OLIY NERV FAOLIYaTI


Fiziologik tadqiqotlar psixologiya fani rivojlanishiga katta turtki bo‘ldi. Tibbiy psixologiya ham fan sifatida shakllana boshladi, oliy nerv faoliyatiga oid tadqiqotlar jadal boshlab yuborildi. Bu davr XX asrning boshlariga to‘g‘ri keladi. Oliy nerv faoliyatining psixologik jarayonlar bilan uzviy bog‘liqligini I.M. Sechenov, I.P. Pavlov, U. Penfild, G. Jasper, K. Primram, J. Ekllz, O. Foxt, P.K. Anoxin kabi olimlar chuqur o‘rganishdi. Ular ruhiy jarayonlar reflektor tarzda boshqarilishi mumkinligini isbot qilishdi. Refleks – organizmning tashqi muhit bilan bo‘lgan o‘zaro munosabatining bir ko‘rinishidir. 
Nobel mukofoti sovrindori  I.P. Pavlov (1849–1936) refleks haqidagi ta’limotni ilgari surdi. Birinchisi, doimiy tug‘ma reflekslar bo‘lib, asab tizimining quyi tuzilmalari orqali amalga oshiriladi va uni olim «sof reflekslar» deb atagan. Ikkinchisi, bosh miya po‘stloq markazlari bilan bog‘liq reflekslar bo‘lib, ular o‘zgaruvchan bo‘ladi va individual rivojlanish mobaynida shakllanib boradi, degan. I.P. Pavlov oliy nerv faoliyati haqida ta’limot yaratdi va fanga «shartli refleks» degan iborani kiritdi. Shartli reflektor faoliyat uchun nafaqat yangi shartli reflekslar paydo bo‘lishi, balki po‘stloqdagi eski aloqalarning yig‘ilib, murakkab bog‘lanishlar hosil qilishi ham o‘ta muhimdir. 
Bosh miya organizmning barcha  tashqi va  ichki faoliyatini reflektor tamoyilga asoslangan holda boshqarib, bir­biri bilan bog‘lab turadi. Shartli va shartsiz reflekslarning asosiy tamoyillari nervizm, ruh va tana yagonaligi, neyronal tizim va  funktsiyalar yaxlitligi, organizm faoliyatini boshqarish mumkinligi va bunga tashqi muhit ta’siri haqidagi qarashlar nomi yuqorida zikr qilingan olimlar tomonidan ilgari surildi. Shunday qilib, shartli reflekslar organizmning individual rivojlanishi natijasida shartsiz reflekslar negizida bosh miya po‘stlog‘ida hosil bo‘lgan vaqtincha bog‘lanishdir. 
Tashqi va ichki muhit o‘zgarishiga qarab, shartli reflekslar yo‘qolib yoki boshqa turga o‘tib turadi. Mabodo bu vaqtinchalik bog‘lanishlar mustahkamlanib turilmasa, ularning o‘rniga yangilari paydo bo‘ladi. Masalan, itga har gal ovqat berishdan oldin u joylashgan xonada chiroqni o‘chirib­yoqish unda so‘lak ajralishini keltirib chiqargan, keyinchalik esa chiroq o‘chirib­yoqqandan keyin itga ovqat berilmay qo‘yilgan. Bu holat bir necha kun davom etgandan so‘ng chiroqni o‘chirib­yoqilganda itda so‘lak ajralib chiqmagan. Bu tajriba shartli refleksga yaqqol misoldir. Chiroqni o‘chirib­yoqish o‘rniga boshqa signallarni (masalan, qo‘ng‘iroq chalinishi) qo‘llash ham xuddi shunday vaziyatni yuzaga keltirgan. 
Shartli reflekslar hayvon va inson faoliyatini keskin boyitadi va ular ning xulqi hamda xatti­harakati shakllanishiga katta ta’sir ko‘rsatadi. Shartli refleks lardan farqli o‘laroq, shartsiz reflekslar tug‘ma reflekslardir. Shartsiz reflekslar faqat maxsus faoliyatga taalluqli bo‘lgan ta’sirlar sababli paydo bo‘luvchi reflekslardir. Masalan, og‘riq, harorat, taktil va boshqa ta’sirlarga javob reaktsiyalari. Shartsiz reflekslar hayotiy muhim biologik ehtiyojlar bilan bog‘liq bo‘lib, doimiy reflektor yo‘llar orqali amalga oshiriladi. 
Bunday reflekslar tashqi muhitning organizmga bo‘lgan ta’sir mexanizmlarini muvofiqlashtirib turadi. Oliy nerv faoliyati bosh miya katta yarim sharlarining shartli reflektor faoliyati bilan bog‘liq bo‘lib, organizmning tashqi muhitga bo‘lgan munosabatini belgilab beradi va xulq­atvorning asosini tashkil qiladi. Oddiy (quyi) nerv faoliyati miya ustuni va orqa miya faoliyati bilan bog‘liq bo‘lib, shartsiz reflektor faoliyatga asoslangan. Idrok, diqqat, xotira, tafakkur kabi jarayonlar ruhiy jarayonlar bo‘lib, ular bosh miya katta yarim sharlari faoliyati bilan chambarchas bog‘liq. 
