Orqa markaziy pushta o‘smasi
Bu sohada joylashgan o‘smalar klinikasi Jekson tipidagi sensor xurujlar va sezgi buzilishlari bilan namoyon bo‘ladi. Jekson tipidagi sensor xurujlar – bular to‘satdan paydo bo‘ladigan va bir necha daqiqa davom etadigan paresteziyalardir. Orqa markaziy pushtaning qaysi qismida qo‘zg‘alish kuzatilsa, paresteziya tananing o‘sha qismidan boshlanadi. Agar o‘sma orqa markaziy pushtaning pastki qismida joylashsa, paresteziyalar yuzdan, o‘rta qismida joylashsa – qo‘ldan, yuqori qismida joylashsa – oyoqdan boshlanadi va tananing qolgan yarmiga tarqaydi.
Sezgi buzilishlari qarama-qarshi tomonda monoanesteziya va gemianesteziyalar bilan namoyon bo‘ladi. Ular avval engil ko‘rinishda, ya’ni gipesteziya tipida bo‘lib, keyinchalik anesteziyaga o‘tadi.
Orqa markaziy pushta sohasida joylashgan o‘sma oldingi markaziy pushta tomon o‘ssa, u holda Jekson tipidagi sensor xurujlarga Jekson tipidagi motor xurujlar qo‘shiladi. Keyinchalik esa sezgi buzilishlariga (gemianesteziyaga) harakat buzilishlari (gemiparez) qo‘shiladi. Oldingi va orqa markaziy pushtalar sohasida joylashgan o‘sma, odatda, tez aniqlanadi. Chunki bu sohada joylashgan o‘smaning dastlabki simptomi Jekson tipidagi fokal xurujlardir. Ular, asosan bosh miyaning hajmli jarayonlarida (o‘sma, abstsess, gematoma, gumma, kista) kuzatilishini har bir nevropatolog yaxshi biladi. Bunday paytda vrach bemorni MRT tekshiruviga yuborib, fokal xurujlar sababini tez aniqlashi lozim. Bu soha o‘smalarida IKG juda kech rivojlanadi yoki u paydo bo‘lmasdan turib tashxis aniqlanadi.
Manba: ©Z. Ibodullayev. Asab kasalliklari. 2-nashr. Darslik, Toshkent, 2021., 960 b.
©Z. Ibodullayev. Nevrologiya. Qo`llanma., Toshkent, 2017., 404 b.
© Ibodullayev ensiklopediyasi
©asab.cc
Izohlarning minimal uzunligi 50 ta belgidan iborat. sharhlar boshqariladi
Qiziq maqolalar
"Ibodullayev ensiklopediyasi" bo‘limi bo‘yicha