Nevrasteniya


Nevrasteniya (yun. neuron – nerv, astenia – zaiflik) asab zaifligi degan ma’noni anglatadi. Doimiy hissiy zo‘riqishlar, dam olmay ishlash, aqliy zo‘riqishlar, doimiy stress holatlari nevrasteniya sababchisidir.  Nevrasteniyaning bir necha oila a’zolarida uchrashi uning etiologiyasida nasliy omillar ahamiyatini ko‘rsatadi. Yosh bolalarda nevrasteniya rivojlanishiga uni o‘rab turgan muhit, ayniqsa, ota-ona orasidagi janjallar sabab bo‘ladi. Bolalik davrida olingan ruhiy  jarohatlar ham bundan mustasno emas.
       Nevrasteniya nafaqat jahldor, balki o‘ta andishali odamlarda ham rivojlanadi. Andishali odam janjal chiqqanda hissiyotga zo‘r bermaslikka va o‘zini boshqarib turishga harakat qiladi, birovning ko‘nglini og‘ritib qo‘ymay, deydi. Bu holatlar ham nevroz shakllanishiga turtki bo‘ladi. Shuningdek, vitaminlar etishmovchiligi, kamqonlik, surunkali va og‘ir kasalliklar ham nevrasteniyaga olib kelishi mumkin.
       Klinikasi. Nevrasteniya klinikasi turli-tuman bo‘lib, ularga aqliy va jismoniy faoliyatdan tez charchab qolish, jahldorlik, uyqu buzilishi, bosh og‘rig‘i, bosh aylanishi, umumiy holsizlik, parishonxotirlik kiradi. Bunday odamlarda ish unumdorligi pasayadi, uzoq davom etuvchi psixoemotsional zo‘riqishlarga bardosh bera olmaydi. Ular shovqin-suronni, g‘ala-g‘ovurni, jiddiy aqliy mehnat talab qilinadigan ishlarni yoqtirishmaydi. Jismoniy mehnatga ham ishtiyoq yo‘qoladi, muskullarda og‘riqlar va tanada umumiy giperesteziyalar paydo bo‘ladi.
      Tashxis qo‘yish algoritmi. KXT-10 bo‘yicha astenik nevroz (nevrasteniya) tashxisini qo‘yish uchun quyidagi belgilar bo‘lishi lozim: 
  1. Odatiy aqliy faoliyat talab qilinadigan ishlardan ham tez charchab qolish, umumiy xolsizlikning paydo bo‘lishi.
  2. Jismoniy faoliyatga ishtiyoq so‘nishi va tez holdan toyish.
  3. Quyidagi simptomlardan kamida ikkitasi kuzatilishi kerak: jahldorlik, bosh og‘rig‘i, bosh aylanishi, uyqu buzilishi, muskullarda og‘riqlar, bosh, tana va oyoq-qo‘llarda uvishishlar.
  4. Og‘ir depressiya, xavotirli-fobik va affekt holatlarida kuzatiladigan kuchli psixoemotsional buzilishlar bo‘lmasligi kerak. Aks holda nevrasteniya emas, boshqa tashxis izlanadi.
       Davosi. Davolashni boshlashdan oldin nevrasteniyani keltirib chiqargan sabablar aniqlanishi va ular iloji boricha bartaraf qilinishi kerak. Asosiy sabablar bartaraf etilganda, aksariyat bemorlarda davolashni davom ettirishga hojat ham qolmaydi, ular tuzalib ketishadi. Lekin ba’zi hollarda nevrasteniyaning sababini aniqlash va uni bartaraf etish ancha mushkul. Bemorning oilaviy ahvoli va ishlash sharoiti bilan tanishib, unga dam olib ishlash, ish soatlarini qisqartirish, ovqatlanish tartibiga rioya qilish, teatr va kinolarga borib turish tavsiya etiladi.
       Dori-darmonlar tavsiya etishga individual yondashish kerak. Bu maqsadda psixostimulyatorlar, sedativ dorilar va jenshen preparatlaridan foydalaniladi. Ratsional terapiya, geshtalterapiya, kognitiv-bixeviorial terapiya va psixodinamik terapiya nevrozni davolashda keng qo‘llaniladi. Freyd nazariyasining yaratilishiga ham nevrozni davolashga urinish turtki bo‘lgan. Shuningdek, bemorlarga umumiy massaj, igna bilan davolash, ertalabki badantarbiya va sportning o‘ziga ma’qul turlari bilan shug‘ullanish ham tavsiya etiladi. Yilda bir marta sihatgohlarda dam olib turish ham o‘ta foydali.

Manba: ©Z. Ibodullayev. Tibbiyot psixologiyasi. Darslik., 3-nashr., T.; 2019., 494b. 
              ©Z. Ibodullayev. Asab kasalliklari. Darslik., 2-nashr., T.; 2021., 960b. 
           © Ibodullayev ensiklopediyasi., 2022 y;
              ©asab.cc


Ctrl
Enter
Хато топдизнигзми?
Матнни танланг ва Ctrl+Enter тугмачаларини босинг
MUHOKAMALAR
Izohlarning minimal uzunligi 50 ta belgidan iborat. sharhlar boshqariladi
Hech qanday izoh yo‘q. Siz birinchi bo‘lishingiz mumkin!
Кликните на изображение чтобы обновить код, если он неразборчив