Ruhiy jarayon markaziy asab tizimining barcha a’zolari vositasida amalga oshiriladi. Bu jarayon ichki va tashqi ta’sirlarni qabul qilish, ta’sirotlarni signallarga aylantirish, signallarni analiz qilish va javob reaktsiyasini tayyorlashdan iborat. I.P. Pavlov eksperimental yo‘l bilan bosh miyada qo‘zg‘alish va tormozlanish jarayonlari orasidagi nomutanosiblik nevrozlarga olib kelishini isbotladi. Bu psixologiya fani uchun o‘ta muhim bo‘lgan ta’limot edi. Vaholanki, hissiy zo‘riqishlarda paydo bo‘ladigan miyadagi kuchli qo‘zg‘alishlar yoki keragidan ortiqcha tormozlanish jarayonlari nevrozga olib kelishi keyinchalik ham olimlar ishida o‘z aksini topdi. 
P.K. Anoxin (1898–1974) oliy nerv faoliyatida shartli reflektor faoliyatning birin­ketin keladigan 4 bosqichdan iboratligini ko‘rsatib berdi. Buni u teskari afferentatsiya deb atadi, ya’ni refleks bajarilganidan so‘ng markaz ga uning bajarilganligi yoki ushlab qolinganligi haqida ma’lumot kelib tushadi va u xotirada saqlanadi. Bu mexanizm quyidagi bosqichlarda amalga oshiriladi: 1-bosqich – retseptor ta’sirlantiriladi, nerv tolalarida qo‘zg‘alish paydo bo‘ladi va bu signal MNS ning maxsus tuzilmalariga uzatiladi; 2-bosqich – qo‘zg‘alish sensor neyronlardan motor neyronlarga o‘tkaziladi; 3-bosqich – markazdan qochuvchi impuls bajaruvchi a’zoga (mushakka, bezga) o‘tkaziladi; 4-bosqich – markazga topshiriq bajarilganligi haqida signal yuboriladi. Shunday qilib, shartli reflektor yoy tizimida qaytuvchi bog‘lanish mavjudligi isbotlandi. Qaytuvchi bog‘lanish ong shaklla nishida muhim ahamiyatga ega. 
Endi shu nazariyalarga asoslangan holda bosh miya yarim sharlari po‘stlog‘iga kelib tushgan signallarning qayta ishlanish jarayonini ko‘rib chiqamiz. Analizatorlar orqali qabul qilingan ma’lumotlar (signallar) bosh miya po‘stlog‘ining birlamchi maydoniga kelib tushadi. Bu erda hodisa va ob’ektlarning tasviri shakllanadi. Ammo u yoki bu tasvir shakllanishi uchun analizatorlar orasidagi o‘zaro bog‘liqlik saqlangan bo‘lishi kerak. Analizator deb, tashqi va ichki muhitdan keluvchi signallarni analiz va sintez qiluvchi neyronlar guruhiga aytiladi. analiz – miyaga kelib tushgan signallarni bo‘laklarga bo‘lish bo‘lsa, sintez – bo‘laklardan yagona bir tasvir yaratish demakdir. Narsa va hodisalarni idrok etish asosida turli analizatorlarning o‘zaro aloqasi va xotira mexanizmlari yotadi.
Analizatorlar sistemasi ierarxik tuzilishga ega.  Shunday qilib, bosh miya katta yarim sharlari po‘stlog‘i turli analizatorlar orqali (ko‘ruv, eshituv va h.k) qabul qilinadigan ta’sirlarni analiz va sintez qiladi. Po‘stloq qabul qilingan ma’lumotlarni xotirasida saqlab, boshqa signallar bilan taqqoslab, xatolarini tuzatib, qayta ishlab turuvchi hujayralar tizimidan tarkib topgan. Bosh miyaga kelib tushayotgan ma’lumotlarning analiz va sintezi natijasida aniq shartlarga javob beruvchi harakat dasturi ishlab chiqiladi. 
Mabodo ushbu dastur yordamida «topshiriq» bajarilmasa, miyada ketma­ket yangi dasturlar yaratilaveradi. Buning natijasida tushayotgan signallarga bosh miya, albatta, javob qaytaradi. Shunday qilib, bosh miyada murakkab qarorning paydo bo‘lish jarayoniga qo‘zg‘alishning zanjirli reaktsiyasi sifatida qarash kerak. Bu aylana bosh miya va uning turli bo‘limlari faoliyatining asosini tashkil qiladi. Bosh miyada assotsiativ yo‘llarning katta imkoniyatlari borligi va po‘stloq neyronlarining ixtisoslashganligi neyronlararo aloqalar yuzaga kelishi va turli vazifalarni bajaruvchi murakkab neyronlar to‘plamining shakllanishiga imkon yaratadi. Tanadagi a’zolarning bajaradigan funktsiyasi qanchalik murakkab va takomillashgan bo‘lsa, ularning miya po‘stlog‘ida egallagan sohasi shunchalik katta bo‘ladi. Bu jarayonlarni yanada to‘laroq tushunish uchun nerv sistemasining filogenezi va ontogenezi bilan qisqacha tanishib chiqamiz.
Nerv sistemasi filogenezi. Evolyutsiya jarayonida nerv sistemasi rivojlanib, murakkablashib va takomillashib bordi. Oddiy bir hujayrali organizmdagi (amyobalar) yolg‘iz hujayraning o‘zi sezgi, harakat, hazm qilish va himoya funktsiyalarini bajaradi. Tirik to‘qima qo‘zg‘alish, ya’ni tashqi ta’sirlarga javob berish xususiyatiga egadir. Filogenezda nerv hujayrala rining paydo bo‘lishi organizm uchun tashqi ta’sirlarni qabul qilish, to‘plash va tarqatish imkonini yaratib berdi. Nerv hujayralari orasidagi bog‘lanishlarning paydo bo‘lishi va oddiy nerv sistemasi shakllanishi organizmni integratsiyaning yangi bosqichiga ko‘tardi. 
