HISSIYoT
Hissiyot deb bizni o‘rab turgan borliqdagi barcha mavjudotlar, narsa va hodisalarga bo‘lgan munosabatlar natijasida paydo bo‘ladigan tuyg‘ularga aytiladi. His-tuyg‘ularsiz birorta ruhiy jarayon kechmaydi. Hissiy qo‘zg‘alishlar yurakda ham aks etadi. Hayajonlanganda yurak urib ketishining kuchayishiga qarab qadimda hissiyot markazini yurakda deb hisoblashgan.
Sezgi va idrokdan tortib to tafakkurgacha bo‘lgan barcha operatsiyalar turli darajadagi hissiy o‘zgarishlar bilan namoyon bo‘ladi. Inson tabiati shunday yaralganki, u hissiy voqealarga ko‘proq ahamiyat beradi. Tibbiyotda his-tuyg‘ular muammosiga, ayniqsa, katta e’tibor beriladi. Bemor bilan vrach, vrach bilan hamshira, hamshira bilan bemor orasidagi munosabatlarga bag‘ishlab juda ko‘p asarlar yozilgan. Bu asarlarda his-tuyg‘ular muammosiga katta e’tibor qaratilgan.
His-tuyg‘u bizning tevarak-atrofga bo‘lgan munosabatimizni aks ettiradi, dedik. Albatta, biz sodir bo‘layotgan voqealarni faqat idrok etmasdan, balki unga muayyan tarzda o‘z munosabatimizni ham bildiramiz. Odamning turli va ko‘p qirrali his-tuyg‘ulari ma’lum darajada ijobiy va salbiy xillarga ajratiladi. Masalan, ishq-muhabbatdagi ijobiy hissiyotga rashkning salbiy his-tuyg‘usi qo‘shilib qolishi va h.k.
His-tuyg‘u kishining fe’l-atvorida turli darajada aks etib turadi va zarur paytda u qudratli kuchga aylanadi. His-tuyg‘u odam faoliyatining turli jihatlari bo‘lmish – mehnat, ilm-fan va san’atga rag‘batlantiruvchi kuch ham hisoblanadi. Lekin shuni nazarda tutish lozimki, hissiyot inson faoliyatini faqatgina uyg‘unlashtirmasdan, balki uni izdan chiqarib qo‘yishi ham mumkin. Masalan, muhabbat odamni qahramonlikka, shijoatga, qat’iylikka, qunt bilan ishlashga da’vat etadi. Lekin aynan shu muhabbat insonning hayot tarzini barbod etishi, oldiga qo‘ygan maqsadlaridan chalg‘itib qo‘yishi ham mumkin. Ayniqsa, o‘spirinlarda fanatizm bilan ifodalangan salbiy hissiy reaktsiyalar ularning normal hayotini izdan chiqarib yuboradi, kerak bo‘lsa, aqliy faoliyatiga ham salbiy ta’sir ko‘rsatadi. Bunday yoshlar affekt holatlariga tez-tez tushib turadi. Hozirda yoshlar orasida hissiy to‘mtoqlik ham tez-tez ko‘zga tashlanmoqda. Bunga asosiy sabab ularning miyasi hazm qila olmaydigan axborotlarning ko‘payib ketishidir. Masalan, multfilmlardan tortib, kattalar ko‘radigan filmlarda real hayotda inson bajara olmaydigan g‘ayritabiiy kadrlar juda ko‘p.
Hissiyot hayvonlarda ham bor. Ayniqsa, sut emizuvchilarda hissiyot birmuncha yaxshi ifodalangan. Masalan, kuchuk xursand bo‘lsa, dumini likillatib erkalanadi, sakraydi, jahli chiqsa, tishini g‘ijirlatadi va h.k. Biroq yuqori darajada ifodalangan his-tuyg‘u faqat inson uchun xos. Odamzod his-tuyg‘ulari turli-tuman bo‘lib, ularga quyidagilar kiradi: quvonch, g‘azab, g‘am-g‘ussa, vahima va, shuningdek, organizmda kuchli vegetativ o‘zgarishlar bilan kechadigan – ochlik, chanqash, og‘riq va jinsiy his-tuyg‘ular.
His-tuyg‘ular orasida ham katta tafovutlar mavjud. Turli odamlarda hissiy qo‘zg‘aluvchanlik darajasi va ularning chuqurligi, jadalligi turli xil. Ba’zilarning o‘zini tutishida his-tuyg‘ular aks etib tursa, boshqa birovlarda ko‘proq aql-idrok ustunlik qiladi. Gohida ular barobar ifodalangan bo‘ladi.
His-tuyg‘ular ichida kayfiyat deb ataluvchi umumiy his-tuyg‘u ham mavjud. Sog‘lik yoki biror bir kasallik haqida darak beruvchi ko‘p sonli interoretseptiv impulslar yig‘indisi kayfiyat darajasini belgilab beradi. Inson kayfiyatiga qarab tetik, dadil, jizzaki, ma’yus bo‘ladi. Jizzakilik va ma’yuslik biror bir kasallik boshlanganining ilk alomati bo‘lishi mumkin.
