Oilaning uch toifasi
Psixologlar er-xotin orasidagi munosabatlarga qarab oilaning 3 xil toifasini ajratishgan: “Ona-o‘g‘il”, “Ota-qiz” va “Aka-singil” toifasidagi oilalar.
1. “Ona-o‘g‘il” toifasidagi oila. Bunday oilada ayol kishi oilani boshqarishni deyarli butunlay qo‘lga oladi, uning huquqlari beqiyos bo‘ladi, u xattoki erkak kishi bajarishi lozim bo‘lgan oila yumushlarini ham o‘zi qiladi. Ya’ni u xotin emas, balki ona rolini ijro etadi. Erning haq-huquqlari esa bu erda juda kam ifodalangan bo‘ladi, oilani boshqarish ishlariga u deyarli aralashmaydi, ya’ni u oilada er emas, balki o‘g‘il vazifasini ijro etadi. Oilani boshqarishning bunday usuli ikkala tomonni ham qoniqtiradi, ya’ni er-xotin orasidagi munosabatlar shunday vaziyatni yuzaga keltiradi. Xotin erini o‘z himoyasiga oladi, uni boshqa erkaklardan asraydi, unga doimo maslahat berib yuradi. Shuning uchun ham bunday oilalarni “ona-o‘g‘il” toifasidagi oila deb qarashadi. Bunday oilalarda so‘nggi qaror xotin tomonidan qabul qilinadi, eri esa uning aytganlarini so‘zsiz amalga oshiradi.
2. “Ota-qiz” toifasidagi oila. Oiladagi barcha yumushlarni erkak kishi bajaradi, erning huquqlari beqiyos bo‘ladi, u hattoki ayol kishi bajarishi lozim bo‘lgan ishlarga ham aralashaveradi, xotiniga qiz bolaga qaragandek munosabatda bo‘ladi, ya’ni u er emas, balki ota vazifasini bajaradi. Xotinning haq-huquqlari esa bu erda juda kam ifodalangan bo‘ladi, oilani boshqarish jarayoniga deyarli u aralashmaydi, ayol kishi bajarishi lozim bo‘lgan ishlarga ham eridan beruxsat qo‘l urmaydi, ya’ni u oilada ona emas, balki qiz vazifasini ijro etadi. Oilani boshqarishning bunday usuli ikkala tomonni ham qoniqtiradi, ya’ni er-xotin orasidagi munosabatlar shunday vaziyatni yuzaga keltiradi. Shuning uchun ham bunday oilalarni “ota-qiz” toifasidagi oila deb atashadi.
Psixologik nuqtai nazardan olganda “ona-o‘g‘il” va “ota-qiz” toifasidagi oilada voyaga etgan farzandlarning hayoti keyinchalik xavf ostida qolishi mumkin. Ularning keyingi taqdirini 2 xil variantda o‘rganib chiqamiz:
A) “Ona-o‘g‘il” toifasidagi oilada voyaga etgan qiz “ota-qiz” toifasidagi oilada voyaga etgan o‘g‘ilga turmushga chiqsa, bu oila mustahkam bo‘lmasligi bo‘lishi mumkin. Chunki qiz ona hukmronlik qilgan oilada katta bo‘ladi. Qiz oilani onasi boshqargandek boshqarishga, erini o‘ziga bo‘ysundirishga intilsa, yigit esa oilani xuddi otasidek boshqarishni istaydi va xotinini o‘ziga so‘zsiz bo‘ysunishini talab qiladi. Tabiiyki, buning uddasidan chiqish o‘ta mushkul bo‘lib, tez-tez bo‘ladigan urush-janjallar sababli oila barbod bo‘lishi mumkin.
B) “Ona-o‘g‘il” toifasidagi oilada voyaga etgan o‘g‘il “ota-qiz” toifasidagi oilada ulg‘aygan qizga uylandi, deylik. Bunday oiladan oila yo‘lboshchisi etishib chiqishi juda qiyin, chunki o‘g‘il ota onaga bo‘ysunib yashagan oilada katta bo‘lgan, qiz esa ona otaga bo‘ysunib yashagan oilada voyaga etgan. Ushbu yangi oilada yigit xotini yo‘lboshchi bo‘lishini xohlasa, qiz esa aksincha, ya’ni eri yo‘lboshchi bo‘lishini xohlaydi. Ularning o‘zlari oilani mustaqil boshqara olishmaydi, birovlarga qaram bo‘lib yashashadi, maslahat uchun qiz otasining oldiga otlansa, o‘g‘il onasidan yordam so‘raydi. Bu vaziyat uzoq davom etadi, oxir-oqibat ular oilani boshqarishni o‘zlashtirib olishadi.
3. “Aka-singil” toifasidagi oila. Bunday oila psixologik nuqtai nazardan olganda eng maqbul oiladir, chunki bu erda er va xotinning vazifalari ular orasida taqsimlangan bo‘ladi: er o‘zi bajarishi lozim bo‘lgan vazifalar bilan shug‘ullanadi. Masalan, u oilani boshqarishning 60 % ni o‘z qo‘liga olsa, 40% yumushni xotiniga qoldiradi. Oila bo‘yicha muhim qarorlarni qabul qilish erkak kishining qo‘lida bo‘ladi, u oilaning yo‘lboshchisi va himoyachisi bo‘lsa, ayol kishi esa uning eng yaqin maslakdoshi bo‘ladi. Demak, oilada er o‘zini xuddi aka sifatida, xotin esa singil sifatida tutadi. Bunday oilada ayol kishining ham, erkak kishining ham huquqlari saqlangan bo‘ladi, ota-ona orasidagi bunday munosabatlar ta’siri ostida voyaga etgan o‘g‘il ayol kishini, qiz esa erkak kishini xurmat qiladigan bo‘lib o‘sadi. Bunday oila mustahkam bo‘lib, uning a’zolarini hamma xurmat qiladi, ularning farzandlari ham keyinchalik oila qurishsa, o‘zaro munosabatlarini “aka-singil” toifasidagi oilaga o‘xshab amalga oshirishga harakat qilishadi.
Manba: ©Z. Ibodullayev. Tibbiyot psixologiyasi. Darslik., 3-nashr., T.; 2019., 494b.
© Ibodullayev ensiklopediyasi., 2022 y; ©asab.cc
Izohlarning minimal uzunligi 50 ta belgidan iborat. sharhlar boshqariladi
Qiziq maqolalar
"Ibodullayev ensiklopediyasi" bo‘limi bo‘yicha