Oddiy (primitiv) nerv sistemasiga ega jonzotlarda qo‘zg‘alish hujayralardan barcha yo‘nalishlarda tarqalishi mumkin, go‘yo bu impuls barcha hujayralarga taalluqli bo‘lib, ma’lum bir manzilga ega emasdek. Shunday bo‘lsa­da, ushbu impulslar organizmdagi u yoki bu jarayonlar kechishida faol ishtirok etadi. Lekin analiz va sintez qilish qobiliyati hali ularda bo‘lmaydi. Qabul qiluvchi (afferent) va uzatuvchi (efferent) sistemalar paydo bo‘lishi nerv sistemasining murakkablashib, takomillashib borishiga mezon yaratdi. Nerv tarmoqlari chekkasida maxsus retseptorlar paydo bo‘lib, har biri faqat o‘ziga tegishli ta’sirlarni farqlab qabul qila boshladi. 
Nerv hujayralarining ixtisoslashib va takomillashib borishi natijasida impulslarning faqat bir tomonga yo‘nalishini ta’minlaydigan sinapslar paydo bo‘ldi. Xuddi shu bosqichda ba’zi vazifalarni bajaruvchi oddiy «aylana» tuzilmalar shakllandi. Keyinchalik evolyutsiya mobaynida nerv tugunlari, ya’ni gangliyalar paydo bo‘lib, ular bir yoki bir nechta vazifani amalga oshira boshladi. Gangliyalarning ishlash uslubi shundan iboratki, ularning har biri tanadagi ma’lum segment (soha) uchun javob beradi. 
Nerv sistemasida mavjud bo‘lgan gangliyalar majmuasi sezishning murakkab turlarini amalga oshira oladi. Gangliyada har qanday jarayon go‘yoki aniq bir dasturga ega. Evolyutsiyaning so‘nggi davrlarida nerv sistemasi rivojlanishi bosh miya faollashishining ustuvorligi bilan kechdi, so‘ngra bosh miya yarim sharlari po‘stlog‘i paydo bo‘ldi. Nerv sistemasi filogenezining bu davri tsefalizatsiya davri deb ham ataladi. Sut emizuvchilarda nerv sistemasi yanada takomillashib, bosh miya katta yarim sharlar po‘stlog‘i va ularni o‘zaro bog‘lovchi yo‘llar paydo bo‘ldi. Ichki a’zolar va sistemalarni nerv sistemasi markazlari bilan bog‘lab turuvchi afferent va efferent yo‘llar shakllandi. Odamda katta yarim sharlar po‘stlog‘i, ayniqsa, peshona va chakka bo‘laklari rivojlanishi yuksak darajaga etdi. Hozirgi kunda bosh miyaning 78 % ini po‘stloq tashkil qilib, uning 30  % peshona bo‘lagiga to‘g‘ri keladi.
Evolyutsion rivojlanishning tsefalizatsiya davrida bosh miyada paydo bo‘lgan markazlar quyi joylashgan tuzilmalarni o‘ziga bo‘ysundira boshladi. Natijada bosh miyada hayotiy muhim markazlar paydo bo‘lib, ular organizmning turli­tuman faoliyatini avtomatik tarzda boshqara boshladi. Ushbu markazlararo aloqalar ierarxik tarzda faoliyat ko‘rsatadi. Integrativ jarayon va boshqarish funktsiyasining vertikal uslubda faoliyat ko‘rsatishi muhim ahamiyatga ega. Fiziologiya fani rivojlanishining dastlabki davrida oliy markaz quyi markazga doimo tormozlovchi ta’sir ko‘rsatadi, degan fikr mavjud edi. Shuning uchun oliy markaz zararlanganda quyi markaz qo‘zg‘aladi, go‘yoki ular faollashadi, deyilgan. Lekin har doim ham bunday bo‘lavermaydi. 
Evolyutsion jihatdan yosh markaz zararlanganda, keksa markaz faollashadi, go‘yoki evolyutsion jarayon teskarisiga davom etadi. Bu nazariya dissolyatsiya nazariyasi, deb nom olgan. Darhaqiqat, yuqori pog‘onada joylashgan markazlar zararlanganda, quyi markazlar faollashganini ko‘ramiz. Bunga markaziy harakat neyroni zararlanganda, orqa miyaning oldingi shoxida joylashgan periferik harakat neyronlarining faollashuvini misol qilib ko‘rsatish mumkin. Ammo bu buzilishlarning asl sababi dissolyatsiya yoki quyi markazning yuqori markaz “tutqunligidan” ozod bo‘lishida emas. 