Hissiyotning fiziologik mexanizmlari. Bugungi kunda hissiy reaktsiyalar yangicha talqin qilinmoqda. XX asrda hissiyot uchun mas’ul tuzilmalarni asosan Papets aylanasiga kiruvchi tuzilmalar bilan bog‘lashgan bo‘lsa, hozirda bu jarayonda prefrontal soha ishtirokiga oid yangi materiallar qo‘lga kiritilgan (Baars B., Geydj N., 2016). Demak, faqat murakkab tafakkur operatsiyalariga mas’ul deb hisoblangan prefrontal soha hissiy reaktsiyalarga ham bevosita aloqador bo‘lib chiqmoqda.
Nanotibbiyoning jadal rivojlanib borishi va neyrofiziologlar, neyrobiologlar, neyropsixologlar hamda biofiziklarning hamkorlikda olib borayotgan tadqiqotlari qaysi neyrokimyoviy reaktsiyalar qaysi hissiy reaktsiyalarni amalga oshirishda ishtirok etishiga oid o‘ta qimmatli ma’lumotlar to‘planmoqda. Yaqin yillarda bunday neyronal tuzilmalarga maxsus mikrochiplar o‘rnatib, inson hissiyoti bilan bog‘liq xarakterli o‘zgarishlarni boshqarish mexanizmlari ishlab chiqarilishi ehtimoldan yiroq emas.
Ma’lumki, odam qo‘rqib ketganida yoki g‘azablanganida qonda adrenalin miqdori oshib ketadi. Yuzaga kelgan giperadrenalinemiya natijasida jigar va mushaklarda glikogen jadallik bilan parchalanadi. Bunda qonda qand miqdori ham oshadi va organizmni yonilg‘i materiali bilan ta’minlaydi. Hissiy qo‘zg‘alishlarda gipofiz va qalqonsimon bezning inkretor faoliyati kuchayadi. His-tuyg‘ular, ayniqsa, yurak-qon tomir sistemasiga va AQB ga keskin ta’sir ko‘rsatadi. Bu holat turli darajada ifodalangan vegetativ o‘zgarishlar bilan namoyon bo‘ladi.
Vegetativ nerv sistemasi har qanday hissiy reaktsiyalarda bevosita ishtirok etadi. VNS simpatik va parasimpatik nerv sistemalaridan iborat. Simpatik nerv sistemasining faoliyati kuchayganda, qonda adrenalin va noradrenalin miqdori oshsa, parasimpatik nerv sistemasi faoliyati kuchayishi qonga ko‘proq xolinergik moddalar ajralib chiqishini faollashtiradi.
Hissiy qo‘zg‘alishlarda, shuningdek, bosh miyaning bioelektrik faolligi ham o‘zgaradi. EEG da α-to‘lqinlar faolligi pasayib, β-to‘lqinlar faolligi oshadi, bilateral-sinxron to‘lqinlar paydo bo‘ladi. Alfa-to‘lqinlar miyaning tinch faoliyatini ifodalasa, β-to‘lqinlar esa ko‘proq xavotirli-fobik buzilishlarda namoyon bo‘ladi (1-rasm).
a) b)
1-rasm. Turli funktsional holatlarda EEG. a – asabi tinch odamning elektroentsefalogrammasi. EEG da bir maromli α-to‘lqinlar; b – asabiylashgan odamning elektroentsefalogrammasi. Unda α-to‘lqinlar yo‘q, miyaning barcha nuqtalari bo‘ylab yuqori chastotali, past amplitudali to‘lqinlar ro‘yxatga olingan (Ibodulaev Z.R. kuzatuvi, 2004).
Hissiyotning neyrogumoral mexanizmini gipotalamo-gipofizar sistema ta’minlaydi. Ichki a’zolarga ushbu tizim bilan bog‘liq signallar simpatik va parasimpatik nerv tolalari orqali uzatiladi va qabul qilib olinadi. Hissiyotga har xil funktsional sistemalarning o‘zaro murakkab ta’sir ko‘rsatishining integrativ mahsuli sifatida qaramoq kerak. Insonning his-tuyg‘ulari shakllanishiga ta’lim-tarbiya, ijtimoiy omillar, atrof-muhit, hayot tajribasi, jismoniy va ruhiy salomatlik darajasi ham ta’sir ko‘rsatishini esda tutish lozim.
Hissiyot patologiyasi
- Eyforiya – sababsiz ko‘tarinki kayfiyat. Demak, eyforiya – bu patologiya. Eyforiya holatidagi odamga atrofdagi barcha narsalar quvonchli va jozibali bo‘lib ko‘rinadi. Hech qanday asos bo‘lmasa-da, ular o‘zlarini dunyoda eng baxtiyor odam deb his qilishadi.
