ROLANDIK EPILEPSIYa
Rolandik epilepsiya (RE) – bolalik davrida uchraydigan xavfsiz kechuvchi idiopatik fokal epilepsiya. Kasallik, asosan, 5-10 yoshlarda boshlanadi. Biroq u 2 yoshda ham, 14 yoshlarda ham boshlanishi mumkin. Epilepsiyaning ushbu turi uchun EEG da markaziy-temporal sohada pik-to‘lqinlar vujudga kelishi shu darajada xoski, hatto ular kasallik nomida aks etgan: markaziy-temporal piklar bilan kechuvchi epilepsiya.
Klinikasi. Kasallik oddiy va murakkab fokal xurujlar bilan boshlanadi. RE deyarli 80-85% hollarda oddiy, 10-15% holatlarda murakkab fokal xurujlar bilan kechadi. Fokal xurujlar, asosan, motor va sensor fenomenlar bilan namoyon bo‘ladi. Vegetativ paroksizmlar esa kam uchraydi. Xurujlarning paydo bo‘lishi uyqu bilan bevosita bog‘liq bo‘lib, ular uyqu paytida yoki endi uyg‘ongan zahoti ro‘y beradi. Kunduz kunlari xurujlar kam kuzatiladi. Xurujlar bir necha soniyadan 3 daqiqagacha davom etadi. RE xurujlar eng kam uchraydigan epilepsiyalar sirasiga kiradi. Dastlab xurujlar tez-tez kuzatiladi, biroq keyinchalik ular bir yilda 3-4 marotaba ro‘y beradi, xolos. Bemor, hatto antikonvulsantlar ichmasa ham xurujlar soni kamayib boraveradi. Shuning uchun ham RE ni xavfsiz kechuvchi epilepsiya deb atashadi.
Fokal xurujlar, asosan, yuzning bir tomonida kuzatiladi va bunda yuz va labning bir tomoni tortishib va titray boshlaydi. Bunday xurujlar gemiafatsial xurujlar deb ataladi. Shu tomonda turli paresteziyalar ham kuzatiladi. Somatosensor xurujlar paytida bemor yuzining yarmini qo‘li bilan ishqalay boshlaydi va go‘yoki shu yo‘l bilan xurujni to‘xtatmoqchi bo‘ladi. Bir tomonlama somatosensor fokal xurujlar til, milk, halqum va hiqildoqda ham kuzatiladi. Xuruj paytida tabiiyki, bemorning nutqi buziladi, og‘zidan so‘lak oqadi. Halqum va hiqildoqdagi tonik-klonik xurujlar esa turli xil tovushlar chiqishiga sababchi bo‘ladi. Bolasining yonida yotgan ota-onalar uning to‘satdan qiyqirib yuborganidan uyg‘onib ketishadi. Bu paytda bolaning yuzida fokal xurujlarni kuzatishadi va uning gapira olmay qolganiga e’tibor qaratishadi. Ba’zida xurujlar o‘sha tomondagi qo‘llarga ham tarqaydi va juda kam hollarda oyoqlarga o‘tadi. Demak, bir tomonlama somatosensor fokal xurujlar RE uchun xos. Bu paytda bemor hushini yo‘qotadi.
RE da tarqalgan tonik-klonik xurujlar ham kuzatiladi. Bular, asosan, ikkilamchi-tarqalgan xurujlardir. Bunday xurujlar 1015% holatlarda paydo bo‘ladi. Nevrologik statusda patologik o‘zgarishlar aniqlanmaydi, intellekt ham saqlanib qoladi.
Elektroentsefalografiya. EEG tekshiruvlarida markaziy-temporal sohada RE uchun o‘ta xos bo‘lgan pik-to‘lqinlar kompleksi paydo bo‘ladi. Bu to‘lqinlar rolandik komplekslar nomini olgan. Rolandik komplekslar ikki fazali yuqori amplitudali o‘tkir to‘lqinlar (200-300 mkV) va sekin to‘lqinlar yig‘indisidir. Bu kompleks xuddi EKG dagi QRS tishiga o‘xshaydi va faqat bosh miyaning markaziy va chakka sohalarida joylashgan elektrodlardan yoziladi
Rolandik komplekslar bosh miyaning bir yoki ikkala tomonida ham aniqlanadi. Bunda asosiy bioelektrik faollik saqlanib qoladi. Rolandik komplekslar epilepsiyaning ushbu turi uchun o‘ta xos bo‘lganligi sababli, ularning mavjudligi tashxis qo‘yish uchun o‘ta muhimdir.
Prognoz. Kasallik yengil kechadi. Pubertat davrga kelib epileptik xurujlar to‘satdan yo‘q bo‘lib ketadi va EEG tekshiruvlarida rolandik komplekslar ham aniqlanmay qoladi. Pubertat davr, ya’ni jinsiy balog‘atga yetish davri – qizlarda 12-16 yosh, o‘g‘il bolalarda 13-18 yosh hisoblanadi.
Manba: © Z. Ibodullayev. Asab kasalliklari. 2-nashr. Darslik, Toshkent, 2021., 960 b.
© Z. Ibodullayev. Epilepsiya. Qo`llanma. Toshkent, 2018., 128 b.
© Ibodullayev ensiklopediyasi
© asab.cc
Izohlarning minimal uzunligi 50 ta belgidan iborat. sharhlar boshqariladi
Qiziq maqolalar
"Ibodullayev ensiklopediyasi" bo‘limi bo‘yicha