Chunki oliy markaz quyi markaz faoliyatini faqat tormoz labgina qolmasdan, balki faollashtiradi ham. Quyi markaz faollashuvi kompensator jarayon ning bir ko‘rinishi sifatida qabul qilinishi ham kerak. Nerv markazlari ierarxiyasida bosh miya katta yarim sharlari po‘stlog‘i asosiy o‘rinni egallaydi. Butun organizm va funktsional sistemalardan ma’lumotlarning po‘stloqqa oqib kelishi, ularning murakkab analiz va sintez qilinishi, assotsiativ yo‘llarning paydo bo‘lishi oliy nerv faoliyatining asosiy mexanizmlaridan biridir. Xo‘sh, nerv sistemasining ontogenezda rivojlanishi qanday kechadi va bu jarayondagi buzilishlar ruhiyat shakllanishiga qanchalik ta’sir ko‘rsatadi? 
Nerv sistemasi ontogenezi. Yangi tug‘ilgan chaqaloq bosh miyasining og‘irligi 400 g atrofida bo‘lib, tana og‘irligining 1/8 qismini tashkil qiladi. Go‘dakda po‘stloq egatchalari yaxshi rivojlangan, pushtalari yirik­yirik. Lekin chuqurligi va balandligi uncha rivojlanmagan bo‘ladi. To‘qqiz oylarga borib, miyaning dastlabki og‘irligi ikki barobar oshadi. 2 yoshga borib, bosh miyaning og‘irligi bola tug‘ilgan davridagiga qaraganda bir necha barobar kattalashadi. Bosh miya kattalashuvi, asosan, nerv tolalari mielinlashuvi va tug‘ilgan zahotiyoq bosh miyada mavjud bo‘lgan 20 mlrd. hujayraning kattalashuvi hisobiga kechadi.
        Go‘dakning miya to‘qimasi hali takomillashmagan bo‘ladi. Po‘stloq hujayralari, po‘stlog‘osti tugunlari, piramidal yo‘llar yaxshi rivojlanmagan, kulrang va oq modda orasidagi aloqalar mukammal bo‘lmaydi. Go‘dakning nerv hujayralari bosh miya katta yarim sharlari yuzasida va oq modda asosida to‘planib joylashadi. Bosh miya kattalashgan sayin nerv hujayralari po‘stloq tomonga siljiydi. Bosh miya qon tomirlari ham rivojlanib, takomillashib boradi. Go‘dakda katta yarim sharlar po‘stlog‘ining ensa qismi katta yoshdagilarnikiga qaraganda yirikroq bo‘ladi. Bola o‘sgan sayin yarim sharlar pushtalari, ularning shakli va topografik joylashuvi o‘zgarib boradi. Ayniqsa, bu o‘zgarish dastlabki besh yil mobaynida kuzatilib, 15­16 yoshlarga borib, po‘stloq tuzilishi katta yoshdagilarnikidan deyarli farq qilmaydi. Yon qorinchalar bolalarda nisbatan keng va katta bo‘ladi. Go‘daklarda ikkala yarim sharni birlashtirib turuvchi qadoqsimon tana nozik va qisqa bo‘ladi. 
Bola besh yoshga to‘lgunga qadar qadoqsimon tana yo‘g‘onlashib, uzayib boradi. Yigirma yoshlarda esa qadoqsimon tana to‘la shakllanadi. Yangi tug‘ilgan chaqaloqda miyacha sust rivojlangan bo‘lib, uzunchoq shaklga ega, pushtalari va egatchalari sayoz, uzunchoq miya gorizontal joylashgan bo‘ladi. Kranial nervlar miya asosida simmetrik tarzda joylashadi. Chaqaloqda orqa miya bosh miyaga qaraganda morfologik jihatdan tugallangan tuzilishga ega. Shuning uchun ham orqa miya go‘dakda nisbatan yaxshi rivojlangan. Go‘dakning orqa miyasi katta yoshdagilarga qaraganda uzunroq bo‘ladi. Keyinchalik orqa miya umurtqaning o‘sishiga qaraganda orqada qoladi.
Orqa miyaning o‘sishi 20 yoshgacha davom etadi. Bu davr ichida uning og‘irligi ham oshadi. Chaqaloqning periferik nerv sistemasi etarlicha mielinlashmagan, nerv tolalari siyrak bo‘lib, notekis taqsimlangan. Mielinlanish jarayoni turli nerv tolalarida turlicha kechadi. Kranial nervlar mielinlashuvi bir yoshga etib tugallanadi. Orqa miyaning nerv tolalari mielinlashuvi 2­3 yoshgacha davom etadi. Vegetativ nerv sistemasi chaqaloq tug‘ilgandan boshlab faoliyat ko‘rsata boshlaydi. 
Embriogenezning dastlabki bosqichlarida nerv sistemasining turli qismlarida aniq takomillashgan mustahkam aloqalar paydo bo‘ladiki, ular tug‘ma hayotiy muhim funktsiyalarning asosini tashkil qiladi. Bu funktsiyalar tug‘ilgandan so‘ng hayotga dastlabki moslashuvni ta’minlab beradi (masalan, nafas olish, emish, yurak urishi va h.k.). Ontogenetik rivojlanish jarayonida odamning miyasi kuchli o‘zgarishlarga uchraydi. Anatomik jihatdan olganda, yangi tug‘ilgan chaqaloq miyasi bilan katta yoshdagi odam miyasi bir­biridan anchagina farq qiladi. Chunki individual rivojlanish jarayonida yosh o‘tgan sayin miya tuzilmalari etilib boradi. Hatto morfologik jihatdan etilgan nerv sistemasida hali rivojlanishi yoki qayta paydo bo‘lishi zarur bo‘lgan funktsional sistemalar mavjud. Bosh miya evolyutsiyasida ikkita muhim strategik yo‘nalish bor. 
