Xolinergik kriz
Xolinergik kriz miasteniyani davolash jarayonida antixolinesteraz dorilar (prozerin, kalimin) dozasi oshib ketganda rivojlanadigan o‘tkir holat bo‘lib, uning asosida nikotin va muskarin xolinoretseptorlari faolligi oshishi yotadi. Xolinergik kriz juda kam, ya’ni 3% holatlarda uchraydi. Bu kriz miastenik krizga qaraganda sekinroq rivojlanadi va uning simptomlari bir yoki bir necha kun (odatda, 2-4 kun) mobaynida shakllanib boradi. Bemorning ahvoli asta-sekin yomonlasha boshlaydi, umumiy holsizlik va muskullar toliqishi kuchayadi. Unga avvalgi miqdordagi AXED ta’siri etarli bo‘lmay qoladi. Tabiiyki, bunday hollarda vrach yoki bemorning o‘zi AXED dozasini oshiradi va buning natijasida xolinergik kriz rivojlanadi. Qachon xolinergik kriz rivojlanishini oldindan bilish qiyin. Bu kriz ko‘pincha AXED dozasini birdan oshirsa yoki boshqa davolash usullari (kortikosteroidlar, immunosupressorlar, plazmaferez, timektomiya) qo‘llanilmasa rivojlanadi. Odatda, bu o‘tkir holat AXED ning navbatdagi dozasini qabul qilgandan 30-40 daqiqa o‘tgach paydo bo‘la boshlaydi.
Aytish joizki, xolinergik krizning klinik belgilari miastenik krizga juda o‘xshaydi. Xolinergik kriz ham har doim barcha muskullar kuchining keskin pasayishi, umumiy holsizlik, bulbar falajlik va nafas olish buzilishi bilan namoyon bo‘ladi. Ushbu kriz uchun ikki tomonlama mioz, akkomodatsiya falajligi, gipersalivatsiya, bradikardiya, ichak peristaltikasi kuchayishi, qusish va diareya xos. Agar miastenik krizda gipersalivatsiya, asosan, so‘lakni yuta olmaslik sababli rivojlansa, xolinergik kriz – so‘lakning gipersekretsiyasi natijasida yuzaga keladi. Anamnez yig‘ish imkoni bo‘lsa, xolinergik kriz AXED ni ko‘p iste’mol qilgandan, miastenik kriz uni kam iste’mol qilgandan so‘ng yoki uni qabul qilishni to‘xtatgandan keyin rivojlanganligi ma’lum bo‘ladi. Ammo o‘tkir paydo bo‘lgan boshqa kasalliklar, ayniqsa, infektsion kasalliklar, turli dorilar bilan zaharlanish ham krizlar rivojlanishiga turtki bo‘lishi mumkin.
Agar ikkala krizni farqlash iloji bo‘lmasa, 2 ml prozerin mushak ichiga qilinadi: miastenik krizda bemorning ahvoli engillashadi, xolinergik krizda o‘zgarish kuzatilmaydi yoki teskari vaziyat ro‘y beradi. Vrachning yonida atropin tayyor turishi kerak.
Tez yordam ko‘rsatish. Zudlik bilan nafas olishni tiklash zarur. Buning uchun nafas yo‘llari darhol so‘lakdan tozalanadi va bemorga maxsus niqob yoki nazal kateter orqali kislorod beriladi. Keyin bemor tez yordam mashinasida zudlik bilan reanimatsiya bo‘limiga olib kelinadi. Nafas olish buzilishi kuchayaversa, tez yordam mashinasining o‘zidayoq traxeya intubatsiya qilinadi va sun’iy nafas oldirish ta’minlanadi. Ba’zida traxeya intubatsiyasi orqali berilgan sun’iy nafas etarli bo‘lib, traxeostoma qo‘yish shart bo‘lmay qoladi. Agar nafas olish tiklanavermasa, reanimatsiya bo‘limida traxeostoma orqali o‘pkaning sun’iy ventilyatsiyasini ta’minlash zarur. Parallel ravishda kriz sababi va turi ham aniqlanadi.