- Disforiya – tushkun kayfiyat bo‘lib, ortiqcha jizzakilik, badjahllik, arzimagan narsaga xafa bo‘lish va atrofdagilarni yoqtirmaslik bilan namoyon bo‘ladigan patologik holat. Disforiyada sal narsaga hissiy portlash va agressiv xatti-harakatlar ko‘p kuzatiladi. Bunday shaxs badqovoq bo‘lib, ota-onasi yoki aka-ukalariga “Sizlar meni yomon ko‘rasizlar, yoqtirmaysizlar”, deb ulardan bir necha kunlab arazlab yuradi. Agar yaxshi bir vaziyatda uning kayfiyati ko‘tarilib qolsa, bu ham bir-ikki kundan oshmaydi, u yana nimadandir arazlab, disforiya holatiga tushadi, haftalab uydagilar bilan gaplashmay yuradi. Gipotimiyadan farqli o‘laroq, disforiyada jismoniy faollik sustlashmagan bo‘ladi.
- Hissiy ambivalentlik – bir-biriga qarama-qarshi bo‘lgan ikki xil his-tuyg‘u, ya’ni mehr va g‘azabning bir xil paytda namoyon bo‘lishi. Masalan, onasini jonidan ortiq sevadigan o‘spirin, unga ko‘p mehribonlik va g‘amxo‘rlik qila turib, begonalar oldida uni qattiq haqorat ham qilib tashlaydi yoki aybini aytib, ustidan xaxolab kuladi. Bunday holatlar ruhiy kasalliklarda ko‘p kuzatiladi. Shizofreniyaga chalingan bir bemor erda yotgan papiros qoldig‘iga ko‘zi tushib, yig‘lab yuborgan va shunday degan: «Bechoraginam, yolg‘izginam, bir o‘zing yotibsan-a, hech kim senga qaramaydi ham, hech kim senga achinmaydi ham, yur ketdik».
- Affekt – to‘satdan paydo bo‘lib, qisqa muddat davom etadigan hissiy portlash. Affektning fiziologik va patologik turlari farq qiladi. Fiziologik affekt paytida odam o‘z ahvolini anglab turadi yoki qisman nazoratni yo‘qotadi. Masalan, chinqirib yig‘lagan, sochini yulgan, farzandidan mahrum bo‘lgan onaizorda fiziologik affekt alomatlarini ko‘ramiz. Patologik affekt paytida odam o‘zini boshqara olmay qoladi va bemalol birovning (o‘zining ham) joniga qasd qilib qo‘yadi. Qahr, g‘azab, rashk, ajablanish va xursandchilik affektlari ham farq qiladi. Patologik affektda ongning torayishi sababli qisman yoki to‘la amneziya ham kuzatiladi. Shu bois ham affekt paytida odam nima qilganini eslay olmaydi.
- Apatiya – atrofdagi barcha voqea va hodisalar hamda biron bir faoliyatga qiziqishning yo‘qolishi bilan namoyon bo‘luvchi tushkun kayfiyat. Apatiya depressiyaga o‘xshab ketadi. Biroq depressiya bir nechta simptomlardan iborat surunkali davom etuvchi jiddiy kasallik bo‘lsa, apatiya asosan tushkun kayfiyat bilan namoyon bo‘ladigan sindrom. Agar apatiya iroda so‘nishi bilan birgalikda namoyon bo‘lsa, u holda apato-abulik sindrom haqida so‘z boradi.
- Maniakal holat – o‘ta xursandchilik va kuchli energiya bilan namoyon bo‘ladigan ruhiy holat. Maniakal holatdagi odam juda sho‘x, xushchaqchaq, bo‘lar-bo‘lmasga hazillashib kuladi, raqsga tushgisi keladi, o‘ta ishchan bo‘lib qoladi. U qo‘shiq xirgoyi qilib, bir haftada qilinmay yotgan ishlarni bir kechani o‘zida bajarishi mumkin. Biroq bunday holat uzoqqa bormaydi va bemor yana depressiyaga tushib, o‘chadi-qoladi. Ayniqsa, bunday holat maniakal-depressiv psixozlarda uchraydi.
- Depressiya – uzoq davom etuvchi tushkun kayfiyat, fikrlar inertligi va har qanday harakatga bo‘lgan motivatsiyaning so‘nishi bilan namoyon bo‘ladigan ruhiy buzilish.
Manba: ©Z. Ibodullayev. Tibbiyot psixologiyasi. Darslik., 3-nashr., T.; 2019., 494b.
© Ibodullayev ensiklopediyasi., 2022 y;
©asab.cc
Izohlarning minimal uzunligi 50 ta belgidan iborat. sharhlar boshqariladi
Qiziq maqolalar
"Ibodullayev ensiklopediyasi" bo‘limi bo‘yicha