Bularning birinchisi – kelgusida yashash sharoitlariga tayyor turish. Bu yo‘nalish tug‘ma, instinktiv reaktsiyalarning katta to‘plamidan iborat bo‘lib, organizm hayot kechirishi mobaynida har qanday hodisalarga shay bo‘lib turadi. Bular – ovqat, himoya, ko‘payish mexanizmlari va boshqalar. Organizmni hamma narsaga o‘rgatish shart emas. Zero, u ba’zi qobiliyatlarga tug‘ilganidan egadir. Agar biz xulq­atvori go‘yoki avtomatlashib ketgan hasharotlar dunyosidan sut emizuvchilar dunyosiga bir nazar tashlasak, boshqacha manzaraga ko‘zimiz tushadi, ya’ni xulq­atvorning tug‘ma, instinktiv turlari maqsadga yo‘naltirilgan, shaxsiy tajribaga asoslangan xatti­harakatlarga qo‘shilib ketganini ko‘ramiz. Sut emizuvchilar xatti­harakatida izlanish, o‘zi turgan muhitini topish kabi xususiyatlarning shohidi bo‘lamiz. 
Hayot kechirishning bunday turi uchun takomillashgan miya kerakligi o‘z­o‘zidan ayon, albatta. Ammo asosiy gap bosh miya hajmidagina emas, balki uning funktsiyasida hamdir. Evolyutsiyaning ikkinchi yo‘nalishi – individning xatti­harakatlariga katta imkoniyatlar yaratib berish. Bu esa bosh miya katta yarim sharlari po‘stlog‘i hajmining to‘xtovsiz kattalashuvi bilan parallel holda kuzatildi. Dunyoni anglab borish, o‘rganish jarayoni, po‘stloqning ma’lumotlar bilan to‘lib borishi bolalik davrida yaqqol ko‘zga tashlanadi. Go‘daklik davridan etuk yoshga etgunga qadar bo‘lgan davr har bir individ uchun uzoq bir masofadir. 
Hech narsaga ega bo‘lmagan go‘dak keyinchalik ko‘p narsalarni egallab, hayotga moslashib oladi. Xo‘sh, bu jarayon qanday kechadi? Nima qilsa, xatolarga yo‘l qo‘yilmaydi? Ba’zi olimlar fikricha, hammasi tarbiyaga bog‘liq. Go‘dakning miyasi go‘yoki yozilmagan daftarga o‘xshaydi. Daftarning tashqi ko‘rinishi boshqalaridan farq qilmasa­da, har bir nusxasi va sahifasining o‘ziga xos xususiyatlari bor. Bitta varag‘iga yozilgan matn ikkinchisida yozilganini mazmunan takrorlamasligi mumkin. Daftarni qanday yozuv bilan to‘ldirsangiz, keyinchalik o‘sha yozuvni o‘qiysiz, boshqasini emas. Demak, oppoq varaqlarni qanday to‘ldirish, nima bilan to‘ldirish o‘zimizga bog‘liq. Bola miyasini to‘g‘ri ma’lumotlar bilan boyitib borish ham fiziologik jihatdan, ham psixologik jihatdan juda muhimdir. Inson miyasi ma’lumotlarni faqat «o‘lik», «jonsiz» holatda o‘zida saqlaydigan daftar emas, balki ularni faol qayta ishlab, xulosa qiladigan murakkab sistemadir.
Bolaning barkamol o‘sishiga ta’sir qiluvchi sabablar uni o‘rab turgan muhitga, albatta, bog‘liq. Bolaning oldida turgan muammolar echimini to‘g‘ri topishga ko‘maklashish, uning xulq­atvorini to‘g‘ri shakllantirib borish katta ahamiyatga egadir.
Miyaning funktsional sistemasi
Bosh miyaning hujayralar to‘plami faqatgina sodda vazifani bajarib qolmasdan, balki boshqa mukammal funktsiyalarni bajarishda ham ishtirok etadi (P.K.Anoxin, 1973). Funktsional sistema faoliyatini ta’minlashda nerv sistemasining (ayniqsa, bosh miyaning) barcha tuzilmalari ishtirok etadi. Bu jarayon neyronlararo aloqalarning ko‘pligi sababli amalga oshiriladi. Funktsional sistema – biron bir funktsiyani bajarishda ishtirok etuvchi neyronal tuzilmalar to‘plami. U miyaning muhim, o‘z­o‘zini boshqaruvchi mexanizmi hisoblanadi. Nerv sistemasining individual rivojlanishini to‘g‘ri baholash uchun uning anatomik jihatdan etukligi bilan birga biron bir funktsiyani boshqarishi va bajara bilishi ham katta ahamiyatga ega. Demak, ontogenez jarayoni, ya’ni nerv to‘qimalarining yakka holda emas, sistematik tarzda rivojlanishini sistemogenez nuqtai nazaridan tushunmoq kerak. Funktsional sistema tushunchasi individual rivojlanish jarayonida yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan asabiy­ruhiy buzilishlarning mohiyatini ochib berishga yordam beradi. Shuni ta’kidlash lozimki, embrional rivojlanish jarayonida turli neyronal tuzilmalarning birin­ketin paydo bo‘lishi bilan birga, ushbu ketma­ket rivojlanishning buzilishi ham ro‘y berib turadi. 