Kriz turidan qat’i nazar bemorga sun’iy nafas oldirish muolajasini o‘tkazayotganda AXED qilinmasligi kerak! Bemor sun’iy nafas oldirish sistemasiga ulangandan so‘ng 16-24 soat o‘tgach, prozerin sinamasi o‘tkazib ko‘riladi. Buning uchun 0,05% li 2 ml prozerin t/o qilinadi. Bradikardiya bo‘lmasa, prozerin ushbu dozada v/i ga yuborilishi mumkin. Agar ushbu sinama ijobiy natija bermasa, bemor sun’iy nafas oldirish sistemasidan chiqariladi va prozerin qilish davom ettiriladi. Mabodo mustaqil nafas olish tiklanmasa, bemor yana sun’iy nafas oldirish sistemasiga o‘tkaziladi va prozerin qilish yana to‘xtatiladi. Shu yo‘l bilan bemor asta-sekin sun’iy nafasdan mustaqil nafas olishga o‘tkaziladi. Nafas olish to‘la tiklangandan keyingina prozerin rejali tarzda berib boriladi.
Agar kriz holatida yotgan bemorga prozerin qilinsa va buning natijasida ijobiy o‘zgarishlar paydo bo‘lsa, demak, unda miastenik kriz rivojlangan. Miastenik krizning dastlabki kuni har soatda 1 ml prozerin t/o qilinadi yoki v/i tomchilatib yuboriladi. Shu tarzda prozerinning kundalik dozasini 12-16 ml gacha etkazish mumkin. Bemorning ahvoli engillashgan sayin yoki xolinergik belgilar paydo bo‘la boshlasa, prozerin dozasi kamaytirib boriladi. Agar dastlabki qilingan dozada ijobiy natija kuzatilmasa, demak, bemorda xolinergik kriz rivojlangan. Prozerin dozasi oshib ketsa, bradikardiya rivojlanishi va hatto yurak urishdan to‘xtab qolishi mumkin.
Prozerinning nojo‘ya ta’sirlarini bartaraf etish uchun 0,1% li 1 ml atropin t/o yoki v/i qilinadi. Zaruratga qarab dori ushbu dozada kuniga 4-5 marta qilinishi mumkin. Atropin antixolinesteraz dorilarning antidodi hisoblanadi. U bronxlar va so‘lak bezlari sekretsiyasini pasaytiradi, prozerin esa aksincha kuchaytiradi. Shuning uchun ham bemor sun’iy nafas oldirish sistemasiga ulanganda prozerin to‘xtatilib, atropin qilinadi.
Qonda elektrolitlar tarkibini tekshirish va ularni o‘z vaqtida korrektsiya qilib turish o‘ta muhim. Ayniqsa, gipokaliemiya o‘ta xavflidir. Uni korrektsiya qilish uchun 4% li 70 ml kaliy xlorid eritmasi 5% li 400 ml glyukoza yoki 0,9% natriy xloridning eritmasiga qo‘shib, venadan tomchilatib yuboriladi (1 daqiqaga 30 tomchi).
Parallel ravishda simptomatik davolash muolajalari (antibiotiklar, kardio- va gepatoprotektorlar) ham o‘tkaziladi. Psixomotor qo‘zg‘alishlarda sedativ dorilarni qilishdan ehtiyot bo‘lish kerak. Bemorni so‘z bilan tinchlantirishning o‘zi kifoya. Chunki miasteniyada psixomotor qo‘zg‘alishlar, asosan, bemorning bo‘g‘ilib qolishdan qo‘rqishi sababli ro‘y beradi.
Eslatma. Ba’zida bemor miastenik krizdan chiqqanidan so‘ng, organizmning AXED ga nisbatan sezgirligi oshadi va ularni kam dozada tavsiya etishga to‘gri keladi.
Manba: © Z. Ibodullayev. Asab kasalliklari. 2-nashr. Darslik, Toshkent, 2021., 960 b.
© Z. Ibodullayev. Nevrologiya. Qo`llanma. Toshkent, 2017., 404 b.
© Ibodullayev ensiklopediyasi © asab.cc
Izohlarning minimal uzunligi 50 ta belgidan iborat. sharhlar boshqariladi
Qiziq maqolalar
"Ibodullayev ensiklopediyasi" bo‘limi bo‘yicha