalar bilan kechuvchi tutamli bosh og‘riq xurujlari. Og‘riq xurujlari bir necha haftadan bir necha oygacha (o‘rtacha 6 oy) davom etadi. Remissiya davri esa bir necha oy, ba’zida yillarga cho‘ziladi. Shu sababli klaster tsefalgiyaning bu turi epizodik klaster tsefalgiya deb ataladi. Klaster tsefalgiyaning ushbu turi ko‘p uchraydi.
- Surunkali bosh og‘riqlar – surunkali tarzda davom etuvchi va remissiya davri 2 haftadan oshmaydigan tutamli bosh og‘riq xurujlari. Klaster tsefalgiyaning bu turi kam uchraydi.
Og‘riq xurujlari bir kunda 3–4 marotaba takrorlanishi mumkin. Bu xurujlar, ko‘pincha kechasi paydo bo‘ladi. Ba’zida esa uyqu paytida rivojlanadi, ya’ni bemor kuchli og‘riq xurujidan uyg‘onib ketadi. Ba’zida og‘riq xurujlari ertalab uyg‘ongandan so‘ng ro‘y beradi. Og‘riq xuruji paytida bemorning ko‘zi qizarib, undan yosh oqaveradi, burni bitadi va rinoreya kuzatiladi. Bu belgilar xuruj tutgan tomonda paydo bo‘ladi. O‘sha tomonda mioz va ba’zida poluptoz kuzatiladi. Og‘riq xurujlari spirtli ichimliklar ichganda, nitroglitserin yoki boshqa vazodilalator qabul qilganda tez qo‘zg‘aydi.
Tashxis va qiyosiy tashxis. Tashxis qo‘yishda kasallikning kechish xususiyatiga e’tibor qaratiladi. Qiyosiy tashxis migren, uch shoxli nerv nevralgiyasi, glaukoma xuruji, chakka arteriiti va boshqa gemikranialgiyalar bilan o‘tkaziladi. Kasallikni, ayniqsa, bosh miyaning organik kasalliklari bilan ham qiyoslash zarur. Bunday bosh og‘riqlar, ayniqsa, oldingi va o‘rta kranial chuqurcha o‘smasi (meningioma, nazofaringeal kartsinoma, gipofiz o‘smasi), ichki uyqu arteriyasining kavernoz qismi anevrizmasida ham paydo bo‘ladi. Uch shoxli nerv ildizi chiqadigan sohada bazilyar arteriya anevrizmasi shunga o‘xshash og‘riqlarni yuzaga keltiradi. Ular yuz va boshning to‘la yarmida kuzatiladi. Bu kasalliklarni aniqlash yoki inkor qilish uchun MRT va MRA tekshiruvlari zarur.
Davolash. Og‘riq xuruji paytida kislorod ingalyatsiyasi beriladi. Bemor 10–20 daqiqa mobaynida maxsus kislorod qopchasi yordamida nafas oladi. Kislorod ingalyatsiyasi og‘riq xurujlarini kamaytiradi. Bu paytda qon tomirni kengaytiruvchi dorilar tavsiya etilmaydi. Xuruj paytida tarkibida ergomatin saqlovchi va tez ta’sir qiluvchi dorilar ham beriladi. Bu maqsadda sumatriptan 20 mg dozada ikkala burunga purkaladi. Sumatriptan 6 mg dozada teri ostiga qilinishi ham mumkin. Agar buning imkoni bo‘lmasa, tramadol 50–100 mg (1–2 ampula) venadan tomchilatib yuboriladi. Tramadolni ushbu dozada teri ostiga yoki mushak ichiga yuborsa ham bo‘ladi. Tramadol venadan yuborilgach, 10 daqiqa ichida og‘riq kamaya boshlaydi. Og‘riq xurujlari paytida prednizolon 60 mg dozada venadan qilinadi. Dori ushbu dozada 3–5 kun mobaynida tavsiya etiladi.
Og‘riqlar tez-tez qo‘zg‘ab turadigan davrda tramadol 50 mg (1 kaps.) dan ichishga 3 mahal beriladi yoki tramadolning rektal shag‘ami (100 mg) qo‘llaniladi. Shuningdek, indometatsin 25–50 mg, verapamil 40 mg dan 3 mahal, litiy karbonat 300 mg dan 2 mahal, topiramat 100 mg yoki valproat natriy (depakin) 500 mg dan kuniga 3 mahal tavsiya etiladi.
Manba: © Z. Ibodullayev. Asab kasalliklari. 2-nashr. Darslik, Toshkent, 2021., 960 b.
© Ibodullayev ensiklopediyasi
© asab.cc
Izohlarning minimal uzunligi 50 ta belgidan iborat. sharhlar boshqariladi
Qiziq maqolalar
"Ibodullayev ensiklopediyasi" bo‘limi bo‘yicha