Dastlab hayotiy muhim ahamiyati bo‘lgan funktsional sistemalar shakllanadi. Funktsional sistemaga evolyutsion rivojlanishning turli bosqichlarida xilma­xil tuzilmalar qo‘shilib boradi. Shuning uchun bir bosqich darajasida funktsional sistemaga kiruvchi ba’zi tuzilmalarning turli darajada takomillashuvini kuzatamiz. Ayni vaqtda, bir maromda rivojlanmaslik, ya’ni geteroxronlikning ko‘rinishlariga ko‘p misollar keltirish mumkin. Masa lan, go‘dakda emish jarayonida qatnashadigan yuz nervining pastki tolalari mielin parda bilan oldinroq va yaxshiroq qoplangan bo‘ladi. Ushbu nervning ustki tolalari esa mielin parda bilan to‘liq qoplanmaydi, go‘yoki bu tolalarga hozircha zarurat yo‘qdek. Sistemogenezga yaqqol misol bo‘la oladigan go‘dakda kuzatiladigan ushlab olish refleksi ham e’tiborga molik. 
Embrional rivojlanishning IV­VI oylarida qo‘lning barcha nerv tolalari ichida eng yaxshi etilgani barmoqlar bukilishini ta’minlovchi nerv tolalaridir. Bundan tashqari, bu davrga kelib sakkizinchi bo‘yin segmentining oldingi shoxi motor hujayralari ham takomillashgan bo‘ladi. Ushbu motor neyronlar barmoqlarni bukuvchi mushaklarni innervatsiya qiladi. Bundan tashqari, ushbu hujayralarni boshqaruvchi asab tizimining yuqorida joylashgan tuzilmalari ham shakllangan bo‘ladi. 
Sistemogenezning bir nechta muhim jihatlari o‘rganilgan. Birinchisi shundan iboratki, funktsional sistemalar bir vaqtda shakllanmaydi. Organizm uchun hayotiy muhim bo‘lgan sistemalar avval shakllanib boradi. Masalan, yangi tug‘ilgan chaqaloq uchun hayotiy muhim bo‘lgan jarayonlar – emish, yutish, nafas olish tug‘ilgan zahoti faoliyat ko‘rsata boshlaydi. Ba’zi jonzotlarda esa funktsional sistema tug‘ilgan zahoti mukammallashgan bo‘ladi. Kenguruning bolasi tug‘ilgan zahoti onasining qornidagi xaltachaga sakrab chiqa oladi yoki endigina tuxumdan chiqqan g‘ozning bolasi onasining izidan yura boshlaydi va hokazo. Yangi tug‘ilgan chaqaloqda tug‘ma mexanizmlar go‘yo kamdek tuyulsa­da, ba’zi boshqaruvchi vazifalarning juda nozik ishi kishi e’tiborini o‘ziga tortadi. Masalan, go‘dakda yutish va nafas olish bir vaqtning o‘zida amalga oshiriladi, keyinchalik bu qobiliyat yo‘qolib boradi. Biroq ko‘ruv, eshituv va harakat reaktsiyalari yaxshi rivojlanmagan bo‘ladi. 
Nerv sistemasi ba’zi tuzilmalarining bir maromda rivojlanmasligi va etilmasligiga geteroxronlik prinsipi deyiladi. Sistemogenezning ikkinchi tamoyili sistemalararo va sistemalar ichra geteroxronlik tamoyili hisoblanadi. Sistemalararo geteroxronlik – bu turli funktsional sistemalarning turli davrlarda paydo bo‘lishi va shakllanishidir. Sistemalar ichra geteroxronlik – bu shakllangan funktsiyaning asta­sekin murakkablashib borishidir. Dastavval minimal funktsiyani bajara oluvchi nerv to‘qimalari etilib boradi, keyinchalik tashqi va ichki ta’sirlarga javob beruvchi shu sistemaning boshqa bo‘limlari ham safga turadi. Masalan, go‘dakda 3 oygacha so‘rish refleksi juda oson chaqiriladi, lunji yoki iyagiga qo‘l tekkizilsa bas, u darrov labini cho‘chchaytiradi. Shu bilan birga, go‘dakda qalqib ketish yoki havo yutib yuborish holatlari ham tez­tez uchrab turadi. Uch oylikdan so‘ng so‘rg‘ich harakatlari faqat labiga tekkanda paydo bo‘ladi va qalqib ketishlar kamayadi. Xuddi shunday manzarani ushlab olish refleksiga nisbatan ham kuzatishimiz mumkin. 
Go‘daklik davrining dastlabki oylarida uning kaftiga sal tegilsa, qo‘lini musht qilib oladi, keyinchalik ushlab olish biroz pasayadi. Sistemalar ichra geteroxronlik biror funktsional sistemaning nafaqat etilishi, balki sistemalararo aloqaning o‘rnatilishi bilan ham parallel tarzda kechadi. Masalan, avtomatik tarzda ushlab olish harakati ustidan ko‘z nazorati kuchaya boshlaydi. Sistemogenez haqidagi ta’limot bolada nerv sistemasi funktsiyalari shaklla nishining uzviy va ketma­ket rivojlanish qonuniyatlarini ochib beradi. Masalan, boshni ushlab turishdan so‘ng o‘tirish, o‘tirishdan so‘ng tik turish, tik turishdan so‘ng yurish funktsiyalari rivojlanib va takomillashib boradi. Boshni ushlab turish qobiliyati tana holatini nazorat qilishga zamin yaratib beradi. 
