ONAM HAQIDA
Onam! Volidai muhtaramam! Hadislardagi «Jannat onalar oyog‘i ostida!», degan hikmatni ko‘pchiligimiz o‘qiganmiz. Diniy kitoblarda ham duoning kuchi haqida o‘qib hayratda qolaman. Onalar e’tirofi har qanday farzandni sergaklantiradi.
Esimni tanibmanki, onajonimning qo‘llari duodan tushmagan, hatto og‘ir kasal yotganlarida ham qo‘llarini zo‘rg‘a ko‘tarib bo‘lsa-da, bizni duo qilardilar. Mening tibbiyotni tanlashimga ham onamning doimiy bosh og‘riqlari sabab bo‘lgan. Keyin bilsam, migren bilan og‘rigan ekanlar.
Onam avval bog‘chada, so‘ngra otam ishlaydigan maktabda farrosh bo‘lib ishlaganlar. Uyimiz shu qadar saranjom-sarishta turar ediki, hatto katta bog‘ sathida ham pastga tushgan bitta barg turmasdi. Yakshanba kuni uyimizda katta hashar bo‘lardi. Biz ko‘pchilik bo‘lganimiz uchun onam hammamizga ish bo‘lib berardilar, ko‘chadan tortib molxonagacha supurib-sidirib, suvlar sepib tozalab qo‘yardik.
Onam har kuni yangi sog‘ilgan sigir sutidan shirchoy pishirib berardilar. Saryog‘ qo‘shilgan, non to‘g‘ralgan sut judayam mazali bo‘lardi. Erta sahardan Gulbahor opam bilan (joylari jannatda bo‘lsin) tandirda non yopardilar. Xorazmcha katta-katta nonlardan tashqari har birimizga atalgan turli hajmdagi kichik-kichik nonlar ham bo‘lardi. Nonning katta-kichikligiga qarab biz qaysi non kimniki ekanligini bilib olardik. Bu gaplar hozirgi yoshlarga ertakdek, biroz erish ham tuyulsa kerak. Ishonavering, bizning oilada xuddi shunday bo‘lgan. Nonga akalarimiz qo‘l uzatmasdan turib, biz qo‘l uzatmaganmiz.
Onamning bosh og‘riq xurujlari tutsa, 2-3 kun yotib qolardilar. Darrov turli xayollarga borib, “Men o‘lsam, otangga nima bo‘ladi, sizlarga kim qaraydi”, derdilar ko‘zlariga yosh olib. 40 yoshdan so‘ng bu og‘riqlari kamayib, so‘ngra o‘tib ketdi. Onam kolxozda ham ishlaganlar, paxta mavsumida homilador holida paxta terganlarini o‘z ko‘zim bilan ko‘rganman. Rak kasaliga duchor bo‘lib uzoq yotib qolgan va so‘ngra hayotdan erta ketgan Gulbahor opam va ruhiy kasallikka uchragan ukamning dardi otam kabi onamga ham qattiq zarba bo‘ldi. Onam qon bosimi xastaligiga duchor bo‘ldilar. Ular ham uzoq davom etgan og‘ir kasallikdan so‘ng bu yorug‘ dunyoni tark etdilar. Ollohimning amri shu ekan. Volidamning haqiga har kuni qo‘lim duoda. Joyingiz jannatda bo‘lsin, onajonim!
Manba: © Z. Ibodullayev. Asab va ruhiyat., 4-nashr. Ilmiy-ommabop risola. T, 311 b.
© Ibodullayev ensiklopediyasi
© asab.cc
Izohlarning minimal uzunligi 50 ta belgidan iborat. sharhlar boshqariladi
Qiziq maqolalar
"Ibodullayev ensiklopediyasi" bo‘limi bo‘yicha