Namoyishkor shaxs
Bu toifaga mansub shaxslarning xulq-atvorida namoyishkorlik doimo sezilib turadi, ular barcha xatti-harakatlarini namoyishkorona bajarishni hush ko‘rishadi. Atrofdagilar bilan tez va osonlikcha muloqotga kirishadi, ishchan va harakatchan bo‘lishadi. Hiyla va nayrangga usta, yolg‘on gapirishga moyil, olifta, makkor, xayolparast, o‘z shaxsini bo‘rttirib ko‘rsatuvchi va shu bilan birga boshqa birovlarni bir-biriga to‘qnashtirib, janjalli vaziyatlarni yuzaga keltirishni xush ko‘rishadi. Maqtovtalab, manman bo‘lishadi. Har qanday ishga tavakkal qilib qo‘l urib ko‘rishadi, rahbarlikka intilishadi, atrofdagilarning e’tiborida bo‘lishni yoqtirishadi. Har qanday vaziyatga tez moslashib olishadi, agar ularning xatti-harakatlari atrofdagilar tomonidan tan olinmasa yoki e’tibor qilinmasa, ularning kayfiyati tez buziladi va suhbatni boshqa yo‘nalishga o‘zgartirib yuborishadi.
Mana shunday paytlarda ular o‘z foydasiga janjalli vaziyatlarni yuzaga keltirishga urinib ko‘rishadi va bunga erishishadi ham. Ular judayam egoist bo‘lishadi, doimo diqqat-e’tiborda bo‘lishni xohlashadi, maqtovga chanqoq bo‘lishadi, agar atrofdagilar uni maqtamasa, u o‘zini maqtaydi, yonidagi suhbatdoshini hayratda qoldiradigan uydirmalar o‘ylab topadi, o‘zining so‘zamolligidan faxrlanishadi. Uning oldida birovni maqtashning foydasi yo‘q, chunki bu ularning kayfiyatini tushirib yuboradi, bunday paytlarda u suhbatni yana o‘z foydasiga burishga intilib ko‘radi yoki dialogni to‘xtatib qo‘ya qoladi. Mabodo u bilan avval ziddiyatli vaziyatlar ro‘y bergan bo‘lsa, suhbat chog‘ida bu voqeani bo‘rttirib so‘zlab beradi, atrofdagilarda unga nisbatan hamdardlik va achinish hissini paydo qilishni xush ko‘radi. Agar uning so‘zlariga e’tibor qilinmasa, tez jahli chiqadi, biroq buni sezdirmaslikka harakat qiladi. Ular doimo atrofida odamlarni to‘plab, va’zxonlik qilishni, jamoaga etakchi bo‘lishni yoqtirishadi va o‘zi alohida ko‘zga tashlanib turishni istaydi. Ular yolg‘izlikni yoqtirishmaydi.
Shuning uchun ham ular doimo mansabga intilishadi, ularning ichki tuyg‘ularini ro‘yobga chiqaruvchi, o‘zini ko‘z-ko‘z qilishga katta imkoniyat yaratib beruvchi yagona vaziyat – bu mansabdir. Shuning uchun ham ular qanday bo‘lmasin, biror bir mansabni egallashni orzu qilib yashashadi. Aslida uning xatti-harakati doimo ham haqiqatga mos kelavermaydi, agar kichikroq bir favqulotda vaziyat yuzaga kelsa, jamoani yig‘ib juda katta shov-shuv ko‘taradi, yig‘in paytida ataylab ziddiyatli vaziyat yaratadi, jamoa a’zolari ichidan aybdorni izlaydi, topa olmasa birovni-birovga to‘qnashtirib, aybdorni topib oladi va uning obro‘sini hammaning oldida erga urib tashlaydi, o‘zini esa faol himoya qilishga intiladi. Janjalni ham o‘z foydasiga hal qilib, vaziyatdan “qahramon” bo‘lib chiqishga urinadi va aksariyat hollarda bunga erishadi ham. Unda siqib chiqarish xususiyati (psixoanalizda Freyd tomonidan taklif etilgan “siqib chiqarish” atamasi bor) kuchli bo‘ladi, ya’ni o‘ziga yoqmagan voqea va hodisalar tafsilotini xotirasidan o‘chirib tashlash qobiliyatiga ega bo‘ladi.
Yolg‘on gapirish uning uchun odatiy holdir, uning hayot tarzida yolg‘on va haqiqatlar shu darajada chalkashib ketadiki, keyinchalik gapirgan gaplarining qaysi biri yolg‘onu, qaysi biri haqiqatligini o‘zi ham anglay olmay qoladi. Shuning uchun ham bunday odamga keyinchalik bo‘lib o‘tgan voqealar aytib berilsa, eslay olmaydi, biroq haqiqatdan ham eslay olmayaptimi yoki eslashni xohlamayaptimi, bilib olish o‘ta mushkul. Bunday odamlarni psevdolog, ya’ni yolg‘onchi deb ham atashadi. Shu asnoda ularning fikrlash doirasi kengligini alohida ta’kidlab o‘tish lozim, ba’zan inson hayratda qoladigan ishlarga tavakkal qilib qo‘l urishadi va ishchanlik qobiliyati yuqoriligi uchun anchagina yutuqlarga erishishadi ham.
Manba: ©Z. Ibodullayev. Tibbiyot psixologiyasi. Darslik., 3-nashr., T.; 2019., 494b.
© Ibodullayev ensiklopediyasi., 2022 y;
©asab.cc
Izohlarning minimal uzunligi 50 ta belgidan iborat. sharhlar boshqariladi
Qiziq maqolalar
"Ibodullayev ensiklopediyasi" bo‘limi bo‘yicha