Bu muvozanat a’zosi (miyacha) va ko‘ruv nazoratining takomillashuvi natijasida amalga oshiriladi. Shuni ta’kidlash lozimki, juda ko‘p funktsional sistemalarning o‘zi bir qancha kichik sistemalardan tarkib topgan. Bular bir vaqtning o‘zida paydo bo‘lmaydi, balki o‘zaro bog‘lanishlar negizida sekin­asta takomillashib boradi. Masalan, harakatni boshqarish kompleksiga muskul tonusi, tana muvozanati va koordinatsiyasini boshqaruvchi funktsional sistemalar kiradi. Bundan tashqari har qanday harakatni amalga oshirish uchun biron bir harakatni boshqa harakat bilan almashtiruvchi, uning ustidan nazorat qiluvchi dastur zarur bo‘ladi. Masalan, oldinga bir qadam tashlash uchun gavda og‘irligini ikkinchi oyoqqa o‘tkazish, shu vaqtda umumiy muvozanatni saqlab qolish, bir guruh muskullarning qisqarishi va shu paytda boshqalarining yozilishini amalga oshirish kerak. Biz yurib borayotganimizda oyoqni qanday tashlash kerak, gavda va qo‘llar qay holatda harakat qilishi zarurligi hisob­kitobini qilmasdan hammasini beixtiyor tarzda amalga oshiramiz. 
To‘g‘ri, biz ongli ravishda tezlikni oshiramiz yoki pasaytiramiz, qadamni katta yoki kichik tashlaymiz, ammo qaysi muskulni qisqartirib, qaysi birini bo‘shashtirish lozimligi haqida o‘ylamaymiz. Vaholanki, bular avtomatik tarzda amalga oshiriladi. Harakatni boshqaruvchi sistemalarning o‘zaro muvofiqlashgan tarzda ishlashi bolalik davridan rivojlana boshlaydi. Turli yoshdagi bolalarning harakat faoliyatini kuzatib, ularning harakat funktsiyalari takomillashib borayotganligi va kichik sistemalardan yirik integrativ sistemalar paydo bo‘lishiga amin bo‘lamiz. Sistemogenez nuqtai nazaridan qaraganda, har bir yosh uchun xos bo‘lgan normal funktsiyalarning rivojlanish mexanizmlari va funktsiyalar takomillashuvining kam­ko‘stligini tushunib olish mumkin. 
Ba’zi funktsional sistemalar yoki ularning bo‘limlari rivojlanishi sust kechsa, boshqa funktsional sistemalar esa normal rivojlanib, jadal ravishda takomillashib boradi. Masalan, chaqqon, o‘yinqaroq bolalar diqqat­e’tiborni talab qiluvchi nozik harakatlarni bajara olmaydi. Buning sababi, harakatni boshqaruvchi po‘stloq markazlari takomillashmaganidir. Ba’zan kundalik hayotda beso‘naqay bolalarda surat chizish, musiqiy asboblarni chiroyli chalish kabi mahoratni kuzatamiz. Bolalarda nutq buzilishlari sababi ham ko‘pincha sistemalararo va sistemalar ichra aloqalarning etilmay qolishi oqibatidir. Bolalarda harakatdagi beso‘naqaylik duduqlanib so‘zlash bilan birga uchrashini ko‘p guvohi bo‘lamiz. Ba’zan og‘zaki nutq juda yaxshi rivojlansa­da, husnixati xunuk bolalar bo‘ladi. 
Ayniqsa, yoshlar orasida qog‘ozga qo‘l bilan yozish yo‘qolib, elektron aloqa vositalarida yozishga ommaviy tarzda o‘tilishi nafaqat husnixatning buzilishiga, balki imloviy xatolar ko‘payib ketishiga sabab bo‘lmoqda. Yoshlar orasida og‘zaki nutqdagi nuqsonlar ham ushbu muammo bilan bog‘liq. Sistemogenez nerv sistemasining evolyutsion rivojlanish jarayonida kuzatiladigan morfofunktsional o‘zgarishlarni takomillashtirishga yordam beradi, rivojla nayotgan sistemalar kam­ko‘stligining oldini olish yo‘llarini ko‘rsatadi. 
Bu etish movchiliklarni tuzatishning printsiplarini bir necha  guruhlarga  bo‘lish mumkin: 1) o‘sish ko‘rsatkichlaridan orqada qolayotgan funktsiyalarni rag‘batlantirish; 2) buzilib qayta rivojlanayotgan aloqalarni to‘xtatish yoki pasaytirish; 3) sistemalararo va sistemalar ichra aloqalarning yangi komplekslari shakllanishiga yordam berish va hokazo. Demak, mavjud nuqson turini o‘z vaqtida aniqlab, tibbiy­profilaktik chora larni belgilab olish zarur bo‘ladi. Lekin bunda individual rivojlanishga alohida e’tibor qaratish lozim. Ko‘ruv va eshituv sistemalari ham bosh miyaning murakkab funktsional sistemalari guruhiga kiradi. 
Har qaysi funktsional sistema yoki uning turli bo‘limlari o‘zining rivojlanish dasturiga ega bo‘lishiga qaramasdan, bosh miya doimo yagona, yaxlit a’zo sifatida faoliyat ko‘rsatadi. Bosh miyaning ushbu integrativ funktsiyasi turli sistemalarning o‘zaro munosabatini mustahkamlaydi va rivojlantiradi. Bu holda rivojlanayotgan bosh miyada sistemalararo aloqalarni o‘rnatish mexanizmi qanday kechadi, degan savolga duch kelamiz. Bosh miya o‘z faoliyatida yagona bo‘lib qolishiga qaramasdan, rivojlanishning har bir bosqichida u boshqacha miya va o‘ziga xos sistemadir. 
Shuning uchun ba’zi funktsional sistemalar rivojlanishining xronologiyasini mukammal o‘rganib, ushbu jarayonni to‘g‘ri baholab borish albatta muhim. Bolada funktsional sistemalarning rivojlanish tezligini velosipedchilar poygasiga taqqoslash mumkin. Masalan, bitta velosipedchi poyga davomida doimo oldinda boravermaydi, bunga uning kuchi ham etmagan bo‘lar edi. U goh oldinda, goh orqada qolib ketadi va nihoyat, marrani birinchi bo‘lib egallaydi. Rivojlanayotgan miyani o‘rganganimizda bolaning dastlabki yoshida shunga o‘xshash manzarani ko‘ramiz. Rivojlanishning yangi shakllari paydo bo‘lishi go‘dakdagi birlamchi avtomatizmlar reduktsiyasi (yo‘qolishi) bilan kechadi. Bunda ikkita, ya’ni yangilanish va yo‘qolish jarayoni bir maromda kechishi katta ahamiyatga ega. 
Birlamchi avtomatizmlarning erta so‘nishi nerv sistemasi rivojlanishidagi uzviylikni buzib yuborishi mumkin. Shu bilan birga eskirib qolgan funktsiyalarning juda kech yo‘qolishi ham yaxshi emas, chunki u yangi va yanada murakkab funktsional sistemalar paydo bo‘lishiga xalaqit beradi. Reduktsiya va yangilanish jarayonlarining bir maromda kechishiga bir yoshgacha bo‘lgan bolalarda harakatning rivojlanishini misol qilib ko‘rsatsa bo‘ladi. Go‘dakda boshning fazodagi holatini nazorat qiluvchi birlamchi tonik avtomatizmlar mavjud. Bu avtomatizmlar 2­3 oylarga borib so‘nib, o‘rniga boshni aniq ushlab turishini ta’minlovchi va muskul tonusini boshqaruvchi sistemalar rivojlanadi. Agar ushbu so‘nish o‘z muddatidan kechiksa, birlamchi tonik avtomatizmlar anomal hodisa deb qabul qilinadi. Chunki u boshni ushlab turuvchi mexanizmlar rivojlanishiga xalaqit beradi. Keyinchalik zanjirli patologik holatlar rivojlanib boraveradi: boshni ushlab tura olmaslik ko‘ruv nazorati va vestibulyar apparatning ishini buzadi. 
Vestibulyar apparat rivojlanmay qolishi natijasida o‘tirishni ta’minlab beruvchi muskullar tonusi ishdan chiqadi va hokazo. Oxir­oqibat yaxlit bir funktsional mexanizmlar rivojlanmay, ikkinchi funktsional sistema rivojlanishiga to‘sqinlik qiladi. Nutq va u bilan bog‘liq bo‘lgan oliy ruhiy funktsiyalar  buzilishining bolalik davrida oldini olish uchun dastlabki shakllanayotgan patologik jarayonni o‘z vaqtida to‘xtatish muhim ahamiyatga ega. Shuni alohida ta’kidlash lozimki, reduktsiya va yangilanish jarayonlarining bir maromda kechishi deganda, faqat bir funktsiyaning ikkinchi funktsiyaga yo‘l ochib berishi tushunilmaydi. Vaholanki, reduktsiya faqat avtomatizmlarning butunlay yo‘qolishi degani ham emas, balki murakkab funktsional sistemalarga qo‘shilib ketishi degani hamdir. Shuning uchun birlamchi avtomatizm to‘la reduktsiyaga uchramasa­da, rivojlanishning umumiy rejasiga xalaqit bermasligi kerak. 
Agar reduktsiya jarayoni kechikib boraversa, yangi mexanizmlar shakllanishi sustlashadi va intellektual funktsiyalar uchun mas’ul neyronal tizimlar  rivojlanishdan orqada qoladi. Ushbu bobda neyrofiziologik va psixofiziologik jarayonlar, tibbiy psixo log bilishi zarur bo‘lgan funktsional sistemalar rivojlanishining turli bosqichlari bilan tanishib chiqdik.


Manba: ©Z. Ibodullayev. Tibbiyot psixologiyasi. Darslik., 3-nashr., T.; 2019., 494b. 
              ©Z. Ibodullayev. Asab kasalliklari. Darslik., 2-nashr., T.; 2021., 960b. 
              ©Z. Ibodullayev. Umumiy nevrologiya. Darslik. T.; 2021., 312b. 
           © Ibodullayev ensiklopediyasi., 2022 y; 
              ©asab.cc
 





Ctrl
Enter
Хато топдизнигзми?
Матнни танланг ва Ctrl+Enter тугмачаларини босинг
MUHOKAMALAR
Izohlarning minimal uzunligi 50 ta belgidan iborat. sharhlar boshqariladi
Hech qanday izoh yo‘q. Siz birinchi bo‘lishingiz mumkin!
Кликните на изображение чтобы обновить код, если он неразборчив